Yuragimizdagi VATAN
Taniqli shoir Yormamat RUSTAMOV ijodi haqida o'ylar
Lahzalarimizga mo''jizalar tuhfa etayotgan zamonda yashayapmiz. Endilikda mahallayu qishloqlar tizimi ham raqamlashtirilib, har sohadagi murakkab masalalar yechimi sun'iy intellekt zimmasiga yuklangan. Yuqori darajadagi mediasavodxonlikni shakllantirishimiz zarur bo'lmoqda. Ayni vaqtda milliy kontent yaratish g'oyasi miyamizda tinmay aylanadi. Ilg'or ilmlarni bosh uzra ko'tarib, Uchinchi Renessans davriga qarab bormoqdamiz. Demak, bugun kishi bir daqiqa o'z ustida ishlamasa, naq bir yilga kechikadi, ilgariga qarab borishi qiyinlashadi!
Lekin shunday tuyg'u bor… Zamona qay tomon siljimasin, u mudom ilgarigidek ardoqli-aziz, goh sokin, gohida qaynoq, ba'zan yoqimli qo'shiq kabi mumtoz, doimo qadru qimmati behad va beqiyos, xuddi gavhartoshdek qalblarimizning ich-ichlarini yoritadi. Nigohimiz qadalgan manzilu makonda dilga yaqin manzaralarni aks ettiraveradi bu tuyg'u…
Cheksiz-chegarasiz dalayu qirlar,
tuproqni yorib yashashga chog'lanayotgan maysalar…
Boshoqlari oltinlanib
tovlanadigan bug'doyzor…
Kechqurunlari ufq ortiga
botadigan Quyosh…
Teraklar uchiga osilib qolgan Oy…
Har bahorda uylarimiz shiftidagi iniga kelib bola ochguvchi qaldirg'och… Keksa tut tepasidagi uyasini har yozda adashmay topib keladigan laylaklar…
Bu singari manzaralar shu qadar ko'p, shu qadar rang-barangki, har ko'rganingda beixtiyor butun borlig'ing bilan o'zingni shu aziz Vatanga daxldor sezasan… Shu zahotiyoq qalbingdagi yoniq tuyg'u go'zal sog'inchga evriladi.
“Shu yurtda yashamoq, o'lmoq ham bir baxt” deya yozadi taniqli samarqandlik publitsist shoir Yormamat Rustamov.
So'ng bu she'ri davom etadi, har bir satri ko'ngillardagi Vatan muhabbatini ulg'aytirishga undaydi:
Chayqalib turibdi zaminu zamon,
Adolat bir tomon, yolg'on bir tomon.
Vaqti kelganida fido qilgin jon,
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Yormamat, aslida, ajoyib pedagog. U ko'p yillar Jomboy tumanidagi maktab o'quvchilariga saboq berdi, yosh avlod ta'lim-tarbiyasidagi fidoyiligi, jonkuyarligi, tadbirli va tashabbuskorligi e'tiborga olinib, bir qancha vaqtlar maktab direktori bo'lib ishladi. Keyinchalik turli mas'ul lavozimlarda xizmat qildi. Qay joyda faoliyat ko'rsatmasin, doimo ijod bilan band bo'ldi. Yoshlarni Vatan uchun nimadir qilishga chorlab, ham pedagog, ham shoir sifatida davralarda o'z gapini dadil aytaverdi:
Bundagi har g'ishtni bobolar qo'ygan,
Tuprog'in yorini suygandek suygan,
Nomin yuragining tubiga o'ygan,
Vatanni maqtama, Vatanni ko'tar!
O'zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a'zosi Yormamat Rustamovning turli yillarda o'nga yaqin nomdagi kitoblari nashr etilgan. “Muhabbat bekati”, “Yurtim nafasi”, “Ko'ngilga tashrif”, “Quyoshni sig'dirgan yurt”, “Mangulikning 30 lahzasi”, “Mehr daraxti”, “Ko'zgu parchalari” to'plamlarini o'quvchilarga tortiq etish bilan birgalikda jahon adabiyoti durdonalari — Sergey Yesenin, Mariya Svetayevaning ko'plab she'rlarini o'zbekchaga o'girgan.
Millatparvarlik, ayni chog'da vatanparvarlik tuyg'ulari bilan qorishgan she'rlar garchi oddiy satrlarda bayon etilsa-da, ularning o'zagi asl qadriyatlarimizga borib taqaladi.
Mehmon kelsa eshikdan,
qo'li doim ko'ksida,
Do'stga bag'rini ochar, qo'yar boshi ustiga.
…Ko'hna charx girdobidan
omon o'tuvchi shu xalq,
…So'nggi dam tobutingga
elka tutuvchi shu xalq.
(“O'zbegingdan qolmagin”)
Vatan nima, aslida? Shu savolni o'zingga berganing hamon yuragingning ichiga boqasan. Bir munavvarlikni ko'rasan. So'ng shu munavvarlikdan kuch olib, atrofga tikilasan. Va anglab yetasanki, tongning haroratida, quyoshdan to'kilayotgan shu'lalarda, gullar navozishida, qushlar sayrog'ida, daraxtlar bargi tovlanishida ajib bir o'zgachalik, shu ona zaminga bir erkalik hissi bor! Tabiatdagi mana shu his ko'ngilga do'nadi, ko'ngilda muhabbatli sadolarga aylanadi. “Vatan” so'zini takrorlaguvchi bedor sadolar bu. Shavkat Rahmon aytgani kabi: “Uyg'onib ketaman… yurakning eng chuqur yerida — og'riqqa aylangan tuyg'udan!”
Aslida, tabiatning yaxlit bir bo'lagimiz, Vatan ham shu birlikning o'zida namoyondir. Yormamat Rustamov ana shu “yaxlitlik”ni chuqur his etadi:
Ketsam, giyohlardan izlagin meni,
Izla maysalarning shivirlaridan,
Qadrdon bog'lardan izlagin meni…
(“Ketsam”)
Yormamatning har qanday mavzudagi she'rlari ichida Vatan “mana men” deya bo'y ko'rsatib turadi. “Shu yurt uchun bolangni asra” demoqchi bo'ladi u (“Bolangni asra”). “Ko'ngil obod bo'lsa — Vataning obod” deya ta'kidlaydi yana (“To'qqizinchi may”). So'ngra she'rlar shu taxlit avj pardaga ko'tarilaveradi:
“Vatan kimga Ka'ba, kim uchun tuproq, U mening ko'zlarim tubidagi tog'” (“Iltijo”), “O'zbekman demoqqa qo'rqmasman endi, Xilvatda turmasman, hurkmasman endi” (“O'zbek”), “Yurtim degan mardlarni qo'llaydigan zamon bu…”, “Ta'rifini bitmoqqa yetmagay aslo umr” (“Osiyoda bir diyor bor”), “Sening bitta parchangman, Sensiz baxtni netarman” (“Izhor”), “Vatanni vatandagi gumrohdan himoya qil” (“Himoya”), “Elim, ko'kka yetgan qo'ling muborak, Gullarga burkangan yo'ling muborak” (“Ko'klam qo'shig'i”), “Otam yotgan bu zaminni hech kimsaga bermasman” (“Samarqand”), “Daladagi dehqonning art peshona terini, U jimgina sevadi, shu bir parcha yerini” (“Vatan”)…
Kapalak bir kungina umr ko'rarkan. Qarang, u kun davomidagi umrida juda go'zal yashaydi. Uchib-qo'nib, ko'rgan ko'zlarni quvnatadi, gulu giyohlarga parvona bo'ladi, ularni suyib erkalaydi, yaproqlarda ajib hidini, haroratini qoldirib ketadi. Inson ham o'z hayot yo'llarida yorug' iz qoldirib o'tsam deydi. Shu maqsad bilan Vatan xizmatida bo'ladi, huzur-halovatidan kechib, ilgarilaydi. Vatanga bizdan nima qoladi? Aslida, taqdirimiz Vatan taqdiri bilan bog'langan ekan, yuragimizning har bir zarbida Vatan ovozi yangrab turishi kerak, shunday emasmi? Yormamat Rustamov bu haqda yozayotib, go'yoki o'zini savolga tutayotgandek bo'ladi:
Etdingmi yurting qadriga,
Malham bo'ldingmi dardiga?
(“Nima deysan?”)
Yurt taqdiri uchun kuyinish shoirlik qismatidir. Shoirning o'zi shu qismatiga rozi bo'lib yashaydi, mudom rangin orzu-umidlari bilan yashab nafas oladi, tafakkurini sozlab, qayta-qayta sinovlardan o'tkazadi, his-tuyg'ulari kuchiga tayanadi.
Yurt osmonida porlagan quyoshning harorati bor bo'yi bilan shoirimizning satrlariga ko'chadi:
Keng, yorug' yo'lga chiqqan
og'ir yukli karvon bu,
Yangi dunyo, yangi so'z,
Yangi O'zbekiston bu…
(“Yangi O'zbekiston”)
Yormamat Rustamovni vatanparvar shoir degim keladi. Uning jasoratli yuragi bor. Ezgulik tomon yetaklovchi olovnafas satrlari bor. Zero, ijodiy izlanishlar bunday satrlar salmog'ini yana bir necha hissaga oshirishi shubhasiz. Bu kun esa uni yozayotgan yaxshi she'rlari bilan, albatta, tabriklash kerak.
Gulchehra JAMILOVA,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi.
