Ildizi baquvvat xalqmiz

Vatan ostonadan boshlanadi, deyishadi. Men ham mana shu Vatanda tug'ildim, o'sdim, voyaga yetib, kamol topdim. Vatanim taraqqiyoti va rivojiga ozgina bo'lsada hissa qo'shmoq maqsadida, bugun Farg'ona politexnika institutida mehnat qilmoqdaman. Yurt oldidagi farzandlik burchimni oqlamoq niyatida, kelajagimiz va ertamiz bo'lgan yoshlarga ta'lim-tarbiya berib kelyapman. Hamisha Vatanni sevgan, ardoqlagan inson sifatida, beixtiyor “Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir” degan muborak hadis ko'nglimdan o'tadi…

Bugun dunyoning ayrim mamlakatlari urush olovi ichida yonayotgan damlarda yurtimizdagi tinch va osuda hayot, musaffo osmon ostida yashayotgan odam borki, barchasi, baxt­dan masrurdir. Istiqlol bergan bebaho ne'matlardan bahra olib, yurt koriga kamarbasta bo'lmoq niyati dillarga joylangan. Ana shunday nurli o'ylar og'ushida tarix sahifalarini varaqlayman, Alisher Navoiy, Hakim Termiziy, Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Abu Ali ibn Sino, Forobiy, Qoshg'ariy, Beruniy, Farg'oniy, Xorazmiy, Marg'inoniy… Bunday ulug' zotlar nomini yana va yana davom ettirish mumkin. Shu o'rinda ulug'larimizdan birining “Ildizi baquvvat xalqning farzandlarimiz” degan so'zlari yodga keladi. Albatta, bu so'zlar topib va tan olib aytilgan. Bu kalomlar zamirida ertangi kunga ishonch hissi bor edi. Naz­dimda, bu so'zlar yurtning yoshlari, dunyolarga alishmaydigan farzandlari kelajagi qanday bo'lishiga bir ishora, go'yoki, ularning ajdodlarga munosib voris bo'lib tarbiya topishi va bildirilgan ishonchni oqlashidan darak edi. Ha, bugun bu so'zlarni bejiz yodga olmadim. Bugun yurtimiz yoshlari kun talabidan kelib chiqib, Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlarga javoban, faqat oldinga intilib, yuksak marralar sari borib, ulkan yutuqlarga erishmoqdalar. Boshqacha aytganda, Eng ulug' va eng aziz bayramimiz — mustaqillik ayyomini munosib to'yonalar bilan kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida Farg'ona politexnika institutida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Sizu biz uchun muqaddas va aziz maskan bo'lgan O'zbekistonning mustaqilligini munosib tarzda nishonlash niyatida kuni kecha Prezidentimiz tomonidan “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni yuqori saviyada o'tkazish to'g'risida”gi Qarori e'lon qilindi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarni yangi bosqichga ko'tarish, inson huquq va manfaatlari, uning qadri, sha'ni va g'ururini yetakchi o'ringa olib chiqish ustuvor vazifamizga aylanganligi bugungi kunimizning hayotiy haqiqati hisoblanadi.

Aziz yurtdoshim, Vatan haqida so'zlab, Eng ulug' va eng aziz bayramimizni yuksak saviyada nishonlash va uni ko'tarinki kayfiyatda kutib olish haqida siz bilan o'rtoqlashgim kel­yapti…

Institutda shunday talabalar borki, beixtiyor dunyolarga alishmaydigan yutuqlarga erishayotgan shunday farzandlarimiz borligidan faxrlanasan.

Demak, qisqacha oliygohimiz iqtidorli yoshlari haqida: FarPI talabasi Mirzajonov To'lqinjon Erkinjon o'g'lining Respublika miqyosida o'tkazilgan sportning ushu-sambo turining Ushu-sambo yo'nalishi bo'­yicha 1-o'rinni egallab, Osiyo o'yinlariga yo'llanmani qo'lga kiritishi, aynan shu talabamizning yana sportning taekvondo do ITF yo'nalishi bo'­yicha Osiyo o'yinlarida 3-o'rinni egallashi, Yengil sanoat va to'qimachilik fakulteti talabasi Abdullajonova Nafisaxonning sportning bahodirlar o'yini va tosh ko'tarish turi bo'yicha 55 kg. vazn toifasida O'zbekis­ton chempioni degan sharafli nomga sazovor bo'lgani, ushbu sportchimizning fao­liyati jarayonida 11 marta O'zbekis­ton chem­pioni, 1 marta Osiyo chempioni bo'lgani hamda Jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritganligi, Kompyuterlashgan loyihalash tizimlari fakulteti talabasi Mirsultonov Asadbekning sportning ushu-sanda turi bo'yicha Osiyo chempionatida 1-o'rinni egallashi, Rossiyaning Ufa shahrida Yevro Osiyo chempionlik aralash san'ati bo'yicha bo'lib o'tgan musobaqada Shohjahon Yo'lbarsovning g'oliblikni qo'lga kiritishi, Umar­aliyev Javlonbek Hamzabek o'g'lining O'zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi, Murodilov Hasanboy Tolibjon o'g'li, Siddiqov Muhiddin Zayniddin o'g'li, Mirzarahimov Mirzohidbek Alisher o'g'lining O'zbekiston Respub­likasi Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi, Shohsanam To'ychiyevaning O'zbekiston Respublikasi Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi, Asraqulov Ilhomjon Jumaboy o'g'lining O'zbekiston Res­publikasi Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohib va sohibalari bo'lganligi, Respublika miqyosida o'tkazilgan “Mirzo Ulug'bek vorislari” tanlovining yakuniy bosqichida FarPI talabalari Muhammadjonov Qudratbek Ulug'bek o'g'li, Sayidaxmetov Saidakramxon Tohirjon o'g'li, Ismoilov Islombek Jahongir o'g'li, Nishonov Kamoliddin Ahrorjon o'g'li, Obidjonov Zafarjon Odiljon o'g'lilarning g'olib­lar safida bo'lishi, OTM talaba yoshlari o'rtasida an'anaviy o'tkazib kelinayotgan “Yilning eng faol talabalar teatr stu­diyasi” res­publika tanlovida institutning “Qirguli” teatr jamoasining g'oliblikni qo'lga kiritgani, bundan tashqari joriy yilda institutning taniqli olimlaridan Lola Mamadaliyevaning texnika fanlari doktori (DSc) hamda Muyassar Umurzakovaning texnika fanlari doktori(DSc) ilmiy darajasini olishi va institutning professor-o'qituvchilaridan 22 nafari falsafa doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilganligi, xalqaro lo­yihalardan MechaUZ loyihasi doi­rasida Latviya, Litva, Portugaliya davlatlariga, SPACECOM lo­yihasi doirasida Fransiyaning Sarbonna universiteti hamda Belgiyaning Antverpen shahridagi AP Hogeschool universitetiga institut professor-o'qituvchilaridan iborat delegatsiya tashrifining amalga oshirilishi…

Bundan tashqari oliy ta'lim o'chog'imizga 20 dan ziyod xorijiy OTM va tashkilotlar delegatsiyalari tashrifi uyushtirilganligi, o'z navbatida uchrashuvlarda 40 ga yaqin hamkorlik shartnomalari va memorandumlar imzolanganini alohida e'tirof etishni joiz deb o'ylayman. Yana g'urur bilan aytishim mumkin: Turkiyada Turkiya-O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari Forumida Turkiyaning nufuzli universitetlari bilan 4 ta hamkorlik shartnomalari, 6 ta anglashuv memorandumi imzolangani, Xiroshima, Kanazava, Osaka universitetlari bilan turli yo'nalishlarda hamkorliklarni yo'lga qo'yilgani, institut tarixida birinchi marotaba xalqaro e'tirof etilgan tashkilot Times Nigher Education reyting agentligi tomonidan e'lon qilingan reyting­­ga kiritilishi, Intellektual mulk agentligi tomonidan “Ijodkorligi uchun” oltin medali bilan ins­titut jamoasining taqdirlanishi, Farg'ona politexnika institutida ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat ko'rsatish uchun mo'ljallangan jami 15 ta markaz va spin-off kompa­niyalar, 2 ta Farg'ona politexnika instituti ta'sischiligida mas'uliyati cheklangan jamiyatning faoliyati yo'lga qo'yilganligi, dunyoning nufuzli top-1000 taligiga kiruvchi OTMlarida institutning 72 ta professor-o'qituvchilari o'quv mashg'ulotlari o'tkazishi, institutga 81 nafar xorijiy professor-o'qituvchilar kelib dars mashg'ulotlarini olib borishi… bunday yoqimli ma'lumotlarni aytsam “adashib” ketaman: Institutimizda “Quvnoqlar va zukkolar” klubi faoliyati yo'lga qo'­yilgan. “Talabalar teatr studiyasi”ning tashkil etilib ulkan yutuqqa erishishi, boshlang'ich tashkilot qoshida “Mobil guruh”, “Yoshlik ansambli” nomli havaskorlik ijodiy klubi hamda “Zakovat” intellektual klublari reja asosida belgilangan vazifalarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birgalikda, talaba yoshlar uchun #Hayot uchun, donorlik, “Mehrli qo‘llar” va “Sahovatpesha talaba”, “Kitob ulashaman”, “Yashil makon”, “Inson qadri uchun”, “Qadr va_ezgulik_beshigi_mening_mahallam” nomli aksiya va loyihalar amalga oshirilgan. Respublika ijodkor yoshlarining “Hilol” nomli she'riy to'plamiga 8 nafar iqtidorli ijodkor talaba yoshlarimizning maqola va she'rlari kiritildi. Ularning ijod namunalari vaqtli matbuot sahifalarida muntazam chop etib boriladi. Iqtidorli yoshlarimizning televidenie va radio dasturlarida chiqishlar qilayotganligi esa bu sohada olib borilayotgan ishlarning ko'lami qay darajada kengligidan dalolat.

Bugun qalbi yoniq, shijoatli yoshlarimiz go'zal Farg'onamiz, yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, ona Vatan oldidagi farzandlik burchini bajarmoqda. Bularning barchasi tabiiyki, istiqlol bergan imkoniyatlar va Prezidentimizning yoshlarga berayotgan e'tiboridan mamnun holda maqsad sari intilmoqdalar.

Shubhasiz, shu yurtda yashayotgan har bir inson borki, dilda bir g'oya. Barchasining yuragidan “Yangi O'zbekistonda el aziz, inson aziz!” degan ezgu o'y kechmoqda. Ha, bu g'oya zamirida nelar yotganini shu yurtni asramoqchi, avaylamoqchi, qadrlamoqchi bo'lgan farzand borki, anglab yetadi. Bugun O'zbekiston o'z yo'lini topib olgan va zamonaviy yuksalib borayotgan davlatlar qatoriga o'tib olgani sir emas. Albatta, yurtda erishilayotgan barcha yutuqlar borki, bari istiqlol tufayli.

Bugun O'zbekiston iqtisodiy jihatdan o'sib borayotgan, salohiyatli davlatga aylandi. Bu davlatda barcha narsa inson uchun qilinyapti. Olib borilayotgan ishlar zamirida inson salomatligi va uning farovon hayot kechirishi, hayotdan rozi bo'lib yashashi, inson erki, sha'ni, g'ururi, qadri nazarda tutilgan. Muqaddas istiqlolimiz sabab bugun yurtimiz jannatiy go'shaga aylanib boryapti. Ta'lim dargohlarimizda yaratilgan imkoniyatlar yoshlarimizning o'qib bilim olib, yurt og'irini yengil qiladigan farzandlar bo'lib kamol topishida alohida rol o'ynaydi hamda bundan to'g'ri va oqilona foydalangan, Vatan nomini doim dilida tutgan, yurtni sajdagohdek muqaddas deb bilgan, Vatan qadrini baridan ustun qo'yadigan Farg'ona zamini farzandlari bundan-da ulkan g'alabalar sari intilib, yutuqlar karvonini hozirlashda davom etishiga shubha yo'q.

O'ktam SALOMOV,

Farg'ona politexnika instituti rektori,

texnika fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 6 =