U bugun 10 yoshda, lekin chempion!

Qadim-qadimdan qahramonlar haqida ertaklar, afsona va rivoyatlar to'qilgan. Ellarda, tillarda mashhur bo'lgan ertak qahramonlariga hamma havas qilgan. Yoshlar ulardek bo'lishga intilgan…

…Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, jismoniy tarbiya va sport sohasiga qaratilayotgan e'tibor Yangi O'zbekiston kelajagini yuksaltirish, millat genofondini yanada sog'lomlashtirishga qaratilgan, desak, mubolag'a bo'lmaydi.

Hozirgi kunga kelib ertak qahramonlari go'yo ertaklardan chiqib, hayotiy qahramonlarga aylanib ulgurdi. Dunyoda do'stlik elchisi bo'lmish sport shiddat bilan rivojlanib millatlar, elatlarni bir-biri bilan og'a-ini, do'st-birodar bo'lishlariga, mamlakatlar o'rtasidagi aloqalarni mus­tahkamlashga xizmat qilmoqda. Sportchilarning ko'rsatgan natijalari va o'rnatgan rekordlari tillarda doston bo'lib bormoqda. Har bir millat o'zining chempion farzandlari bilan faxrlanmoqda, ular esa Vatani nomini dunyoga yanada mashhur qilmoqdalar.

Ayniqsa, sportning yakkakurash turlariga qiziquvchilar soni juda ko'p. Karate WKF bo'yicha muntazam shug'ullanib, professional sportchi bo'lish istagidagilar soni ham kundan-kunga ortib bormoqda.

Ta'kidlash kerakki, karate WKF dunyoning eng nufuzli sport musobaqalari hisoblangan Olimpiada va Osiyo o'yinlari dasturlariga kiritilgan. Ushbu sport turi bo'yicha ham mamlakatimizda mahoratli sportchilar yetishib chiqmoqda va ular yuqori o'rinlarni egallashmoqda.

Ana shunday yosh, umidli sportchilardan biri, endigina 10 yoshda bo'lishiga qaramay, ko'plab respublika hamda nufuzli musobaqalar g'olibi bo'lgan Alirizo Shuhratovdir. 2015 yilda Toshkent shahrida tug'ilgan bo'lajak chempion hozirda Yakkasaroy tumanidagi 91-maktabda o'qiydi. 3 yoshidan bosh­lab karatening WKF turi bilan shug'ullanib keladi. U “Bilol karate” klubining tarbiyalanuvchisi. Ustozi yurtimizning mashhur karatechilaridan biri, karate WKF bo'yicha O'zbekis­ton terma jamoasi a'zosi, qora belbog' sohibi Vorisxon Zay­niddinov.

— Yoshlar o'rtasidagi musobaqalarni kuzatgan paytlarimda Alirizo qolgan tengdoshlaridan ko'ra iste'dodliroq ekaniga guvoh bo'ldim va shundan so'ng bu yigit bilan alohida mashg'ulotlar olib borishga va uni yanada o'z ustida ko'proq ishlab, tajriba orttirishiga harakat qilib kelmoqdaman. U yosh bo'lishiga qaramasdan juda ham tirishqoq va mehnatsevar. Har bir mashg'ulotga jiddiy yondashadi. Oila a'zolarining ko'magi, ayniqsa, unga yaxshi sportchi bo'lib yetishishida muhim rol o'ynamoqda. Umid qilamanki, kelajakda Alirizo ham ustozlari kabi dunyo arenalarini zabt etib, Vatanimiz bayrog'ini ko'klarga ko'tarishdan chekinmaydi, faqat va faqat g'alaba bilan keladi, – dedi ustozi Vorisxon Zayniddinov.

10 yoshli sportchi karatening WKF turi bo'yicha o'tkazilgan bir qator respublika hamda xalqaro musobaqalar g'olibi. Jumladan: “Keles open” xalqaro turniri (Qozog'iston), “Li da metal technology-cup 2022” (O'zbekiston), “International karate championship UMID OPEN” (O'zbekiston), “Kubok deda moroza-2021” (O'zbekiston), “XV International karate-do tournament BISHKEK OPEN 2023” (Qirg'iziston), “Legion club birinchiligi” (O'zbekiston) musobaqalarida faxrli o'rinlarni egallagan bo'lsa, yaqinda, shu yilning 4-5 may kunlari Kanadaning Monreal shahrida o'tkazilgan “Kanada international open” xalqaro musobaqasida Vatanimizdan yakka o'zi ishtirok etib, tengqur yosh toifasi bo'yicha birinchi o'rinni egallab kelgani ham alohida e'tirofga loyiq.

Ustozining aytishicha, Alirizo hozirda yana bir nufuzli musobaqaga tayyorgarlik ko'rmoqda. Mazkur musobaqa joriy yilning avgust oyida AQShning Orlando shtatida bo'lib o'tadi.  Ishonamiz, u mazkur mamlakatda ham Vatanimiz bayrog'ini balandlarga ko'taradi.

— Sportga kirib kelishimda dadamning hissasi katta. Aynan shu inson meni ilk bor karate zaliga olib kelgan va hozirgacha qo'llab–quvvatlab, har tomonlama ko'mak berib kelmoqda. Agar dadam menga bunday sharoitlar yaratib bermaganlarida bugungi yutuqlarimga, g'alabalarimga erishmagan bo'lardim. Karate orqali dunyoning ko'plab davlatlarida bo'ldim va u yerda ko'plab do'stlar orttirdim. Bu ham mening eng yaxshi yutuqlarimdan biri. Xorijlik do'stlarim bilan doim gaplashib turaman. To'g'ri, ular bilan jang maydonida raqibmiz, ammo hayotda esa do'stmiz, – dedi Alirizo xuddi kattalardek keng fikrlab.

Havasi keladi odamning…

Biz yosh sportchining otasini ham suhbatga tortdik. Tabiatan kamtarin, kamsuqum Dilmurod akaning 4 qizi va bir o'g'li bor ekan. “Eng yaxshi sarmoya bu farzandga tikilgan sarmoyadir”, deydi u men bilan suhbatida.

— O'g'lim har safar xalqaro musobaqalarda g'olib bo'lib, yurtimiz madhiyasi yangraganida beixtiyor ko'zimga yosh keladi. Badanlarim jimirlab ketadi. Ishonasizmi, shunday paytda O'zbekistonda tug'ilganimdan, shu ona yurtning bir o'g'loni sifatida faxrlanaman. Qolaversa, o'g'lim nafaqat otasining balki ustozlarining, ona Vatanning sha'nini himoya qilayotganidan g'ururlanaman, – dedi Dilmurod aka. — Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlarga, ayniqsa, sportga yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalangan holda biz ham bor e'tiborimizni mashg'ulotlarga qaratib, murabbiylarning ko'rsatmalariga amal qilgan holda tinimsiz shug'ullanib kelmoqdamiz. Umuman erinmayman. Men ham o'g'lim bilan mashg'ulotlarga boraman. Kuzataman. Kamchiliklari bo'lsa, ustida birgalikda ishlaymiz. O'g'limning eng oliy maqsadim bitta – Olimpiada o'yinlari va Jahon chempionatlarida g'olib bo'lish va ona yurtimizga sidqidildan xizmat qilish.

Xalqimizda “Bo'ladigan bola boshidan” degan gap bor. Ko'z tegmasin, Alirizo Shuhratovda iqtidor bor, sportga qiziqish, mehr katta. Eng muhimi, farzandining ana shu qobiliyatini ko'rib qo'llab-quvvatlayotgan ota-onasi uning uchun jonfido.

Shunday ekan, endigina 10 yoshga to'layotgan yigitchaning kelajagi ham oldinda. Katta-katta muvaffaqiyatlar, yutuqlar, medallar… Faqat buning uchun tinimsiz mehnat, izlanish, chiniqish, mashq va toblanish talab etiladi. Alirizo bilan suhbatlashib, sportning mashaqqatli dovonlaridan u sekin-asta oshib o'ta olishiga shubha qilmadik.

Albatta, u hali yosh nihol. Uni parvarishlab, baquvvat, shamollaru dovullarga bardoshli qilib o'stirish uchun vaqt va e'tibor kerak. Yosh chempionning otasi Dilmurod Rahimov farzandi uchun jamiki zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratib bermoqchi.

– O'g'lim O'zbekistonimiz bayrog'ini jahon sport shohsupalarida baland ko'tarib turishini, el-yurtimizni dunyoga yanada tanitishda o'z hissasini qo'shishini istayman, – dedi u.

Ezgu niyatlar ijobat bo'lsin, kelajaging yorug' va omadli bo'lsin, Alirizo – yosh do'stim!

Islom ASILBEKOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − thirteen =