“Vatan manzumasi” dillarni manzur etdi

Vatan… Uning ulug'ligiga, buyukligiga, suyukligiga biror mezon bormi?

Nega biz uni onadek aziz, mukarram, tanho ataymiz? Axir vatanini sevmagan, qadrini bilmagan, yovdan himoya qilmagan kimsani odam o'rnida ko'rish mumkinmi? Aslo!

Vatan, ona tuproq tuyg'usi shu qadar aziz, muqaddaski, uni sevish, his etish tirik­likning, odamiylikning belgisi.

Ehtimol shu sababdan vatanning har qarichini, gardi, zarrasini ham bebaho ataymiz. Undan bir muddat ayro tushganda halovatimizni yo'qotamiz, ichikamiz, dilimiz hufton tortadi.

Ha, Vatanga muhab­bat, uni ardoqlash tuyg'usi har bir qalb fitratida, tabiatida mujassam. Shu boisdan ham ona yurtni asrab-­avaylash, himoya qilish har bir iymonli zotning muqaddas burchidir.

…Poytaxtimizning Anjumanlar saro­yida yig'ilgan qariyb ikki mingga yaqin vatandoshimiz O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf she'riga bastalangan qo'shiq eshitilishi bilan beixtiyor o'rnidan qalqdi. Yurtdoshlarimiz ona Vatanga muhabbatini, sadoqatini, yurt ravnaqi yo'lida bir tan-u bir jon ekanligini shu tarzda namoyon etdi.

Suyukli shoirimiz bitgan satrlarni yuraklarga hayajon solib kuylayotgan xonandani olqishlab, qo'shiqqa beixtiyor jo'r bo'lishdi:

Men dunyoni nima qildim,

O'zing yorug' jahonim.

O'zim xoqon,

O'zim sulton,

Sen taxti Sulaymonim.

Yolg'izim,

Yagonam deymi,

Topingan koshonam deymi,

O'zing mening ulug'lardan

Ulug'imsan, Vatanim…

 

“Vatan manzumasi!” Shu yilning 26 yanvar kuni o'tkazilgan adabiy-ma'rifiy kechada ishtirok etarkanman, undagi har bir chiqishni kuzatib, Vatan tuyg'usini qalbda o'zgacha g'urur va iftixor bilan his etdim. Prezidentimizning yaqinda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan xalqimizga yo'llagan tabrigida ta'kidlangan “Harbiy-jangovar salohiyat va yuksak ma'naviy salohiyat O'zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur” degan ibratli fikrlari qayta-qayta xayolimdan o'tdi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan Vatan himoyachilariga bildirilgan yuksak ishonch, ulug' vazifa ushbu adabiy-ma'rifiy tadbirning asosiy g'oyasi etib belgilangan edi.

Toshlarin tavof qil, tuprog'ini o'p,

Gardin ko'zga surtib tug'rosini o'p,

Har sahar yukinib bayrog'ini o'p,

Bu Ota Makondir, Bu Ona Yurtdir…

Nazarimda adabiy, ma'naviy-ma'rifiy kechaning qalblarni junbushga keltiruvchi, yurakka quvvat va umid beruvchi ushbu ash'or bilan boshlanishi bejiz emasdi. Zero, unda Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan yangicha islohotlar tufayli yurtimizda shakl­langan “Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon” degan ezgu an'anani, ayniqsa, ijodkorlar va harbiy xizmatchilar orasida yakdillikni yanada mustahkamlash, oliy maqsad — yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik va ma'naviy-axloqiy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ular qalbida ona yurtga sadoqat, mardlik va jasorat tuyg'ularini yuksaltirish, bu borada samarali targ'ibot ishlarini olib borishdek ezgu mujda mujassam edi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2023 yil 13 yanvar kuni bo'lib o'tgan yig'ilishida harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy va jangovar tayyorgarligini yanada oshirish, yoshlarda vatanparvarlik tuyg'usini yuksaltirish bo'­yicha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan qator tavsiyalar berilgani va ayni paytda ushbu tavsiyalar asosida harbiy qo'shinlarda ma'naviy-ma'rifiy, madaniy ishlarni rivojlantirish bo'yicha 2023 yilga mo'ljallangan “Yo'l xaritasi” ishlab chiqilayotganini alohida ta'kidlash joiz.

 

Dastur qilsa otalar Amir Temur tuzugin,

Taqsa oqil onalar To'marisning uzugin.

Allomalar haq so'z-la butlasa yurt buzug'in,

Yovqur bobolar ruhi bo'ron bo'lsa yurakda,

Istiqlolu istiqbol Turon bo'lsa yurakda.

O'zbekiston bo'lajak Xudo xushlagan Vatan,

Vatanki Tug', Tug'rosin Xumo ushlagan Vatan!

 

O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir shubhasiz milliy armiyamizning kuchi va qud­ratini belgilaydigan eng muhim omillardan biri — harbiy xizmatchilar qalbidagi vatanparvarlik tuyg'usi bilan bevosita bog'liq, payvasta ekanini namoyish etdi.

Shu bois bunday ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarning o'rni, ahamiyati bugun har qachongidan ham muhim, deb bemalol ayta olamiz.

Negaki, bugun dunyoda turli xavf-xatar va tahdidlar, qurolli mojarolar va to'qnashuvlar kuchayib borayotgan bir davrda harbiy xizmatchilar va yoshlarimizning yuksak vatanparvarlik tuyg'usini, jangovar ruhini kamol toptirishga qaratilgan bunday anjumanlarning ahamiyati beqiyos.

Kechada O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid “Vatan posbonlariga” deb nomlangan she'rini o'qirkan, beixtiyor Prezidentimizning “Bizga bu kuchni chetdan izlashning hojati yo'q. Shonli tariximiz, boy ilmiy va madaniy merosimiz, bahodir ajdodlarimizning hayo­­ti va faoliyati biz uchun chinakam ibrat maktabi” degan so'zlari qayta-qayta dildan o'tdi.

 

Jahon xoli emas xavfu xatardin,

Diyoru yorga qalqon, posbonlar.

 

To'kib yulduzlarini yelkangizga,

Egilsin sizga osmon, posbonlar.

 

Ko'kargay hurligu tinchlik bilan el,

Zamonu davru davron, posbonlar.

 

O'zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Bilga hoqon” romanidagi Bilga hoqon tilidan aytilgan quyidagi chaqiriq esa ona yurt uchun, ozod va hur kunlarimiz uchun bebaho meros, ulug' qadriyat ekanligini qayta uqtirgandek bo'ldi:

 

“Mening beklarim, budunim. Xoqoningdan, beklaringdan, yer-suvingdan ayrilma!

Turkiy budun, to'g'ri bo'l – ezgu bo'lasan. Uyingga kirasan, qayg'usiz bo'lasan.

Mangu tosh o'ydirib yozdirdim. Ko'nglimdagi so'zimni yozdirdim.

Ko'nglimdagi so'zim shudir:

Erdan qul bo'lmas!

Alpdan qul bo'lmas!

Bizdan qul bo'lmas!”

 

Ha, Yaratganga shukrki, yurtimizda ne-ne ulug' bobolarimiz, ajdodlarimizning necha-necha asrlar davomidagi orzu-armonlari ushalganiga mana o'ttiz yildan oshdi. Istiqlol baxti, sharofati bilan xalqimiz o'z erkiga ega bo'ldi. O'zgalarga qaram bo'lmagan, o'z ona tuprog'imizni, elimizni mard va jasur o'g'lonlarimiz ishonchli himoya qilish salohiyatiga ega bugun.

Alohida ta'kidlash joizki, O'zbekiston Res­publikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo'mondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy armiyamizni isloh qilish, jumladan, zamonaviy harbiy kadrlarni tayyorlash, ularning jangovar ruhini va ma'naviy tafakkurini oshirish borasida muhim ishlar ro'yobga chiqarilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining topshirig'iga ko'ra, O'zbekiston Respub­likasi Mudofaa vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Qurolli Kuchlar tizimi harbiy xizmatchilari, harbiy ta'lim muassasalari kursantlari uchun “Mard askarga sovg'a” turkumida ixcham kitoblarni nashr etish yo'lga qo'yilgani savobli amallardan biri bo'ldi. Bundan tashqari, shoir va yozuvchilar, tarixchi olimlar, san'atkorlar, teatr va kino aktyorlari, rassomlar doi­miy ravishda harbiy qismlarda bo'lib, askar va zobitlar bilan uchrashuvlar o'tkazmoqda. Zamonamiz qahramonlari bo'lgan mard va vatanparvar harbiylarimiz haqida turli badiiy asarlar yaratilmoqda. Xususan, Mudofaa vazirligi qoshida tuzilgan Jamoatchilik kengashida ko'plab taniqli ijodkorlarimiz faoliyat olib bormoqda.

“Vatan manzumasi” haqidagi fikrimizni davom ettirib shuni qayd etish joizki, unda ona xalqqa sadoqat tuyg'usi ulug'langan, ting­lovchilarning ma'naviy olamini yuksaltiradigan eng sara she'rlar taniqli va yosh shoirlar, iste'dodli aktyorlar tomonidan o'qildi. Vatanni sharaflovchi ta'sirchan qo'shiqlar ijro etildi. Ayniqsa, taniqli shoira Zebo Mirzo “Kishan kiyma” she'rini o'qiganda ko'zlardan yosh qalqdi:

 

Kishanlar kiyaymi,

Bo'yin egaymi,

Erkimni beraymi senga qaytarib?

O'zni unutaymi,

Qonlar yutaymi,

Turaymi qoshingda mute, muztarib?!

Chopaymi

Chopilgan tomirlarimni,

Sug'urib beraymi tilimni?!

Bir “hayt!” deb,

Sermasang qamchining,

Qul qilib beraymi Elimni?!

Ko'zimni yumaymi,

Endi ochilgan

Tarixning asotir kitoblaridan?

Yuzimni buraymi,

Yovdan yuzini

Burmagan ajdodim xitoblaridan!?

 

Yoxud ushbu she'r davomidagi quyidagi o'tli, mardona satrlar kimni hayajonga solmadi deysiz:

 

O'ynashma

Millatning g'ururi bilan,

Millatning Nomusi, Oridir – bu Erk!

Ona degani bu – Ona tilidir!

Va butun bir xalqning boridir – bu Erk!

 

Jonini jahonga

Jon deb ulashgan

Ulug' bir Onamiz – shu Vatan haqqi,

Kelsang,

Odamday kel! –

Bag'rimiz ochiq,

Non haqqi, tuz haqqi, jonu tan haqqi!..

Istibdod sirtmog'in

Bo'ynimga solmoq –

Bo'lsa agar qasding,

Umidingni uz!

Koinot qalbida

Porlab turibdi

Bugun O'zbek degan munavvar bir So'z!

 

E'tiborlisi, muhtasham Anjumanlar saroyidagi katta ekranda ana shunday har bir chiqishlarning ma'no-mazmunini ifodalaydigan, uning ta'sirchanligini oshirishga qaratilgan videolavhalar, teatrlashtirilgan badiiy kompozitsiyalar namoyish qilindi. Vatan himoyasi yo'lida halok bo'lgan harbiy xizmatchilar xotirasi yod etildi, marhum shoirlarning ovozlaridan – o'zlari o'qigan she'rlardan ham unumli foydalanildi. Ona yurtning ulug' farzandlari, betakror ijodkorlari yodga olindi…

Tadbirda xalq vakillari — deputatlar va senat a'zolari, vazirlik va idoralar mas'ul xodimlari, askar va serjantlar, zobitlar, harbiy ta'lim muassasalari va “Temurbeklar maktablari” kursantlari, maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim hamda oliy o'quv yurtlarining o'qituvchi va murabbiylari, nuroniylar, mahalla, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari vakillari, ilmiy va ijodiy ziyolilar, keng jamoatchilik namoyandalari, OAV vakillari ham mazkur adabiy-ma'rifiy kechaning shunchaki mehmoni emas, balki ishtirokchilariga aylandi, desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Sababi bu tadbir barcha-barchani ona Vatan, aziz yurtimiz, mehnatkash va fidoyi elimizning nafaqat boy va uzoq tarixi, balki yelkasiga cho'ng maqsadlar, orzu-niyatlarni olgan buyuk millatning buguni hamda ertasi haqida o'ylashga, mushohada qilishga, bir   kuchga, bir mushtga aylanishiga ilhom va shijoat baxsh etdi.

Adabiy-ma'rifiy anjumanda ona Vatan va xalqqa sadoqat tuyg'usi ulug'langan, tinglovchilarning ma'naviy olamini yuksaltiradigan eng sara she'rlar mualliflar va iste'dodli aktyorlar tomonidan o'qilgani kechaning yanada jonli, mazmunli kechishiga xizmat qildi, iqtidorli yosh ijodkorlarni kashf etdi.

Ehtimol, shu sababdan ham bir necha kunlardan buyon ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mazkur adabiy-ma'rifiy kecha haqida qizg'in ijobiy fikr va munosabatlar davom etmoqda. Masalan, O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali shunday yozadi:

“Ishonch bilan aytish mumkinki, Anjumanlar saroyida o'tgan kecha ko'ngillardan joy oldi. Prezidentimizning ma'naviyat va ma'rifatga bo'lgan e'tibori, o'zligimizni ang­lashga, ona tilimizni yanada qadrlashga bo'lgan da'vatlari unda mujassam tarannum etildi. Vatanimiz posbonlarining bugungi shijoati, yovqur bobolarimizning mahorati va jasoratini o'zida mujassam etgan askarlarimizdan faxr-iftixor tuydik”.

Yoki shoira Mahfuza Imomova o'z taassurotlarini ijtimoiy tarmoqlarda quyidagicha ifodalaydi:

“Vatanni sevmoq — iymondandir, deydilar. Iymoni but inson — Vatan deydi, elim deydi. O'zligini shu el, Vatanidan ayro tushunmaydi. Shuning uchun ham iymonsiz kimsalarda Vatan, or-nomus nima qilsin? Undaylar bir manfaatning quli bo'lishadi, xolos. Kechada qatnashar ekanman, ulug' o'zbek millatining farzandi ekanligimdan yanada faxrlandim. Tomirlari ona zaminga uzoq ketgan, o'tmishi boy, buguni oliy maqsadlarni o'zida bor etgan, ertasi yorug', nurafshon yurtda yashayotganimdan g'ururlandim. Qalblarga ana shunday faxr va iftixor tuyg'usini yanada alanga oldirdi ushbu kecha. Vatanimiz hamisha omon bo'lsin!”.

Shunisi e'tiborliki, bunday samimiy, yurakdan bildirilayotgan fikrlar tadbirning har bir ishtirokchisi ko'nglidan kechdi.

Shu boisdan ham “Vatan manzumasi” adabiy-ma'rifiy dasturi mamlakatimizdagi barcha harbiy qismlar, okruglar, harbiy ta'lim muassasalarida, maktablar, oliy o'quv yurtlari va mahallalarda, ayniqsa, uyushmagan yoshlar orasida keng namoyish etilsa, Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi, Madaniyat va turizm vazirligi, Res­publika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ana shunday adabiy-ma'rifiy kechalar har chorakda yoki har yili an'anaviy tarzda o'tkazilsa xayrli ish bo'lur edi. Telekanallarimizda ko'proq namoyish qilinishi, OAVda keng yoritilishi maqsadga muvofiq bo'lardi. Zero, bunday tadbirlar vatan posbonlarining, yoshlarning ma'naviy-ma'rifiy hamda harbiy-jangovar salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Olimjon O'SAROV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + 1 =