G'or ichidagi xazina

Mana, yigirma yildirki, 80 yoshli Obid ota yolg'iz. Dalayu dasht, qir-adir, tog'u toshlar kezadi. Dorivor giyohlarni to'plab, tabiblarga sotadi va shu tariqa tirikchiligini o'tkazadi. Qishda masjid, choyxonalarda tunab, bahorni qarshilasa, yoz oylarida cho'ponlar o'tovi yoki yaylovdagi maysalar ustida uxlab, tongni qarshi oladi.

Uning bolaligi Bolalar uyida kechdi. Ota-ona diydorini ko'rmagan. Jigar-yaqinlarini eslash tugul, hatto ular haqida hech narsa eshitmagan. Balog'at yoshiga yetgach, hamqishlog'i Halimaga uylandi. Afsuski, ayoli bilan salkam qirq yil yashasa-da, farzand ko'rish nasib etmadi. Ayoli olamdan o'tgach, ota butunlay yolg'izlanib qoldi. Obid ota hukumat bergan uyini sotib, pulini o'zi tarbiyalangan Bolalar uyiga homiy sifatida topshirdi. Keyin o'ziga ermak topdi. Dala-dashtdan o't-o'lan, giyoh terib tirikchilik qila boshladi. Otaxon kamgap.

U Komilboy — sirdosh oshnasi bilangina dildan suhbat qurardi. Do'sti ham olamdan o'tgach, Obid ota butunlay yolg'izlanib qoldi. Qariya Bolalar uyiga tez-tez borib, qo'liga ilinganini tashlab, bolalarni o'ynatib, yayrab qaytadi. Umrining mazmuni ham shu endi. Mana, qish ham tugab, qariyaga yana ermak boshlandi. Yomg'irli kunlar bo'lishiga qaramay, bugun ham u tog'-toshlar bag'rida kezib yuribdi. Yomg'ir esa sharros quymoqda. Ust-boshi shalabbo bo'lib, sovuqdan qaltiray boshladi.

Gulxan yoqib, isinib olmoqchi bo'ldi. Shox-shabba to'plab, arqonga bog'ladi, so'ng boshpanaga arzigulik joy qidira boshladi. Yog'och hassasiga tayangan holda yelkasidagi qopni orqaga tashlab, ikkinchi qo'lida o'tinni ko'targancha ancha yurdi. Shu payt uning ko'zlari tog' bag'ridagi uncha katta bo'lmagan g'orga tushdi. Halloslab yetib kelib, ichiga asta boshini suqdi. Qorong'ilikka ko'zi o'rganmadimi, har qalay, qoqilib yiqildi, so'ng o'zini tiklab, o'tirdi. Keyin o'rnidan turib, munkillagancha gulxan yoqishga urinib ketdi. Tergan nam o'tinlari hadeganda alanga olavermadi. Gulxanni arang yoqib, qopidan yeguliklarni chiqarib, o'rtaga tashladi. Olov tafti qariyaga huzur bag'ishladi. Ajin bosgan qo'llarini qaltiratgancha ancha vaqt yonayotgan olovga cho'zib, xayol surib o'tirdi. G'orning ichiga razm soldi: “Ancha keng ekan”, deb qo'ydi o'ziga-o'zi. Tamaddi qilib olgach, olov atrofida kiyimlarini quritdi. Shu payt uning ko'ziga g'orning burchagida g'imirlayotgan bir narsa chalinib qoldi. Borib qarasa, kattagina toshbaqa. Uni qo'liga olib, ancha vaqt tikilib o'tirdi. Non ushatib, uning oldiga qo'ydi. Keyin g'or ichidan tashqarini biroz kuzatib o'tirdi. Yomg'ir bir maromda yog'ib turardi. Otaning zavqi oshib ketdimi, haytovur, tunni shu yerda o'tkazishga qaror qildi. Baribir, borar eshigi yo'q, boz ustiga, yolg'izlikni xush ko'radi. Giyohlar yetilishiga hali erta. Bu yerga kelganining boisi, qishda choyxonada rosa zerikkan. G'or ichida toshlar ustida yotib uxlashning iloji yo'q. Chol kuchi yetgan joyidan ko'chira olgan toshlarini olib, bir tomonga tera boshladi. Ancha vaqt tosh ko'chirish bilan mashg'ul bo'lib, terlab ketdi. Gulxan tafti g'or ichini isitib yubormasa-da, fayz kiritganday bo'ldi. Choponini toshlar ustiga yoyib, asta yonboshladi. Qopini boshiga yostiq qilib tashladi. O'y-xayollarga berilib, uzoq vaqt bir nuqtaga boqib yotdi. Shu tobda kampiri bilan o'tgan kunlarini yodga olgan bo'lsa, ajabmas. Yoki do'stini esladimi, har qalay, xayollar qariyani uzoq sayohatga chorladi. Yolg'iz insonning ko'rgan kuni qursin. Boz ustiga, qarilik. Bu pallada odam yosh boladay bo'lib qolarkan.

Sal narsani ko'nglingga olib qolasan. O'tgan umring ko'z oldingda gavdalanaveradi, to'yib-to'yib yig'laging keladi. Obid ota hozir g'or ichida yotib, shu holni boshidan kechirardi.

U o'rnidan turib, qo'liga pichog'ini oldi va g'orning chap tomonidagi toshlarni chiqarib, toshbaqaga uya qurmoqchi bo'ldi. Ota bilmaydiki, toshbaqa uchun butun tog' uya. Pichoqning toshlarga kuchi yetmadi. Keyin qopidan ildiz kovlaydigan teshasini chiqarib ishga soldi. Ancha vaqt urinib, bir qarich chuqurlikdagi toshlarni olib tashladi. Ish davomida kutilmaganda tesha nimagadir tegib, jaranglab ketdi. Qariya hayron bo'lib, o'sha joyni yana urdi. Yana temir jarangi g'or ichida aks-sado berdi. Otaning qiziqishi ortib, tez ishga kirishib, g'or sirini bilishga oshiqdi. Maydalab ko'chira-ko'chira, oxiri toshlar orasidan yumaloq, og'ir bir temirni chiqarib oldi. Obid ota ham anoyilardan emas. Darhol pichog'ini olib, uni qirtishlay boshladi. Bu qandaydir qo'ng'iroq edi. Topilmani uzoq tomosha qilib, nimaligini anglay olmagach, belbog'iga tugib, ko'p o'ylab o'tirmay, qishlog'iga yo'l oldi. Hansiragan ko'yi zilday temirni ko'tarib, qosh qorayganda qishloqqa kirib keldi. Choyxonada tunab, tong ottirgach, soatsozning ustaxonasi tomon yo'l oldi. Usta qo'ng'iroqni uzoq tekshirdi va dedi:

— Og'a, bu kumush qo'ng'iroqni qaerdan oldingiz?

— E so'rama, tog'dan topdim, bolam, — dedi Obid ota yutinib.

— Rosa uch yarim kilo ekan vazni. Boyib ketibsiz-ku, og'a, — dedi kulib, — menga sotmaysizmi?

— Qancha aqchaga olasan, bolam?

Usta atrofga qarab olgach, eshikni mahkam yopdi va shivirlab dedi:

— Ikkita otning xunini beraman, og'a, rozimisiz?

— Roziman, bolam, bor-baraka qildim, olaver, — deya qo'l siltadi otaxon.

Soatsoz bir dasta yirik pullarni sanab, otaning qo'liga tutqazdi.

Ota xursand. Ortidan soatsoz kelib, shivirlab qo'ydi:

— Otam, tuya ko'rdingizmi yo'q, o'raga sichqon tushdi, guldur-gup, — deb ikkalasi kulishib olishdi.

Obid ota o'sha kuni kampiri va do'stining ruhiga atab choyxonada elga xudoyi osh berdi. Ertasiga o'ziga yangi ust-bosh xarid qildi. Keyin qishloqdagi muhtoj oilalarga, qolgan pulini masjidga taqsimlab, duo oldi.

Otaning qidirgani shu duo edi. Yana qo'limga pul tushsa, endi Bolalar uyiga beraman, deb niyat qildi. Lekin qo'ng'iroq haqida hech kimga lom-mim demadi.

Oradan ko'p o'tmay, qiziq voqea ro'y berdi. Qishloqdan soatsoz ko'chib ketibdi, degan ovoza tarqaldi. Aytishlaricha, soatsoz shahardan dang'illama uy, ustaxona sotib olganmish, judayam boyib ketganmish, uyidan xazina topib olganmish, shu kabi dedi-dedi, mish-mishlar bolalab ketdi.

Bir kuni choyxonada Obid otaga qariyalar gazeta ko'rsatishib: “O'qing, oqsoqol, bu bizning soatsoz bo'ladi, qarang, gazetaga chiqarishibdi”, — deyishdi.

— Men savodsizman, o'qib bera qolinglar, — dedi qariya.

— Qisqasi, bizning soatsoz uyining poydevoridan uzoq tarixga ega, hindlarga tegishli kumush qo'ng'iroqni topib olib, uni juda katta pulga hukumatga sotibdi, qarang, baxti bor ekan, shovvozning! — deyishdi mo'ysafidlar.

Obid ota yutinib qo'ydi va asta so'radi:

— Agar men ham shunday qo'ng'iroqcha topib olsam, hukumat bergan pulga Bolalar uyi qurishga yetgan bo'larmidi?

— Ikkita Bolalar uyini qurardingiz, oqsoqol, — deyishdi choyxo'rlardan biri.

Obid ota o'sha kuniyoq toqqa yo'l oldi. To'xtab-to'xtab, dam olaverib, kechasi arang manzilga yetib bordi. G'or ichida tunab, tong otishi bilan ishga kirishdi. G'or ichini butunlay ko'chirib ko'rdi, lekin boshqa xazina topilmadi. Qariyaning hafsalasi pir bo'lib g'ordan chiqdi. Yana bir kun tog' bag'rida o't-o'lan terib, qishloqqa qaytdi. U amin bo'ldiki, azal-azaldan moziy sirlarini yashirib kelayotgan joylar hali ko'p ekan. Mana shu voqea ro'y berganiga ham bir yildan ko'p vaqt o'tib ketdi.

Ne-ne shohu sultonlar, boy-amaldorlar yashirgan xazinalarning qanchasi ona yer ostida yotgani haqiqat. Qolaversa, urush-janglarda yashirib qo'yilgan xazinalar ham behisob. Faqat shoh-sultonlargina boyliklarini baland tepalik, tog'u toshlar orasiga yashirganlar. Angliyada aka-uka ko'za yasovchilar ham qirda tuproq kovlayotib, behisob xazina topishgan.

O'tror, Turkiston, Sayram bag'rida ham hali ko'plab qadimiy yodgorlik va behisob xazinalar topilishi mumkin. Chunki bu tarixiy va sehrli o'lkalarda hali tizimli qazilma ishlari olib borilmagan. O'zimizning avliyolar makoni bo'lgan Sayram diyoriga kimlarning qadami tegmadi deysiz? Ne-ne anbiyolar, olim-ulamolar yashab o'tgan bu ona zaminimiz hali bizga qanchadan-qancha tarix sirlarini ochib beradi. Xazina bu faqat oltin-kumushda emas, oddiy bo'lsa-da, tarix tilsimini ocha olsa, kelajak tarixi uchun yangilik yarata olsa, u tariximiz zarvaraqlarini yanada boyitadi.

Ha, serquyosh Vatanimizning bag'ri tilsimlarga boy.

Ravshanbek UBAYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − one =