“Majburiy” obuna tarafdoriman…
Bir necha yil muqaddam Toshkent viloyatidagi tuman xalq ta'limi bo'limlari (hozirgi tuman maktab va maktabgacha ta'lim bo'limi)dan birining mudirini obunani tashkil etgani uchun lavozimidan ozod qilishdi. Hatto qaerda obuna yaxshi yo'lga qo'yilsa, o'sha joy tanqidga nishon bo'ldi.
Nima emish, gazeta-jurnallarni o'qish dars jarayoniga aloqador emas emish. Nima emish, majburiy obuna juda katta xato emish. Dala ishlarida qatnashish, ko'chalarni tozalash darslarga aloqasiz deyishsa, tushunarli bo'lardi. Hayot oldimizga qo'yayotgan vazifalarni ta'kidlash, ilg'or ish tajribalarini targ'ib qilish qachondan buyon kundalik turmushimizga zid bo'lib qoldi?!
O'ylab ko'ring, o'zingiz sotib olgan avtomashina uchun majburiy sug'urta bor. Lekin bunga hech kim e'tiroz bildirmaydi. Noto'g'ri demaydi. O'zimning mashinam, ehtiyot qilib haydayman. Kerak bo'lsa, biror muammo chiqsa, o'zim hal qilaman, deya ayuhannos solmaydi. Jimgina har yili sug'urta polisini sotib oladi. Majburiy harbiy xizmat ham muqaddas burch. Undan bo'yin tovlash jinoyat hisoblanadi. Majburiy ta'lim — yanada to'g'ri va tushunarli. Lekin… ma'rifat va ma'naviyat ziyosini ulashuvchi matbuot nashrlariga obuna bo'ling deyishsa, buni qo'yib bersangiz, jinoyatga, noqonuniy bir yomon ishga tenglashtirishni istovchilar topiladi.
To'g'ri, har kim o'zi istagan gazeta-jurnalga obuna bo'lishga yoki bo'lmaslikka haqqi bor. Hech kim “falon nashrni o'qiysan”, deya majburlashi mumkin emas. Ammo shu o'rinda masalaning boshqa tomonini ham esdan chiqarmaslik kerak. Aytaylik, kitobxonlik masalasi. Agar biz farzandlarimizga yoshligidan “uni o'qi, buni o'qi” demasak, kitobga oshno qilmasak, ular kitob mutolaasiga mehr qo'yadimi? Yoki odam bolasi o'z-o'zidan kitobxon bo'lib qoladimi? Yo'q, albatta. Shu bois gazeta-jurnallarga obuna bo'lish masalasida targ'ibot-tashviqotni, qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish kerak. Zero, “majburiy”, “ixtiyoriy”, “obuna bo'l desang, o'zingdan ko'r”, “faqat bitta gazetaga obuna bo'lsang yetadi” deganga o'xshash do'q-po'pisalar, ogohlantirishlar butunlay lug'atimizdan olib tashlanishi shart. Shuning uchun joylarda hokimiyat, vazirlik va idoralar nashrlarga obuna bo'lish uchun tavsiyaviy ko'rinishdagi rejalarni bemalol ishlab chiqishlari mumkin bo'lishi kerak emasmi? Hozir esa viloyat, tuman, shahar rahbarlari ham hatto o'zlari muassis bo'lgan nashrlar uchun aqalli tavsiyaviy xatlar chiqarishga cho'chib qolishgan.
Xo'sh, nima qilmoq kerak? Obunani o'z holiga tashlab qo'yish kerakmi? Hammaga ma'lumki, o'z holiga tashlangan ish barbod bo'ladi. Boshqacha bo'lishi mumkin emas. Odam bolasining tabiatida tanballikka, dangasalikka moyillik borligi turgan gap-ku!
“Bizga obuna nimaga kerak? Mana, hamma narsa telefonimda bor-ku”, deyayotgan rahbarning birinchi galda ma'naviy olami qanday ekanini o'ylab ko'radigan vaqt yetdi, nazarimizda. Negaki, joylarda bo'lganimizda, odamlar bilan suhbatlashish asnosida matbuot xodimi ekanimizni aytsak, asosan: “Ha, hozir odamlar gazeta-jurnal o'qimay qo'yishdi-ya”, deyishadi. Bu gap go'yo “sizlar behuda ishlayapsizlar-da” degandek eshitiladi.
Shu mavzuda gap ketganda, OAV qatorida bo'lgan matbuot va ijtimoiy tarmoq, internet nashrlarini bir-biriga qarshi qo'yish hollari uchrayotgani sir emas. Aslida, har ikkala taraf ham tinglovchilar va o'quvchilarga ko'proq ma'lumot yetkazishdan manfaatdordirlar.
Shubhasiz, ular bir-birlarini to'ldiradilar va bu yo'lda maqsad sari muayyan marralarga erishilmoqda. Biz hech qachon “faqat matbuot amal qilsin, ijtimoiy tarmoq, saytlar nari tursin”, deyishga haqqimiz yo'q. Dunyoning qator rivojlangan mamlakatlarida ijtimoiy tarmoqlar ham, internet nashrlari ham, bosma nashrlar ham yonma-yon yashamoqda. Kim o'quvchilar qalbidan ko'proq, ishonchliroq joy egallasa, qandini ursin! Ya'ni nashrlarning yangi va ta'sirchan shakllardan borishga intilishini sog'lom raqobat sifatida qabul qilish kerak. Ochiq tan olaylik, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar masala mohiyatini lo'nda shaklda va tezkor yetkazishadi. Ammo ko'p hollarda biryoqlamalik, shoshma-shosharlik holatlari uchraydi. Savodxonlik masalasini aytmasak ham, o'qimishli odam ko'rib, bilib turibdi.
Matbuot nashrlariga kelsak, ularda birinchi galda o'tkir mulohaza, keng tahlil va atroflicha mushohada yuritish ustunlik qiladi. Uzoqni ko'zlovchi, o'quvchining qalb to'riga yetib boradigan maqolalar albatta ko'payishi kerak.
Yashirishga hojat yo'q, davriy nashrlarga obuna bo'lish ko'rsatkichi yildan-yilga pasayib boryapti. Bundan o'n-o'n besh yil oldin 100 minglab nusxada chiqqan nashrlar bugun o'n-yigirma barobar kam adadda chop etilyapti. Xo'sh, shu tarzda pastga sho'ng'ib boraverilsa, oxiri nima bo'ladi? Savolni yanada ko'ndalangroq qo'yaylik: qayoqqa qarab ketyapmiz? Matbuotdan yuz o'girish, undan mosuvo bo'lish hech kimni yaxshilikka eltmasligi aniq-ku! Mabodo chindan ham, bosma nashrlar “ortiqcha” bo'lsa, nima uchun eng rivojlangan davlatlardagi qator gazeta va jurnallar hamon yuz minglab nusxalarda chop etilmoqda? Nima uchun AQSh, Yaponiya, Hindiston, Angliya, Polsha, Fransiya va boshqa ilg'or yurtlar bosma nashrlardan voz kechmayapti? Bularni o'ylab ko'rish, ibrat olish, ulgi olish shunchalar qiyinmi?
O'zbekiston — ilm-fanda, madaniyatda, mafkurada el-yurt nazariga tushgan mo''tabar insonlar Vatani. Buyuk tamaddunlar beshigi. Xalqimizni ezgu, ijobiy qadriyatlar asosida tarbiyalayotgan ustozlarimiz, umuman, o'zini ziyoli deb hisoblaydigan yurtdoshlarimiz nahotki bu inqirozni sukut saqlab qarshi olishsa? “Ziyoli” so'zi o'zbek tilining izohli lug'atida “aqliy mehnat bilan shug'ullanuvchi; ilmli, o'qimishli, ma'rifatli” degan ta'rifda ifodalangan. Chin ziyoli hayotda faqat o'zi uchun emas, butun jamiyat a'zolarining saviyasi uchun ham mas'uldir.
O'zbek adabiyotida muhim iz qoldirgan adiblardan biri Xudoyberdi To'xtaboyev (Alloh rahmat qilgan bo'lsin) bir yig'inda: “Men xalqimiz saviyasi haqida hamisha o'yga botaman” deb jon kuydirganida naqadar haq edi. Jamiyatning oldingi safida borayotgan ziyolilar el-yurtning nafaqat buguni, balki ertasi uchun ham ana shunday munosabatda bo'lishi kerak, albatta. Xususan, birinchi navbatda bosma nashrlarni qo'llab-quvvatlashlari, o'zlari qiziqqan nashrlarga obuna bo'lishlari shart. Mana, tunov kuni televidenieda O'zbekiston xalq shoiri Usmon Azim: “Bizda qancha adabiyot muallimi bor, nega ular hech bo'lmasa “Sharq yulduzi”ni o'qishmaydi?” deya kuyunchaklik bilan fikr bildirdi.
Darhaqiqat, bugungi o'qituvchilar, boshqa nashrlarni qo'ying, o'zlarining kasbiy sohasiga taalluqli nashrlarni ham “unutib” yuborish darajasiga yetib kelishgan, desak xato bo'lmasa kerak!
Shu o'rinda gazeta-jurnallarga obuna bo'lishning yaxshilanishiga xalaqit berayotgan yana bir holat bor. Bu nashrlarni obunachiga o'z vaqtida yetkazish muammosi. Biz yaxshi eslaymiz, ilgari mahalla oralab yuruvchi pochtalonlarni ko'pchilik xursandchilik bilan kutardi. Endi xat-xabarni, matbuot nashrlarini egasiga yetkazish pala-partish holatda. Ba'zi joylarda kundalik gazetalarni hafta, o'n kunda, hatto undan ham kechiktirib olib kelishadi. Bu sohada tartib o'rnatish ba'zilar nazarida murakkabdek tuyuladi. Bizningcha, tartibga olish qiyin emas. Qarang, avtomashina tezligini oshirgan, o'rnatilgan qoidalarni buzgan haydovchilarga jarima qog'ozlari o'z vaqtida yetkazilyapti-ku! Demak, hammasini yo'lga qo'yish mumkin.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bir necha yil muqaddam o'qituvchilar bilan muloqotlari chog'ida “Majburiy obunani yo'qotamiz deb, ixtiyoriy obunani ham yo'q qildik” degani hamon yodimizda. O'shanda axborot texnologiyasi rivojlangan mamlakatlarda bosma nashrlar millionlab nusxalarda chop etilishi misol sifatida aytilgandi. Shu so'zlarni dilimizga tugib, kimlardan o'rnak olishimiz kerakligi haqida o'ylab ko'raylik. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun, shaksiz, matbuot ham kerak bo'ladi. Qolaversa, gazeta-jurnal o'qimagan kitob o'qishni ham yolchitmasa kerak.
Qachonki, odam bolasiga bolaligidan o'qish, mutolaa hikmati, zavqi singdirib borilsa, u hech qachon besamar ketmaydi. Aksincha, bugungi kundagidek faqat telefon yo internetga qaramlik kuchayib ketar ekan, bizning “majburiy obuna” deya qilayotgan xavotirlarimiz, “mehribonchiligimiz” alaloqibat sariq chaqaga qimmat bo'lib chiqishi muqarrar. Axir buning ko'rinishlari, hosilalari allaqachon turmushimizda o'z aksini ko'rsatmoqda. Bunga bugungi ijtimoiy tarmoqlardagi “hayot manzaralari”ning o'zi yaqqol misol, ko'zgu emasmi?
Xullas, matbuotni qo'llab-quvvatlash, asrab qolish zarur. Buning uchun esa obunani birinchi galda farzandlarimiz ta'lim-tarbiya oladigan maktablardan, oliy va o'rta maxsus ta'lim maskanlaridan, yana mahallalardan, madaniyat va san'at muassasalari, qo'yingki, jamiki tashkilot va korxonalar jamoalaridan boshlash kerak bo'ladi. Bu yo'lda xohish bo'lsa, istak bo'lsa, yechim albatta topiladi. Mablag'larning obunaga “etmay” qolishi mumkin emas. Zero, keyingi yetti-sakkiz yilda Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan shuncha ulug'vor ishlar, bunyodkorliklar, ulkan islohotlar ro'yobga chiqarilayotgan ekan, biz obuna masalasini hal qila olmaymizmi? Ulug' millatimiz, xalqparvar hukumatimiz bu masalaning ijobiy yechimini albatta topadi degan ishonchimiz bor.
Shuhrat JABBOROV,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan jurnalist.
