Qurilishda ishlab chempion bo'lgan o'zbek

Dzyudo bo'yicha o'smirlar o'rtasida O'zbekiston chempioni, ayni paytda Rossiyada aralash qo'l jangi (MMA) bo'yicha o'tkaziladigan  kurashlarda yurtimiz sharafini himoya qilib kelayotgan  umidli sportchi Muslim ANNAQULOV bilan suhbat

— Yoshlik orzu-havaslar fasli. Bilishimizcha, siz dastlab sportning dzyudo turi bilan shug'ullangansiz. Ayni paytda MMA yo'nalishida ham anchagina yutuqlarga erishdingiz. Ayting-chi, siz uchun qaysi sport turi muhimroq?

— Dzyudo bilan shug'ullanishimga otam sababchi bo'lgan. O'zlari to'ylarda, Navro'z bayrami tantanalarida maydonga tushardi. Vaqt topib, akam bilan menga kurash sirlarini o'rgatardi. Shundan bo'lsa kerak, kurashga qiziqishim kuchayib bordi. Buni sezgan otam akam ikkimizni Zoir ismli murabbiy huzuriga olib bordi. Biroz ko'nikma hosil qilib, chinakam sportchiga o'xshay boshlaganimizdan keyin nazoratni kuchaytirdilar. “Bugun zalga bordingmi? Kim bilan kurash tushding? Nechtasini yiqitding?” deb so'rardilar har kuni. Maktabga borib o'qishimizdan ko'ra ko'proq zalga borib kurash tushishimiz otam uchun muhimroq bo'la boshladi. Endi bilsam, birinchi ustozim otam bo'lgan ekan. Ularning maslahatlari, yo'l-yo'riqlari tufayli o'smirlar o'rtasida O'zbekiston chempioni bo'lganman. Kollejda o'qib yurganimda “Barkamol avlod” sport musobaqalarida g'alaba qozonganman. Hozir sportning aralash qo'l jangi (MMA) yo'nalishida faoliyat ko'rsatayapman. Aytishadi-ku, o'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas, deb. Haliyam kurash tushishga ishtiyoqim baland. Haftada mashg'ulotlarga muntazam borib turaman. Sportning ikkala turi bilan ham shug'ullanaman…

— Keyingi faoliyatingizni Rossiyada boshlagan ekansiz. Buning sababi nimada?

— Tirikchilik tufayli, 2018 yili Rossiyaga ishlash uchun ketishimga to'g'ri keldi. Bo'sh vaqtlarim ko'p bo'lardi. Faqat mashq qilardim. “Strelka” degan bellashuvni telefonda ko'rib: “Aka, qarang, bunda yutganga katta pul berarkan. Istagan odamni urishtirisharkan”, dedim. Akam ko'nmadi: “Sen bilmaysan kim bilan maydonga tushishingni. Qo'y, uka, juda xavfli o'yin. Aka uchun ukaning kimdandir musht yeb, ko'zlari ko'karib yurganini ko'rish qanchalik og'ir ekanligini qaerdan ham tushunarding?” dedi. Akamning xavotiri o'rinli edi. Ammo istagim ustunlik qildi, so'zimda turib oldim.

Ish joyimizda boshlig'imiz ham bundan xabar topgach, oraga tushdi: “Ko'rib turibman, kurash tushging kelib yuribdi. Ammo bilib ol, agar nimadir bo'lib qolsang, hech kim yordam bermaydi. Referi ham, raund ham yo'q. O'zingga o'zing javobgarsan. Yo yutguncha, yo yutqazguningcha jang qilasan”.

Ahdim qat'iyligini ko'rgan akam: “Ukajon, men ham sening UFC kamarini qo'lga kiritishing­­ni xohlayman. Hamonki, sen shu yo'lni tanlagan ekansan, bitta shartim bor. Orzungga erishishing uchun ko'p mehnat qilishing zarur. Muvaffaqiyating garovi — o'z ustingda ishlash, ter to'kish, shuning uchun tinmay mehnat qilish kerak. Qolaversa, yurt sha'ni o'rtada. Bu yo'lda harakatdan to'xtama. Balki, hozir sen uchun bu gaplarim g'alati tuyular. Ammo shuni yodingda tut: donishmandlarning: “Boshingga eng qiyin kunlar tushib, sen bardosh bera olmaydigan nuqtaga kelganingda ham, aslo sab­ringdan voz kechma”, degan ma'nodagi bir gapi bor. Ana shu — taqdiringni o'zgartiradigan nuqtadir”, dedi.

O'shanda bo'lajak musobaqalar pulli edi, bilganim shu. Bir kuni bosh­­qa shaharga do'stlarim bilan ketayotganimizda, ko'chada odamlar yig'ilib turganini ko'rib, yoniga bordik. Qarasam, ikki kishi kurash tushayapti. O'yin­boshining yoniga borib, kurashga tushmoqchiligimni aytdim. Bu mening ichki xohishim edi. “Bo'ying nechchi, vazning qancha?” deb so'radi u. “Bo'yim 175, vaznim 70”, dedim. “Sendan 10 kg og'ir bola bor. Uning raqibi jangni bekor qildi, xohlasang, shu bilan tushib ko'r”, dedi. Kelishdik. 15 daqiqa chamasi kurashdik. Uni yutdim. “Strelka” direktori kelib: “Sen kuchli kurashchini yutding. Istasang, sen bilan kontrakt tuzamiz, keyin jangga kelasan”, deb yutuq pulini berdi. Yotoqxonaga qaytgach, akamga bo'lgan voqeani so'zlab berdim. Akam: “Unday bo'lsa, biror sport zaliga borib, jiddiyroq mashq qilishing kerak bo'ladi. Bugun omading kelibdi, boshqa payt kuchliroqlari chiqib qolishi mumkin”, deb yo'l ko'rsatgan bo'ldi. Birga zal qidirdik, ammo topa olmadik. Bilganimcha shug'ullanib yurdim. Keyingi jangim “Moskva-citi”da bo'ldi. Bu gal ham raqibimni yutdim. Uchinchi jangimdan so'ng men uchun pul tikadigan homiy chiqdi. Hozirgi murabbiyim Shamil Abdullayev yonimga keldi. “Muslim, nima ish qilasan?” dedi. Qurilishda ishlashimni aytdim. “Kel, mening sport zalimda shug'ullan, sen uchun tekin. Agar professionalga tortmaganingda, sen bilan ishim yo'q edi. Kel, zalda bemalol mashq qil, o'zimiz hamma jang­larni senga olib beramiz”. Kontrakt tuzildi. “Faqat Rossiya bayrog'i ostida jangga tushasan, bu talab”, dedi. Men esa: “Yo'q, meni ko'pchilik taniydi, biladi, O'zbekiston chempioni bo'lganman. Yurtimning bayrog'i ostida jangga kiraman, bo'lmasa, kurash tushmayman”, deb turib oldim. Ular noiloj rozi bo'lishdi. Mashg'ulotlar bosh­landi. Birinchi jang, raqiblarimning ayovsizligi — barcha-barchasi ular aytganday bo'ldi. Ustozim va akamning qilgan sa'y-harakatlari, to'g'ri yo'lni ko'rsatishgani tufayli barcha janglarimda g'alaba qozonib kelyapman. Ta'kidlashganiday, hamma yaxshiliklar sabrdan keyin kelar ekan.

— Siz kelajagingizni qanday tasavvur qilasiz? Orzu va maqsadlaringiz haqida gapirib bersangiz.

— Orzularsiz yurak zanglaydi. Eng katta orzularimdan biri bu — UFC kamarini qo'lga kiritib, O'zbekiston nomini yana bir bor olamga yoyish. Hamyurt sportchilarimiz ham UFCda kurash tushyapti, ammo o'sha kamarni hali hech kim olgani yo'q. Bilaman, buning uchun ko'p mehnat qilishim kerak. Havaskorlar jangida to'rtta tengdoshim bilan kurashib, kamarni qo'lga kiritganman. Kolizey sport klubi doirasida. O'z ro'yxatiga chempionlarini qayd etib boradi. Hozirgacha kamar o'zimda turibdi. “O'zbekiston, Muslim Annaqulov” degan yozuvi bor.

— Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur! Barcha orzu-niyatlaringizga yetishingizga, hamisha, “o'zbek kurashchisi” degan yuksak nomga sazovor bo'lishingizga tilakdoshmiz.

O'zJOKU sport jurnalistikasi

bo'limi 2-kurs talabasi

Xurshida ABDUSATTOROVA

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 3 =