Yashasin o'zbek futboli!

Dunyo tarixida buyuk shaxslardan biri Pele: “Futbol — bu muhabbat, ehtiros va qattiq mehnat. Agar u sizni yig'latmasa, demak, siz uni tushunmabsiz”, deydi. Zotan, Pele futbolni shunchaki jismoniy mashq emas, balki insonning ko'zlariga yosh keltiradigan va quvontirishga qodir bo'lgan tirik bir tuyg'u deb hisoblagan. Shu jihatdan aytish joizki, bu o'yin — xalqlarni bir joyda to'plab, millionlab insonlarni mushtarak maqsad atrofida hamnafas qiladigan beqiyos kuchga ega. U odamlar qalbida ezgulik, mehr-oqibat, faxr va iftixor tuyg'ularini uyg'otadi. Ayniqsa, Vatanini chin dildan sevgan, o'zi tug'ilib o'sgan muqaddas zamini taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan inson borki, futbolni alohida qadrlaydi. Chunki u har bir g'alabada yurt sha'ni va mamlakat martabasining yuksalishini ko'radi.

O'zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati final bosqichiga chiqqani xalqimiz uchun ana shunday unutilmas tarixiy voqeaga aylandi. Bu yutuq yurtimizning barcha hududlarida katta shodiyonalik bilan qarshi olindi. Keksayu yoshning qalbida g'urur va iftixor tuyg'ulari jo'sh urmoqda. Zotan, bu nainki futbolchilarning, balki butun xalqimizning umumiy g'alabasi sifatida qabul qilindi.

Shuni bilingki, biz doim sizlar bilanmiz!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Bunyodkor” stadionida futbol bo'yicha milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga kuzatish marosimidagi nutqida shunday degan edi: “Sizlarni oldinda Portugaliya, Kolumbiya, Kongo terma jamoalari bilan muhim o'yinlar kutib turibdi. Katta kuch-g'ayrat, ishonch bilan maydonga chiqing! Shuni bilingki, biz doim sizlar bilanmiz!

Haqiqiy o'zbekona jasorat, matonat va irodangiz bilan chiroyli va ishonchli o'yin ko'rsatib, barchamizni xursand qilasiz deb ishonamiz”.

Mamlakat rahbarining har bir futbolchini bag'riga bosib, jahon chempionatiga kuzatgani, ular sha'niga aytgan iliq fikrlari yigitlarimizga kuch-qudrat ato etishi, har bir o'yinda o'zini ko'rsatishi, yurt sha'ni va obro'-e'tibori uchun kurashishga undashi shubhasiz. Futbolchilarimizni esa butun O'zbekiston, dunyodagi o'zbek millatiga mansub kishilar, Markaziy Osiyodagi qo'shni davlatlar xalqlari qo'llab-quvvatlab, ularga muxlislik qilishadi. Futbolning kuchi ham shunda: ellarni ellarga, dillarni dillarga bog'laydi, bir maqsad yo'lida mushtarak qiladi. O'zbek futbolining g'alabasi esa xalqimizning jipsligini, hamjihatligini va yurtga sadoqatini belgilab beradi.

O'zbekiston futboli tarixiga nazar soladigan bo'lsak, u 1912 yilda tashkil etilgan. Bugun har birimizning qalbimizni cheksiz faxr-iftixorga to'ldirayotgan mana shu quvonchli voqeaga o'sha yillarda poydevor qo'yilgan, desak, sira mubolag'a qilmagan bo'lamiz. O'sha paytlarda Farg'ona va Qo'qonda, birozdan so'ng Andijon, Toshkent va Samarqandda futbol jamoalari tuzilib, uchrashuvlar o'tkazilgan. “Qo'qon-1912” ilk o'zbek futbol klubi hisoblanadi. 1914 yilda Farg'ona vodiysining birinchi chempionati bo'lib o'tgani tarix zarvaraqlarida muhrlanib qolgan. 1926 yildan esa O'zbekiston SSR chempionati o'tkazila boshlangan, 1928 yilda O'zbekiston milliy terma jamoasi tuzilgan va u o'zining birinchi xalqaro o'yinini Shveysariya jamoasiga qarshi o'tkazganini ham tarix hech qachon unutmaydi. Bilasizmi, o'shanda O'zbekiston milliy terma jamoasi Shveysariya ustidan 8:4 hisobida g'alaba qozongan. Ba'zi OAVlar O'zbekiston terma jamoasini “Osiyo Xorvatiyasi” deb atashadi, chunki terma jamoa taktikasi, qobiliyati va iqtidorli futbolchilari ko'pligi bilan Xorvatiya jamoasiga o'xshab ketardi.

34 yillik orzuimiz amalga oshdi… Bu biz uchun faxr, iftixor. Do'ppimizni osmonga otsak, qancha quvonsak kam. Ammo poydevori mustahkam uy uzoq yashagani kabi bu g'alabalar asosini yaratgan Gennadiy Krasniskiy, To'lagan Isoqov, Birodar Abduraimov, Mirjalol Qosimov va boshqa jonkuyar futbolchilar mehnatini ham e'tirof qilsak arziydi. Masalan, Gennadiy Krasniskiy haqida gap ketganda, uning O'zbekistonda XX asrning eng yaxshi futbolchisi deb topilgani muhim ahamiyatga ega. Xalq xotirasida eng buyuk futbolchi sifatida saqlanib qolgan Gennadiy OAVlarda ko'pam tilga olinmaydi. Ammo uni aksariyat muxlislar yaxshi bilishadi, qadrlashadi. U faoliyati davomida “Paxtakor” uchun chempionatlarda 322 o'yinda 142 gol muallifiga aylangani o'zbek futbolida shunday nodir iste'dodlar borligini ko'rsatmoqda.

Krasniskiyni eslab…

1956 yilda “Paxtakor” safida ilk uchrashuvini o'tkazgan Krasniskiy jamoaning yetakchisiga aylandi va 1960 yilda sobiq Ittifoq oliy ligasiga olib chiqdi. O'sha mavsumda “Paxtakor”ning dastlabki o'nta golini faqat Krasniskiy urgandi va butun mavsumda 19 to'p kiritib, oliy liga bombardirlari orasida ikkinchi bo'ldi. Keyingi mavsumda ham u 20 ta gol urdi.

1997 yilda Moskvada chiqarilgan futbol ensiklopediyasida u haqida quyidagilar yozilgan: “60-yillardagi “Paxtakor”ning yetakchi hujumchisi. O'z davrining eng serqirra futbolchilaridan biri. Jismonan baquvvat bu futbolchi o'zining qat'iyati va to'p uchun kurashuvchanligi bilan ajralib turgan. Faoliyatining dastlabki yillarida o'zining tezligi, kuchli zarbasi bilan muvaffaqiyat qozongan bo'lsa, keyinchalik taktik tomondan ham salohiyatini namoyish eta oldi. Jarima zarbalari ustasi”.

U futbolni, ”Paxtakor”ni, Toshkentni sevardi. Bor kuchini o'zi tug'ilib o'sgan yurtning ravnaqi yo'lida sarfladi va muxlislar olqishiga sazovor bo'ldi. Faoliyatidagi barcha gollarini u faqat “Paxtakor” tarkibida kiritdi. Aynan shuning uchun ham Sobiq Ittifoqda unga biroz panja ortidan qarashardi. Uni qo'lga kiritish uchun Kiyevning ham, Moskvaning ham “Dinamo”lari, SSKA jamoalari qanchalik harakat qilganliklarini tasavvur qilishimiz mushkul.

Ammo Gennadiy faqat bitta bayroqni, bitta klubni tan olardi. U barcha rekordlarini “Paxtakor” kitobiga yozib qo'ydi. Uning uchun futbol kasb emasdi, futbol bu minglab muxlislar quvonchi edi va bu quvonchning bir bo'lagi uning yelkasida ekanligini bilardi. O'zbek futboli jahonga yuz tutgan, mundial ishtirokchisiga aylangan shu kunlarda Gennadiy Krasniskiydek yurtimiz futboliga poydevor yaratgan insonni eslab qo'yish ham farz, ham qarz.

Yorqin o'yin va o'zbekcha fintlar

Yurtimizda butun hayotini futbolga bag'ishlagan insonlar juda ko'p. Ulardan biri mashhur futbolchi va murabbiy Birodar Abduraimovdir. Bugun 83 bahorni qarshi olgan Birodar otaning quvonchi cheksiz. Chunki O'zbekistonning mundialga chiqishida otaxonning ham katta hissasi bor. U o'zbek futboli taraqqiyotida o'z o'rniga ega.

Futbolchilik faoliyatini 1960 yilda “Paxtakor” klubida boshlagan B.Abduraimov keyinchalik Rossiyaning “Spartak” va SSKA klublarida ham to'p surgan. Birodar Abduraimovning gollari o'zi to'p surgan jamoalarga katta natijalarga erishishga yordam berganini alohida ta'kidlab o'tish kerak. Uning yorqin o'yini, betakror fintlari va maydondagi harakatlari ko'plab muxlislarni o'ziga rom etardi.

Birodar Abduraimov murabbiy sifatida ham uzoq yillar mehnat qilib, ko'plab shogirdlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi. U “Paxtakor”, “Shahrixon”, “Dinamo”, “Navbahor” kabi klublarda hamda O'zbekiston milliy terma jamoasida faoliyat yuritgan. “Paxtakor” futbol klubida 358 ta o'yin o'tkazib, ko'p o'yin o'tkazish bo'yicha rekord sohibi hisoblanadi. Farzandlarini ham muxlislar kuchli futbolchi va murabbiy sifatida yaxshi tanishadi. Azamat va Jasur Abduraimov futbolchi hamda murabbiy sifatida yurtimiz futboli rivojiga katta hissa qo'shishmoqda.

Yoshi katta avlod vakillari yaxshi biladi, o'tgan asrning 70-yillarida sobiq SSSRning oliy ligasida o'ynayotgan “Paxtakor”ning yuragi bu —To'lagan Isoqov edi. U futbolchi sifatida “Paxtakor” jamoasi sharafini 13 mavsum davomida munosib himoya qilib, 252 ta o'yinda maydonga tushgan. 52 ta gol kiritishga muvaffaq bo'lgan edi.

— Biz “Paxtakor”ning hamma o'yinini tomosha qilar edik, — deydi mehnat faxriysi Meyli Zulfiqorov. — Toshkentdagi o'yinlar bevosita “Paxtakor” o'yingohidan jonli tarzda televidenieda ko'rsatilsa, safardagi uchrashuvlarni radio orqali tinglardik. Bir gal poezdda safarga ketayotganimizda radio orqali SSKA va “Paxtakor” uchrashuvini eshitib ketayotgan edik. To'p Isoqovga uzatildi va u gol urdi. Shunda poezd vagonlari xursandchilikdan baqirgan muxlislar ovozi bilan to'lib ketdi. Provodnik “Nima gap?” deb yugurib keldi. Garchi biz o'yinni o'z ko'zimiz bilan ko'rmasak-da, qalban his qilib turardik. Bilasizmi, To'lagan Isoqov o'zbek futbolining qiroli edi. U kiritgan gollar har doim “Paxtakor”ga g'alaba keltirgan.

1979 yilning 11 avgustida “Paxtakor” futbol klubi futbolchilari Belorussiyaga uchib borayotganda halokatga uchragani hamon muxlislar yuragida o'chmas dog' bo'lib qolgan. O'sha halokatdan tasodif sabab To'lagan Isoqov omon qolgan. Ana shu mudhish voqeadan so'ng u futbolni tashlagan. Rahbarlar uni uch marta chaqirgan, ammo u “Men boshqa o'ynay olmayman, buni ko'tara olmayman…” deb rad javobini bergan.

Keyinchalik To'lagan Isoqov murabbiylik faoliyati davomida “Paxtakor”, “Zarafshon” va “Surxon” jamoalarini boshqarganini yaxshi bilamiz. So'nggi yillarda mamlakatimizda futbolning ommalashishi va rivojlanishiga, bir so'z bilan aytganda, futbolning har bir jabhasida o'zining munosib hissasini qo'shgan yetuk mutaxassis edi. Yosh avlodni Vatanga muhabbat va sportga sadoqat bilan tarbiyalash yo'lida fidokorona xizmat qilgan.

O'zbek futboli tarixidagi iste'dodli yarim himoyachilardan biri, milliy terma jamoaning haqiqiy afsonasi va uzoq yillik sardori Mirjalol Qosimov haqida bir og'iz so'z aytmaslik mumkin emas. U terma jamoada 67 ta o'yin o'tkazib, 31 ta gol urgan. Bu yarim himoyachi uchun juda yuqori ko'rsatkichdir. Qosimov o'z davrida nafaqat Osiyoda, balki butun dunyoda jarima zarbalarini eng aniq va xavfli ijro etuvchi futbolchilardan biri bo'lgan. Uning chap oyoqda yo'llagan aylanma zarbalari raqib darvozabonlari uchun haqiqiy xavf edi. U ko'plab gollarini aynan standart vaziyatlardan va jarima maydonchasi tashqarisidan kiritgan.

O'zbekiston milliy terma jamoasi Xirosimada oltin medallarga ega chiqqanda, Mirjalol Qosimov jamoaning asosiy harakatlantiruvchi kuchi va yetakchisi edi. U Rossiyaning “Spartak-Alaniya” (Vladikavkaz) klubi tarkibida Rossiya chempioni bo'lgan va mahalliy muxlislarning sevimli futbolchisiga aylangan. Shuningdek, u Yevropa kuboklarida (UEFA kubogi va Chempionlar ligasi saralashida) porlagan ilk o'zbek futbolchilaridandir. Vladikavkazda kechgan bahsda Mirjalol Qosimov Angliyaning “Liverpul” jamoasi darvozasiga jarima zarbasini super golga aylantirgan. Uning bu goli haligacha shimoliy osetiyalik futbol muxlislarining yodida.

O'sha yillarda Qosimovning o'yini inglizlarga shu qadar ma'qul kelganki, “Liverpul” klubi uni o'z safiga qo'shib olmoqchi bo'lgan va rasmiy taklif bilan chiqqan. Ammo o'sha davrdagi transfer tizimidagi murakkabliklar va tashkiliy muammolar tufayli ushbu tarixiy transfer amalga oshmay qolgan. Bugun Odil Ahmedov, Igor Shkvirin, Timur Kapadze, Server Jeparov, Aleksandr Geynrix, Ignatiy Nesterov kabi futbolchilar nomini sharaf bilan tilga olsak arziydi.

Bitta bo'lib urgan yuraklar

Taniqli yozuvchi Xurshid Do'stmuhammad intervyularining birida: “Men futbolni boshdan-oyoq falsafa deb hisoblayman. Uning har qadamida, har lahzasida hayot manzaralarini, in'ikosini ko'raman. Aks holda, undan bu qadar zavq tuymagan bo'lur edim”, deydi. Haqiqatan, futbol — bu falsafiy mushohada yuritishga arzigulik sport turi. Unda falsafa ham, iqtisodiyot ham, ma'naviyat va ma'rifat ham bor. Futbolda g'alaba qozonilgan kuni barcha sohalarda rivojlanish ko'zga tashlanganini tahlilchilar hisoblab chiqishgan. Futboli rivojlangan mamlakatlarga investorlar ko'proq sarmoya kiritishadi.

Shunday ekan, joriy yil 11 iyundan 19 iyulgacha Meksika, AQSh va Kanada yashil maydonlarida o'tkaziladigan mundialda O'zbekiston terma jamoasining ishtirok etishi yurtdoshlarimiz kayfiyatini ko'tarishi bilan birga ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda yuksalishlarga olib keladi. Shu ma'noda mundialga chiqish oson kechgani yo'q. O'zbekiston milliy terma jamoasi mundial yo'llanmasi uchun 1998 yilgi musobaqadan boshlab har to'rt yillik saralash bahslarida qatnashib kelgan va oldingi 7 ta urinish turli omadsizliklar bilan yakunlangan edi. Tarixiy natija 2025 yil 5 iyun kuni Abu-Dabida BAA terma jamoasi bilan saralashning 3-bosqichida qayd etilgan 0:0 hisobidagi durangdan so'ng rasman qo'lga kiritilgan. Bu natija bilan vakillarimiz Markaziy Osiyodan birinchi bo'lib jahon chempionatiga chiqqan terma jamoaga aylandi.

Futbolning sehrli kuchi madaniyat, ma'rifat, adabiyot ahlini ham befarq qoldirmagan. XX asr boshlarida Turkistonga futbol kirib kela boshlaganda, jadidlar qatorida o'zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy ham yoshlarning jismonan sog'lom bo'lishini qo'llab-quvvatlagan va matbuotda mahalliy yoshlarning futbol o'yinlari haqida xabarlar yozgan. O'zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov futbolni katta siyosat va millatning dunyodagi o'rnini ko'rsatuvchi omil deb bilgan. Shoir stadiondagi muhitni inson tuyg'ularining eng sof va jo'shqin namoyishiga o'xshatgan. Abdulla Oripov futbolni milliy g'urur va davlatning xalqaro maydondagi nufuzi bilan bog'lagan. Uning fikricha, milliy terma jamoa maydonga tushganida, stadiondagi minglab, ekran qarshisidagi millionlab yuraklar bitta bo'lib uradi.

Zotan, futbol — millatni yagona kuchga aylantiradigan va Vatan tuyg'usini jo'sh urdiradigan qudratli kuchdir. Prezidentimizning futbol bo'yicha milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga kuzatish marosimidagi nutqida aytilganidek: Yashasin o'zbek futboli! Yashasin yangi O'zbekiston yoshlari! Yashasin bunyodkor O'zbekiston xalqi!

Faxriddin BOZOROV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 14 =