Ismingda Vatan bordir

Sirojiddin SAYYID,

O'zbekiston xalq shoiri

Diyora Keldiyorova. Parij – 2024

 Ismingda Vatan bordir,  nasabingda ham – Vatan.

Ichdan qasd qilib ichgan qasamingda ham – Vatan.

Bu qanday yuksak sharaf, qanday buyuk tan olish,

Millat Rahnamosining qutlovi senga bolish.

Keldiyor bobolarning shahdu shakar dilbandi,

Bir nomingdan namoyon yoru diyor payvandi.

Ey, nopisand dunyoni bir hamlada yenggan qiz,

Parij, London, Rumoda topilmagay senday qiz!

Bir yarq etdi olamning kecha va kunduzlari,

Porlaganday Parijda Samarqand yulduzlari.

Qizim desam yarashgay, singlim desam juda soz,

Bir lahzada bir xalqni eta olding sarafroz.

Sen olgan tillo tug'ro ko'ksingda yarq etgan dam,

Xira tortdi Farangning farang qandillari ham.

Bu eng yuksak sharafdir, bu bir buyuk tan olish,

Millat Rahnamosining so'zlari senga bolish.

O'ttiz besh millyon qalbday jimirlab ketdi ko'nglim,

Ey, mening polvon singlim, Diyorajon, jon singlim!

Bu bir kibor dunyodir – Chiroqchi yo Kosonmas,

Ovrupo panjasiga panja urmoq osonmas!

Oldingilar, qarasang, changlaringda qolibdir,

Bir o'zingmas – butun el, yaxlit Vatan g'olibdir!

Osiyodir bu olam “o”dan toki “yo”gacha,

Toki Tokiogacha, toki Tokiogacha.

O'shal yopon qizga ham mening rahmatlarim bor,

Yopon qizmas, aslida yig'ladi nomus va or.

Yuraklarim jimirlab yo'llay she'riy kalomlar,

Sharqqa bo'lsin salomlar! G'arbga bo'lsin salomlar!

Men sha'ningga so'z izlab halakman, ovorajon,

Diyorajon, jon singlim, jon singlim Diyorajon!

Oldingilar agarchi zaru oltinlilardir,

Eng go'zal oltinlilar – senday oltinlilardir.

Shu boisdan ko'ksimda zavqu sururim lim-lim,

Ey sen, onajon singlim, ey sen, jonajon singlim!

Mabodo kayvonilar chorasiz qolsaydilar,

Eyfel minorasini kurashga solsaydilar;

Shak-shubhasiz shu zahot kurashchan va shiddatkor,

Jismu joningda jo'shib momomeros g'urur, or –

Ona yurt bayrog'ini eng tepasiga qadab

Va bu zo'r g'alabangni elu yurtingga atab,

Eyfel minorini ham halol urib maydonda,

Qo'ltiqlab kelar eding ona O'zbekistonga!

28-30.07.2024 y.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 20 =