Uyg'onish qo'ng'irog'i

Muallif haqida:

Sayyora SAMANDAR O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, “Shuhrat” medali sohibasi.

Muallifning “Sizga aytolmagan so'zlarim”, “Ko'nglim”, “…Va yana bahor”, “Ozodlikdek baxt yo'qdir”, “Faqat ishq…” nomli she'riy to'plamlari chop etilgan.

O'zbek adabiyoti, jadidlik harakati namoyandalarining hayoti va ijodini tadqiq qilishga bag'ishlangan qator ilmiy maqolalari chop etilgan. She'rlari turk, ozarbayjon, hind, ingliz, turkman tillariga tarjima qilingan.

(Manzuma)

Azizlar, Toshkentda O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi siz kabi mening ham yuragimni juda to'lqinlantirgan edi. Buyuk sivilizatsiyalar tutashgan maskan ulug' ajdodlarimiz aql-zakovatining, sarhadsiz tafakkurining benazir namoyishi o'laroq qalbimni faxr-iftixor tuyg'ulariga chulg'agan. Bu hayajon meni hali ham tark etgani yo'q. Hamon uning ta'siridaman. Juda ulkan ma'naviy qudratga, ma'rifiy kuchga ega bu maskan bizdan keyingi avlodlarga hali necha yuz ming yillar xizmat qilishini, ularga o'zlikdan saboq berishini o'ylab, entikaman. Ilohim, bunyodkor yurtimizga ko'z tegmasin! Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib yuksalish yo'lida mehnat qilayotgan aziz xalqimiz omon bo'lsin!

Sayyora SAMANDAR,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi,

“Shuhrat” medali sohibasi.

Viqor to'kib turar muhtasham bino,

Moviy gumbazidan uzib bo'lmas ko'z.

Rangin naqshlaru koshinlar aro

Buyuk tamaddundan moziy ochar so'z.

 

Ostona hatladim asta. Sukunat.

Hayrat girdobida qoldim daf'atan.

Ma'rifat chirog'in yog'dularida

O'zimni topgandek bo'ldim qaytadan.

Bir sado taralar devorlar uzra,

Borliqni titratib yangrar qo'ng'iroq.

Atrofni chulg'aydi gulgun bir shu'la,

Vujudim qamraydi ajib bir titroq.

 

Bu ne makon o'zi? Bu ne oshiyon?

Jismim ichra enib boradi quvvat.

Bu ne bashoratdur? Bu ne karomat?

Bunda jo qandayin ilohiy qudrat?

Nechun yurak urar qushday tipirlab,

Ko'ksim devorlarin tirnab, qonatib?

Moziyning qa'ridan otilar ovoz,

Mudragan ruhimni turtib, uyg'otib.

 

Nechun hapriqadi, to'ladi bo'g'zim,

Nechun ko'zlarimdan quyiladi yosh?

Olis tilsimlarning bag'rini yorib,

Qadim ufqlardan ko'rinar quyosh.

 

Devorlar viqor-la boqadi mag'rur,

Uyg'otib ruhimni g'aflat xobidan.

Ulug'vor gumbazning aks-sadosidek,

Qo'ng'iroq yangraydi har obidadan.

 

Qo'ng'iroq ovozi tutar atrofni:

Uyg'ongil! Uyg'ongil! Uyg'ongil! Uyg'on!

Etmish ikki mingta tomirni chertib,

Sado bermoqda u, eshitgil, inson!

 

Sezdingmi, to'lqinday chayqalib, to'lib,

Vujuding junbishga kelayotganin?

Sezdingmi, ruhingning bog'lari aro

Tonggi sabolarning esayotganin?

 

Tafakkur uyg'onsa, uyg'onar odam,

Ochilar ko'ngilning so'qir ko'zlari.

Moziyga quloq tut, sabog'in tingla,

Kelajakka eltar o'tmish izlari.

 

Daholar mangudir! Buyuklar o'lmas!

Zulmat kishanlarin parchalar yog'du.

Ogoh bo'l, hushyor bo'l, aziz zamondosh —

Uyg'onish pallasin qo'ng'irog'i bu!

 

Qo'ng'iroq — g'aflatdan uyg'otuvchi bong(!),

Qo'ng'iroq — yuksaltgay g'ururni, shonni(!).

Bu bongdan uyg'onib, asragaydurmiz

Yurakdagi bayroq — O'zbekistonni!

 

  1. SALOM AZIM DARYo, MANGU DARYoLAR!

 

Ming bir hayajonda qo'yaman qadam,

Yog'dularga talash bo'lar xayolim.

Kecha va bugunning poyida turib,

“Men kimman?” — otilar dildan savolim.

 

Borlig'imni chulg'ar alanga, otash,

Havo yetishmaydi, qaytar nafasim.

O'z-o'zimga sig'may boraman, yo Rab,

Yorilib ketguday ko'krak qafasim.

Ko'zlarim qamashar nurlar raqsidan,

Tilga kira boshlar qadim kitoblar.

Aziz siymolarning nidosi bo'lib,

O'ziga chorlaydi o'tli xitoblar.

Sahifalar aro yangrar qo'ng'iroq,

Tobora balandroq. Yana balandroq!

Men, sen, biz — hammamiz uyg'onmaguncha,

Tinmaydi. Tinmaydi. Tinmas qo'ng'iroq!

 

Moziyning qiziga aylanib nogoh,

Tarixning ko'ksiga qo'yaman boshim.

Ruhimni allalar asriy bir ohang,

Ko'zlarimdan oqar shashqator yoshim.

 

Men keldim, uch ming yil yo'l yurdim sarson,

Boshimdan o'tmadi ne-ne savdolar.

Men yuvmoq istayman endi dilimni,

Salom, azim daryo, mangu daryolar!

 

Ming yillardan qolgan g'uborlarim bor,

Oftobga yoyaman mahzun ko'nglimni.

Ertaning umidbaxsh ostonasida

Nurlarga burkayman bugun yo'limni.

 

Poklanmoq, tozarmoq — ruhning istagi,

Bong urib, kimligim eslating bot-bot.

Qo'ng'iroq chalinib tursa har lahza,

Uyquga ketmaydi zinhor odamzod!

 

  1. UYG'ONISh SILSILASI

 

Yo'laklar oralab boraman asta,

Tarix pardalari bir-bir ochilar.

Muhtasham gumbazning naqshlaridan

Hovuch-hovuch yog'du, ziyo sochilar.

 

Bunda har bir qadam eltar hikmatga,

Har nigoh ko'zgudir menga tutilgan.

Mahobatli, sirli devorlar aro,

Diydorlar boshlanar — uzoq kutilgan.

 

Savlat to'kib turar Muso Xorazmiy,

Uning “al-jabri”dan olam ko'z ochgan.

Yerning aylanasin hisobin tuzgan

Beruniy tuproqdan yonib so'z ochgan.

 

Suv sathin o'lchagan Ahmad Farg'oniy,

Tibning qonunlarin kashf etgan Sino.

Sahih hadislarni tuzgan Buxoriy,

Iymonga chorlagan Termiziy bobo.

 

Naqshband — axloqning bezagi, naqshi,

“Dil ba yor, dast ba kor” ilmin yaratgan.

Falak sirrin ochgan Mirzo Ulug'bek,

Olamga Turonning nomin taratgan.

 

Mana, boqib turar hazrat Navoiy —

“Guhari sharif”ni dillarga ekkan.

Mana, shoh va shoir Muhammad Bobur —

Vatanning dardlarin qalamda chekkan.

 

Vatan ozodligi uchun kurashgan,

Manguberdi — yovga mangu isyon bu.

Davlatchilik tamal toshini qo'ygan

Buyuk Amir Temur — Sohibqiron bu!

 

Nozik jussasida buyuk matonat,

Ilm charog'boni — Saroymulkxonim.

Ayting-chi, ey mening mard Bibixonim,

Qirqtami yo qirq ming ekanmi jonim?..

 

Nodirai davron — ul Mohlaroyim,

Uvaysiy xonimlar, Jahon otinlar…

Ayol zakosining go'zal suvrati,

Millat gavharlari, dur-u oltinlar…

 

Alanga kuchayar vujudim ichra,

Tugamas hayajon, tugamas titroq.

Ne baxtki, Uyg'onish silsilasida

Har birin qo'lida ko'rdim qo'ng'iroq!

 

 

Ajdodlar merosi ziyodir so'nmas,

Avlodlar ilkida o'chmas bu chiroq.

Tafakkur olamin uyg'otib mangu,

Jarang sochib turar boqiy qo'ng'iroq.

 

Bong urar ustma-ust, qayta va qayta,

Ketgim kelmas ular yonidan sira.

Birdan yuragimda chaqmoqlar chaqib,

Ruhimda ro'y berar kuchli zilzila.

 

G'ofillik kishandir tafakkur, ruhga,

Jaholatdir asling, o'zingdan tonmoq.

Yurakdan otilar hayotbaxsh bir bong:

Uyg'onmoq! Uyg'onmoq! Uyg'onmoq!

 

Angladim, o'tsa ham necha asrlar,

Ajdodlar hamisha uyg'oqdir, uyg'oq!

Bugun ham, erta ham xush jarang sochib,

Ularning qo'lidan tushmas qo'ng'iroq!

 

  1. UChINChI UYG'ONISh QO'NG'IROG'I BU!

 

Til so'zga aylanmas. So'z tilga kelmas,

Ruhim ko'tarilar osmon-falakka.

Usmon Mushafidan taralgan ohang

Malhamijon bo'lib kirar yurakka.

 

Qadim qo'lyozmalar — oddiy kitobmas,

Varaqlar qatida tafakkur sharhi.

Bundan ketib bo'lmas o'zgarmay turib,

Bu maskan — insonning ruhiyat tarxi.

 

Buyuk tamaddunga beshik bo'lgan yurt,

O, ona zaminim, muqaddas tuproq!

Daholarga alla aytgan Turonim,

Mening ham qo'limda yangrar qo'ng'iroq!

 

Etmish ikki mingta tomirim aro

Uning xush ovozi jaranglab oqar.

Uyg'otib to'rt ming to'rt yuz so'ngagimni,

Jismimda ma'rifat chirog'in yoqar.

 

Dunyoda eng kuchli sadodir asli

Sukunat bag'riga cho'mgan hayqiriq.

Olamning tinchini buzib nogahon,

Qo'ng'iroq chalaman men ham hayqirib:

 

Uyg'onish fasli bu! Tafakkur fasli!

Dillarni charog'on aylagay yog'du.

Nurafshon maskanda yangrayotgan bong —

Uchinchi Uyg'onish qo'ng'irog'i bu!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − seventeen =