Ajib davra
Ilhom AHROR
Muallif haqida:
Ilhom AHROR Buxoro viloyatining Şofirkon tumanida tuğilgan.
Ilk şeʼriy turkumi “Yoşlik” almanaxida 1981 yilda eʼlon qilingan. Bugungaça ijodkorning “Tadorik”, “Tongni qöriqlayman”, “Gulçin çiroylar”, “Uyquga könikkan toğlar” nomli şeʼriy töplamlari, “Bozorga yuzlangan bola” hikoyalar kitobi hamda “Yetti iqlim dostoni”, “Qalbni yaşirib bölmaydi”, “Öz könglining musavviri” ilmiy-maʼrifiy risolalari naşr etilgan.
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi. Filologiya fanlari nomzodi.
Halima bibi keçki salqinda darvozasi oldiga çiqib ötirişni odat qilgan. U xonadonidan çiqib, doimiy joyiga ötirdimi, suhbatdoşlari ham oldinma-keyin kelib atrofiga joylaşib oladilar. Ular kelinlari keçki ovqatga çaqirişgunça suhbatlaşib ötiradilar. Gurungdoşlar nafaqaga çiqqan, oila taşvişidan bir qadar tingan bölsalar-da, ularning bari Halima bibidan kiçik va ularning heç biri xotirjamlikda yuzga yuzlaşayozgan bibiga tenglaşolmaydi.
Bugun ham odatdagiday davra böldi. Halima bibi qarasa, yiğilganlar orasida Muyassar yöq. U barçaga savol alomati bilan qaradi. Suhbatdoşlar buning sababini maʼlum qilişdi. Uning şahardan nevaralari kelgani, uydagilari yozgi dala işlariga maşğul bölganliklari uçun ularga Muyassar aya qarayotganini aytdilar. Kimdir uning kenja öğli jiyanlarini otalarining qarindoşlarinikiga borişiga tösqinlik qilayotganini ham şipşitib ötdi.
— Nega qöymaydi? — heç kimdan sado çiqmagaç, Halima bibi oçiq-yaşirin ayblanayotgan ayol himoyasiga ötdi. — Hozir hamma dala yumuşlariga botgan. Ayniqsa, bu yil örikning yili böldi. Ularni saranjomlaş oson emas. Muyassar öta andişali, öğli ham juda odobli. Ular birovlarni işdan qöyişni istaşmayotgandir!
Aslida, ahvol bunday emasdi. Muyassar şaharda turadigan qizining bolalarini özisiz birinçi bor kutib olişi. Qizi: “Oyi, bolalarim yozgi taʼtilni siznikida ötkazişmoqçi, u-bu işlaringizga qaraşişadi. Qişloq hayotini ham bir körişsin”, degandi. Katta nevarasi singlisi va ukasini olib kelib, buvisiga topşirib ketdi. Singlisi böyiga yetgan qiz, bu yil öninçi sinfga, ukasi esa sakkizga ötdi.
Muyassarning nevaralari bir qişloqda istiqomat qiladigan otalarining aka-ukalari va ammalarining uyiga borişlarini aytganlari, ammo kenja öğli bunga qatʼiyan qarşi ekanligi öylantirgandi. Öğli: “Ammang, amakilaring kelganingizni allaqaçon eşitişgan, nega sizlarni körgani özlari kelişmaydi? Nima, kelsalar, haydab yuboramizmi?” deya jiyanlarini niyatlaridan qaytarmoqçi bölardi. Aslida, öğilning eʼtirozida jon bor edi. Muyassar ayaning kuyovi ön yillar oldin Rossiyaga işga ketib, qaytmagan. Uzunquloq gaplarga qaraganda, öşa yerda boşqa oila qurgan. Şu-şu qudalar orasida bordi-keldi uzilgan. Amma-yu amakilar şahar bilan qişloq örtasidagi masofa, qolaversa, tirikçilikni vaj qilib, qadamlarini uzişgan. Hozir jiyanlarining ulğayib, qanday qiyofa olganliklarini bilişmasdi ham.
Xullas, toğa bilan jiyanlar orasidagi mojaro telefon orqali şaharda qolgan onaga yetib borib: “Buving bilan toğalaringga quloq solinglar”, degan qattiq tanbeh eşitganlaridan keyin barham topdi. Ammo qovoqlari osildi.
— Kimdir borib, Muyassarni çaqirib kelsin, — kutilmaganda köpçilikka murojaat qildi Halima bibi.
Köp ötmay davrada Muyassar aya hozir böldi. Körinişi, barça bilan xijolatomuz söraşişidan uning holi davradagilarga maʼlum bölgan ahvolda ekanligi sezildi.
Halima bibi dilidagi gapni yaşirib ötirmadi:
— Sen öğlingga töğri tuşuntir, nevaralaring xohlagan paytlarida otalarining qarindoşlarinikiga borib kelişsin. Borişsin, ular bilan körişişsin. Bunaqada el orasida gap köpayadi, sizlarni bilib-bilmay ayblaydiganlar topiladi. Borişsin, qanday qarşi olinişini ularning özlari körib-bilişsin. Agar ularga yaxşi eʼtibor berilmasa, özlari oyoq uzişadi. Sizlarning haqligingiz haqida öylay boşlaşadi. Buning nimasi yomon?
Bu gap köpçilikka maʼqul böldi. Muyassar aya bundan mamnun böldimi yoki xafa böldimi, heç kim bilmasdi, u bexos örnidan turib uyi tomon ketdi. Barça bir-biriga qarab qoldi.
Ertasiga keçki payt Muyassar aya kelib davraga qöşildi. U behad xursand edi, çunki öğlining fikrini özgartirgandi.
Halima bibi özini unga eʼtibor bermaganday tutdi. Uning nevaralari haqida ham boşqa gap oçmadi.
Davradoşlar boşqa mavzuga köçdilar.
Bu safar gurung tamomila boşqaça böldi. Aniqroği, Sokina ayaning oilasidagi örni muhokamaga tortildi.
— Uyiga borganimda, uning özini tutişiga hayron qolaman, — dedi Mohira aya, — xizmatda kelini bilan joy almaşadi. Ötirganingda yostiqni orqangga kelini emas, özi qöyadi. Özi ham yostiqsiz ötirgan böladi. “Özingizga ham oling”, deyman xijolat bölib. Uyiga mehmon kelganda eʼtibor körmagan bir mehmonga aylanadi.
— Kelinimning feʼli şunaqa, — özini oqlaşga tuşdi Sokina aya, — Mening kelinim baʼzi kelinlarday mehmonlar oldida muşuk, yolğiz qolganingda yölbars emas.
— Mehmonlar oldida seni eʼzozlamasa, keyingi hurmatdan nima foyda? — böş kelmadi Mohira.
— Ikkingizning ham xatoyingiz bor, — onaxonlarning diqqatini öziga tortdi Halima bibi. — Mohira, sening xatoying Sokinaning izzattalab emasligini bilmaganingda. Sokina, seniki esa hayotda öz örningni topmaganingda. Ota-onaning kelindan hurmat körişi yo körmasligi ularning öziga boğliq. Birinçidan, qaynona kelin qilişi kerak bölgan işga özini urmasligi lozim; ikkinçidan, farzandlarining öziga hamişa eʼtiborli bölişini talab qilişi kerak. Farzand eʼzozlamagan onani heç qanday kelin hurmat qilmaydi. Özini maqtayapti, demanglar-u, men pensiya olgan kunimning ertasigayoq farzandlarimdan biri bilan şaharga boraman. Xarajat xaltasi öğil yo nevaraning qölida böladi. Rastalar oşa yurib, könglimga yoqqan narsani oldiraman. Keyingi pensiyagaça heç narsaga ehtiyoj sezmayman. Bilasizlar, qizim şundoq yonimda — qöşni xonadonga tuşgan. Unga faqat har ertalab sut pişirib kelişini tayinlaganman. Kuyovim Hamidjon öğlimday bölib ketgan. Oy oxirida sut pulini unga beraman. Boşida ranjigan. “Bölmasa, sutni boşqadan olaman, sizlardan olişimning yaxşi tomoni — nonuşta payti qizim yonimda böladi, dasturxon yozib, özi yiğiştirib ketadi”, dedim. Şundan keyin sutning pulini oladigan böldi.
— Hayhotday hovlida yolğiz yaşaysiz, öğillaringizning turmuşi yaxşi, ularning birinikida tursangiz bölmaydimi? — Halima bibiga qitmirlik qildi Mohira aya.
— Ketsam, bu hovli huvullab qoladi. Şu uydamanki, öğillarim kunda şu yerda. Keyin erim rahmatlining ruhi tinçdirki, şu yoşda soğ-salomat, tetik yuribman. Orangizda birorta ovqat pişirganimni körgan bormi? Yöq. Öğillarim, nevaralarimda maşina bor. Telefonda kelişib olişadi — biri tuşlik keltirsa, boşqasi keçki ovqatni yetkazadi. Yonlarida hamişa xotinlari yo qizlari böladi. Keyin bemalol, özing xon, kölankang maydon bölib yurganingga nima yetsin?
— Halima bibiga hamma havas qiladi, — dedi siniq tovuşda Sokina aya.
— Töğri aytasiz, öğil-qizlari umrlaridan baraka topişsin. Kunda onalarining yonida, — uni maʼqulladi bir çetda indamay turgan Muhsina aya.
— Şunday deysiz-u, beş qöl baravar emas-da! — böş kelmadi Mohira aya. — Ota-onasining pensiya olişini kutib turgan farzandlar ham bor. Şundaylarning biri hazillaşgan bölib degan ekan: “Otam öqituvçilikdan pensiyaga çiqqanlar, onam işlamaganlari uçun faqat qarilik nafaqasi oladilar. Otamning pensiyalari onamnikidan uç-tört baravar köp. Xudo ota-onamdan birini olişi şart bölsa, oldin otamga tegmasin-da”.
— Bunga kim aybdor, ota-onaning özi emasmi? — jiddiy tortdi Halima bibi. — Pensiya yo nafaqasidan farzandlari foydalanişiga yöl oçgan kimsalar ularga yomonlik qilganlardir. Davlat keksalarga pensiyani yaxşi yeb-içişi, dam oliş maskanlariga borişi, kerak bölganda davolanişi uçun beradi, öğillarning uy solişi, töy-maʼrakalar ötkazişi uçun emas. Buni, ayniqsa, keksalarning özi bilişi lozim. Öz jigargöşalarini arpa berilişini kutib turgan qöy-eçkiga aylantirib qöymasliklari lozim.
Bu sözlardan davradagilarning bari negadir mulzam tortdi…
