Qizg'aldoqlar yig'isi
xalqimiz tinchligi va osoyishtaligi yo'lida o'z burchini o'tayotib qahramonlarcha xalok bo'lgan toshkentlik harbiy o'g'lon – kapitan Bahrom JO'RAYEV yodi
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 23 maydagi Farmoniga muvofiq, davlatimizning milliy xavfsizligi, xalqimiz tinchligi, osoyishtaligini muhofaza qilish hamda xizmat burchini bajarish chog'ida mardlik, jasorat va fidoyilik ko'rsatgani uchun Sharqiy harbiy okrug shtabining bo'lim boshlig'i, marhum Bahrom Jo'rayev II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlandi.
— Onasi, Bahromjon, — dedi to'kin dasturxon atrofida o'tirgan yaqinlari yoniga kelib Ulug'bek aka, — turinglar, ketamiz. Tog'am kutyapti.
— Dadajon, uyga ketmaymizmi? — dedi ko'chaga chiqishgach, Bahromjon bir osmondagi yulduzlarga, bir dadasiga qarab.
— Yo'q, bugun tog'angnikida qolamiz.
— Voy, hammayoq qop-qorong'i, uylari ham mahallaning bir chetida bo'lsa. Men qorong'idan qo'rqaman.
— Bolajonim, sen o'g'il bolasan-ku, o'g'il bolayam qorong'idan qo'rqadimi? Qara, biz yolg'iz emasmiz, osmonda oymoma seni kuzatib kelyapti, — dedi Shirin opa qo'lini osmonga ko'tarib.
— Qorong'idanmas, itlardan qo'rqyapman, tag'in tog'amning uyi yonida itlar bo'lsa-chi?
— O'g'il bolalar itdan qo'rqmaydi, darhol haydab yuboradi, — jilmaydi dadasi.
— O'zimiz tomondagi itlardan qo'rqmayman. Begona joy-ku, o'shanga…
— Tog'angning uyi begona emas.
— Mana, sen hozir sport to'garagiga qatnayapsan, demak, bilaging kuchga, yuraging jasoratga to'lib boryapti.
— Ana, tog'angnikiga yetib kelibmiz-ku, — dedi Ulug'bek aka yog'och darvozaga ishora qilib.
Shu chog' Bahrom yerga egildi-yu, qo'liga toshmi, kesakmi oldi-da, sal narida yurgan ikkita daydi itga qarab otdi. Kesak tegdi, shekilli, itlardan biri “vang” degancha panjara oshib ko'zdan yo'qoldi.
— Qoyil, bir og'iz gapim bilan yuragingdagi qo'rquvni yenga olibsan! Ko'ppakni qochirvording, — Ulug'bek aka o'g'lini dast ko'tarib bag'riga bosdi…
— Oyijon, qarang, Amir Temur haqidagi kitobni sovg'a qildilar, — oyisi o'tirgan xonaga yugurib kirdi Bahrom.
— 5-sinfga a'lo baholar bilan o'tibsan-ku. Ustozing seni dadangga irodali, mehnatsevar, o'rtoqlariga mehribon, deb maqtaganidan xursand bo'libdilar-da. Ana endi yoz bo'yi kitob o'qiysan, — o'g'lining qo'ng'iroq sochlarini siladi Shirin opa. — Men esa senga o'yinchoq olgandim.
— Oyijon, anavi bekatdagi do'konda juda chiroyli avtomat ko'rdim.
— Mana bunaqami? — Shirin opa xontaxta tagidan karton quti olib o'g'liga uzatdi.
— Ha, ha, xuddi shunaqasini aytayotgandim, rahmat! — Bahromjon qutidan avtomatni olib, jilmayib bag'riga bosdi. — Menda nagan bor, pistolet, pushka bor, ammo bunaqa avtomat yo'q edi… — charos ko'zlari chaqnab ketdi bolakayning. — Farhod o'rtog'imning “tank”i o'q otar ekan. Havasim kelgandi. Mening avtomatim ham rostakamga o'xsharkan. Oyijon, rostakam avtomat og'ir bo'ladi, a? Ichida o'qlari ko'p bo'ladi-ku. Uni ko'tarishga qiynalmasmikanman?
— Mana, ko'tarib turibsan-ku. Demak, og'irlik qilmabdi.
— Men armiyaga borganimda ko'taradigan rostakam avtomatni aytyapman. Ungacha bo'yim ham o'sadi, kuchim ham oshadi-a, oyijon?
— Qo'y-e, ilohim, haqiqiy o'qotar quroldan foydalanishga hojat bo'lmasin.
— Oyijon, unday demang. Axir men katta bo'lsam, harbiy bo'laman-ku. Ustoz aytgan, o'g'il bolalar Vatan qalqonlari bo'larkan. Ular jangovar qurollarni ishlatishni puxta bilishi shart ekan. Amir Temurning navkarlari juda chaqqon, zil-zambil qilichlarni ustalik bilan ishlatib, dushmanga dahshat bilan tashlanar ekan. Men ham ana shunday mohir askar bo'laman.
Shirin opa o'g'lining yonib aytgan gaplarini jiddiy qabul qilmadi. Maktabni bitirguncha fikri o'zgarar deb o'yladi. Ko'z ochib yumguncha o'quvchilik davri ham o'tdi. Bahrom davlat imtihonlarini a'lo baholarga yakunladi. Shirin opa ishdan qaytib, o'g'lining xonasiga kirdi-yu, hang-mang bo'lib qoldi. Xona o'rtasida ikkita kattakon quti. Ular o'g'li o'ynab katta bo'lgan o'yinchoq qurollar bilan liq to'la edi.
— Tinchlikmi, bolam? O'yinchoqlarni nimaga yig'ib qo'yding?
— Ularni bolalar bog'chasiga sovg'a qilaman. Baribir ertaga harbiy bilim yurtiga o'qishga ketsam, o'yinchoqlarim uyda “zerikib qolmasin”, deyman-da, — jilmaydi Bahrom.
— Nega qaysarlik qilasan, axir bittagina o'g'lim bo'lsang! Biz sensiz bu yerda qanday yashaymiz? Yaxshisi, moliya institutiga kira qol, — o'g'lining ko'zlariga iltijoli tikildi Shirin opa.
— Oyijon, axir o'zingiz doim yigit kishi Vatan qo'riqchisi, metin irodali bo'ladi, ota-onasini qanday sevsa, Vatanini ham shunday sevadi, uni ko'z qorachig'iday asraydi, deb o'rgatgansiz-ku. Men sarkarda Sobir Rahimovdek general bo'lmoqchiman.
— Bolam, Xudoga shukur, yurtimiz mustaqil. Hayotimiz tinch, farovon. G'animlarimiz bo'lmasa. Uni kimdan himoya qilmoqchisan?
Oyijon, to'g'ri aytasiz. Biz tinchlik tarafdorimiz, yurtimizning tinchligini istaymiz. Biroq ana shu tinchlikni uning o'g'lonlari — harbiylar asraydi-da! Harbiy zobit bo'laman!
O'g'lining fe'lini bilgan Shirin opa ortiq qarshilik bildirmadi.
— Dadajon, oyijon, meni tabriklang, o'g'lingiz endi Toshkent oliy umumqo'shin qo'mondonlik bilim yurti kursanti, — yuzi issiqdan bo'g'riqib ketgan Bahrom avval onasini, keyin dadasini mahkam quchoqladi… Uch yil ko'z ochib-yumguncha o'tib ketdi. Bahromjon ham jismonan, ham fikran chiniqdi. Qadam tashlashdan tortib, qaror qabul qilishlari ham shaxdamlashdi…
— Oyijon, kapitan o'g'lingiz Bahrom Jo'rayev razvedkachilar yig'ilishiga qatnashish uchun bir haftaga Toshkentga, ixtiyoringizga keldi, — asta onasining ko'ksiga bosh qo'ydi Bahrom ovozi titrab.
Shirin opa o'g'lining bahor oftobida qoraygan yuziga, baquvvat yelkalariga, o'ziga ishonch bilan chaqnab turgan ko'zlariga uzoq tikildi, mehr bilan bag'riga bosdi…
— Men fransuz, nemis tilini o'rgandim. Shveysariyada malaka oshirish davrida mashhur rus sarkardasi Suvorov oshib o'tgan Alp tog'larida bo'ldim. Buni qarang, miqtigina sarkardaning Vataniga bo'lgan cheksiz muhabbat o'rnashgan qalbi keng bo'lgan ekan. Uning irodasiga, g'ayratiga havasim keldi. Biz harbiylar ham O'zbekistonimizni ana shunday ulkan mehr bilan sevamiz. Uning ozodligini asrash uchun jonimizni berishga ham tayyormiz! — Bahromjon dadasiga yosh boladay erkalanib, mushaklari o'ynagan bilaklarini ko'z-ko'z qildi.
— Ko'ryapman, botirim, endi qorong'idan qo'rqmaydigan bo'libsan, itlarni, daydi itlarni ham…
— Daydi itingiz nimasi, dadasi, — chimirildi erining gapi yoqmagan Shirin opa.
— Oyijon, yurtimiz ozodligiga ko'z olaytirgan kimsalarning daydi itdan qaeri kam? Surxondaryoning Sariosiyo tumanidagi terroristik harakatlar esingizdami? O'shanda men kabi harbiy yigitlar O'zbekistonning qudratini ularga ko'rsatib qo'ymadimi, daydi itdek quvib solmadimi?
— O'shanaqa g'alamislik harakatlaridan asrasin, — dedi Shirin opa xo'rsinib. — O'sha to'qnashuvda halok bo'lgan askarlarni Vatanimiz ham, xalqimiz ham unutmadi. Ammo halok bo'lgan askarlar onalarining ahvolini o'ylasam, yovuzlarga la'natlar o'qiyman. Ishqilib, endi urush bo'lmasin, onalar ko'z yosh to'kmasin. Dunyodagi eng og'ir, alamli dard bu farzanddan judolik dog'i. Xudoyimdan tinimsiz so'rayman, endi dunyoda urush bo'lmasin.
— Ha, barakalla, urush bo'lmasin, — dedi Ulug'bek aka xotiniga bas qil, deganday ishora qilarkan.
— Oyijon, dadajon, ertaga men Farg'onaga — harbiy qismimga jo'nab ketaman.
— Yo'g'-e, Xotira va qadrlash kunini o'tkazib ketmaysanmi? Tog'angni borib ko'rishing kerak, — o'rnidan turib ketdi Shirin opa.
— Onasi, hech xarxashalaring qolmadi-da. O'g'ling harbiy. Ularda intizom kuchli. Bir haftadan so'ng Harbiy akademiyaga kirish imtihonini topshirish uchun keladi. O'shanda borib kelamiz tog'asinikiga, — o'ziga suyanib o'tirgan o'g'lining yuzlarini silab qo'ydi Ulug'bek aka.
— Oyi, dadam yo'qmilar? — dedi ertalab yo'lga otlangan Bahrom safar xaltasini stulga qo'yib.
— Dadangni bilasan-ku, ishga erta borishga odatlanganlar. Seni uyg'otishga ko'zlari qiymadi.
— Unda, — stulga shilq etib o'tirib qoldi Bahrom. U oyisiga nimadir demoqchi bo'ldi-yu, aytolmadi.
— Mayli, ona, duo qiling, men ketdim, — u onasini mahkam quchoqladi. To'yib-to'yib hidladi.
— Bo'ldi, ko'p erkalanma, yig'lavoraman, — Shirin opa ko'z yoshlarini yashirish uchun chetga qaradi…
O'g'li safar xaltasini yelkasiga ildi. Xonaga boshqacha bir mehr bilan ko'z tashladi-da, eshik tutqichiga qo'l uzatdi…
“Qiziq, u meni har doim “oyi” derdi. Bugun bunchalik hayajon bilan “ona” dedi-ya! Onang o'rgilsin! Yaratganning panohiga topshirdim, yolg'izim!” — pichirladi Shirin opa ko'z yoshlarini qo'li bilan sidirib.
* * *
2005 yilning 13 mayi. O'rtog'i Volodyaning tug'ilgan kuni. Lekin Volodya 13 raqamini jinidan battar yomon ko'radi. Shuning uchun tug'ilgan kunini sinfdoshlari bilan 14 mayda nishonlashardi. Tavba, nega ko'ngli g'ash? Tong otishi bilan do'stimga telefon qilish imkonim bo'lsa. Ana, yigitlar maza qilib uxlashyapti. U bo'lsa… axir dadasi “raqamlarning hammasi yaxshi, sen bid'atlarga ishonma” deb tayinlaganlar-ku. Kunduzi qanday chiroyli havo bo'ldi! Nastarin gullarining hidini bahor shamoli dimog'iga keltirib urdi. Ha, bu iforlar uyni, oyisini esiga soldimikan? Oyisi nastarinni yaxshi ko'radilar-da… Nahotki oyisini, uyni sog'indi!.. O'zi kelganiga hali bir hafta bo'lmadi-ku… Ha, mayli… Bahrom derazadan osmonga qaradi. Nazarida, osmon kulrang. Yulduzlar xira. Oy ham qadrdon yo'ldoshi Yerga gunohkorday iymanibgina nur sochyapti. “Uydaligimda yulduzlar ham, oy ham yorqin ko'ringandi. Ular nega bunchalik xomush? Bugun Yer yuzining qaysi burchagidagi otishma-yu taloto'pga guvoh bo'lganiykan? Qaerda notinchlik ekan? Osmondami, Yerdami… u o'ylar iskanjasida o'ringa kirdi. Hali ko'zi ham ilinmagandi. Jangovar trevoga yangradi…
Bir guruh qurollangan jangarilar, aqidaparast, ekstremistlar Andijonda xunrezliklarni amalga oshirayotgani haqidagi axborotni eshitgan shaxsiy tarkib yarim tunda jangovar shay holatda yo'lga tushdi.
— Tinchligimiz, osoyishtaligimizga ko'z olaytirgan har qanday g'alamisga zarba berishga tayyormiz! — dedi katta leytenant Dilmurod Abdujabborov yetakchilik qilayotgan vzvodning shunqorlari. “Onajon, ko'rdingizmi, haliyam mustaqilligimizni ko'rolmaydigan, yovuz niyatli kimsalar bor. Ammo siz ham, xalqimiz ham xotirjam bo'laveringlar, biz albatta bu yovuzlarni kunpayakun qilamiz”, o'yladi Bahrom. Keyin beixtiyor osmonga qaradi. Xayolida oy ham ularga ergashayotgandek, ulardan najot kutayotgandek edi.
— Kapitan Jo'rayev, jamoat xavfsizligini ta'minlash uchun “Cho'lpon” ko'chasidagi yo'lga blok-post o'rnatamiz. U yerga siz boshliq etib tayinlanasiz, — dedi buyruq ohangida katta leytenant.
Bahromjon darhol topshiriqni bajarishga kirishdi. O't ochish nuqtalarini zarur muhandislik ashyolari bilan ta'minlashga bosh-qosh bo'ldi. Har bir posbonga qaysi marrani egallashni va qanday kuzatuv olib borishni uqtirdi. Vaziyat taqozo qilsa, otishmada va bosqinchilarni qurshab olishda qanday harakat qilish zarurligini yigitlarga hijjalab tushuntirdi. Oradan biror soat o'tib, “Cho'lpon” teatri tomonidan g'ala-g'ovur, shovqin-suron eshitildi. Keyin sarosima va vahimaga tushgan odamlar ko'rindi.
— O'rtoq komandir, axir oldingi qatordagilar shu yerliklar-ku! Ularni qanday qutqaramiz? Ularga qarata o't ochmaymiz-ku, to'g'rimi? — dedi yigitlardan biri uning yoniga yugurib kelib.
— Tinchitamiz, bosqinchiga shafqat yo'q! Lekin qanday qilib… — u avtomatini dushman tomonga to'g'rilarkan, seskanib ketdi. Bosqinchilar qalqon qilib olgan erkaklar ko'ziga otasi, ayollar onasi bo'lib ko'rindi. — Ularga qarab o'q otib bo'ladimi? — titrab ketdi u. — Avval bu begunohlarni qutqarish kerak. Qanday qilib? — Bahrom o'ylar iskanjasida qoldi. Biroq ikkilanishga vaqt yo'q. Yovuzlar tobora yaqinlashardi. Ammo qo'l ostidagilarga sir boy bermadi.
— Vahimaga berilmang. Biz askarmiz. O'zingizni nihoyatda xotirjam ko'rsating va ularga ajratilgan koridor orqali xavfsiz joyga o'tkazib qo'ying! —qat'iy ohangda dedi u. — Hamma o'z marrasini egallasin.
Zim-ziyo tun vahimasini o't-o'lanlar orasidagi chigirtkalar ham sezgan, shekilli, pala-partish har tomonga sakray boshladi. Shu payt kinoteatr tomondan tartibsiz otilayotgan o'q ovozi eshitildi. Ortidan — qo'liga avtomat, snayper miltig'i ushlagan, pistolet, granatalar, yonuvchi aralashmalar to'ldirilgan shisha idishlar bilan qurollangan sovuq basharali kimsalar ko'rindi. Dahshatlisi, bu olchoqlar bir guruh garovga olingan kishilarni o'zlariga qalqon qilib olishgandi. “Yaramaslar, zo'r bo'lsang, yakkama-yakka chiqmaysanlarmi, enalaringni ko'rsatmaymizmi?” — nafratdan yuragi qafasidan chiqib ketguday bo'lib pichirladi u.
Mal'unlar: “Hokimiyat bizning qo'limizda, bizga qo'shilinglar!” — degan da'vat bilan blok-postga yaqinlashdi.
Kapitan o'zini yo'qotmadi, yigitlariga kerakli ko'rsatmalarni berdi.
— Aslida, senga o'xshagan xoinlar bilan gaplashishni o'zimga or deb bilaman. Biroq senlar begunoh insonlaringning tirik qalqon qilib olgansanlar. Biz senlarga o'xshab begunoh kishilarga o'q otmaymiz, — g'azabini ichiga yutib ularga qarshi tik bordi. — Tinch yo'l bilan qurollaringizni topshiring. Garovdagilarni qo'yib yuboring!
Biroq nomard bosqinchilar nomardligini qildi. O'q yomg'irini yog'dirdi. Kapitan Jo'rayev og'ir yaralanib, yerga yiqildi. Ammo qaddini tiklashga urindi, qo'l ostidagi vzvod yigitlariga ko'rsatma, yo'l-yo'riq berishga o'zida kuch topa bildi. Bundan ruhlangan askarlar o'zlari uchun qulay taktik marraga o'tib olishdi, qaqshatqich zarba berishdi. Jangarilarning ko'pchiligi mahv etildi. Ular harakatini to'xtatishga erishildi. Garovga olinganlar ozod qilindi. Otishmalar davom etayotgan jang maydonida hushini yo'qotayotgan Bahrom xiralashib borayotgan ko'zlarini osmonga tikdi. O'zi yaxshi ko'rgan Oymoma bir paytlar o'zi bilan quvlashmachoq o'ynab yugurgan, balkon derazasidan osmonga tikilib, u bilan uzoq-uzoq suhbatlashgan chaqqon erkatoyi Bahromjonga ko'mak berolmayotganidan, uni hali to'yib ulgurmagan hayotda olib qolishga iloj topolmaganidan uyalganday bulutlar orasiga berkindi.
— Bolam, Bahromjon, qo'rqma, men shu yerdaman, — Bahromjon jon talvasasida onasining ovozini eshitganday bo'ldi, chuqur nafas oldi va ona tuproqqa xotirjam bosh qo'ydi. Undan sal narida — maysalar ichidagi lolaqizg'aldoqlar bahor shabadasidanmi yoki o'q ovozlaridanmi yengil titradi, ularning qonday qip-qizil gulbarglari umrining yigirma beshinchi bahorini nishonlay olmay manguga ko'z yumgan kapitan Bahrom Jo'rayev bilan vidolashganday yuz-ko'zlariga, qondan qizargan harbiy formasi ustiga ohista qo'ndi…
Muhabbat HAMIDOVA.
