Armiya va tarbiya

Sirojiddin SAYYID,
Oliy Majlis Senati a'zosi,
O'zbekiston xalq shoiri
Yangi O'zbekistonning milliy armiyasida
Shoirlar ham safdoshdir ta'lim-tarbiyasida.
Ya'ni har bir ijodkor, har yozuvchi yo adib –
Sardor bo'lmog'i kerak bilimdon va botartib.
Har jangovar askarning biz ham teng-to'shlarimiz,
Qalam-la qurollangan qurolli kuchlarimiz.
Kim Temurxon boboning qudratini bilmagan?
Bobo orzu qilgan, lek xayoliga kelmagan:
Kimki shubha qilgaydir dovrug'i, kamoliga –
“Temurbeklar maktabi” javobdir savoliga.
Inchunin har bir zobit, har sipoh, har bayroqdor,
Kechgan shonli janglardan bo'lmog'i shart xabardor.
Millat xoki poylarin tavof qilsa arziydi,
“Zafarnoma” yaratmish mavlono Ali Yazdiy.
Davlati poydorlikning mangu guvohnomasi –
“Zafarnoma” emas, bu – buyuk xalq shohnomasi.
O'pgil, ey Yevropa sen, barmoq, uzuklaridan,
Hanuz saboq olgaysan “Temur tuzuklari”dan.
Butun olam ahliga harbiy nomamdir mening,
Jangnomam, kurashnomam – “Boburnoma”mdir mening.
Vatan – jon va tandadir, jon Vatan – jon va tandir,
Vatanparvar insonlar jon chekib, jon tikkandir.
“Iyolu Vatan uzra to joni bor, – deb aytgan,
Kishi harb etar toki imkoni bor”, deb aytgan,
Navoiy bobomizdan timsol keltirsam agar,
Necha ming ko'ngillarni uyg'otmog'i muqarrar.
Har shoir, har askarga qat'iyat, shiddat kerak,
Azmu shijoat kerak, ilmu ma'rifat kerak.
Bunda har on asqotar aqlu fahmu farosat,
Dunyoviy bilimlar ham matonat va sadoqat.
Bu qanday dilbar diyor, dil diyor, dildor diyor,
Askarlari ham bedor, shoirlari ham bedor.
Ammo olam avzoyi – kecha-kunduz talotum,
Boisin aytolmagay biror Alp yo Aflotun.
Fitrat domla aytganday: Dunyo – kurash maydoni,
Bir tomoni toshqinlar, yong'indir bir tomoni.
Dunyoning dunyolikka qolmaganday holi ham,
Qirg'inbarot urushlar davom etar hali ham.
O'ttiz yetti millyon xalq, o'ttiz yetti millyon qalb,
Qalbim, sen ham shu safda hushyor bo'lgil, uyg'on, qalq!
Toki xavfu xatar bor, shudir temir tarbiya:
Har birimiz – posbonmiz, har birimiz – armiya.
Xalqu Vatan tashvishi – barchaning teng ishidir,
Bugun har bezovta qalb – xavfsizlik kengashidir.
Shu boisdan tinchligu tinch osmoningga sharaf,
Biz ezgulik tarafmiz, bizlar xalqimiz taraf.
Mening ham ko'ksim to'la g'urur bilan iftixor:
O'zbek armiyasi bor! O'zbek xalqi ham poydor.
O'ylasam shul Vatanni – jimirlar ko'ngillarim,
Ey, mening sarbozlarim! Mening generallarim!
Shonli, shavkatli diyor, shu safda men ham borman,
Ne baxtkim, saodatu baxtingga daxldorman.
Dunyoda Vatan tanho, xalqu millat yagona,
Millat bedor bo'lsa gar, tinch bo'lgaydir zamona.
O'ttiz yetti millyon xalq, yana shuncha dil, yurak,
Hushyor yashamoq kerak! Hushyor yashamoq kerak!
Millyon-millyon beshikda – chaqaloqlar lashkari,
Tamshanib o'smoqdadir – kelajakning askari.
Lashkar bexatar bo'lmas, aytib ketgan bobolar,
Onalar duo aylar, duo aylar momolar.
Ona yurt, ota makon, men ham bir askaringman,
Uyg'oq qalamim birlan xizmatkor navkaringman.
Angladimki: dunyoda na jon, na tan abadiy,
Faqat Vatan abadiy, faqat Vatan abadiy.
Mening ham har bir she'rim – hayotu mamotimdir,
Oliy Bosh qo'mondonga ichgan qasamyodimdir.
“Xalq so'zi” gazetasining 2025 yil 25 fevral №39-sonidan olindi.