Navoiy aeroportining kargo salohiyati xalqaro maydonda

Dunyoda tovarlar harakati, ishlab chiqarish zanjirlari va xalqaro savdo yo'nalishlari o'zgarayotgan bir paytda transport-logistika sohasi endilikda yukni bir manzildan ikkinchisiga yetkazib berish vazifasi bilangina cheklanib qolmayapti.

Joriy yilning 30 sentyabr – 1 oktyabr kunlari Toshkentdagi “Swissôtel” mehmonxonasida bo'lib o'tgan “Central Asia Air Cargo Summit #3” sammiti ana shu o'zgarishlar mazmun-mohiyatini ochib bergan muhim xalqaro muloqot maydonlaridan biriga aylandi. Sammitda havo kargosi bozorining bugungi holati, yangi yo'nalishlar, aeroportlar salohiyati, logistika zanjirlari samaradorligi, raqamlashtirish, bojxona tartib-taomillari hamda xalqaro hamkorlik kabi masalalar o'zaro bog'liq holda muhokama qilindi.

Mazkur tadbirning ahamiyati shundaki, unda kargo sohasining turli bo'g'inlari bir joyda jamlandi. Aviakompaniyalar, aeroportlar, logistika va ekspeditorlik korxonalari, charter operatorlari, texnologik yechim provayderlari, xalqaro tashkilotlar hamda soha mutaxassislari uchun sammit yangi aloqalar o'rnatish bilan birga, bozor tamoyillari qaysi yo'nalishda rivojlanayotganini anglash imkoniyatini ham berdi. “Lufthansa Cargo”, “Turkish Airlines”, “Atlas Air”, “Silk Way West Airlines”, “Centrum Air”, “Saudia Cargo”, “DHL Global Forwarding”, “FedEx”, “Chapman Freeborn” kabi yetakchi kompaniyalar ishtirok etgan muloqotlarda havo orqali yuk tashishning istiqboldagi imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.

Sammitda ko'tarilgan har bir masala Markaziy Osiyoning iqtisodiy geografiyasi uchun nihoyatda muhim. Boisi bugun mintaqada tovar oqimlari transformatsiyaga uchramoqda: yangi savdo yo'laklari paydo bo'lyapti, elektron tijorat va tezkor yetkazib berish xizmatlariga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Bunday sharoitda aeroportning vazifasi ham tubdan o'zgaradi: endi u faqat parvozlarni qabul qiluvchi oddiy infratuzilma emas, balki tovar harakatini tezlashtiruvchi, biznesni yangi bozorlar bilan bog'lovchi hamda tranzit oqimlarini shakllantiruvchi iqtisodiy nuqtaga aylanishi shart.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Central Asia Air Cargo Summit #3” sammitida Navoiy xalqaro aeroportining ishtiroki alohida ahamiyat kasb etdi. Aeroport direktori Alisher Qilichev boshchiligidagi delegatsiya umumiy muhokamalar bilangina cheklanib qolmay, Navoiyning aniq imkoniyatlarini xalqaro hamkorlarga taqdim etish, soha vakillari bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot o'rnatish va istiqbolli sheriklik yo'nalishlarini muhokama qilishga asosiy e'tiborni qaratdi.

Navoiy xalqaro aeroporti uchun bunday nufuzli maydonda ishtirok etishdan ko'zlangan bosh maqsad — mavjud imkoniyatlarni sanab o'tish emas, balki ularni xalqaro kargo bozorining dolzarb ehtiyojlari bilan uyg'unlashtirishdir. Aeroportning qulay geografik joylashuvi, ixtisoslashgan kargo infratuzilmasi, tranzit imkoniyatlari hamda Markaziy Osiyodagi yirik transport yo'laklari chorrahasida joylashgani yangi yuk oqimlarini jalb etishda muhim tayanch bo'la oladi. Biroq bu salohiyatning asl qiymati xalqaro operatorlar uchun qanday qulay xizmat va logistik yechimlarga aylantirilishi bilan o'lchanadi.

Sammit doirasidagi uchrashuvlarda aynan shu jihat ustuvor bo'ldi. Aviakompaniyalar, logistika operatorlari, ekspeditorlar va boshqa potensial hamkorlar bilan kechgan muloqotlarda yangi kargo yo'nalishlarini ochish, yuklarni Navoiy orqali tranzit qilish, charter qatnovini rivojlantirish, logistika xizmatlari ko'lamini kengaytirish va uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini baholash masalalari muhokama qilindi.

Bu yerdagi eng muhim jihat yangi hamkorlik yuzaga keltiradigan iqtisodiy zanjirdir. Misol uchun, Navoiy orqali yangi yuk qatnovining yo'lga qo'yilishi birgina reys doirasida qolib ketmaydi. U o'z navbatida ekspeditorlik, omborxona, bojxona, yer usti transporti, texnik xizmat ko'rsatish, qadoqlash, qayta yuklash kabi turdosh tarmoqlarga bo'lgan talabni ham keskin oshiradi. Demak, aeroportning kargo salohiyatidan unumli foydalanish nafaqat aviatsiya sohasiga, balki hududdagi logistika biznesi va xizmat ko'rsatish tarmog'iga ham kuchli turtki beradi.

Navoiyning yana bir ulkan ustunligi havo, temir yo'l va avtomobil tashuvlarini yagona tizimda bog'lash imkoniyatidir. Bugungi xalqaro logistikada multimodal yondashuv strategik ahamiyat kasb etmoqda. Yukning bir qismi havo yo'li orqali tezkor yetkazilsa, keyingi bosqichda temir yo'l yoki avtomobil transporti yordamida yakuniy manzilga yuborilishi mumkin. Bunday integratsiyalashgan zanjir vaqtni sezilarli darajada tejaydi, tashish geografiyasini kengaytiradi hamda turli bozorlar o'rtasidagi moslashuvchan logistika sxemalarini yuzaga keltiradi.

Navoiy xalqaro aeroportining istiqboldagi taraqqiyotida mazkur multimodallik hal qiluvchi omillardan biriga aylanishi mumkin. Aeroportni alohida ajralib turgan transport ob'yekti emas, balki yuklar qabul qilinadigan, saralanadigan, saqlanadigan, rasmiylashtiriladigan, qayta yuklanadigan va keyingi manzilga yo'naltiriladigan yagona logistika tizimining tarkibiy bo'g'ini sifatida qarash zarur. Zero, bugun xalqaro kargo bozoridagi raqobat ham aynan ana shu yaxlit tizim samaradorligi ustida bormoqda.

Sammitdagi muloqotlar Navoiy aeroporti uchun yana bir ustuvor vazifani ko'rsatib berdi: xalqaro operatorlar talablarini chuqur o'rganish va ko'rsatilayotgan xizmatlarni ana shu mezonlarga moslashtirish. Bugungi kunda yuk tashuvchi kompaniyalar uchun aeroportning geografik o'rni qanchalik muhim bo'lsa, yuklarni qabul qilish tezligi, hujjatlashtirish jarayonlarining shaffofligi, ma'lumotlarning raqamli almashinuvi, xavfsizlik kafolati hamda operatsiyalarning oldindan aniq prognoz qilinishi ham shunchalik katta ahamiyatga ega.

Shu nuqtai nazardan, sammit kun tartibidagi raqamlashtirish masalalari Navoiy uchun ham yuksak amaliy ahamiyat kasb etadi. Xususan, “IATA” ishtirokidagi uchrashuvlarda “ONE Record” kabi raqamli ma'lumot almashish standartlari, operatsion samaradorlik, bojxona va boshqa tartib-taomillarni modernizatsiya qilish masalalari ko'tarildi. Mazkur yondashuvlarni tatbiq etish kelgusida yuk harakatini to'liq shaffoflashtirish, ma'lumotlarni tezkorlik bilan almashish hamda logistika zanjiridagi behuda vaqt yo'qotishlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Navoiy aeroporti uchun xalqaro hamkorlikning yana bir muhim jihati yangi bozorlarga yo'l ochilishidir. Aeroport o'z imkoniyatlarini xalqaro aviatsiya va logistika kompaniyalariga to'g'ridan-to'g'ri namoyish etar ekan, global transport xaritasidagi Navoiy qiyofasi ham yangilanadi. Masala endi faqatgina “bu aeroport qaerda joylashgan?” degan jo'n savol bilan cheklanmaydi. Asosiysi, “Navoiy orqali qanday yukni, qaysi bozorga, qancha muddatda va qay darajadagi qulay logistika sxemasi asosida yetkazib berish mumkin?” degan strategik savolga mukammal yechim taklif qilishdir.

Bunday yondashuv aeroport faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'taradi. Kargo sohasidagi har bir yangi loyiha o'z ortidan yondosh xizmatlarni ham rivojlantirishni taqozo etadi: zamonaviy omborxonalar, logistika markazlari, ekspeditorlik tarmog'i, maxsus turdagi yuklar bilan ishlash, “sovuq zanjir” (“cold chain”) tizimi, elektron tijorat yuklari va ekspress yetkazib berish yo'nalishlari bir-birini to'ldirib boradi. Oqibatda aeroport atrofida iqtisodiy faollikning yangi markazlari qad rostlaydi.

Ushbu jarayonning hududiy rivojlanishdagi o'rni ham beqiyos. Navoiyning yirik kargo xabi sifatida qad rostlashi yangi sarmoyalarni jalb qilish, logistika xizmatlari ko'lamini kengaytirish, eksport-import amallarini tezlashtirish va yangi biznes tarmoqlarini shakllantirishga mustahkam zamin yaratadi. Aeroportdagi har bir muvaffaqiyatli loyiha transport, omborxona va servis kabi tarmoqlarda qo'shimcha qiymat va ish o'rinlarini yaratadi.

So'nggi vaqtlarda Navoiy xalqaro aeroporti atrofida xalqaro sheriklikning faollashgani ham shu tendensiyaning yorqin ifodasidir. Xususan, Gonkongning “Harvest Epoch Strategic Investment Limited” kompaniyasi bilan tuzilgan strategik hamkorlik doirasidagi kelishuvlar xalqaro investorlarning Navoiy salohiyatiga bo'lgan qiziqishi yuqori ekanini tasdiqlaydi. Bunday qo'shma tashabbuslar aeroportning infratuzilmaviy hamda logistik imkoniyatlarini zamonaviy loyihalar hisobiga yanada boyitishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

“Central Asia Air Cargo Summit #3” doirasidagi uchrashuvlar esa mazkur jarayonlarni xalqaro kargo bozorining boshqa ishtirokchilari bilan bevosita bog'lash imkonini berdi. Bu yerda asosiy muvaffaqiyat faqatgina tadbir doirasida kechgan muloqotlar soni bilan o'lchanmaydi. Eng muhimi, muzokaralardan so'ng qaysi aloqalar amaliy davom etishi, qaysi yo'nalishlar bo'yicha texnik va tijoriy hisob-kitoblarga kirishilishi, Navoiyga qay darajada yangi yuk oqimlari jalb etilishi va ularning qaysi turdagi sifatli xizmatlar bilan ta'minlanishidadir.

Shu bois sammitdagi har bir muzokaraga Navoiy xalqaro aeroporti uchun istiqboldagi ulkan ishlarning yangi bosqichi sifatida qarash lozim. Xalqaro aviakompaniya bilan kelishuv yangi qatnovga, logistika operatori bilan sheriklik yangi yuk oqimiga, ekspeditor bilan muloqot yangi mijozlar zanjiriga, texnologiya kompaniyasi bilan aloqalar esa xizmatlarning raqamlashuviga zamin yaratadi. Bu sa'y-harakatlarning barchasi birgina umumiy maqsad — Navoiyni mintaqaning raqobatbardosh kargo va logistika xabiga aylantirish g'oyasi atrofida birlashadi.

Navoiyning kargo salohiyatini oshirishdagi yana bir muhim jihat xalqaro maydonda ishonchli hamkor maqomini mustahkamlashdir. Buning uchun bir martalik tadbirlardan ko'ra izchil va tizimli muloqot, puxta tijoriy takliflar, yuqori servis hamda uzoq istiqbolga mo'ljallangan hamkorlik mexanizmlari zarur. “Central Asia Air Cargo Summit” kabi maydonlar esa mana shunday dolzarb masalalarni jahonning yetakchi kompaniyalari bilan bir stol atrofida ochiq muhokama qilish uchun qulay sharoit yaratadi.

Bugun Navoiy xalqaro aeroporti oldida turgan birlamchi vazifa faqatgina yuklar hajmini mexanik tarzda oshirish emas. Asosiy maqsad — mavjud geografik ustunlikni raqobatbardosh va bozorbop logistika mahsulotiga aylantirishdan iborat. Buning uchun yangi yo'nalishlar, nufuzli xalqaro operatorlar, multimodal tashuvlar, raqamli texnologiyalar, yuqori sifatli servis va investitsiyaviy loyihalarni yagona kompleksda uyg'un rivojlantirish talab etiladi.

Shu ma'noda “Central Asia Air Cargo Summit #3” sammiti Navoiy xalqaro aeroporti uchun o'z imkoniyatlarini keng ommaga namoyish etish barobarida, navbatdagi bosqichdagi ustuvor vazifalarni aniqlashtirib olish maydoni ham bo'ldi. Sammitda o'rnatilgan xalqaro aloqalar, kelishilgan yo'nalishlar va ilgari surilgan takliflar endilikda amaliy loyihalarga ko'chishi kerak. Ana shu pirovard natija — yangi kargo yo'nalishlari, yangi yuk oqimlari, samarali sherikliklar va zamonaviy logistika xizmatlari — aeroportning xalqaro maydondagi ishtiroki qanchalik natijador bo'lganini ko'rsatib beradi.

Navoiy uchun bugungi islohotlar mohiyati yagona strategik g'oyaga kelib taqaladi: aeroportni oddiy transport inshootidan milliy va mintaqaviy iqtisodiy o'sishni ta'minlovchi qudratli logistika xabiga aylantirish. “Central Asia Air Cargo Summit #3” anjumanidagi faol ishtirok esa mazkur maqsad yo'lida global bozor bilan bevosita aloqa o'rnatish, yangi imkoniyatlarni o'zlashtirish va Navoiyning ulkan kargo salohiyatini jahon logistika zanjirlariga chambarchas bog'lash yo'lidagi dadil qadam bo'ldi.

Navbahor DARXONOVA,

jurnalist.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 1 =