Shu ulug' kunlarda…

Xalqimizning sevimli shoiri, rahmatli Muhammad Yusufning “Xalq bo'l, elim” degan she'rini o'zi o'qiganda yurak urishlarimiz o'zimizga eshitilib, tinglaganmiz. O'zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova shu qo'shiqni maydonlarga ovoza solganida ham ko'p bor eshitganmiz. Har gal ko'nglimizdan “Koshki edi…”, “Qani edi shunday bo'lsa”, degan istaklar o'tgani ham bor gap.

Hazrati Cho'lpon orzularida qalbga ekilgan, ustoz Abdulla Orif alamlaridan ko'kargan xalq bo'lish istagi uzoq, juda uzoq yillardan buyon biz bilan birga yashaydi. Istiqlol yillarida, ayniqsa, keyingi yillarda xalqimiz hayotida muhim voqealar ro'y berganida odamlardagi jipslashuvni ko'rib, bir necha bor “Ozodlik baribir o'z ishini qiladi, ko'pchilik orasida dilga og'ir botadigan voqea-hodisalar qancha uchramasin, baribir bizda xalqlik belgilari tobora ko'proq namoyon bo'lmoqda”, deb o'ylaganim bor. Ammo bu gal Fransiyaning Parij shahrida o'tgan yozgi Olimpiada o'yinlari paytida va undan so'ng ko'nglimda hech qaysi quvonchga o'xshamagan bir sevinchu iftixorni his qildim. Bu galgi “Xalq bo'lyapmiz” degan ishonchimning tovushlari odatdagidan balandroq, odatdagidan ishonchliroq jaranglaganday, nazarimda.

Chunki biz bu o'yinlarni shunchaki sport tomoshasiday tomosha qilmadik. Millatimizning sha'ni, or-nomusi masalasiday qaradik. Bir paytlar turmush o'rtog'im Turkiya safaridan qaytib kelgach:

— Turkiyaning bitta futbol komandasi mehmonda o'sha joylik raqiblarini kichik hisobda mag'lubiyatga uchratdi. Istanbul tuni bilan uxlamadi bu xushxabardan, yoshlar bayroq ko'tarib ko'chalarga chiqqan, davlat madhiyasini kuylagan. Yo'llarda qarama-qarshi kelayotgan mashinalarning haydovchilari qo'llarini chiqarib, bir-birlarini tabriklashgan… Rosa havasim keldi, – degandilar.

Parijdagi o'yinlar bizga ham shunga yaqin ruh berdi. Sal mazam qochibroq qolgan edi, ukol qilishga kirgan hamshira ayol:

— Opa, ertaroq kirdim, bugun Diyoraning yarim final o'yini bor, bemalol o'tirib ko'rmoqchiman, – dedi. Bitta g'unchadan gulning chiroyini kutadigan menday odamga bu oddiygina aytish qancha g'urur berganini bilsangiz edi! Beixtiyor o'rnimdan turib hamshirani bag'rimga bosdim.

O'ylaymanki, bunday holatlar yurtimizning ko'plab shaharu qishloqlarida kuzatildi. Juda ko'plab yurtdoshlarimiz muhim voqealarni kutganday televizor oldida vaqtga qaramasdan mixlanib o'tirishdi. Har bir g'alabada uylari, hovlilarini boshiga ko'tarib shovqin solishdi. Aks-sadolari ijtimoiy tarmoqlardagi yozuvlarda ham aks etdi: “Barakalla!”, “Bo'sh kelma!”, G'alaba, faqat g'alaba!” Diyora Keldiyorova birinchi oltin medalga sazovor bo'lgan kun yurtimizda chinakam bayram bo'ldi. Diyoraning shohsupada ko'ziga yosh olgani, murabbiyining Diyoraga ta'zim qilgani… G'alabaning har lahzasi yurtdoshlarimiz yuragidan o'tdi. Ishxonalarda, avtobuslarda, yo'llarda shu gap… Kimdir “Diyora…” deb gap boshlasa, hech kim “Qaysi Diyora?..” deb so'ragani yo'q. Bir necha kunlar oralig'ida o'zbekka shuhrat tojini kiydirgan qiz hammamizning jigarimizday yaqin bo'lib qoldi. O'sha kunlari dunyoga kelgan ko'plab qizaloqlarga chempionimizning ismini qo'­yishdi. O'nlab she'rlar yozildi. She'r qachon yoziladi? Yurakka tuyg'ular to'lganda. Bir qaraganda oddiygina bo'lib ko'ringan bu holatlar menday yurtdosh­laridan hamisha birlik, birgalik kutadigan insonga xalqlikning belgilariday bo'lib tuyuldi. Har doim ham qaragim kelavermaydigan ijtimoiy tarmoqlarni oshiqib kuzatdim. “Bugun Ulug'bek bellashuvni boshlaydi, duo qiling, yurtdosh­lar!”, “Hasanboyning zafarli yurishi boshlandi, qo'llab turamiz!”, “O'zbekning Mayk Taysoni – Bahodir Jalolovga hech qanday shubha yo'q, u albatta ikkinchi bor ham olimpiada chempioni bo'lajak!”, degan iqrorlar millionlab yuraklarning aks-sadosi edi.

Xuddi shunday bo'ldi ham! Ko'z tegmasin sizga, o'zbekning asl o'g'lonlari! Olimpiadada farzandlarimiz qo'lga kiritgan har bir oltin medal xuddi umrimizning buyuk daqiqalaridek sanaldi: birinchi, ikkinchi, uchinchi… Setora qizimiz yutilgan kuni odamlarimiz chinakamiga junbishga keldi. Qo'yib berishsa, o'sha Parijga borib haq-nohaqlikni ajratib kelishsa, yumdalashsa… Ijtimoiy tarmoqlarda “O'zbek dunyoga bergan oltinlarini qaytarib olyapti” tarzidagi juda tagdor gap­lar ham paydo bo'ldi. Bu — fikriy harakatlarning jadallashuvi emasmi?..

Fransiyaga borgan ishqibozlar ishqibozlik darajasini ancha baland ushlashdi. “Temuriylar keldi”, “Boburiylar keldi” deya jo'r bo'lib o'zlarining kimliklaridan darak berishganida, Parij ko'chalari ham bir silkindiyov, nazarimda (faqat shu yerda Xorazmiylarni ham qo'shib aytishlarini istadim juda).

Ramziy do'ppi ham uzukka ko'z qo'ygandek bo'ldi. Kimning fikri bo'lsayam, balli! “Boshda do'ppi, g'oz yuradigan” o'zbek qiyofasi dunyo ko'zlariga yanada muhrlandi, dunyo ko'zlarida qoldi.

Olimpiadachilarimiz qaytib kelgandagi xalqimizdagi zavqu sururni so'z bilan ta'riflab bo'lmaydi. Boshkentdagi tantanalardan tashqari, har bir viloyat o'z qahramonlarini qanchalar faxru iftixor bilan kutib oldi! O'sha davralardagi ko'zlarga e'tibor berdingizmi, qorachiqlarda o't porillaydi, birorta nigohda hasad ko'rmadim. Havas, iftixor… Eh, qani edi, shunday nigohlar bilan yashab qolsak, yashayversak… Setoraga uy berilmasidan avval xalq uni g'oliba sifatida taqdirlashni talab qilib yoza boshladi… Balki, unga uy berilishi bilan odamlarning talabi orasida bog'liqlik yo'qdir. Lekin bir-birimiz uchun jon kuydirishimiz, yaxshiga yaxshilik istashimizning o'zi muhim.

Men ana shu quvonchlar, tabriklar aro uchib yurganimda uzoq yillik qo'shnim, inim Muhammad Yusufni (Alloh rahmat qilgan bo'lsin) ko'rgim, unga: “Mana, bir quvonchga butun xalq bo'lib quvonyapmiz, adolatsizlik deb o'ylagan holatimizga jon-jahdimiz bilan qarshi chiqyapmiz, qadamlarimiz birga, ovozimiz jo'r, demak, xalq bo'lyapmiz”, degim keldi.

Menga Olimpiada o'yinlaridagi yana bir ruhiyat juda yoqdi: bu turkiy tilli davlatlarning birlikka intilishi, bir-birini qo'llab turishi. Albatta, bu jahon ayvonida yashayotgan Alloh yaratgan hech bir millatga qarshiligim yo'q. Hammasi o'z uyi­­da emin-erkin yashayversin. Lekin qondoshlarning birligi, inoqligi dunyo hamjamiyatida katta ahamiyat kasb etadi. Birlik, birodarlik shunchaki do'stlik emas, kuch, qudrat sifatida baholanadi. Shu ma'noda turk, ozarbayjon, qozoq, qirg'iz, turkman qardosh­larimizning g'alabalariga bo'lgan olqishlar menga hayotimizga boshqacha bir iqlim olib kirayotganday tuyuldi.

Xuddi shunga yaqin hissiyotlarni yurtimizning eng katta musiqiy loyihalaridan biri “Ovoz”ni kuzatganimda ham his etdim. Barcha bosqichlar haqida gapirib maydalab o'tirmayman. Finalda men Ozodbek Nazarbekov o'z mansabidan foydalanadi, barcha san'atkorlarni o'z jamoasining g'alabasiga yo'naltiradi, deb o'ylagandim. Hatto uning Farrux Zokirov jamoasi g'olibasi Umida Qozoqboyevaning ovozini:

— Brilliant ovoz… – deganida ham bu aytishda soxtagarchilik bordek tuyulgan edi. Ammo natija haqqoniy bo'ldi. Adolatli natija, tomoshabinlar eng ko'p ovoz bergan Shohruhmirzoga g'oliblik e'lon qilinganda, Tohir Sodiqovning har bir ishtirokchi haqida gapirayotib:

— G'oliblikka arziydi, – degan iqrori ham, Farrux Zokirovning:

— Ana ovozu mana ovoz… – deya raqib jamoa ishtirokchilariga tan berishida ham men o'zim orzulagan bag'rikenglikni, o'zim orzulagan mehrni ko'rdim. Adolatni ko'rdim. Bular ham xalqlik belgisi emasmi?

Farg'onada O'zbekiston qahramoni Lola Murodova nomida qishloq xo'jaligiga ixtisoslashgan kollej ochilibdi. Unga Gulira'no ismli yoshgina dehqon qiz rahbar qilib tayinlanibdi.

Gulira'no: “Men Lola opadan o'rganganlarimni yoshlarga o'rgataman”, — deyapti. “Undan o'tib ketaman, men boshqa davrning odamiman, imkoniyatlarim katta”, demayapti…

“Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo”, deganlariday, menga shu kunlarning g'ururlari, quvonchlari oldida ko'p hollarda yuragimni og'ritadigan og'riqlar maydadek tuyulayapti. Go'yo xalq bo'layotgan xalqdagi og'riqlar, armonlar uqalanib, maydalanib ketadigandek. Va shu kayfiyatdan sira chiqib ketgim kelmayapti. Azizlar, sizlarni ham shu kayfiyat balandlik­larida turib hurriyat bayramimiz bilan tabrik­layman. Asli shu bayramning o'zi ham bizni xalq qilishga qodir katta kuch, shu yorqin kunlarning har lahzasidan qalbingizga kuch quyilsin!

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × five =