Zafarlar yo'ldoshing bo'lsin!

Asli Yashnobodning “Boyqo'rg'on” mahallasidan bo'lgan hamyurtimiz sport bilan shug'ullanishni boshlaganida o'n yoshlarda edi. Bolaligidan Brus Li, Jet Li ishtirokidagi jangari filmlarni sevib tomosha qiladigan bolakay kino qahramonlari kabi mashhur bo'lishni juda-juda orzu qilardi. Kunlar kelib, orzusi amalga oshishiga dildan ishonardi.

Onasining uni “sportchi bolam”, deb chaqirishlaridan kuch olardi go'yo. Yaxshi niyat –  yarim mol, deganlaridek, Sherzodni bugun butun dunyo taniydi. Nega deysizmi?

Bugun Sherzod Abdullayev – jahon chempioni.

Yillab qilingan tinimsiz mashqlar, mashaqqatli mashg'ulotlar sportchini xalqaro maydonlarda chempion qilib tanitdi. U tabiatan ochiqko'ngil va o'ta mehribon. Mehribonligidan ringda raqibiga zarba berishini tasavvur qila olmagan ota-ona doim o'g'lidan xavotir olishardi. Yillar o'tib, ular o'g'lining jang maydonida haqiqiy arslonga aylanishining guvohi bo'ldi. Doim xavotirda yashaydigan mushtipar ona, o'g'li ishtirokidagi janglar videosini tomosha qilaverib, alpday farzandning onasi ekanligidan ich-ichidan suyunadigan bo'ldi.

Sherzod ilk sport mashg'ulotlariga qatnay boshlaganida 10 yashar edi. O'shanda u orzusi amalga oshishiga chin dildan ishongan va buning uchun tinimsiz harakat qilish zarurligini anglab yetgandi. Bolakaydagi ishtiyoqni sezgan murabbiy shogirdiga mehr qo'ydi. Mashg'ulotlardan so'ng shogirdi bilan alohida suhbatlashar, uning barcha savollariga erinmay javob berardi.

Sportchi ustozining ishonchini oqladi. Ilk musobaqalardayoq g'alabani qo'lga kiritdi. Kikboksing bo'yicha ko'p karra O'zbekiston chempioni bo'ldi. Umidli sportchimiz 2012 yilda Portugaliyada bo'lib o'tgan Yoshlar o'rtasida bo'lib o'tgan “Full contact” musobaqasida Jahon chempioni bo'ldi. 2015 yilda esa Rossiyada kechgan chempio­natda Kattalar o'rtasida Jahon kubogi sovrindori, 2017 yilda Turkmanistonda Osiyo o'yinlari ishtirokchisiga aylandi.

Sherzod Abdullayev Amerikada bo'lib o'tgan musobaqalarda ham faol ishtirok etib, mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. 2018 yil kikboksing bo'yicha Amerika ochiq chempionatida oltin medal sohibi bo'ldi. 2019 yil “Combat at the Capital 43” shou oqshomidagi professional jangda hakamlar uni bir ovozdan g'olib, deb e'lon qildi. Shu yilning o'zida “Combat at the Madison Square Garden” shou oqshomida nokaut hisobi bilan yana muvaffaqiyat qozondi.

Professional sportchi yuksak maqsadlarni ko'zlagan. Ota-onasi, ustozlari saboqlarini o'ziga dasturilamal qilib olgan hamyurtimiz davlatimiz bayrog'i jahon arenalarida baland ko'tarilishidan ko'ngli iftixorga to'ladi. Kikboksing bo'yicha sport ustasi sifatida o'z nufuziga ega yurtdoshimizning har bir muvaffaqiyati – xalqimizning, O'zbekistonning muvaffaqiyati!

Zafarlar mudom yo'ldoshing bo'lsin, sportchi!

Asilbek EGAMBERDIYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 7 =