“Oltin qalam” manzumasi

Sirojiddin SAYYID,

O'zbekiston xalq shoiri.

Hayot mangu etar davom,

So'nmagay hech mehru karam.

Yorug'likka shior bo'lgil,

“Oltin qalam”, “Oltin qalam”.

 

Xalqu Vatan, xalqu Vatan,

Oltin dashtim, oltin dalam.

Sen elga dastiyor bo'lgil,

“Oltin qalam”, “Oltin qalam”.

 

Toshqin solsin har bir suxan,

Misli yomg'ir, selu jalam.

Dillarga navbahor bo'lgil,

“Oltin qalam”, “Oltin qalam”.

 

Vatan – duogo'yim onam,

Vatan – beshikdagi bolam,

Nomus bo'lgil, sen or bo'lgil,

“Oltin qalam”, “Oltin qalam”.

 

Gohi titrab ketar dunyo,

Gohi qalqib turar olam,

Sen ogoh bo'l, hushyor bo'lgil,

“Oltin qalam”, “Oltin qalam”.

 

Ro'yi zamin, ro'yi zamin,

Unsin doim gulu lolam.

Ezgulikka sen yor bo'lgil,

“Oltin qalam”, “Oltin qalam”.

 

Ona yurtim, ona yurtim,

Oltin quyosh, oltin dalam.

Sen nurli iftixor bo'lgil,

“Oltin qalam”, “Oltin qalam”.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + twelve =