Yuraklarni yoritgan qalb

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Safar Ostonovni yod etib

Tog'larda ajib buyuklik bor. Tog'larda metin salobat bor. Undan qancha uzoqlashsangiz, shunchalik ulug'vorligini his qilasiz, ko'z oldingizda bor bo'yi bilan namoyon bo'ladi. Bulutlarni-da pastda qoldirib, osmon qadar yuksalib ketgan tog' cho'qqilari matonat timsoli yanglig' ko'ngilga hazin sokinlik baxsh etadi. Tog'lar ortingizdan kelayotgandek bo'ladi go'yo. Tog' bag'riga qaytib borgingiz, u bilan yuzma-yuz bo'lgingiz, dardlashgingiz keladi. Lekin buning iloji yo'q. Siz qanchalik olislasangiz, masofalar tobora uzoqlashgani sayin tog'lar ham shunchalik yuksalib, buyuklik kasb etib boraveradi.

O'zbekiston matbuotining yetakchi darg'alaridan biri, katta-kichik uchun birdek qadrdon bo'lgan Safar Ostonov matbuotdagi shijoatli chiqishlari bilan el og'ziga tushgan jurnalist edi. “Safar aka bilan kechagina uchrashgan edik”, degan gaplarga ham besh yil bo'libdi… Besh yildirki, Safar Ostonov cho'qqilari muzaffar samoga tutashib ketgan tog'lar kabi bizdan tobora uzoqlashib boryapti, masofalar tobora olislab boryapti.

Tarixi bir asr bilan payvasta bo'lgan “O'zbekiston ovozi” gazetasi ne-ne ulug' insonlar, ijodkorlar qatorida, ta'bir joiz bo'lsa, Safar aka uchun ham muqaddas sajdagoh kabi aziz edi. U haqiqiy matbuot fidoyisi, o'z kasbiga sadoqatli inson sifatida har kuni yarim tungacha navbatchi xodimlar bilan bir safda turib, to gazeta chop qilingunga qadar uyiga qaytishni o'ylamasdi. Vaqtni tongotar qilib ketardi, yana erta tongdan tahririyatda paydo bo'lardi.

Gazeta xodimlarining oylik maoshlari, ochig'ini aytish kerak, ba'zi bir tahririyatlarga qaraganda “O'zbekiston ovozi”da bir qadar past edi. Safar aka buni yashirib o'tirmasdi ham. “Kim bu muqaddas dargohga katta oylik maosh olish umidida ishga kelgan bo'lsa, unga javob, boshqa joydan ish topaversin. Bu gazeta o'zbek jurnalistikasining yuz yillik maktabi. Gazetaning sha'ni, uning tarixi bizdan fidoyilik bilan ishlashni talab etadi. Juda ulug', bag'rikeng jurnalistlar ishlagan bu dargohda. Ularning ruhi bizni qo'llab turadi. Ana shu ustozlarga munosib izdosh bo'lishimiz, sha'nimizga dog' tushirmasligimiz kerak”, — derdi u.

Istiqlolga erishilganidan so'ng “Sovet O'zbekistoni” gazetasi “O'zbekiston ovozi” sifatida XDPning bosh nashriga aylandi.

Shunday bir sharoitda Safar Ostonov “O'zbekiston ovozi” gazetasiga bosh muharrir bo'lib keldi va uning adadini oshirish masalasi kun tartibiga chiqdi. U o'z atrofiga iqtidorli jurnalistlarni to'pladi, gazeta sahifalarida islohotlarga to'siq bo'layotgan muammolar haqida tahliliy-tanqidiy maqolalar chop etildi. Tabiiyki, “O'zbekiston ovozi” dadillik bilan ko'tarib chiqqan muammolar “yuqori”gacha yetib borar, uning so'rovi esa xizmat kursisini egallab turgan, ya'ni tanqid ostiga olingan amaldorga qat'iy chora ko'rilishi bilan yakunlanardi. Gazetaning har bir soni qo'lma-qo'l bo'lib ketardi, uni topolmay, izlab yurganlar qancha edi. Ana shu tariqa “O'zbekiston ovozi”ning adadi ancha-muncha ko'tarildi.

…Tahririyatning hashamatli kutubxonasida har hafta dushanba kuni yig'ilish o'tkazilardi. Gazeta sharhi, chop etilgan maqolalar saviyasi va hokazolar muhokama qilinardi. Menga navbat kelganida jamoa kulgiga moyil bo'lib turardi. “Miyangda illat bo'lsa, gapingda ma'no bo'lmaydi”, deganlariday, yaxshi gapirib turganimda, og'zimdan “lop” etib ensani qotiradigan yoki kulgi qistaydigan gap-so'z chiqib ketardi ko'pincha. Masalan, “O'zbekiston ovozi” gazetasi har bir sonining 4-sahifasi pastiga tijorat bo'yicha bir olg'ir muxbirning reklama o'rnidagi rangli traktorlari joylashardi. Men gazetani sharhlar ekanman, har safar traktorlar juda chiroyli chiqqanini qistirib o'taman. Hamma kuladi. “Maynavozchilik qilmang!” derdi Safar Ostonov va o'zi ham qo'shilib kulib yuborardi.

Bir gal tahririyat yig'ilishiga Safar akaning kelishini kutib o'tirish asnosida xodimlar kutubxona devoriga ikki qator qilib ilib qo'yilgan o'tgan yuz yillik davrda ishlagan gazeta bosh muharrirlari suratlarini ko'zdan kechira boshlashdi. Buni qarangki, eng oxiridagi suratning past tomoni bo'sh ekan. “Bitta joy bo'sh turgan ekan”, deganimni bilaman, hamma menga yalt etib yomon qaradi. Nima gunoh qilganimni bilmayman, lekin bu gaplarim o'sha paytlari bosh muharrirga yetgani aniq. Safar aka hazilni yaxshi tushunar va o'zi ham favqulodda yaxshigina hazil-huzul qilib qo'yardi. Shuning uchun bunday tuzsiz gaplarimga ortiqcha e'tibor bermasdi…

 

* * *

Bir kuni Safar aka meni xonasiga chaqirib qoldi. Qo'limga “O'zbekiston ovozi” gazetasi jamoasi nomidan “yuqoriga” yozilgan xatni tutqazdi. Unda bir asrlik tarixga ega bo'lgan bu otaxon gazeta hamma vaqt hukumat nashri sifatida faoliyat yuritib kelgani, shuning uchun uning muassisligini qaytadan o'z o'zaniga qaytarish haqida so'z borardi.

— “Mana, tahririyat jamoasi nima bilan shug'ullanyapti”, deyishdi menga. Olib qo'ying, tarix uchun kerak bo'ladi. Eng qizig'i, bu xatni kim yozganini ham, yozgan odamning haqligini ham bilaman. Yuz yillik tariximizning o'ziga xos solnomasi. Mustabid sho'ro tuzumi — kechagi kunimiz. Yomon deb burunni kesib tashlamaysan-ku! Qachon, qaysi zamon va makonda bo'lmasin, gazeta millat manfaati uchun kurashgan, milliyligini saqlab qolgan. Tahririyatda ishlagan ustoz jurnalistlar har bitta harf uchun ko'z nurini to'kkan, umrini baxsh etgan, – dedi u mahzun ohangda.

…Safar akaning otasi Oston chavandoz yelkasi yerga tegmagan polvon bo'lgan. Davralardan uloqni olib chiqishda unga teng keladigani bo'lmagan. Asli kelib chiqishi Urgut tumanidan bo'lgan Oston chavandoz oilasi bilan Samarqand tumaniga qarashli Ohalik qishlog'ida, Ilonsoy mahallasida yashagan. Qirchillama 50 yoshida ichterlama kasalligidan vafot etgan. Urgut tumanining Sevaz qishlog'i qabristoniga dafn etilgan.

…Safar aka — shu polvon kishining o'g'li, kim huzuriga yordam so'rab kelsa, begona odam bo'lsa ham hamma ishlarini tashlab, uning muammosi bilan shug'ullanib ketardi. Esimda, bir kuni tushlik paytida menga: “Yuring, bir joyga borib kelamiz”, deb qoldi. Hozirgi “Tashkent City” hududi o'rnida bo'lgan, Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romanida tilga olingan mashhur O'qchi ko'chasiga bordik. Taxminan bundan yuz yillar oldin bir boyning hovlisi bo'lgan ekan, shekilli, uyning o'ymakor eshiklari to'kilay deb turar, bir paytlar hashamatli bo'lgan xonalar cho'kib qolgandi. Men mashinada kutib turmoqchi edim, Safar aka qo'yarda-qo'ymay ichkariga sudradi. Biri keksaroq, biri yoshroq ayol bizni kutib oldi, ularning yonida bir bola o'ynab yuribdi. Ularning gap-so'zidan xorazmlik ekanini “kashf” qildim. Osh tayyor ekan, suzib kelindi.

Ularning o'zaro suhbatidan shuni tushunib yetdimki, ayolga ko'p qavatli uylardan xonadon berilgan, lekin ba'zi bir muammolar sababli masala hal bo'lmayapti ekan. Safar aka ayolning gaplarini tinglab turib, bir nimalarni yozib oldi, masala hal bo'lganidan keyin o'zi qo'ng'iroq qilishini bildirdi…

Eshitishimcha, Safar aka bilan ko'p yillar birga ishlagan shogirdlaridan biri unga shunday savol bergan ekan: “Safar aka, o'zingiz yaxshi odamsiz, hammaga yaxshilik qilib yurasiz. Lekin hech tushunmayman, nima uchun hamma vaqt atrofingizda “moshennik”lar aylanishib yuradi? Ularning kimligini yuziga aytib, haydab yuborsangiz bo'ladi-ku!”

Shunda Safar aka tabassum bilan javob bergan ekan: “Bu “moshennik”larning ustunlik tomoni shundaki, ular qurbonni, ya'ni “jertva”ni tanlashda adashmaydi. Shunday chiroyli, ko'ngilga yoqadigan gaplarni gapirishadi, eshitib maza qilaman. Ba'zi bir ishlarini bitirib berishga majbur bo'laman. Aldanayotganimni sezib, bilib tursam ham, gaplariga laqqa ishonaveraman. Ularga aynan shunday odam kerak. Shuning uchun doim atrofimda girdikapalak bo'lib yurishadi”.

 

* * *

Safar aka poytaxtimizdagi Yunusobod tumani hududida joylashgan, sho'ro tuzumi davrida qurilgan 5 qavatli uyning 4-qavatida oilasi bilan yashardi. Tabiiyki, uni so'nggi manzilga ham shu joydan chiqarishdi. Men tong saharlab yetib bordim. Buni qarangki, bir yoqda motam, ikkinchi tomonda Safar akaning pod'yezdiga boradigan yo'lni obodonlashtirish bo'limi ishchilari asfalt qilishmoqda edi. Nahotki bir joyni asfalt qilish uchun albatta obro'-e'tiborli bo'lgan kimdir vafot etishi kerak, deb o'yladim beixtiyor o'shanda. Jamiyat o'zi uchun jonini fido qilgan ulug' va zahmatkash jurnalistga so'nggi manzilga safari chog'ida ana shunday “hurmat” bajo keltirdi, mayit solingan tobutni mazut hidi gurkurab, tutuni chiqib turgan asfalt yo'ldan olib ketishdi…

 

* * *

Safar Ostonovning umri zulmatni yoritgan chaqmoqday porlab poyoniga yetdi. Lekin undan farzandlar, jamiyat muammolari qalamga olingan tanqidiy-tahliliy maqolalar, yakunlanmagan behisob qoralamalar, mavzular qoldi. Vafotidan keyin “Umid bilan yashagin” deb nomlangan kattagina kitobi nashr etildi. Buning uchun uning do'stlari chin dildan harakat qilishdi. Xususan, taniqli publitsist Norqobil Jalil kitobni nashrga tayyorlashda ancha zahmat chekdi.

Safar aka hech qachon yuqori mansabga intilmadi, unvon yoki katta mukofotlar tama qilmadi. Ammo mas'ul vazifalarda ishlash nasib qildi. Eng muhimi, har qanday minbarda o'z so'zini ayta oldi, o'z nomini, o'z erkini, iymonini har narsadan ustun qo'ydi. Xalq yuragidagi dardini topib yozadigan, el-yurt ehtiromiga sazovor bo'lgan jurnalist edi.

Nurulloh OSTONOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 10 =