Xalqaro maydonda tan olingan tashabbus
BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to'g'risida”gi rezolyutsiyani qabul qildi.
BMTga a'zo 61 ta davlat mazkur rezolyutsiyaga hammuallif bo'ldi va ular dunyoning barcha mintaqalarini qamrab olgan. Bu O'zbekistonning ijtimoiy kun tartibini ilgari surish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlar rolini mustahkamlashga oid tashabbusi xalqaro maydonda keng qo'llab-quvvatlanayotganini ifoda etadi.
O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug'bek Lapasov mazkur tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizning global ijtimoiy taraqqiyot kun tartibini ilgari surish hamda xalqaro hamkorlikning parlament o'lchovini mustahkamlashga qo'shgan amaliy hissasi sifatida taklif etilganini ta'kidladi.
Rezolyutsiyada 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning milliy qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoya tizimlarini kuchaytirish, kambag'allikni qisqartirish, munosib mehnatni ta'minlash, sifatli ta'limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ijtimoiy integratsiyani rag'batlantirishdagi hal qiluvchi o'rni alohida e'tirof etilgan.
Hujjatda xotin-qizlar va yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy taraqqiyot manfaatlari yo'lida raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda rivojlanayotgan mamlakatlarni qo'llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e'tibor qaratilgan.
Shu bilan birga, Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi muvaffaqiyatli o'tkazilgani va ijtimoiy taraqqiyot hamda adolat manfaatlarida parlamentlar harakatiga oid Toshkent deklaratsiyasi qabul qilingani yuqori baholangan.
Rezolyutsiyada BMTga a'zo davlatlar parlamentlarni 2030 yilgacha bo'lgan Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlariga, jumladan, ixtiyoriy milliy hisobotlarni tayyorlashga, milliy majburiyatlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga hamda fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni kengaytirishga faolroq jalb etishga chaqirilgan.
Bundan tashqari, hujjatda parlament a'zolarining BMTning yirik anjumanlaridagi ishtirokini kengaytirish hamda ijtimoiy taraqqiyot sohasida erishilayotgan natijalarni baholash samaradorligini oshirish maqsadida milliy statistika tizimlarini takomillashtirish tavsiya etilgan.
Mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishiga O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan olib borilgan keng ko'lamli diplomatik sa'y-harakatlar zamin yaratdi. Muzokaralar jarayonida qator rasmiy maslahatlashuvlar va ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazilib, BMT hujjatlarining universallik tamoyillariga hamda barcha a'zo davlatlar manfaatlariga javob beradigan muvozanatli matn ishlab chiqildi.
Rezolyutsiyaning qabul qilinishi davlatimiz rahbari tashabbuslari xalqaro miqyosda yuksak e'tirof etilayotganini, mamlakatimizning global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni ta'minlashdagi faol rolini yana bir bor ifodaladi.
Dunyo” AA,
Nyu-York shahri
