Kuz hayajonlari
Dilfuza ShOMALIKOVA
Muallif haqida:
Dilfuza Shomalikova — Parkent tumanida tug'ilgan. Ilk mehnat faoliyatini “Parkent tongi” gazetasidan boshlagan.
2008 yildan buyon “G'uncha” jurnali bosh muharriri.
Muallifning “Onam yopgan non” (1990), “Tuproq o'ynayotgan bola” (2018), “Zag'izg'onning arg'imchog'i” (2023) kabi qator kitoblari chop etilgan. Asarlari asosida telenovellalar, shuningdek, “Otalar so'zi — aqlning ko'zi” ko'rsatuvlari tayyorlangan.
2024 yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
Kuz yozga alla aytdi. Qish esa kuzga allasini xirgoyi qilayotir. Bog'lar to'n almashtirar: nigohlar yeru osmon tutashib ketgan joygacha bir rangga bo'yalgandek. Sarg'imtir choponlar yelkalarga ilingan allaqachonlar. Xirmondan ko'ngli to'lgan bobo qo'llarini duoga ochadi: yurtga tinch-totuvlik, elga hurlik, to'kinlik, yoshlarimizga bekam baxtu saodat, ilmu ma'rifat so'rab yuzlariga fotiha tortadi:
“Qo'lingdan kitobing tushmasin, boshingdan toleying ketmasin…”
Hosil yig'masdan havo aynisa, yomg'ir yuragimga yoqquday bo'ladi, deydigan momoning chehrasiga quyosh ko'chgandek:
— Ilmning karomati, o'qiganning sharofati shu-da…
Ota o'g'li tug'ilganda ekkan ko'chatiga farzandining bo'yini qiyoslaydi: osmon bilan yer.
— Sen aqling bilan hamma narsadan baland bo'lishing, dunyoni lol qoldirishing kerak! — ota qat'iyat, ishonch bilan aytadi. — Buning uchun o'qishing, til bilishing, bilganda ham o'zbekning bolasi ekanligingni jahonga ko'rsatib qo'yishing kerak.
Ona oshxona derazasini ochib, kuz quyoshining taftidan rohatlanadi. Qizaloq yugurgancha deraza tagiga turib chapak chaladi:
— Ur-re-e, boshimni qarang, tegdi! Kaap-katta bo'pman-a?..
Shunda osmonni chug'ur-chug'ur ovoz tutadi…
— Ayting-chi, oyi, qushlar buncha ko'p, nima deyapti ular?
Qizaloqning savolidan ona sergaklanadi:
— Issiqsevar qushlar to'planishib, issiq o'lkalarga yo'l oladi, qizim. Nima deyayotganini bilmasam.
— Iya, — qizaloqning ko'zi katta-katta ochiladi. — Oyilar ham bilmaydimi-a? Men oyi bo'lsam, hamma narsani bilaman. Ko'p kitoblar o'qiyman, o'qiyveraman, o'qiyveraman, — qiz biroz jiddiy tortdi. — Bechora qushlar u joylarga yetguncha charchab ketmasmikan-a?
Yomg'ir shivalaydi. Ikki o'rtoq romli ayvonning dahlizida in yasaydi, hozirgina ishlari tugab qoladi.
— Ustoz yordam bermaganida hecham bitirolmasdik-da. Ana endi akamiz kelsa, inni o'rnatib beradi, — bolalar o'z ishlaridan zavq oladi.
Opa esa qaldirg'ochlar bola ochib, so'ng hammasi uchirma bo'lgan boloxonali uyning eshiklarini zichlab yopadi:
— Qaldirg'ochlar bahorda yana qaytib keladi. Necha yilki, qancha qaldirg'ochlar ko'z ochadi bunda… Qayta-qayta kelaveradi ular. Bahorda sal kechiksa, kelishini sog'inib qolamiz. Oilamizning qadrdoniga aylangan ular.
Har daqiqa bo'yi bilan o'yi ulg'ayayotgan aziz bolajon! Har biringiz olamlarga tengsiz orzulardan qanot boylaganingiz aniq. Katta maqsadlar bilan ulug' niyatlarga yetadigan eng yaqin yo'l, eng mustahkam ko'prik izlayotirsiz!
U — kitob!
U seni kelajakka eltuvchi pillapoyalardan orzular shohsupasiga yetaklovchi maktublarga o'xshaydi goho. Sen uni o'qiysan, izlanasan, kashf etasan — katta yo'lga chiqasan.
Qo'llaringni osmonga uzatasan — yetadi!
Qo'llaringni oftobga uzatasan — yetadi!
KUZNING SUVRATI
Hayajonlarim xayolga tutqich bermaydi. Dunyoga sig'aman-u, o'zimga sig'mayman. Xayolim semurg' qushlar yanglig' parvoz qiladi: ko'zlangan manzilin ixtiyor etadi… Yetdim, deganda yo'l hali olisligini anglaydi. Mening musavvir ko'nglim shunday! Qo'limga qalam tutgan onlarimdan rang axtaraman — uni bo'yoqlarda emas, holatlarda sirli shivirlashini istayman. Oddiygina muhrlagim keladi: samoyu zaminning bag'ri birlashib, oltin rangga aylanadi. Bunda sehrgarning mo''jizaviy tayoqchasi-da hech.
Dunyoning eng mo'ysafid ertakchisi cho'pchak aytayotgandek: chirt-chirt uzilayotgan yaproqlar kuzning ogohlantiruvchi ilk maktublari. Junjiktiruvchi shamollar kutilgan va yo'llangan xabarnoma. Tomchilar zamin orziqib peshvoz chiqqan obizamzam…
Poyoni adoqsiz kengliklarga razm solaman: shamol musiqasiga raqs tushayotgan yaproqlar sadosi, saslari alla aytayotir go'yo. Kuzning azaliy qo'shiqlarining abadiy naqarotidek… Ko'zlariga muhrlangan qo'shiqlar bu! Unda shamolning etaklarida yomg'irlar bolalaydi… Shamolning etaklarida qo'l ushlagan yaproqlar aylanadi, aylanaveradi — bolalikning doira o'yinidek adoqsiz. Bebosh yellariga dosh berolmagan yaproqlar o'mbaloq oshadi — qishloqning bolasidek.
Kuzning suvratini chizmoqchi bo'laman…
Izlaganim izlariga asta bo'yoq tortaman. Bobom ming yillik nasihatini takrorlaydi:
— Kuz qishning darakchisi, bolam. Daraxtning barglari pastidan to'kilsa, qish iliq keladi, tepasidan to'kilsa, sovuqqa tadorik ko'rish kerak.
Buvim ham anoyi emas, kecha aytgani yodida bo'lsa-da, yana eslatib qo'yadi:
— Qushlar past va yoyilib uchsa, qish iliq o'tadi…
Kuzning suvratini chizmoqchi bo'laman…
Kechki payt turgan shamoldan onam derazalarni asta ochadi: yomg'irning hidi kelyapti, joningga huzur bag'ishlaydigan…
Tongda otam romli ayvonning oynaklarini ochib yuboradi: yomg'irning salqini gup etib urilsa-da, junjiktirmaydi. Rohatbaxsh epkin esadi…
Kuzning suvratini chizmoqchi bo'laman…
Yomg'irpo'sh kiyib, soyabon tutgan bolakay kavushchasi suvga to'lganidan bexabar sakraydi: kimning og'ziga yetti tomchi yomg'ir tushsa, sehrgarga aylanarmish…
Ko'p qavatli uylarning erka nabirasi oyoqlari orasidan boshini chiqarib “yo'l ko'radi”. Boboyu buvining quvonchi qo'sh bo'ladi. Nabirasini yanayam suyib qo'yadi:
— Bugun qishloqdan mehmon keladiganga o'xshaydi, ko'zlaringga tumor bo'lay, bolam…
Cholu kampirning gaplari tugamasdan eshik qo'ng'irog'i jiringlaydi. Avval ostonada olma, anor, yong'og'u qovoqlar solingan savatlar, keyin mehmonlar ko'rinadi. Xonani to'kin bog'larning isi tutadi.
Kuzning suvratini chizmoqchi bo'laman…
OSMONDAGI QUShLAR UYaSI
Uzoqdan qushlarning tanish ovozi eshitiladi. Keyin bu ovoz asta yaqinlashadi. Qushlar galasi osmonni to'ldiradi. Bolalar deraza oynalariga yopishib, chapak chaladi. Ularni kuzatadi: qushlar goh aylana bo'lib qanot qoqadi, goho bir-birlariga yo'l berayotganga o'xshaydi. Qarab tursangiz, ochilib-yopilayotgan gul shaklini oladi. Bir zumda tizilishib parvozida davom etadi. Bolalar esa qushlardan ko'zini uzmay onasini savolga tutadi:
— Qushlar raqsga tushadimi?
— Shunaqa bo'lsa kerak, — ona miyig'ida jilmayib qo'yadi.
— Unda qushlar qo'shiqsiz o'ynaydimi-a?..
— O'zi qo'shiq aytib, o'zi o'ynaydi.
— Unda kim chapak chaladi?
— Shamol bo'lsa kerak-da.
— Bizlar ham qarsak chalsak bo'ladimi?
— Albatta, — ona derazaning oynasini asta yopadi. — Sal nariroq turinglar, shamollab qolasizlar.
— Qushlar shamollab qolmaydimi?
— Ular o'rganib ketishgan, osmon o'zlarining uyi-da, bolam.
— Osmonda qushlarning uyasi bormi?
— Uyiga uchadigan yo'l bor, arg'imchoq solib uchaveradi.
— Arg'imchoq biznikiga o'xshamaganmi, nimaga ko'rinmaydi?
— Ularning arg'imchog'i o'zi bilan, bolam.
— Men qushlarning arg'imchog'iniyam, o'ziniyam yaxshi ko'raman. Ular haqida ertak eshitgim kelyapti.
— Ertakni-ku bilaman. Ammo senga o'zim ko'rgan, bilgan voqeani aytib bera qolay.
— Bo'pti…
— Qushlar judayam aqlli bo'ladi. Yaxshilikni, mehrni unutmaydi. Yoshligimizda tog'ang oppoq kabutarlar boqardi. Biz ularni paypoqli kabutarlar derdik. Hovlimizning bir chekkasidagi ajratilgan yerga don separdik. Ular darrov paydo bo'lardi. Uchib kelardi-da, parvo qilmay donlashga tushardi. Ba'zan tog'angning qo'lidagi donni yeb, keyin yelkasiga chiqib g'urillardi.
— Erkalanarkan-da, rahmat aytganimidi bu? — qizaloq shoshgancha davom etadi. — Bizlar ham rahmat aytamiz-ku…
— Ha… qaldirg'ochlar esa bola ochgan uyasini hech qachon unutmaskan. Laylak, turna, oqqush haqida eshitgansan-a?
— Eshitganman ozgina… Lekin sizga o'xshab o'zimning ko'zlarim bilan ko'rgim kelyapti. Ular ertakdan ham yaxshi ekan.
— Unda har kuni tabiatni kuzat. Ko'rganlaringni yozib borish uchun daftar tut.
Qizaloq sevinib ketdi. Sumkasidan yangi daftar oldi. Muqova ustidan birinchi qatorga “Tabiat kundaligi” deb yozib qo'ydi. Quloqlari ostida qushlarning arg'imchoq solib uchayotgan ovozi jarangladi.
KUZ XAT YoZADI
Kuz xat yozadi. Siz uning xatini o'qiganmisiz? Kuzning ertagini-chi, tinglaganmisiz?.. Uni o'qimoqchi bo'lsangiz, yomg'ir shiviriga quloq tuting… Tuman qoplab, keyin asta shivalagan sas eshitilsa, demak, kuz xatining konverti ochilayotgani. Quloq tuting.
Kuz xat yozadi. Unda sabo bog'lar isini olib yeladi. To'kin mevalarning ifori dimog'ingizga uriladi. Taglariga to'kilgan olma, anorlar yerga quloq tutayotganga o'xshaydi.
Oltin rang fasl maktub yo'llaydi. Zangor libosli sehrgar bog'larga tashrif buyuradi: yelkasidagi qopi ham, hassasi ham zangor. Hil-hil pishgan har meva bir bog'ning bo'yini ko'rsatadi. Xirmonga baraka kiradi.
Kuzning xati bobodehqonga yetib boradi birinchi bo'lib. U qo'lida ushlagan maktubni ochmasa-da, nimalar yozilganini yod biladi.
— Kuz — mening bobom. Men donishmand bobo faslimni yaxshi ko'raman, — deydi qizaloq. — Bobom: “Kuz — baraka, bol fasli. Mehnat qilgan rohatini topadi”, deb izohlaydilar. Yana ham yaxshi ko'rib ketaman bu faslni. Bobom ham donishmand. Demak, ular o'rtoq ekan-da, deb o'ylab qolaman. “Salom, kuz!” deb quchog'imni ochaman. Baxmal tusli barglar yog'iladi.
Kuz xat yozadi. Barglar baxshiga aylanadi. Uning shitiri va shivirini hech kim — musavvir ham, usta sozanda ham o'xshatolmaydi. Kuz ertagini boshlaydi bunda.
Kutilmaganda achimsiq is dimoqqa uriladi. Yaqin atrofdan tutun o'rmalayotgani ko'zga tashlanadi. Keyin xazonlarning ingragani eshitiladi. Bunda kuzning xati g'ijimlanib, bir siqimga aylanadi.
— Tezda o'chirish kerak, tabiatni avaylasak, u bizni asraydi, — atrofdagi ovozlardan kuzning kaftidagi xatga qanot bitadi.
Nomalar yo'l izlaydi — xazonlar ham suzg'ichdan o'tgandek. Ariqdagi suvlarning tubi ko'rinadi. Buloqlardan bug' ko'tariladi.
Berkinmachoq o'yini boshlanadi, quyosh ko'p berkinib, bulut o'yga toladi. Yomg'ir yog'adi: go'yo yerga po'q-po'q etib pufakchalar uriladi-yu, arazlagan boladek yotib oladi. Uni qidiraman, topolmayman. Ushlagim keladi. Qo'llarim muallaq qoladi.
Halinchak solib uchayotgan qushlarning chug'uri tutadi. Kuz xat yozadi. Uni o'qib ulgurmasimizdan kumush qishning xat yozishga o'tirganidan xabar keladi.
KUZDAN KELGAN XAT
Osmonni bulut qopladi. Keyin g'uvullagan ovoz eshitildi. Daraxtlar tebranib, chayqalgandek bo'ldi. Darvozani kimdir qoqdi. “Hamma uyda. Kim bo'lishi mumkin?” Quloq solsam, yana taqilladi. Eshikni ochsam, izg'irin shamol yelkasiga pochta xaltani osib olgan. “Sizga xat bor”, deya kaftimdek savatcha olib menga uzatdi. Hayron qoldim, qopqog'i ham antiqa.
Bu kimdanligini so'ramoqchi edim, u zuv etib ko'zdan yo'qoldi. Uni ochmoqchi edim, ochilmadi. “Ichida nima bor ekan?” Qulog'imga tutdim: yomg'irning ovozi, keyin tomchilarning sharga aylanib yorilishi eshitildi. Ko'zimni yumib, uni qulog'imga qattiqroq bosdim: “Endi o'sha yomg'irning tagida men ham soyabonsiz yurardim”.
Kutilmaganda qopqoq ochilib ketdi. Uyni olmayu behilarning hidi tutdi. Savatdagi mevachalarni qo'limga olsam, kaftimga sig'may qoldi… Nima qilishni bilmasdim. Deraza oynasidan tashqariga qaradim: osmon to'la zarg'aldoq barg yog'ardi. Bu — bargyomg'ir edi. Yo'q, yo'q, barglar uchardi. Ularning qanoti bor edi, rost. Qushlardan ham chiroyli qanot qoqardi… Ular yomg'irdan ham berkinmas, shamoldan ham qo'rqmas edi. Yeru ko'kni o'z uyiga aylantirib olgan edi.
Endi bildim, bu kuzning xati edi. Men unga javob yozmoqchi bo'lib o'rnimdan turganimda, momaqaldiroq gumburladi. Ko'zim katta-katta ochilib ketdi…
Kichkintoy do'stlarim! Bu mening tushimmi yo o'ngim, bilmay qoldim.
