Temir izlarda kechayotgan taqdirlar

Yo'l – bu taraqqiyot, yangilanish va rivojlangan jamiyat timsolidir. Agar daryolar tabiatning qon tomirlari bo'lsa, temir yo'llar mamlakat iqtisodiyotining qudratli arteriyalari hisoblanadi. Ular orqali yuklar tashiladi, uzoq masofalar yaqinlashadi, shaharlar va sanoat markazlari o'zaro bog'lanadi.

Ulkan mehnat, matonat va bunyodkorlikning yorqin namunasi bo'lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatining eng muhim bo'g'inlaridan biri — Markaziy kon boshqarmasiga qarashli Temir yo'l transporti boshqarmasidir. Bugun mazkur jamoa o'zining 60 yillik sharafli tarixi bilan yurtimiz sanoat solnomasida munosib o'rin egallab turibdi. Bu davr Qizilqum  bag'rini o'zlashtirish, yangi shaharlar barpo etish, mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlash yo'lida xizmat qilgan insonlar taqdirining ajralmas qismidir.

1966 yilda asos solingan mazkur boshqarma asr mo''jizasi deya e'tirof etilgan — “Muruntov” oltin koni o'zlashtirilishi bilan chambarchas bog'liqdir. Oltin qazib olish koni, gidrometallurgiya zavodi, suv inshootlari va yangi shahar qurish kabi ulkan bunyodkorliklarni temir yo'l transportisiz tasavvur qilib bo'lmasdi.

Hozirgi kunda Temir yo'l transporti boshqarmasi eng zamonaviy harakat tarkibiga, yuqori texnologiyali uskunalarga va o'z kasbining haqiqiy ustalari bo'lgan malakali mutaxassislarga ega qudratli sanoat tizimiga aylandi. So'nggi yillarda amalga oshirilgan modernizatsiya va mahalliylashtirish ishlari tufayli ma'dan tashish hajmi yildan-yilga ortib bormoqda. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etyapti.

Modernizatsiya va mahalliylashtirish yo'lidan

Temir yo'l transporti boshqarmasida turli kasb egalari mehnat qilmoqda. Jamoa mehnatsevarligi hamda ishga professional tarzda yondashishi bilan ishlab chiqarish vazifalari so'zsiz bajarilib, yuqori sifatli Qizilqum oltini ishlab chiqarilishiga munosib hissa qo'shyapti.

Korxonada amalga oshirilgan investitsion loyihalar o'zining ijobiy samarasini berib kelmoqda. Jumladan, 2021 yil oktyabr oyidan Navoiy kon-metallurgiya kombinati tarixida birinchi bor Temir yo'l transporti boshqarmasi Yo'l xizmatining yangi tashkil etilgan uchastkasi yordamida “Balpantov” va “Tomdibuloq” konlari negizida qazib olish karyerini qurish” investitsiya loyihasi doirasida temir yo'l ustki qismi qurilish ishlarini amalga oshirishni boshlashdi. 2022 yilda “Balpantov” va “Tomdibuloq” konlari uchun uzunligi 35 kilometr temir yo'l ustki qismi va 9 ta strelkali o'tkazgichlar yotqizildi.

O'sha yili “Muruntov koni negizida qazib olish karyerini rivojlantirish V navbati” investitsiya loyihasi doirasida qo'shimcha 600 metr uzunlikdagi temir yo'l va 2 ta komplekt strelkali o'tkazgichlar qurilib, foydalanishga topshirildi. “Chuqurquduq” koni investitsiya loyihasi doirasida 5 kilometrdan ortiq temir yo'l va 13 ta strelkali o'tkazgich yotqizilib, markazlashtirish, boshqarish va aloqa qurilmalari bilan jihozlandi.

2023 yilda “Turbay–3-gidrometallurgiya zavodi” investitsiya loyihasi doirasida qisqa vaqt ichida 47 kilometr temir yo'l va 9 komplekt strelkali o'tkazgichlar qurib, foydalanishga topshirildi;

– E'tiborli jihati, kombinatda amalga oshirib kelinayotgan mahalliylashtirish dasturi bo'yicha jami 97 ta vagonning xizmat muddati uzaytirildi. Buning natijasida vagonlarning navbatdan tashqari ta'mirlash ishlariga jalb etilishi oldingi yillarga nisbatan qariyb 70 foizga qisqardi. Ag'darma-vagonni chetdan xarid qilish narxi 3 mlrd 202 mln 744 ming so'mdan ortiqroq bo'lsa, uni Vagon xo'jaligi mahalliylashtirish sexida yig'ish uchun atiga 522 million so'mdan ortiqroq mablag' sarflanyapti, – deydi Temiryo'l transporti boshqarmasi bosh muhandisi Suhrobjon Nazarov.

Hozirgi kunda vagonlarni ta'mirlash uchun zarur ehtiyot qismlarni Navoiy mashinasozlik zavodida tayyorlash yo'lga qo'yildi.

2024 yilda 22 dona ag'dargichli vagon, 11 dona vagon-sisternalar xarid qilindi. 2025 yilning birinchi olti oyi mobaynida 15 dona zamonaviy yo'lovchi tashish vagonlari xarid qilinib, Markaziy kon boshqarmasining turli sanoat korxonalarida mehnat qilayotgan 2,5 ming nafarga yaqin ishchi-xizmatchilarni har kuni Zarafshon shahridan “Bessopan” sanoat maydoniga ishga olib kelish va aksincha “Bessopan” sanoat maydonidan Zarafshon shahriga ishdan olib qaytishda qulayliklar yaratildi.

Lokomotiv xizmati – muhim tarmoq

Lokomotiv xizmati jamoasining asosiy vazifasi oltin tarkibli ma'danni tashish jarayoniga jalb qilingan teplovozlarga texnik xizmat ko'rsatish, ularni doimo soz hamda ishga shay holatda bo'lishini ta'minlashdan iborat.

Lokomotiv xizmati ikkita lokomotiv deposidan tashkil topgan bo'lib, ular “Zarafshon” hamda “Bessopan” maydonlarida joylashgan. Lokomotiv deposi “Zarafshon” maydoni harakat tarkibini mukammal ta'mirlash uchun Temir yo'l transporti boshqarmasining asosiy ta'mirlash bazasi hisoblanadi. Bu yerda lokomotivlarni joriy ta'mirlashdan tortib, to'liq hajmdagi kapital ta'mirlashgacha bo'lgan ishlar amalga oshiriladi.

“Bessopan” deposi maydonida esa 2-gidrometallurgiya zavodiga ma'danni tashish jarayonida ekspluatatsiyada bo'lgan harakat tarkibiga kichik hajmdagi, shu bilan birga, belgilangan qisqa muddatlarda tez va sifatli xizmat ko'rsatish amalga oshiriladi. Boshqarmada yaratilgan shart-sharoitlar va qulay infratuzilmalar ta'mirlash ishlarining sifatli va to'laqonli bajarilishi uchun mustahkam zamin bo'lib xizmat qiladi.

O'tgan yillar davomida olib borilgan amaliy ishlar hamda mahalliylashtirish dasturi asosida teplovozlarni joriy hamda kapital ta'mirlash ishlari korxonaning o'zida amalga oshirilmoqda. Korxonadagi teplovozlarni ta'mirlash uchun zarur bo'lgan, mehnat unumdorligi va ta'mirlash sifatini oshirishda qo'l keladigan ko'p turdagi uskunalar xarid qilindi.

Yillik rejani o'z vaqtida bajarish maqsadida Lokomotiv xizmati teplovozlar parki yildan-yilga kengayib, zamonaviy lokomotivlar bilan yangilanmoqda. 2020-2026 yillarda sakkizta magistral teplovoz xarid qilindi. Bugungi kunga kelib, teplovozlar soni 35 taga yetdi. Boshqarmada xizmat ko'rsatish sifatining oshishi natijasida bir sutkada o'rtacha 160 ming tonnadan ortiq tog' massasi tashishga erishilyapti.

Sulola an'anasi davom etadi

Xalqimizda “Otasiga ko'ra – bolasi, daraxtiga ko'ra – mevasi” degan naql bor. Bu hikmat zamirida chuqur ma'no mujassam. Zero, inson o'z mehnati bilan nafaqat ro'zg'or tebratadi, balki kelajak avlod uchun hayot maktabi, ma'naviy meros va munosib yo'l qoldiradi.

Temir yo'l transporti tizimi ana shunday mehnat an'analariga boy sohalardan biri hisoblanadi. Bu tizimda yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida bir oilaning uch avlodi mehnat qilishi nafaqat bir sulola, balki butun soha uchun faxr va ibrat namunasidir..

Sulolalar faoliyat yuritayotgan korxonalarda jamoaviy muhit barqaror, ish sifati va mehnat unumdorligi yuqori bo'ladi. Chunki bunday oilalarda mehnat madaniyati, kasbga hurmat va jamoaga sadoqat bolalikdan tarbiyalanadi.

Toshpo'lat Mo'minov Temir yo'l sohasida har bir texnologik jarayon katta mas'uliyat talab qilishini farzandlariyu shogirdlariga tushuntirib keldi. U 35 yillik mehnat faoliyatidan so'ng temir yo'l tizimidan nafaqaga chiqqan. Hozirda kombinat faxriysi. Uning o'g'li Akmal Mo'minov Shimoliy kon boshqarmasining Temir yo'l transporti boshqarmasi bosh muhandisi, uning nevarasi Abdulaziz Mo'minov yaqinda oliy o'quv yurtini tamomlab, boshqarmada chilangar bo'lib ish boshladi. Yarim asrdan ziyod vaqt davomida sohada faoliyat ko'rsatgan uch avlod vakillarining mehnat yo'li alohida ahamiyatlidir. Katta avlod og'ir sharoitlarda mehnat qilib, sohaning mustahkam poydevorini yaratgan bo'lsa, ikkinchi avlod uni rivojlantirish va takomillashtirishga munosib hissa qo'shdi. Bugungi yosh avlod esa raqamli texnologiyalar, zamonaviy texnikalar va innovatsion yechimlar asosida ushbu sharafli an'anani davom ettirmoqda.

Ustoz mashinist maktabi

Hayotda shunday insonlar bo'ladiki, ularning mehnat yo'li faqat shaxsiy yutuqlari bilan emas, balki tarbiyalagan shogirdlari va el-yurtga keltirgan nafi bilan o'lchanadi. Temir yo'l transporti tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilib kelayotgan tajribali teplovoz mashinisti Ixtiyor Rahimov ana shunday insonlar sirasiga kiradi.

Qariyb o'ttiz yildan ziyod mehnat faoliyati davomida u o'z kasbini yuksak mas'uliyat va fidoyilik bilan ado etib kelmoqda. Temir yo'l sohasi har kim ham eplay oladigan kasb emas. U mashinistdan mustahkam iroda, chuqur bilim, yuqori malaka, intizom va eng muhimi, insonlar hayoti uchun javobgarlik hissini talab qiladi. Ixtiyor Rahimov o'zining kasbiy mahorati va boy tajribasi bilan mehnat jamoasida alohida hurmat qozongan.

Bugun Ixtiyor aka tarbiyalagan o'nlab shogirdlar temir yo'l transporti tizimining turli bo'linmalarida samarali mehnat qilib kelmoqdalar. Ular ustozidan nafaqat lokomotiv boshqarish sirlarini, balki halol mehnat qilish, intizomli bo'lish, jamoaga sadoqat va kasbga muhabbat tuyg'ularini ham o'rgandilar. Bu esa har qanday ustoz uchun yuksak e'tirof va eng katta boylikdir. Ixtiyor Zayniddinovichning shogirdlari, teplovoz mashinistlari Bobur Rasulov, Shuhrat Muhammadiyev, Tolib Ortiqov, Shavqiddin Temirov, Rahim Ahmedovlar sohada qariyb o'n yillik tajriba to'plab qo'yishdi. Ular har smenada o'rtacha olti ming tonnaga yaqin ma'danlarni tashiyotganligini hisobga olsak, o'tgan davr mobaynida qancha ma'danni temir izlar orqali zavodga tashib berishganini tasavvur etishi qiyin emas.

I.Rahimov bugun ham tajribali mashinist sifatida yoshlarga yo'l-yo'riq ko'rsatib, ularni mas'uliyat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Chunki u, temir yo'l sohasining ertangi kuni bilimli, malakali va fidoyi yoshlar qo'lida ekanligini yaxshi anglaydi.

* * *

Insonni ulug'laydigan, el orasida uning qadr-qimmatini oshiradigan eng buyuk boylik – bu uning bilimi, kasb mahorati va halol mehnatidir. Aynan shu yuksak qadriyatlar Temir yo'l transporti boshqarmasi jamoasi faoliyatida ham o'zining yorqin ifodasini topgan.

Avvallari temir yo'l tarmoqlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish ishlari katta mablag'lar evaziga pudratchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilar edi. Quvonarli jihati, hozirda ushbu katta hajmdagi ishlarni ushbu jamoa birdamlikda amalga oshirib kelmoqda.

Temir yo'l transporti boshqarmasida ishlab chiqarishni kengaytirish va rivojlantirish davom ettirilmoqda. Korxona tashkil topganligining shonli sanasi va kasb bayramini munosib kutib olayotgan ahil jamoa yangi marralar va yangi g'alabalar sari intilmoqda. Boshqarma ishchi-xizmatchilari, muhandis-texnik xodimlari kelgusida 2-gidrometallurgiya zavodiga yillik yetkazib beriladigan oltin tarkibli ma'dan tashish hajmini 60 million tonnaga yetkazishdek ezgu niyat bilan mehnat qilmoqdalar.

Azamat ZARIPOV,

jurnalist.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + 16 =