O'zbekiston bayrog'i — yuksaklarga munosib!

Parij shahrida bo'lib o'tayotgan Yozgi Paralimpiada o'yinlarida uzunlikka sakrash va yugurish bo'yicha O'zbekiston terma jamoasiga birinchi oltin medalni taqdim etgan Asila Mirzayorova haqida

1999 yil 3 iyul. O'zbekistonda ayni saraton, ya'ni sara donlar yig'im-terimi boshlangan payt. Bog'larda qirmizi olmalar shoxlari egilgan, sharbatini ko'tara olmagan shaftolilar maysalarga tap-tap to'kilgan, bir-biridan totli noklar, qarolilar savatlarga joylangan, sariq oltindek anjirlar dasturxonlarga tortilgan kunlar edi. Atrof ming turli anvoyi gullar iforiga to'lgan, gullardan gullarga qo'ngan asalarilarning qo'shig'i xush kayfiyat uyg'otgan fasl edi. Qarshining obro'li oilalaridan biri — muhandis Ubaydulla aka va kutubxonachi Dilfuza opalarning oilasida to'rtinchi farzand dunyoga keldi.

O'zbekona lutfga ko'ra, mahallada “Ubaydulla akaning ayoli tilla topibdi”, “Ubaydullajon tillali, qizli bo'libdi” degan xushxabar tarqaldi. Qizchaning ismini Asila qo'ydilar. Alloh umri bilan bergani chin bo'lsin! Chaqaloqning qulog'iga azon aytilib, mahallaga bo'g'irsoq, ko'chada o'ynab yurgan bolajonlarga shirinliklar tarqatildi. Bu serfarzand oiladan hech qachon yaxshi odamlarning qadami uzilmagan. Balki shuning uchun ham ular hamisha qut-baraka ichida yashashdi. Aslo noshukurchilik qilmadilar. Asiladan so'ng, oilada beshinchi farzand — ukasi Abduvohid tug'ildi. Abduvohid tug'ilgach, “opasiga himoyachi, qalqon tug'ildi” deya yanada suyunchilar ulashildi.

Asila dastlab Qarshi shahridagi Nodirabegim nomli gimnaziyada o'qib, 1-sinfni tugatmasdan 25-maktabning 2-sinfiga qabul qilingan. Chunki Asila alifbeni uyda o'rganib, o'qish kitobini bemalol o'qir, barcha she'rlarni yod olgan, husnixati chiroyli bo'lib, dastlabki matematik bilim bo'yicha komissiyaning test suhbatidan o'tgan edi. Bu uning hayotidagi birinchi “sakrash” ekanini uning o'zi ham bilmagan edi o'shanda. A'lochi qiz Asila maktabning faxriga aylandi. Ammo 2013 yil uning hayotini o'zgartirib yubordi. Sport maydonida uning boshiga kelib urilgan koptokdan to'fonda qayrilgan niholdek yiqilib tushdi. Atrofini o'rab olgan o'rtoqlariga ham: “Hech nima qilmadi, yaxshiman, yaxshiman”, deya o'rnidan turdi. Necha kun boshi aylanib, ko'z oldi qorong'ilashib ketsa ham ota-onasiga shikoyat qilmadi. Ammo oylar o'tgani sayin ko'z oldi xiralashib, dars qilishga qiynalib ketdi. Kitob o'qiyotganda harflar chaplashgach, onasi Dilfuza opaga bo'lgan voqeani gapirib berdi. Bu noxush holatdan xabar topgan otasi Ubaydulla akaning ham ichiga olov ketdi. Ko'z kasalliklari bo'yicha manaman degan shifokorlarga Asilani olib bordi. Vrachlarning oxirgi maslahati bilan jarrohlik amaliyotiga rozi bo'lishdi. Boshqa iloji ham yo'q edi. Ammo jarrohlik amaliyoti kutilgan natijani bermadi. Qizaloq ko'zining ko'radigan qismi ham butunlay ko'rmay qoldi. Guldek qizaloqning tashqi dunyo bilan uzilishning og'ir kunlari boshlandi. Bu musibatni ko'tarish ota-ona uchun qanchalar og'ir ekanligini so'z bilan ta'riflash oson emas.

Ammo bardosh va matonat bilan Ubaydulla aka va Dilfuza opaning oldida Asilani tushkunlikdan olib chiqishdek mashaqqatli vazifa turar edi. Dilfuza opaning kutubxonachiligi ularning og'ir kunlarida asqotdi. Ona ko'zi ojiz bo'lsa-da, jahonga mashhur insonlar haqidagi manbalarni izlab topib, birin-ketin uyga olib kela boshladi.

Masalan, antik dunyoning eng mashhur dostonlari “Iliada” va “Odissiya”dir. Garchi biror-bir hujjat yoki yozma manba qolmagan bo'lsa-da, bu ikki dostonning muallifi Gomer ismli ko'zi ojiz inson bo'lganligi og'izdan-og'izga o'tib, shu kungacha yetib kelgan. Gomer omma oldida dostonlarni yoddan o'qib bera olgan va yildan-yilga qiziqarli voqealar bilan boyitib boravergan. Jahonga mashhur “Troya” badiiy filmi ham Gomer dostonlari asosida ishlangan.

Onaizor bugungi kunda har bir ko'zi ojiz inson o'qiy oladigan Brayl alifbosi kashfiyotchisi Lui Brayl 3 yoshida ko'rish qobiliyatini butunlay yo'qotgan bo'lsa-da, aqlini tanigach, ne bir qiyinchiliklar bilan ilmga intilgani, o'qigani, 10 yoshida ko'zi ojiz bolalar uchun maxsus stipendiya sohibi bo'lgani, 20 yoshida ko'zi ojizlar uchun Brayl alifbosini yaratgani haqidagi ma'lumotlarni topib kelib Asilaga o'qib berdi.

O'zini hurmat qiladigan har bir jurnalist orzu qiladigan, jurnalistika sohasidagi eng nufuzli “Pulitser” mukofoti umrining oxirida butunlay ko'rmay qolgan mashhur jurnalist, noshir Jozef Pulitser sharafiga qo'yilganidan Asila ham xabardor bo'ldi.

Tinib-tinchimagan ona tug'ma ko'zi ojizligiga qaramay eng baland martaba — Buyuk Britaniya Ichki ishlar vaziri bo'lishga erishgan Devid Blankett haqidagi yozilgan jurnallar, gazetalarni topib kelib o'qib berdi va shu tariqa Asilaning dunyoqarashida burilish yasadi.

Asila endi yaqinlarining ko'magi bilan maktabga bora boshladi. Mirzayorovlar eng muhimiga, qizining sinfdoshlari bilan maktabni tugatib, Qarshi shahridagi Agrobiznes va tadbirkorlik kollejida o'qishni davom ettirishiga erishishdi.

Kitob va sport hayotga qaytardi

Dilfuza opa Qarshi shahridagi 25-umumta'lim maktabi kutubxonasining mudirasi bo'lgani uchun audiokitoblarni uyda yig'a boshladi. Taqdir zarbasiga taslim bo'lmagan ota-ona qizining ushbu holatiga taskinni kitoblardan izladilar. Endi unga oila a'zolari galma-galdan kitob o'qib berishar, o'qiganlarini muhokama etishar, mulohaza qilishar, fikrlashishar edi. Ularning uyidan hamisha kimningdir ovoz chiqarib kitob o'qiyotgani eshitilardi. Asilaning ukasi Abduvohid uning haqiqiy hamrohiga aylandi. Opa-uka ikkalasi doim birga ovqatlanishar, birga sayr qilishar, badantarbiya bilan shug'ullanishar, qo'l ushlashib yugurishar, Abduvohidning aytib turishi tufayli birga televizor tomosha qilishar edi. Nihoyat, kollejda o'qishlar tugadi. Endi barchaning o'y-xayolida Asilaning kelajagi turar edi. Kunlardan bir kuni Ubaydulla aka Paralimpiada tashkiloti borligini, unda Asilaga o'xshagan imkoniyati cheklanganlar sport mashg'ulotlarini o'tkazishini, sport bellashuvlarida qatnashishini, hatto chempion bo'lishini bilib keldi. Bu gaplarni eshitgan Asila dastlab biroz ikkilanib qoldi. Ammo ota-onasi uning uyda qolib ketmasligini, o'z kuchini jismoniy tarafdan sinab ko'rib natijalarga erishishini istayotganidan quvonib ketdi. Uni Toshkentga olib kelishdi. Asila birinchi marta saralash musobaqasida yugurish turi bo'yicha ishtirok etib, 1-o'rinni egalladi. Natijalardan ko'ngli to'lmagan Asila otasidan bosh murabbiy Sardor Abduxoliqovning oldiga olib borishini so'radi. Bosh murabbiyga: “Meni terma jamoaga qabul qiling, sizning ishonchingizni oqlayman, menga imkon bering”, dedi. Bunday iltimoslarni hamisha, har kuni eshitaverib, bu sport ekanini, unda murosasiz kurashlar, sinishlar, lat yeyishlar, oylab, yillab to'shakka mixlanib qolishlar borligini tushuntiraverib charchamaydigan murabbiy chuqur xayolga toldi va rozilik bildirdi. Ubaydulla akaning oldida qiziga sportning ming bir mashaqqatlarini, bu maydonda hech kim erkalatilmasligini ro'yirost aytdi. Asilaning katta oilada o'sganini, tiniq fikrliligini, o'zbek qizlariga xos odobini hisobga olgan Sardor Abduxoliqov o'sha kundan boshlab uni o'z qizidek ko'rib, oilasiga, uyiga olib ketdi. Endi u mashg'ulotlarga bosh murabbiy bilan birga qatnay boshladi. Bu ishonch Asilaning kuchiga kuch qo'shdi.

Ha, mashg'ulotlar osonmasdi. Ne bir talabgorlar bir-ikki kungi mashg'ulotlardan so'ng ko'rinmay ketaverardi. Ayrimlarining jarohatlari jiddiyligini hisobga olib, vrachlar sport bilan xayrlashishni maslahat berardi.

Tinimsiz mashg'ulotlar, murabbiy Sardor Abduxoliqovning to'g'ri ko'rsatmalari, vrachlarning nazoratlari ostida tartibli harakatlar o'z natijasini berdi. U 2016 yilda BAAda o'tgan Yoshlar o'rtasidagi musobaqada ishtirok etdi. Ilk urinishlar natijasini berib, 3 ta oltin medalni qo'lga kiritdi. Bu yutuq unga oldinga qarab intilish uchun ilhom berdi. Navbatdagi musobaqa 2018 yil Indoneziyaning Jakarta shahrida bo'lib, bu bellashuvda Asila bronza medalini qo'lga kiritdi.

Asila 2019 yilda “O'zbekiston belgisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi va o'sha yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga grant asosida o'qishga qabul qilindi.

“Endi hech qachon yengilmayman!”

Bu so'zlarni aytishga uni 2019 yilgi Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida kattalar o'rtasida bo'lib o'tgan alamli mag'lubiyat majbur qildi. U yengildi. Mag'lubiyat alamidan yig'ladi, chunki tanasidagi og'riqdan ko'ra, qalbidagi og'riq kuchliroq, iztirobliroq edi. “Endi hech qachon yengilmayman!” deya lola yonoqlari uzra tomayotgan ko'z yoshlarini sidirib tashladi. “Endi men qatnashgan musobaqada, albatta, O'zbekiston bayrog'i ko'tarilishi shart!” dedi u o'ziga-o'zi. Shogirdining yuragida ona Vatan tuyg'usi qad rostlaganini ko'rgan murabbiy “Endi yengilishga haqqing yo'q!” deya unga qat'iyat bildirdi.

Muhtaram Prezidentimizning 2021 yil 18 maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori yurtimiz paralimpiyachilari qatori Asila Mirzayorovaning ham hayotida tarixiy hujjat bo'ldi. Qarorga ko'ra, O'zbekiston Milliy paralimpiya qo'mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo'lgan Paralimpiya sport turlari bo'yicha mutaxassislar tayyorlash instituti — paralimpiya sport turlari bilan shug'ullanadigan trenerlar, uslubchi-yo'riqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashgan ilmiy-ta'lim muassasasi tashkil etilgani ayni muddao bo'ldi.

O'zbekistonda Paralimpiyachilar va ularni tayyorlaydigan murabbiylarning faoliyati har tomonlama qo'llab-quvvatlanishiga katta ahamiyat qaratildi.

Inson qadri ulug'langan yurtimizda hech kim e'tibordan chetda qolmadi. Ishonch esa ketma-ket natijalarini bera boshladi.

Asila Mirzayorova 2021 yilda Paralimpiadada qatnashish uchun yo'llanmani qo'lga kiritdi va saralash musobaqalarida uzunlikka sakrash bo'yicha 1-o'rinni egalladi. Nihoyat, eng yuksak orzu tomon birinchi qadam tashlandi. Endi u Yaponiyaning poytaxti Tokioda o'tadigan paralimpiadada ishtirok etadi.

Assalom, kun chiqar o'lka! Assalom, irodalar sinovdan o'tadigan Paralimpiada! Bu safar unga paralimpiadaning kumush medali nasib etdi. Quvonch ketidan quvonchlar keldi. O'sha yili muhtaram Prezidentimiz tomonidan “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan sportchi” unvoni bilan taqdirlandi. Bu yuksak e'tibor Asilaga qanot bag'ishladi. 2022 yil may oyida Italiyada o'tgan gran-pri musobaqasida 100 metrgacha yugurishda 3-o'rinni, 200 metrga yugurishda 2-o'rinni, uzunlikka sakrash bo'yicha 1-o'rinni egalladi. Bu safar sportchi qizimizga “Xalqaro toifadagi sport ustasi” unvoni berildi. Ming shukur, Asilaning omad yulduzlari chinakamiga porlay boshladi. 2023 yil fevral oyida Birlashgan Arab Amirligida o'tgan Xalqaro gran-pri musobaqasida qatnashib, 100 va 200 metrga yugurishda 3-o'rin, 400 metrga yugurishda 3-o'rin, uzunlikka sakrashda 1-o'rinni oldi.

2023 yilning may oyida sportning paraengil atletika turi bo'yicha O'zbekiston ochiq chempionati bo'lib o'tdi. Unda Asila Mirzayorova 100 va 200 metrga yugurish hamda uzunlikka sakrash bo'yicha 1-o'rin sohibasi bo'ldi. 2023 yil iyul oyida Parijda paraengil atletika bo'yicha Jahon chempionati bo'lib, unda uzunlikka sakrash bo'yicha 1-o'rinni terma jamoamiz hisobiga yozib qo'ydi. 2023 yilda Xitoy davlatida Paraosiyo o'yinlarida uzunlikka sakrash bo'yicha 1-o'rinni, 200 va 400 metrga yugurishda 3-o'rinni qo'lga kiritdi.

Asila Mirzayorova 2023 yil Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o'tkazilgan O'rta Osiyo Paralimpiya qo'mitasining yil hisobotiga ko'ra, “Eng yaxshi ayol paraatleti” nominatsiyasiga sazovor bo'ldi.

2023 yil dekabr oyida “Milliy sport mukofoti — 2023” taqdirlash tantanalarida unga “Yilning eng yaxshi ayol paralimpiyachisi” nominatsiyasi topshirildi.

Uning bir armoni bor edi. U ham bo'lsa — Paralimpiya oltin medali sohibasi bo'lib, O'zbekiston bayrog'ini yuksaklarga ko'tarish. Armonlar, intilishlar, goho zavqli, goho achchiq azobli, mashaqqatli mashg'ulotlar, tinimsiz ter to'kishlar, yiqilishlar, turishlar, chidash, chiniqishlar uni O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasida Fransiyaning Parij shahrida o'tayotgan Yozgi paralimpiya bellashuvlariga olib keldi. Bu go'zal shaharga haqiqiy mardlar bellashmoqqa kelishgan.

Assalom, Paralimpiya! Assalom, Parij!

Paralimpiya, bu — yugurish yo'lakchalarida bir oyog'iga temir o'rnatilganiga qaramay shamol misol marra chizig'iga intilayotganlarning matonat maydoni.

Paralimpiya — ikkala oyog'ida ham yurish imkoniyati bo'lmasa-da, qo'llari bilan o'z yurti sharafini himoya qila oladigan kuchlilar maydoni.

Paralimpiya — ikki qo'lidan ayrilganiga qaramay gavdasi va oyog'i bilan suzishning moviy yo'lakchalaridan marra sari adashmay yetib boradigan sezgirlar maydoni.

Paralimpiya — bir ko'z bilan marrani nishonga ura oladigan merganlar maydoni.

Paralimpiya — parataekvondochilar, paraengil atletikachilar, dzyudochilar, yadro uloqtiruvchilar va boshqa sport turi sportchilarining sabr maydoni!

Nihoyat, O'zbekistonimiz Mustaqilligining 33 yillik bayrami oldidan 30 avgust kuni paraatletikachimiz Asila Mirzayorova birinchi bo'lib O'zbekiston paralimpiya terma jamoasiga oltin medalni hadya etdi. U 28 yillik paralimpiya rekordini yangiladi va 5,22 metrga shamoldek uchib bordi. Bu yo'nalishda 1996 yil Atlantada o'tgan paralimpiya o'yinlarida ispaniyalik Ortis Ochistka 5,07 metrga sakrab o'rnatgan rekordni ortda qoldirdi.

Asilani g'alaba bilan telefon orqali O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qutladi. Bu qutlovni butun dunyo parasportchilari havas bilan tingladi. Qutlovni Asila Mirzayorova qo'llarini ko'ksiga qo'yib minnatdorchilik bilan qabul qildi. Bu qutlov hali bellashuvga kirishmagan paralimpiyachilarimizga yuksak rag'bat bo'ldi.

Muhtaram Yurtboshimiz telefon orqali Asilaning yonida madadkor bo'lib borgan otasi Ubaydulla akaga va ukasi Abduvohidga, jonkuyar murabbiylariga minnatdorchilik bildirdi. Muhtaram Yurtboshimiz Asilaning otasi Ubaydulla akani ham telefon orqali tabriklagani tarixiy muloqot bo'ldi. Bu yuksak e'tibor telemuloqotni kuzatib turgan barcha paralimpiyachilarimizning oilalariga olam-olam g'urur bag'ishladi.

Bir ijodkor sifatida, bir ona sifatida Yurtboshimizning O'zbekiston bayrog'ini yuksakka ko'targan paralimpiyachilarimizni g'alaba bilan qutlayotganini ko'rish, eshitish kamina uchun ham unutilmas onlar bo'lib qoladi. Chunki inson qadri ulug'langan yurtda e'tiborga, hurmatga loyiq ko'rilishdan ortiq baxt yo'q! O'zbekiston madhiyasi kuylanib, olimp cho'qqilarida bayrog'imiz yuksakka ko'tarilganiga guvoh bo'lishdan go'zal saodat yo'q. Bunday quvonchni qalblarga asil o'g'illar, Asila qizlar baxsh etadi.

Zero, O'zbekiston bayrog'ining o'rni  faqat yuksaklardadir.

Zulfiya MO'MINOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

 

Paralimpiya rekordchisi

Asila Mirzayorovaga

Ko'z tegmasin senga, Asila,

Munchoqlarni g'olib qilding sen.

 

Yo'llaringga qarab turgan ul,

Mushtoqlarni g'olib qilding sen.

 

Ayvoningda qaldirg'ochlar bor,

Peshtoqlarni g'olib qilding sen.

 

Yashnab ketdi bog'larim, hatto

Yantoqlarni g'olib qilding sen.

 

No'noq, mudroq kimsalar — mag'lub,

Chaqmoqlarni g'olib qilding sen.

 

Tovonlaring haroratidan

Tuproqlarni g'olib qilding sen.

 

Sakrashingni tomosha qildik,

Biz sog'larni g'olib qilding sen.

 

O'zbeklarim qo'lda ko'targan

Bayroqlarni g'olib qilding sen.

 

Tog'day xalqing turar ortingda,

Shu tog'larni g'olib qilding sen.

Shodi OTAMUROD

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + 19 =