Muallimlarga

Abdulla ORIPOV,
O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri
Nechog' baxtiyorman, ta'zimda shu tob
Sizning sha'ningizga bitmoqdaman bayt.
Ne odam bo'lardim, qo'limda kitob
Biror harf tanimay tursaydim loqayd.
Siz-ku “Alifbo”dan “Qomus”gacha to
Bari-barisini tanitgan ustoz.
Ilk bor Siz ko'rsatgan duraxshon Zuhro
Bukun she'rim ichra tashbihdir mumtoz.
Siz mo''jaz yurakda yoqolgan yog'du
Oqibat quyoshdek socha olur nur.
Buyuklar haqqiga qasamyod gap bu:
Sizdan boshlanadi asli Tafakkur.
Olamda ko'p erur muborak onlar,
Tabarruk zotlar ham garchand ko'p erur.
Sizgadir ilk rahmat, aziz insonlar,
Munis muallimlar, Sizga tashakkur!