Arxiv xizmatlarida shaffoflik qanday ta'minlanmoqda?
Bugungi kunda mamlakatimizda davlat organlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi hamda aholiga ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada, ayniqsa, milliy tariximiz, o'tmishimiz va fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy maqomini belgilovchi hujjatlarni saqlovchi davlat arxivlari tomonidan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Arxiv xizmatlarining shaffof va sifatli ko'rsatilishi, tizimda byurokratiyani qisqartirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish — bugungi kun talabidir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 24 noyabrdagi “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni ijrosini ta'minlash, davlat organlari va tashkilotlarining elektron shakldagi arxiv hujjatlarini saqlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2026 yil 30 iyunda Vazirlar Mahkamasining “Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini elektron shaklda saqlash tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 352-son qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash tartibi tasdiqlandi hamda arxiv hujjatlari va ular haqidagi ma'lumotlarni jamlash, saqlash, hisobga olish va ulardan foydalanish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish, shuningdek, arxiv ishini amalga oshirishga aloqador tashkilotlar bilan axborot hamkorligining barcha turlarini ta'minlash uchun yangi imkoniyatlar yaratildi.
Ilgari arxivlardan biror-bir ma'lumotnoma, ayniqsa, ish staji yoki ish haqi to'g'risidagi hujjatni olish fuqarolardan haftalab vaqt va ortiqcha ovoragarchilik talab etar edi. Bunday vaziyatlar esa o'z-o'zidan tizimda sun'iy to'siqlar va byurokratiyaning yuzaga kelishiga zamin yaratardi.
Bugungi kunda davlat arxivlari tomonidan xizmatlarni to'liq raqamlashtirish orqali inson omili kamaytirilib, xizmat jarayonlarining tezkorligi va shaffofligi ta'minlanmoqda. Fuqarolarning endilikda bevosita arxiv binosiga borishlari shart emas. Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali masofadan turib arxiv ma'lumotlarini olish imkoniyati yaratildi. Bu tizim xizmat ko'rsatish muddatlarini keskin qisqartirdi va jarayonning boshidan oxirigacha shaffof bo'lishini ta'minlamoqda.
O'zbekiston Respublikasida davlat va idoraviy tashkilotlardagi hujjatlarning elektron nusxalarini yaratish, saqlash va ulardan foydalanishni raqamlashtirishga mo'ljallangan “e-archive.uz” rasmiy axborot tizimining joriy etilishi bunga yaqqol misol bo'la oladi. Tadqiqot ishini olib borayotgan izlanuvchilarimiz uzoq masofadan turgan holda arxiv hujjatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo'lmoqdalar.
Aholining huquqiy madaniyatini oshirish va xabardorligini kuchaytirish maqsadida arxiv sohasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda ularning natijalari OAV, rasmiy sahifalar va ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ravishda yoritib borilmoqda. Bu chora-tadbirlar arxiv tizimi samaradorligini oshirish, fuqarolarning davlat organlariga bo'lgan ishonchini mustahkamlash hamda milliy arxiv merosini ishonchli saqlashga xizmat qiladi.
Korrupsiyaning oldini olish va soha faoliyatini to'g'ri tashkil etishda arxiv muassasalarining mahalliy davlat hokimiyati organlari va adliya organlari bilan yaqin hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mahalliy davlat organlari va arxivlar o'rtasidagi qog'ozbozlikka chek qo'yilib, idoralararo integratsiyalashgan tizimlar orqali ma'lumot almashish yo'lga qo'yilgan. Bu esa turli soxta hujjatlar tayyorlanishi yoki ma'lumotlarning yashirilishi kabi xavflarning oldini olmoqda.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, arxiv sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar faqatgina hujjatlarni saqlash bilan cheklanib qolmay, balki xalqqa xizmat qilishning mutlaqo yangi, shaffof modelini yaratmoqda. Byurokratiyaning qisqartirilishi, raqamli texnologiyalarning joriy etilishi hamda davlat organlari bilan hamkorlikdagi tadbirlar tizimni korrupsiyadan xoli, sifatli va ishonchli sohaga aylantirishga xizmat qilmoqda. Arxivlar — bu shunchaki o'tmish xazinasi emas, balki fuqarolar huquqlarini himoya qiluvchi shaffof ko'prikdir.
Saida ShERBOYEVA,
O'zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi bo'lim mudiri.
