Insoniy tuyg'ular tarannumi

 O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, “Shuhrat” medali sohibi, Xalq ta'limi a'lochisi, hamyurtim Abdunabi Haydarovni yoshligidan taniyman. Poytaxtda yashab ijod qilsa-da, uning chiqishlarini muntazam kuzatib boraman. Shu kunlarda qutlug' yoshini qarshi olayotgan ijodkor do'stimiz uzoq yillar “Xalq so'zi”, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Ma'rifat”, “Toshkent haqiqati” kabi respublika yetakchi nashrlarida fidokorona mehnat qildi. Hozirgi paytda “Ishonch” gazetasi tahririyatida faoliyat ko'rsatmoqda.

Abdunabi taniqli jurnalist, mohir publitsist bo'lish bilan birga badiiy ijod sohasida ham samarali qalam tebratib kelmoqda. Uning ijod namunalari mamlakat gazeta va jurnallarida muntazam chop etib borilmoqda. Ularning ayrimlari “Sadoqat”, “So'nmas yulduzlar”, “2021…”, “Nigoh”, “Bir so'z”, “Ettinchi kitob” to'plamlaridan o'rin olgan.

Mahoratli jurnalist yaqinda xayrli ishga qo'l urdi: o'z ijod namunalarini to'plab, “Qo'sh ustunimning biri” nomi bilan “Yangi kitob” nashriyotida chop ettirdi. Unda mehr-muhabbatli, sadoqatli onajonlarimizga bag'ishlangan “Qo'sh ustunimning biri” qissasi, hayotiy hikoyalar, Vatan ozodligi va taraqqiyoti yo'lida kurashgan yurt o'g'lonlari haqidagi publitsistik asarlar, jurnalistika hangomalari joy olgan. Shuningdek, mashhur olim va ulamolar, ajabtovur voqealar va olamshumul ixtirolarga bag'ishlangan, boshqa tillardagi yozma manbalar asosida tayyorlangan maqolalar bilan boyitilgan.

Qariyb 600 sahifani tashkil etgan kitob siyosiy fanlar bo'yicha falsafa doktori Laziz Rahmatovning so'zboshisi bilan boshlanadi va unda Abdunabi Haydarov ijodiga, uning ushbu to'plamga kiritilgan asarlariga xolisona baho beriladi. Muallif ijod bo'stonida yuksalayotgan muazzam chinorga qiyoslanadi.

To'plamdagi “Qo'sh ustunimning biri” qissasi va hayotiy hikoyalarni o'qir ekansiz, o'zingizni xuddi taniqli adib O'tkir Hoshimov asarlarini mutolaa qilayotgandek his qilasiz. Ulardagi tashbehlar, o'xshatishlar, voqealarning tabiat o'zgarishlari va qahramonlar ichki kechinmalari bilan uyg'un holatda tasvirlanishi kitobxonda unutilmas taassurotlar qoldiradi. Jumladan, qissada jon taslim qilgan onaning holati haqida shunday ta'sirchan jumlalar mavjud:

“…Onamning tez va oson jon berganligiga ishonmadik, ishonolmadik. Qizig'i, uning ruhi jismini tark etgan bo'lsa-da, rang-ro'yi xuddi bamaylixotir mizg'iyotgan odamnikidek xotirjam va tiniq edi. Yuzida derazadan mo'ralayotgan quyosh aksi tovlanardi…

Yo'q, adashdim, shekilli, bu biz bilgan-ko'rgan oftobning shu'lasi emasdi, onamning chehrasidan taralayotgan nur edi. U ko'zlarni qamashtirar, qalblarni qizdirar, dillarga iliqlik bag'ishlardi. To'rda onamning jonsiz vujudi emas, olov-quyoshning bir parchasi yotganga o'xshardi…”

Yana bir misol. “Yomg'ir kunni tunga, tunni tongga uladi. Ertasi peshinga qadar tinmadi. Mayda-maydalab yog'ishdan sira erinmadi. Ammo tobutni ko'tarib yo'lga chiqqanimizda toqat qilolmadi. Rosmanasiga faryod urib, tag'in-da tezlashdi. Qabristonga qadam qo'yishimiz bilanoq negadir hovuridan tushib, sekinlashdi. Onamni tuproqqa topshirayotgan mahalimiz esa madori batamom quridi, yakkam-dukkam tomchilarga aylandi.

Keyin navbat momiq zarrachalarga tegdi. Ular avval yangi mozor uzra qalqib chiqqan yumshoq tuproq uyumiga hayron qarab turdi. Tilovat sadolari yangragan lahzalarda esa oq kapalak misoli goh pastga enib, goh yuqoriga ko'tarilib, osmonu zamin uzra charx urdi. Axiyri bo'lmadi, taqdirga tan berdi-da, pag'a-pag'a bo'lib yog'ishga tushdi. Ko'z ochib yumguncha butun borliq singari onamning qabri ham oq choyshabga burkandi. Go'riston har qachongidan-da og'irroq sukutga cho'mdi…”

Qissada muallifning onasi hayotligida qanday inson bo'lganligi shunday bir mahorat bilan tasvirlanadiki, ko'z o'ngimizda mushtipar va munis o'zbek ayollari timsoli yorqin namoyon bo'ladi. Beixtiyor o'z mehribon volidamizni yodga olamiz. Onalarimizga xos samimiylik, mehnatkashlik, rahm-shafqatlilik kabi insoniy tuyg'ular dilimizni yayratib yuboradi. Ona obrazi atrofidagi voqealar, turfa odamlarning qiyofalari, urf-odat va qadriyatlar ichki kechinmalar uyg'unligida ochib beriladi. Qissani o'qib, jonajon Vatan, avvalo, ota uyidan boshlanishi, olam va odam qismatiga doir hayot falsafasi ana shu fayzli go'sha bilan chambarchas bog'liqligi to'g'risida qat'iy to'xtamga kelamiz.

Abdunabi Haydarov o'z hikoyalarida hayotda o'zi guvoh bo'lgan voqea-hodisalarni qalamga oladi, ularning ibratli tomonlariga e'tiborni qaratish bilan birga turmushimizga soya solib turgan illatlarni tanqid qiladi. Ularni mutolaa qilar ekanmiz, ayrim qahramonlarga havasimiz uyg'onib, o'rnak olgimiz keladi (“Shirin so'z tafti” hikoyasidagi otaxon, “Ezgulikning bahosi”dagi o'qituvchi kabilar), ba'zilariga esa nafratimiz qo'ziydi yoki ularga achinamiz (“Nu, ladno, poka!” hikoyasidagi 25 yillik pedagog, “Rahmat Ajdaninni taniysizmi?”dagi militsiya xodimi singarilar). Atrofimizda sodir bo'layotgan yaxshiligu yomonliklar, xolisligu adolatsizliklar, zukkoligu bilimsizliklar ko'z oldimizdan o'tib, xulosa chiqarishga harakat qilamiz.

Mutolaa qilar ekanman kitobni, ochig'i, muallifning “Jurnalistik hangomalar”i bilan tanishib, o'zimni bu hangomalarning ichida bo'lgandek his qildim. Chunki hamkasblarimning hayoti, gazetachilikning tashvishu quvonchlari men uchun ham begona emas. Qolaversa, bunday voqealar bizning hayotimizda ham bo'lib turgan. Yengil mutoyibalar bilan yo'g'rilgan hangomalar o'quvchining kayfiyatini ko'tarib, ibrat olishga chorlashi turgan gap.

Ta'kidlash joizki, ijodkor o'z asarlarida qiyoslash usulidan keng foydalangan. Masalan, “Falokat” hikoyasida bekatdagi ayolning telefonga yopishib, o'g'ilchasiga beparvo bo'lganligi tufayli bolasi undan yiroqlashadi. Yo'lning qatnov qismiga chiqib, mashina ostiga tushish xavfi tug'ilgan paytda bir yigit uni qutqarib qoladi, o'zi esa yuztuban yiqiladi. Ayol esa nohaqdan haydovchini haqorat qilib, qarg'ashga tushadi. Hikoya so'ngida ayol va yigitga shunday qiyos beriladi:

“U bolasini falokatdan qutqargan yigitga rahmat aytish tugul qiyo ham boqmadi. O'g'lini sudrab, sal narida turgan taksiga qarg'ana-qarg'ana o'tirdi-da, xayr-ma'zurni nasiya qilib jo'nab qoldi.

Men yiqilganda qattiq lat yemadimikan degan xavotirda yog'och o'rindiqda nafas rostlayotgan yigitga o'girildim. Ajab, u tobora uzoqlashib borayotgan taksi ortidan ma'yus boqib, boshini sarak-sarak qimirlatar, adashmasam, ichini nimadir timdalar, keksa haydovchi esa uning peshonasidan oqayotgan qonni artish bilan ovora edi…”

“Muyulishda” deb nomlangan hikoyada qat'iyatli, haqparvar haydovchi va piyonista erkak obrazlari ham shunday qiyoslanadi. Bunday usuldan “Salom do'stim!.. Xayr “do'stim!..”, “Kerakli “tochka” hangomalarida va boshqa o'rinlarda unumli foydalanilgan.

Ta'kidlash joizki, muallifning esse, ocherk va lavhalari ham juda ta'sirchan. Masalan, “Ta'zim” ocherkini olib ko'raylik. Unda Dalvarzin cho'lida chiroy ochgan Ahadovul qishlog'ida yashagan, Ikkinchi jahon urushida ikki qo'li va ikki oyog'idan ajralgan Xolto'ra Qurbonovga hayot uchun kurashda tolmas qanot bo'lgan rafiqasi Tojixon opaning mislsiz matonati, oliyjanob sevgisi yuksak mahorat bilan tasvirlanadi. Hech qachon ahamiyatini yo'qotmaydigan mehr-muhabbat tuyg'ulari, ahdu paymonga cheksiz sadoqat timsollari mohirona bayon etiladi. Harakatlari cheklangan nogiron turmush o'rtog'ini bolasidek qo'lida ko'tarib ardoqlagan, oq yuvib, oq taragan bu ayolning “O'limidan oldin erimning roziligini so'ray olmadim” deya afsuslanishi o'z ayollik burchiga sadoqati va tuganmas mehr-oqibati ifodasidir.

Ijodkorning mashhur faylasuf Suqrot, buyuk mutafakkir Abulqosim Firdavsiy, fransuz xalqining milliy qahramoni Janna d’Ark, shvetsiyalik mashhur kimyogar va muhandis Alfred Nobel, kimyo fanining otasi nomini olgan Dmitriy Mendeleevlar haqidagi xorijiy manbalar asosida tayyorlagan maqolalari ham kitobxonda katta qiziqish uyg'otadi. Ularning hayot yo'li, kashfiyotlari, jahon taraqqiyotiga qo'shgan hissalari ishonarli dalillar asosida ochib ko'rsatiladi. Ushbu kitobning “Olis va yaqin moziydan sadolar”, “Tibbiyot tarixiga bir nazar”, “Sir-sinoatga boy dunyo” boblaridan o'rin olgan maqolalar o'qishliligi, qimmatli ma'lumotlarga egaligi bilan o'quvchini befarq qoldirmaydi.

Xullas, taniqli jurnalist, mahoratli qalamkash Abdunabi Haydarovning bu yangi to'plamini qo'liga olgan kitobxon, albatta, uni oxirigacha o'qib chiqadi, ketgan vaqtiga achinmaydi, balki o'z ongini yangicha taassurotlar va xulosalar bilan boyitadi. Ushbu chiroyli kitobga bitilgan so'zboshida aytilganiday, keng qamrovli ushbu to'plam ma'naviy xazinamizdan munosib joy egallab, yosh ijodkorlar va albatta, professional jurnalistlar uchun qimmatli manba vazifasini o'taydi.

Karimqul MAVLONOV,

faxriy jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 12 =