Olimp uzra hilpirar O'zbekiston bayrog'i
Bu kunlar shunchaki kelgan emasdir,
Shunchaki kelganmas bu kunlar shoni.
Suv kelsa simirib, toshni kemirib,
Rostdan temirmidi o'zbekning joni?
O'zbekiston — desak, chet elga borib,
Birov bilmas edi, ko'zga ilmasdi.
O'zbekiston — desak, rangi ko'karib,
Bilsa ham nopisand, tilga olmasdi.
O'zbekiston — desak, ensasi qotib,
“Shunday joy bormi?” — deb so'ragan dunyo.
Yuzin tersga burib, orqa o'girib,
Yo ko'rgan, yo rostdan ko'rmagan dunyo.
Bugun ko'r! O'zbekning aslzodlarin,
Bugun ko'r! O'zbekning o'g'lonlarini.
Ko'r! Vatan bayrog'in baland ko'tarib,
Ortga qaytmaydigan arslonlarini.
Kecha emasmidi yirtiq kalishda,
Kuzlarga egilib, qish o'tganimiz.
Kecha emasmidi og'zimiz qonab,
Butifos aralash qum yutganimiz.
Guldek bolalaring paxtaga haydab,
Qancha chempionni boy berdi dunyo.
“Afg'on urushi”da temir tobutda
Qabrda bolangga joy berdi dunyo.
Rangi siniq, ruhi siniq kelinchaklaring
Ko'zi yorar payti jon bergani rost.
“Oltin qo'lsan”, — deya aldanganlari,
Tuproq yalagani, tosh tergani rost.
Qancha go'daklarni qutqarolmadi,
“Bolalarning yuqumli shifoxonasi”.
Ketmonga suyanib toldi otasi,
Qirqida qirqilib qoldi onasi.
O'ylardik: bosh uzra yorug' kun bormi?
Bormikin g'oyibdan biror himoya?
Suyakni sindirdi kir “Paxta ishi”,
O'ylardik: sitamga bormi nihoya?
Daryo bo'yidagi suvsiz gul edik,
Mustaqillik bergan toj-taxtga qadar.
Necha bor qirildik, necha tirildik,
To ozodlik qadar, to baxtga qadar.
Nihoyat!
Nihoyat!
Shukur, nihoyat!
G'am tog'in qo'pordi sabr va bardosh.
Asriy muzliklarni sindirdi chil-chil,
Yurtboshim qalbidan nur sochgan quyosh.
Bugun oftob tegdi yelkangga, xalqim,
Bugun ko'zlaringda chaqnamoqda nur.
Olimpning eng yuksak maydoni uzra,
Muqaddas bayrog'ing hilpirar mag'rur.
Bu kunlar shunchaki kelgan emasdir,
Shunchaki kelganmas bu kunlar shoni.
Qopqonlardan o'tgan, o'pqondan o'tgan,
Rostdan temirmidi o'zbekning joni?
Bugun biz birlashdik, buyuk birlikdan,
Har bitta yurakda yuksaldi tog'lar.
Oltin meva berdi Olimpiadada,
Yurtboshim qo'lidan suv ichgan bog'lar.
Madhiya kuylansa yuzlarni yuvgan,
Shunchalar shirindir bu sevinch yoshlar?!
Shunchalar azizdir terlarning sho'ri,
Qontalash yuzlar-u yorilgan qoshlar.
Diyora bir yon-u, Sitora bir yon.
Yangi bog'lari bor O'zbekistonning.
Vodiysida bayram, vohasida to'y,
Xushnud chog'lari bor O'zbekistonning.
Bahodir, Hasanboy, Asadxo'jalar,
Lazizbeylari bor O'zbekistonning.
Shogirdin bolam, deb jonini bergan,
Murabbiylari bor O'zbekistonning.
Ulug'bek sultondek yulduzni urgan,
Ulug' sultoni bor O'zbekistonning.
Har bitta bolasi o'zi bir jahon,
Ayting, ne armoni bor O'zbekistonning?
Olimp cho'qqisida balanddan-baland
Shoni — bayrog'i bor O'zbekistonning!
Har o'zbek bolasin “bolamsan” degan,
Yurtboshisi — tog'i bor O'zbekistonning!
Zulfiya MO'MINOVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.