Shaxmat olimpiadasi sovrindorlari tantanali kutib olindi

Vengriya poytaxti Budapeshtda o'tkazilgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi dunyo yoshlarining intellektual salohiyatini baholash bilan birga O'zbekistonning “oltin avlodi” hamon jahon shaxmatida yetakchi o'rinlarda borayotganini yana bir karra ko'rsatdi.

Bu galgi shaxmat olimpiadasida o'tgan 11 ta turning 9 tasida g'alaba, 1 tasida durang va 1 tasida imkoniyatni boy bergan tarzda bronza medalini qo'lga kiritgan O'zbekiston erkaklar jamoasi hamda o'z tarixida ilk bor 170 ga yaqin davlat orasida kuchli 12 talikdan joy olgan shaxmatchi qizlarimiz Afro'za Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Nodira Nodirjonova tom ma'noda O'zbekiston yoshlarining ruhiy quvvatini namoyish etdi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida munosib natijalarga erishgan shaxmatchilarimizni tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, O'zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, Milliy olimpiya qo'mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Toshkent shahar hokimi o'rinbosari Dildora Rahimova, sport federatsiyalarining rahbarlari, murabbiy va mutaxassislar, shaxmatchilarning yaqinlari, yosh sportchilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov yig'ilganlarga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shaxmat bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi a'zolariga yo'llagan tabrigini o'qib eshittirdi.

Marosimda so'zga chiqqan O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi bosh direktori, mamlakat shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa'dullayev, 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bronza medali sohibi Nodirbek Abdusattorov, mahoratli shaxmatchimiz Shamsiddin Vohidovning otasi Po'lat Tovashov va boshqalar mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, keng imkoniyatlar natijalarda o'z aksini topayotganini ta'kidladi.

Berilayotgan e'tibor va rag'bat ikki yildan so'ng mamlakatimizda o'tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida yanada yuksak g'alabalarga sazovor bo'lishida ma'naviy quvvat bag'ishlashini bildirdi.

Aytish lozim, Budapeshtda kechgan shiddatli bellashuvlarning so'nggi 11-turida O'zbekiston erkaklar terma jamoasi Fransiya terma vakillarini tor-mor etib, 17 ochko bilan bronza medaliga ega chiqdi. Bu yo'ldagi kurashda jahon chempionatlarining g'olib va sovrindorlarini, chempionlik tojiga da'vogarlarni jamlagan Xitoy, Serbiya, Germaniya, Slovakiya, Armaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Ispaniya, Eron, Norvegiya kabi mamlakat terma jamoalarini ortda qoldirishga muvaffaq bo'ldi.

Olimpiadaning 4-5 soatdan ortiq vaqt oralig'idagi murosasiz janglarida Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Javohir Sindorovning imkonsiz vaziyatdan imkon topgan, g'alabaga teng durangga erishgan vaziyatlari xalqaro sharhlovchilar, ekspertlar tomonidan e'tirof etildi.

Albatta, Vengriyada o'tgan 45-shaxmat olimpiadasi, uning har bir musobaqasi, o'ynalgan partiyalar to'g'risida hali ko'p fikrlar, mushohadalar bildiriladi.

Bu haqda kutib olish marosimida qatnashgan shaxmat mutaxassislari, ishqibozlar bot-bot so'z yuritdi. Xususan, har bir shaxmatchimizning o'tkazgan partiyalari yurtimiz shaxmat klublarida, maktablarida, alohida guruhlarda muhokama etishga arzirli ekanligini ta'kidladi.

Kuy-qo'shiqlarga, chiroyli tilaklarga ulanib ketgan marosimda 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida bronza medaliga ega chiqqan shaxmatchilarimizning har biriga “BYD Chazor” avtomobillari “Prezident sovg'asi” sifatida taqdim etilgani e'lon qilindi.

G'oliblik sururi, berilgan sovg'alar shodligi endi shaxmatchilarimizning yashash manzillarida, mahallalarida, xonadonlarida davom etadi.

To'lqin RO'ZIYEV,

O'zA muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + eleven =