O'zbek yo'lga chiqdi, yo'l bergin, jahon!

Zulfiya MO'MINOVA
Muallif haqida:
Zulfiya Mo'minova – 1959 yil Narpay tumanida tug'ilgan.
ToshDU (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tamomlagan.
Jurnalistik faoliyatini “Saodat” jurnalidan boshlab, keyinchalik “Sport” gazetasi, Respublika radiosi, O'zbekiston xotin-qizlar qo'mitasi hamda boshqa davlat tashkilotlarida turli mas'ul lavozimlarda mehnat qilgan.
“Vatan tashlab ketmaydi”, “Beshiklarni asragin, dunyo”, “Yonayotgan ayol”, “Azizim, baxtiyorman”, “Ayolga baxt bering”, “Buyuk uyg'onish”, “Ayolga gul bering”, “Ishq faslida bor edim”, “Samoga sochilgan yulduzlar” (Paxtakor-79 futbol jamoasi xotirasiga), “Istiqlol – oltin gulim”, “Yuragiga Surxondaryo siqqan ayol”, “Bolaga kitob bering” nazmiy va nasriy asarlari hamda bolalar uchun “Bo'rini yenggan qo'zichoq”, “Yumshog'oy ismli tipratikancha”, “Shlyapa kiygan echki”, “Xo'roz nega ucholmaydi?”, “Qorboboning bolaligi” kabi ertaklar va she'rlar to'plamlari chop etilgan.
“O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” unvoni, “Do'stlik” hamda “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
FUTBOL BO'YIChA O'ZBEKISTON TERMA JAMOASIGA
Temurning yonida terma jamoa,
Engilma va zavol ko'rma, jamoa.
Mana, otga chiqding, jahonga chiqding,
Otingni hech kimga berma, jamoa!
Temurning yonida terma jamoa,
Yutqazish neligin bilma, jamoa.
Qara, qancha shodmiz, naqadar shodmiz,
Shodlikdan bebahra qilma, jamoa!
Temurning yonida temir jamoa,
Yoningga kelolmas hech bir jamoa.
Temirdek mustahkam, temirdek mahkam,
Sizga teng kelolmas hech bir jamoa.
Temurning yonida temir jamoa,
Yoningga kelganni sindir, jamoa.
Duo qilib kutdik va yig'lab kutdik,
Ko'z yoshlarni artar kundir, jamoa!
Eng avval Yurtboshim tushdi maydonga,
Korrupsiya degan balchiq bo'ldi daf.
Futbolda tozalik, soflik, shaffoflik —
Maydonni minadan tozalashdek gap.
Eng avval Yurtboshim tushdi maydonga,
Suyanib jasorat degan tirgakka.
Ishon, ming zarbani ko'tarmoq yuki
Og'ir, juda og'ir bitta yurakka.
Bir dona oltinni topmoqlik uchun
Ming tonna tuproqni elash osonmas.
Tirnoqlab, misqollab yiqqan oltinni
Tozalab, yuksakka yo'llash osonmas.
Mana, yuksaklarda terma jamoa,
Maydonni hech kimga berma, jamoa.
O'ttiz sakkiz million xalqim baxtiga
Engilma va zavol ko'rma, jamoa!
Raqiblar maydonni bergisi kelmas,
Bir zarb ber, shashtini pastlat, jamoa,
Jahon unutganga o'xshar, jahongir
Temurlar kimligin eslat, jamoa.
Temurning yonida terma jamoa,
Maydonni hech kimga berma, jamoa!
FUTBOL O'YNAYoTIR O'ZBEK BOLASI
(O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Futbol bo'yicha o'n yetti yoshgacha bo'lgan o'smirlar o'rtasidagi Osiyo kubogi o'yinlari g'oliblari va ishtirokchilarini mukofotlash to'g'risida”gi Farmoni e'lon qilindi.)
Bobolari orzu qilolmaganlar,
Otalari orzu qilolmaganlar,
Dalasidan beri kelolmaganlar,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Shudgorning boshida bola tuqqanlar,
Uyin tomigacha paxta ekkanlar,
Etmagan joyiga jonin tikkanlar,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
O'zbek asllari, o'zni bilganlar,
Muzni yorib chiqqan, toshni tilganlar,
Ajdarning og'zidan omon kelganlar,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Etmish yil yer bo'lib yotganlar aytsin,
Butifos zahrini totganlar aytsin,
Paxta deb ko'mirdek qotganlar aytsin,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Raqibni gangitib, o'ylatib qo'yib,
O'n birga to'qqizni o'ynatib qo'yib,
Qora qoshlarini o'ynatib qo'yib,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Yiqilsa ham, darhol kulib turadi,
Bular buncha quvnoq — kulib yuradi,
Chempion bo'lishin bilib turadi,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Endi bahor, yoz, qish, kuzgacha futbol,
Bu mo''jiza futbol, o'zgacha futbol,
Dunyoni lol etdi o'zbekcha futbol,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Yurtboshim tabriklab, olqishlab turdi,
Sovg'aga eng uchqur “tulpor”lar berdi,
Yurt yo'lin yoritdi, o'zbek kun ko'rdi,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Yashil maydonlarda baxtiyorlarim,
Yangi o'zbeklarim, baxti borlarim,
Ey ahdi yorlarim, shaxti yorlarim,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
Temir tilsimlarin yechdi Osiyo,
Chempionga quchoq ochdi Osiyo,
Boshidan tillolar sochdi Osiyo,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
O'zbek qo'l uzatdi, qo'l bergin, jahon,
Oltin kubok tomon yo'l bergin, jahon,
O'zbek yo'lga chiqdi, yo'l bergin, jahon,
Futbol o'ynayotir o'zbek bolasi.
PELENING SINGLISI
(Bolalikni eslab)
Aka, hovlimizning shunday yonida
Qirlar bo'lar edi, yam-yashil qirlar.
Kishnab o'tar edi, otlar-uyurlar,
Ma'rab o'tar edi, qo'ylar, sigirlar.
Sayhonlikda, qirning tekis joyida
Maydon bo'lar edi, futbol maydoni.
Sen uchun bu maydon, bu yashil maydon
Dunyoda yagona, eng katta edi.
Qirning baland joyi, xarsang ustida,
Tomoshabin zoti — men bitta edim.
Bitta kam bo'lardi sen o'ynar taraf,
Ikkita o'yinchi sanalarding sen.
Qaysar tomoshabin — mening o'ngimda
Har kun hisob berar, sinalarding sen.
Seni “Pele” deya atashar edi,
Pelening singlisi atalardim men.
Hakam bo'lgan emas hech bir o'yinda,
Kelishib o'ynardi ikkala tomon.
Gol ursang, menga bir qarab qo'yarding,
Qo'l siltab qo'yardim men ham sen tomon.
Mabodo yengilsang, jim qaytar edik,
Men-chi, yashirardim ko'zim yoshini.
Boshginangni egib turar eding sen,
Bosh egib icharding kechki oshingni.
Sumkalar turardi maydon chetida
“Ikki”lari bilan, “besh”lari bilan,
U yerda hech kimning ishi yo'q edi,
Dunyoning savdoyi ishlari bilan.
Endi tushlarimga kirar u maydon,
O'sha yashil maydon, ozoda maydon.
Beg'ubor qiyqiriq bag'rini tutgan
Eng pokiza maydon, eng toza maydon.
O'yinlar tugadi, bolalik ketdi,
O'shanday sevinchga to'lolmadim men,
Aka, sendan Pele chiqmadi, aka,
Pelening singlisi bo'lolmadim men.
Qirlar tekislanib paxta ekildi,
Gol urmoq o'rniga paxta terding sen.
Qancha sevinchingni, qancha golingni
Hisobchiga o'lchab-o'lchab berding sen.
Aka, bu o'yinda yutqazding, aka,
“Paxta” deb atalgan raqibing yutdi.
“Pele” deb yozilgan futbol to'ping ham
Paxtazor ichida yo'qolib ketdi.
Hamon gap ochilsa futbol haqida,
O'shanday charaqlab ketar ko'zlaring.
Men-chi, yerga boqib tilak qilaman,
Tilagimni osmon-falak qilaman,
O'g'illaring Pele bo'lsinlar, aka,
Pelening singlisi bo'lsin qizlaring.
ChINORIM
(Futbol bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi darvozaboni O'tkir Yusupovga)
“Oq bo'rilar”da sen bir bo'risan,
Sergak qo'riqlaysan darvozamizni.
Birga-bir chiqqanda zo'rdan zo'risan,
Olam eshitmoqda ovozamizni.
Sening sovuting bor, sen qoplangansan,
Sening sabring metin, bardoshing oltin.
Raqiblar bilmaydi, sen toblangansan,
Oyoqlaring temir va boshing oltin!
Futbol — jang maydoni, yolg'iz bo'risan,
O'n bitta raqibning senda o'chi bor.
Ular bilmaydiki, sen duo olgan,
Senda o'ttiz sakkiz million kuchi bor.
Derlar: darvozabon — yarim jamoa,
Bo'ri bo'l, yo'lbars bo'l, burgut bo'l uchib.
To'pning yo'nalishin shamoldan so'ra,
Yer bilan gaplashgin tuproqni quchib.
Bu kunni onangdek kutdik, O'tkirjon,
Qancha O'tkirlarni boy berdi o'zbek.
O'zinikin turtib, besh begonaga
Jamoa to'ridan joy berdi o'zbek.
Ko'ziga tik qarab O'tkirlarining,
O'tmas deb, muttasil yerga urdilar.
Tinimsiz sarig'u qizil ko'rsatib,
O'yinda chiqardi, chetga surdilar.
U kun ortda qoldi, yangi tong otdi,
Shu tongda yuksalding, bo'yi chinorim.
Or uchun ot minib maydonga tushmoq,
Aslida, naslida, qonida borim.
Yurtboshim ishonch-la qo'llab turganda
O'zbek futboliga harom yo'lolmas.
Sen o'tkir qilichsan, hech bir qo'riqchi
Senga teng kelolmas, sendek bo'lolmas.
Darvozalar ko'pdir, darvozabon ham,
Eng balandda o'zing qoya, qalqonsan.
O'zbek futbolida birinchi bo'lib,
Jahonga yo'l olgan darvozabonsan!