Qush uyasida ko'rganini qiladi
Atrofga boqqanimizda xuddi dunyo o'zgarib qolganday. To'g'ri, zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi hayotimizga ko'plab yangiliklar bilan keldi: oson aloqa, uzoqdagilar bilan yaqinday gaplasha olish va yana sanab sanog'iga yetolmaydigan qulaylik… Ammo… tanganing ikki tomoni bo'lganiday, bu davr insonni insondan uzoqlashtira boshladi. Bir uyda yashab gaplashmaydigan oilalar, farzandlari bilan o'ynamaydigan ota-onalar… Hech kimning vaqti yo'q. Hamma o'zicha band. Oldinlari bolalarga o'yinlar orqali turli pand-nasihatlar bilan o'stiradigan ota-onalar bugun farzandlari qo'liga yangi “IPhone” olib berib xursand qiladigan bo'lishdi. Qo'lida telefon ushlagan bola xohlagan narsani ko'ryapti, xohlagan narsasini o'rganyapti. Shundanmikan, deb o'ylab qolaman ba'zida hozirgi bolalarning agressivligi, tez jahli chiqishi, tartibsiz so'zlarni aytishi-yu quyushqonga sig'maydigan harakatlar qilishlari…
Aslida ko'zga ko'rinmas chegaralar bilan chizilgan odob har kimning o'z uyida shakllanadi. Shuning uchun xalqimizda “Qush uyasida ko'rganini qiladi” degan maqol bor. Lekin bu hikmat hozirgi davrga “to'g'ri kelmaydi”. Bundan bu yog'iga to'g'ri kelmasa ham kerak. Chunki endi bolalar uyida ko'rganini emas, ijtimoiy tarmoqlarda ko'rgan videorolik va mobil o'yinlarda ko'rganini takrorlayapti. Agar shu ketishda davom etaversa, kelajak qo'lida bo'lgan bu yoshlar ertaga kim bo'ladi ekan?
Go'yo hayotimizni o'zimiz uchun emas, ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchilarimiz uchun yashayotgandekmiz. Ovqat tayyorlashimiz, ko'chada sayr qilishimiz, do'stlar bilan uchrashuv, oilaviy munosabatlarimizdan tortib kunimizning soniyalarigacha “Story”larimizda ulashib boryapmiz. Inson ba'zida nima maqsadda yashayotganini unutib, sahifalarga joylagan rasm va videolarining “like”lari-yu ularga yozilgan yaxshi-yomon izohlarni o'zgartirishga bel bog'lagandek go'yo. Eng qizig'i, oxirigacha ko'rmay o'tkazib ko'rayotgan “reels”larimizning hammasida baxtli munosabatlar, bekamiko'st ro'zg'or va hashamatli uylar… Bularni ko'rib, baxtsiz inson yo'q bo'lsa kerak deb o'ylaydi kishi. Ammo nega unda janjallar ortidan uzilgan rishtalar soni yil sayin ortmoqda, murg'ak qalblar o'ksik qolmoqda? Hattoki shu janjallarni ham, oilaviy nizolarni ham kuzatuvchi ko'paytirish, “rekka chiqish uchun” ochiq-oydin joylashadi. Qaerda qolyapti bizning an'analarimiz-u madaniyat, uyat-andishalarimiz?
Men tengdoshlarimdan so'ramoqchiman: mayli, uyat-andishani bir chekkaga qo'yib, o'ylang, hozir nazdingizda sizga mashhurlik keltirgan bir-biringizga tosh otib aytilgan rost-u yolg'on bo'htonlarni yillar o'tib, farzandingiz ko'rsa, nima deb javob berasiz? Yoki izohingizga yozilgan nomunosib so'zlarni ota-onangiz o'qib qolsa-chi, ularning yuziga qanday qaraysiz?
“Hayot meniki, aralashma!” deyishingiz mumkin. Balki, siz haqdirsiz, ammo tarmoqlarda behuda o'tib ketayotgan umringizga ham achinmaysizmi? Har birimizga bir marta beriladigan umrni g'animat bilib, bizga nafi tegmaydigan virtual olamda emas, real hayotdan zavqlanib yashash yaxshi emasmi? Tan olaylik, hozir o'zimiz uchun bu hayotdan zavqlanmay qo'yyapmiz-ku!
Menimcha, har bir ota-ona bu vaziyatga mas'uliyat bilan yondashishi, internetdan ham chegara asosida foydalanib, qanday video bo'lishidan qat'i nazar, bolani ruhan va jismonan rivojlantirishga asoslangan, tarbiyasiga yomon ta'sir qilmaydiganlarini saralab olishlari zarur.
Yana bir gap: ko'pgina mamlakatlarda, xususan, bizga qo'shni bo'lgan davlatlarda ham darslarda maktab o'quvchilarining qo'l telefonidan foydalanishi taqiqlangan. Ta'lim maskaniga birorta o'quvchi telefon olib kirmaydi. Telefonini maktabga kirgunicha maxsus xonaga qo'yib kirishi mumkin. Bizda-chi? Ayrim o'quv maskanlarida bunga harakat qilinyapti, ammo umumiy tartib va nazorat yo'q.
Shu narsa aniqki, darsga telefon olib kirgan bolaning qulog'iga dars kirmaydi.
Darmonjon RUSTAMOVA,
O'zbekiston Milliy
universiteti talabasi.
