Daftarlarda qolgan satrlar
Xalqimiz taniqli shoir, kamtarin inson, ustoz Sa'dulla Hakimni yaxshi biladi. Taniqli ijodkorning “Hamal tonglari”, “Sen kutgan bahor”, “Yoz oqshomi”, “Ona so'z”, “Ko'ngil yuzi”, “Ko'hna naql” singari kitoblari yurtdoshlarimizning sevimli asarlariga aylangan.
Quyida shoirning hali matbuotda e'lon qilinmagan bir nechta she'rlarini havola qilmoqdamiz.
Sa'dulla HAKIM
RAYHON
Aqli kirib, xonaki gullar
Bola kabi tursa oyoqqa —
So'zsiz jo'nab ketardi ular
Bobolari yashagan yoqqa.

Erkinlikni sog'inar mazlum,
Boshqalarning kelmas o'yiga.
Yalpizlar ham o'tmayin bir zum
Ko'char edi ariq bo'yiga.
Gollandlarning necha xil turi —
Pushti, siyoh rang lolalari
Uchoqlarda navbatda turib,
Parvoz sari shoshardi bari.
O'zimizning ol lolalar ham
Issiqxona eshigin ochib,
Hammayog'i asfalt shahardan
Tog'u toshga ketardi qochib.
Faqat… faqat bir ko'chat sipo,
Olam ahlin etardi hayron:
O'zbekoyim o'tirgan supa
Tegrasidan ketmasdi rayhon.
Shu uchun ham aziz momolar
Qoshu ko'zday qadrlab doim,
Chekkasiga taqib yurarlar,
Yuksakdadir rayhonning joyi.
Ko'nglimga zavq berar ushbu hol,
Tilimga tot berar bir bayot:
Rayhon taqqan O'zbekoyimga
O'xshab ketar xushro'y bu hayot!
20.08.2020
BU TOG'LAR
Ming yillardan doston aytar bu tog'lar,
Bilib-bilmay zoru nolon aylama,
Sen cho'qqini bunday oson ayblama,
Ming yillardan doston aytar bu tog'lar.
Bag'ri tosh deb dashnom berma cho'qqiga,
Suv ham sovuq rutubatdan muz bo'lar,
Achchiq-achchiq ko'z yoshlari tuz bo'lar,
Bag'ri tosh deb dashnom berma cho'qqiga.
Cho'qqilar ham odamlarday yig'laydi,
Qish zabtiga yetmas sabr-bardoshi.
Mildir-mildir oqib yotar ko'z yoshi,
Cho'qqilar ham odamlarday yig'laydi.
Bahor kelsa, cho'qqilar ham gul ochar,
Yomg'irlarda yayrab-yayrab cho'milar,
Ming xil giyoh iforiga ko'milar,
Bahor kelsa, cho'qqilar ham gul ochar.
15.09.2020
KO'NGLI ZOR
Ko'ngli zor bilgay ko'ngilning zorini,
Etmagay yor dardu g'amga yorini.
Qilmasa ishq gar ko'zin ko'r, hech kishi
Sevmagay mendek o'shal ayyorini.
Dardga malham uch mahal achchiq dori,
Men shifo bildim sanam ozorini.
Ikki gul bargi tilim etdi chuchuk,
Bol berib yozdim dilim xumorini.
Endi ne bo'lgay desam, ul aytdiki,
Bol shimib, bol birla boqqay yorini.
Men dedim, tomirda sharbat nash'asi
Oqmasa ochgaymi gul uzorini?
Bori gap shulmi deya, yor, injima,
Bo'lmadi aytib Sa'dullo borini!
IShQING O'TIDA KUYDIM
Ey yor, sening ishqingda ishqing o'tida kuydim,
Suydim kul bo'lib, yana gulday ko'karib suydim.
Har so'zing yomg'ir kabi malham bo'ldi dilimga,
Eshitgan bormi, tashna desaki, ichib to'ydim.
Sendan ko'zim uzmoqqa qiymadi ko'zim, shundan
O'zgalarning ko'zidan hargiz ko'zimni qiydim.
Ro'zador borki, o'zni tiygusi yomon so'zdan,
Sening nomingdan o'zga so'zdan men o'zni tiydim.
Tilim totli bo'lsin deb bol yalaydi odamlar,
Men tilimga bol kabi sening nomingni qo'ydim.
Kuz quyosh sog'inchida kiygan kabi za'far to'n,
Hijron choponim bo'ldi, sog'inchdan do'ppi kiydim.
