Tasodifga ishonib… omad kutilmas!

Erkaklar oriyati qo'zg'alganda va ojiz qolgandagina unsiz yig'laydi…

Mana, futbol bo'yicha navbatdagi Jahon chempionati tugab, g'alvir suvdan ko'tarildi. Kimga to'y, kimga aza bo'ldi! Kurrai zaminning qirq sakkizta mamlakatidan tashrif buyurgan zarangoyoqlar o'zlarining kimligini, nimalarga qodirligini yaxshigina bilib olishdi. Keyingi o'n besh yil davomida bir nechta oltin to'plarni, eng nufuzli, dunyoviy sovrinlarni bisotlariga qatorlashtirib tashlagan hatto afsonaviy Messi Messiligini, Ronaldu Ronalduligini qilolmadi. AQSh, Kanada va Meksikada nihoyasiga yetgan Jahon chempionati yakunlanishi bilan ularning “gullagan” davriga ham nuqta qo'yildi. Bu gal Ispaniya futbolchilari o'zini ko'rsatdi.

Hamma-hammadan bir bosh ustunligini maydonda adolatli va halol namoyish qildi. Hayratlanarlisi shuki, salkam bir ming uch yuzga yaqin futbolchilarning faqat birginasi ispanlar darvozasiga to'p kirita oldi. Jahon chempionatining sakkizta qaqshatqich uchrashuvida darvozasidan atigi birgina to'p olib chiqish hamma erisha oladigan natija emas. Qoyil qolish kerak! Ularning himoyasi oddiy himoya emas, balki mustahkam temir qo'rg'on ekanligi ma'lum bo'ldi.

Ha, Jahon chempionati tugadimi, tugadi! Xo'sh, unda ilk bor qatnashgan O'zbekiston terma jamoasi haqida qanday fikr va mulohazalar bildirish mumkin? Yo'l qo'yilgan xatolarning, boy berilgan imkoniyat va yo'qotishlarning sabablari nimalarga borib taqaladi? Tabiiyki, terma jamoamizning eng katta muammosi har doimgidek murabbiylar masalasi bilan bog'liq bo'ldi. Bu shaxsiy fikr, albatta. Yana ham aniqrog'i, Serechko Katanesdan keyin biznikilar bosh murabbiyga yolchimadi. Katanesning vorisi Timur Kapadze avvaliga jilovni qo'lga olgandek ko'rindi. Biroq futbolimiz rahbarlari terma jamoamiz uchun xorijdan boshqa murabbiy axtarishga tushgani Timurning hafsalasini pir qilgan bo'lsa, ajab emas.

Aslida, Kannavaroning o'tmishda tengsiz futbolchi bo'lganligini hech kim inkor qilolmaydi. Biroq shuni unutmaslik lozimki, zo'r futbolchi degani kelajakda undan kuchli murabbiy chiqishini bildirmaydi. Shuningdek, Kannavaro uchun jamoamizni Jahon chempionatiga tayyorlashda vaqt masalasi juda qisqalik qildi. Italiyalik mutaxassis har qanday uchrashuvda asqatadigan yangi futbolchilarni shaxsan o'zi kashf qilishga ham ulgurmadi hisob. Futbolda bitta zo'r futbolchini kashf qilish, tanib qolish va terma jamoaga bemalol taklif qilish uchun uning bir necha o'nlab, yuzlab o'yinlarini obdan tahlil qilish lozim. Kannavaro aynan mana shu masalada taxmin qilishga majbur bo'ldi chog'i. Murabbiyning ishonchiga kirgan har qanday futbolchidan katta-katta musobaqalarda mahorati bilan raqiblarning to'rt-beshta a'zosini shoshirib qo'yishi talab etiladi. Bizning terma jamoamizda bunday bo'lmadi. Bosh murabbiy chempionat davomida turli tavsiya va takliflar asosida ishladi. Uning qo'li bilan eski futbolchilarga yangi libos kiydirilib, nihoyatda muhim vazifa ishonib topshirildi. Natija ham shunga yarasha bo'ldi. Ming bor tahlil va tanqid qiling, vaqtni orqaga qaytarib bo'lmaydi.

Shunisi taajjubki, katta futbol bayrami, ya'ni mundialni o'ttiz besh yil kutib ham, eng birinchi va tarixiy chempionatni terma jamoamiz saralangan to'liq tarkib bilan o'tkaza olmadi. Tarkibda Jaloliddin Masharipovning yo'qligi juda-juda bilindi. Jaloliddin terma jamoamiz a'zolarini ortidan ergashtira oladigan, murabbiylarga fikrini uqtira oladigan, har qanday raqibga qarshi kutilmagan xavfni qo'llay biladigan, o'yin tizginini qo'ldan chiqarmaydigan mahoratli futbolchi edi. Afsuski, uning imkoniyatidan foydalana olmadik. Bu juda alamli va og'riqli bo'ldi. Masharipov Jahon chempionatiga nima uchun olib ketildi va yana nima uchun birorta ham rasmiy uchrashuvda qatnashmasdan ortga qaytarildi? Mantiq, maqsad ko'rinmadi…

Xullas, Jaloliddin Masharipov masalasida shaxsan menda juda jiddiy fikrlar bor. Ta'kidlanishicha, uning sog'ligi pand beribdi. Gapning bo'ladiganini aytganda, Jahon chempionatida qatnashishni va yaxshi natijalarga erishishni maqsad qilgan jamoa uchun Jaloliddinning masalasi doimiy diqqat-e'tiborda turishi shart edi. Aslida, Jahon chempionatiga tayyorgarlik deganda jamoa va futbolchilar bilan bog'liq mayda-chuyda zarrachalarni ham alohida o'rganish, muammolarni bartaraf etish tushuniladi. Bunisi birgina Jaloliddin atrofidagi muammolar, xolos. Agar terma jamoamizning boshqa futbolchilari bilan bog'liq masalalarni, muammolarni to'laligicha o'rganadigan bo'lsak, tarkibdagi kamchiliklar, ikir-chikirlar yanada ko'payishi ehtimoldan xoli emas.

Tarkibni shakllantirish borasida shuncha muammo bo'lgach, terma jamoamizning Jahon chempionatiga tayyorgarligi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarning barchasi adolatli bo'lganligiga turli va taxminiy shubhalar tug'ila boshlaydi. Aslida jamoamizdan hammamizning umidimiz juda katta edi. Chempionatgacha bo'lgan vaqt oralig'ida millionlab futbol ishqibozlarimiz ham shunchaki qo'l qovushtirib o'tirganlari yo'q. Hamisha fikr, haqiqat, dunyoviy g'oyalar o'rtaga tashlandi. Tosh va tarozi ishlab turdi.

Mundialga tayyorgarlikning sustroq bo'lganligi Kannavaroning aybi emasdir, balki. Ushbu jarayonda unga bog'liq bo'lmagan masalalar ham bor. Bosh murabbiyning futbolchilarimiz bilan ota-bola singari munosabatga kirisha olishiga fursat deyarli qolmagan edi. Kannavaroda hozir ham bizning futbolimiz, milliy mentalitetimiz borasida umumiy fikrlar mavjud, xolos. U bugunga qadar o'zbeklarning oshini bir necha marta yegan bo'lishi tabiiy, ammo o'zi hali o'zbekka aylana olgani yo'q. O'zbekcha fikrlashni ham o'rgana olmagan, chamamda. Jamoamiz murabbiylar shtabida, terma jamoalar markazi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar yetakchilarida guruh o'yinlarini qanday o'tkazish haqida puxta va mukammal reja ham ishlab chiqilmaganligi ketma-ket mag'lubiyatlardan so'ng tabiatan bilinib qoldi.

Xatolik, loqaydlik yana shunda bilindiki, chempionat oldidan o'tkazilgan ikkita o'rtoqlik uchrashuvidagi natijalar qoniqarli bo'lmaganidan murabbiylarimiz, futbolchilarimiz tegishli xulosa chiqara bilishmadi. Bu borada, albatta, kaltakning eng yo'g'on tomoni birinchi galda bosh murabbiy Fabio Kannavaroning yelkalariga tushishi shart. Agar Kannavaroda yuqori darajadagi professionallik qobiliyati bo'lganda edi, Abbosbek Fayzullayevning Kolumbiya terma jamoasi darvozasiga kiritgan golidan so'ng qayd etilayotgan 1:1 natijani hech bo'lmaganda o'yin oxirigacha ushlab qolishni uddalar yoki o'yin tizginini boshqa tomonga burib yuborar edi. Vaholanki, baxtga qarshi, raqiblarimiz uchrashuv tugaguncha darvozamizga ketma-ket gollar kirita olishdi. O'yin davomida Kannavaro murabbiy sifatida juda katta xatoga yo'l qo'ydi. Birinchidan, hisobga qarab taktika qo'llashni eplay olmadi. Ikkinchidan, Kolumbiya terma jamoasining o'yin uslubini yetarlicha o'rganmagan va ularning nimalarga qodirligini chuqur anglamagan holda yigitlarimizni maydonga tushirdi.

Jahon chempionatining ikkinchi turida Portugaliyadan olingan yirik mag'lubiyatdan (Portugaliya — O'zbekiston — 5:0) keyin ham terma jamoamizning keyingi bosqichga chiqish imkoniyati mavjud edi. Bu imkoniyatdan foydalanish uchun yigitlarimiz Kongo terma jamoasini yirik hisobda mag'lubiyatga uchratishi talab qilinardi. Futbolchilarimizning hammasi shunga yarasha harakat qilishdi va dastlabki daqiqalarda Eldor Shomurodov raqib darvozasiga chiroyli to'p kiritib, jamoamizni oldinga olib chiqdi. 64-daqiqaga qadar g'alaba biz tomonda edi. Ammo qolgan 26 daqiqa ichida kongoliklar ketma-ket to'p kiritib, g'alabani ilib ketishdi. Ushbu mag'lubiyat ham bosh murabbiy Kannavaroning natijadan tegishli xulosa chiqara olmaydigan mutaxassis ekanligini anglatmaydimi? Tayyor g'alabani qo'ldan chiqarib yuborgan bosh murabbiyning faoliyatiga bundan boshqa yana qanday baho berish mumkin?

Jahon chempionatida yaxshi natijalar qayd etishni maqsad qilgan murabbiy borki, darvozalarga kiritilishi mumkin bo'lgan har bitta golni hisobga olgan holda qo'llaniladigan uslublarni tayyorlab qo'yishi lozim. Hozir futbol o'ynashni hamma yaxshi biladi, lekin hamma ham o'yin natijalariga qarab tegishli qarorlar qabul qila olmaydi. Buning uchun mahorat, tajriba va uquv kerak. Uchinchi o'rin uchun bo'lib o'tgan Fransiya — Angliya uchrashuvining birinchi bo'limida 0:4 hisobida mag'lubiyatga uchrayotgan fransuzlar ikkinchi bo'limning birinchi yarmida inglizlar darvozasiga uchta to'p kiritishni uddaladilar. Bu, albatta, murabbiyning kutilmagan va foydali qarori hamda futbolchilarning metin irodasi bilan bog'liq masala. Ushbu o'yinda inglizlar yirik hisobda g'alaba qozongan bo'lishsa-da, hech kim Fransiya futbolchilarini yomon o'ynadi yoki murabbiysi pala-partish rejalarni qo'lladi, deb aytolmaydi. Biznikilar xuddi shu masalada sustkashlikka yo'l qo'yishdi.

To'g'ri, aslida terma jamoamizning Jahon chempionatiga chiqishi haqiqatan ham juda katta yutuq bo'ldi. Markaziy Osiyo hamda sobiq ittifoq tarkibidan ajralib chiqqan mustaqil mamlakatlar orasidan faqatgina O'zbekiston terma jamoasi mundialda qatnashdi. Demak, bizda shunga yarasha imkoniyatlar yaratildi. Tanish-bilishchilik va korrupsiya alomatlari nisbatan yo'qotildi, futbolimizga toza qon quyildi. Bas, shunday ekan, bundan buyon bo'lajak musobaqalar oldidan shunga yarasha puxta rejalar tuzish, niyatlarni yanada balandroq olish maqsadga muvofiqdir. Muhimi, bizda imkoniyatlar yaratildi, tartib o'rnatildi. Davlatimiz rahbarining shaxsan o'zi futbolimizga jiddiy e'tibor qaratayotgan bir paytda dunyoviy musobaqalarda nomigagina qatnashish endi hech birimizni qoniqtirmasligi tabiiy hol. Bundan buyon eski bahonalar, gina-kuduratlar o'tmaydi. Zamon, imkoniyat, zehniyat o'zgardi.

Shunisi quvonarliki, terma jamoamizning barcha a'zolari Jahon chempionatida jonini jabborga berib o'ynadilar. Eng so'nggi uchrashuv nihoyasiga yetgach, Abduqodir Husanovning ko'zlariga jiqqa yosh keldi. Eldor Shomurodov jurnalistlar qurshovidan o'zini chetga oldi. Abbosbek Fayzullayev yig'lagandan battar bo'ldi. Qolgan futbolchilarimizning armonlari faqat ichiga oqdi. Ularning yuzlarida zohir bo'lgan afsus va alamlarni ashaddiy ishqibozlar so'zsiz anglab olishdi. Nachora, bu futbol! Kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Boriga ham, yo'g'iga ham chidash kerak.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, bosh murabbiy Fabio Kannavaro uchun ham, futbolchilarimiz uchun ham bu galgi Jahon chempionati bir sinov, tanishuv sahnasi bo'ldi. Terma jamoamizda Jahon chempionatida qatnashish huquqi bo'lmaganda, ehtimol, italiyalik mutaxassis bizga kelib ishlashni istamasligi haqiqatdek tuyuladi ba'zan. Shuningdek, u shartnoma imzolash jarayonida terma jamoamizning chempionatdan katta maqsadlarni ko'zlamayotganligini ham oldindan bilgan holda taklifga rozilik bildirganmidi? Xo'sh, endi nima qilish lozim? Kannavaro ketsinmi yoki ishini davom ettirsinmi? Bu borada futbolimizga mas'ul rahbarlar tegishli xulosalarga kelib bo'ldi. Kannavaro terma jamoamiz bilan ishlashda davom etadi. Har qalay, shunday ma'lumot tarqaldi. Balki shunday bo'lgani ham ma'quldir. Murabbiylarni hadeb almashtiraverish yaxshi natijalarni kafolatlamaydi. Qolaversa, bo'lajak Osiyo chempionatiga ham juda oz vaqt qoldi. Birinchi qadamni har doim tushunish va xatolarni kechirish mumkin, ammo bundan buyon shartni, talabni kuchaytirish lozim. Borasan, yutasan, kelasan! Tamom! Boshqa yo'l yo'q!

Bo'lib o'tgan Jahon chempionatida terma jamoamiz barcha uchrashuvlarni boy berganidan, natijalarning qoniqarsiz bo'lganidan qat'i nazar, yigitlarimiz faqat g'alaba uchun maydonga tushayotganligi yashindek shiddatidan bilinib turdi. Ishonamizki, milliy terma jamoamizning dastlabki Jahon chempionatida yoqqan chiroqlari kelajakni mangu yorita oladi. Biz uchun eng quvonchlisi shuki, mag'lubiyatlardan qat'i nazar, ko'pgina yosh futbolchilarimiz uchun dunyoning eng kuchli jamoalari tomon safar va zafar eshiklari lang ochildi. Bu eshiklardan bir bor mo'ralagan o'zbek borki, vaqti kelganda bemalol o'zini ko'rsata oladi.

Normurod MUSOMOV,

jurnalist.

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 2 =