Shuni ham o'rgating, muallim…

yoki o'qituvchi haqida o'qiganlarimiz

Muallim, ma'rifat, ma'naviyat, mutolaa… Bu so'zlar mudom uyg'unlikda jaranglaydi. Quyida o'qituvchilarga ehtiromning badiiyatdagi talqini xususida ozroq so'z yuritishga jazm etdik.

Qalblarga solingan ko'prik

Turkiy xalqlar adabiyotida mashhur qirg'iz adibi Chingiz Aytmatovning nomi alohida o'ringa ega. Sevimli adibimizning asarlari orasida «Birinchi muallim» qissasi ayniqsa, mashhur. Asardagi o'qituvchi Duyshen obrazi pokiza qalb egasi, metin irodali, mardonavor kurashchi, qalbini bolalarga baxshida etgan inson sifatida tasvirlangan. Mana bu satrlarga bir e'tibor bering: «Ko'prik solishga yog'och topish uchun Duyshen har qancha harakat qilsa ham bo'lmadi. Bir kuni maktabdan qaytayotganimizda, bolalarni ariqdan o'tkazib qo'ydik-da, Duyshen ikkalamiz ariq bo'yida qoldik. Suv kechishdan qutulish uchun tosh va chimdan hatlamchi yasamoqchi bo'ldik. Rostini aytganda, ovuldagilarning o'zlari insof qilishsa, shu yerga ikkita-uchta taxta olib kelib tashlashsa, ko'prik ham bitardi-qo'yardi, lekin u zamonlarda o'qishning ma'nosiga aqli yetmagan xaloyiq, Duyshenni anchayin bekorchi afandi deb bilishardi. Chidasang o'qit, bizni tinch qo'y, deganday ot kechgan yerga ko'prik solib o'rganmagan odamlar, bizning mushkulimizni oson qilish yetti uxlab tushlariga ham kelmabdi-ya! Lekin ular tanalariga bir o'ylab ko'rishsa bo'lardi: nima uchun boshqalardan ortiq bo'lsa borki, lekin kam yeri bo'lmagan, aqli hushi joyida bu navqiron yigitning shuncha azob-uqubat, xo'rliklariga qaramay, tirishib-tirmashib ularning bolalarini o'qitib, qo'lidan kelganicha ularga ilm berayotganining vaji nima edi?

Biz o'sha kuni ariqqa hatlamchi solayotganimizda birinchi qor tushgan edi. Suyak-suyaklardan o'tib oyoq-qo'lni qaqshatgan muzdek suvda Duyshenning oyoqyalang bo'lib olib, katta-katta xarsang toshlarni ko'tarib yurganiga hali-hali aqlim yetmaydi… “Duyshen yax kechib solgan ko'prik aslida ariqqa emas, bolalarning qalbiga tomon solingan edi”. Adib bu obraz orqali oddiy xalq ziyolisi —   o'qituvchining betakror ichki dunyosini mahorat bilan ochib bergan.

Qashqirlarni qo'rqitgan daftarlar

Xorazmda Matnazar Abdulhakim   degan shoir yashab o'tdi. Uning “Javzo tashrifi” nomli she'r­lar to'plamini ijodkor do'stim rahmatli Abdumurod Qodirovdan olib o'qigandim. Kitobda “Darsdan so'ng” degan go'zal she'r bor. Ma'nosi shunday: chekka ovuldagi maktabda muallimalik qilayotgan ayol har kuni qir osha maktab­­ga qatnaydi. Kunlarning birida muallima uy vazifasini topshirmagan yetti o'quvchini qattiq koyidi. So'ngra bir quchoq daftarni olib, uyiga qayt­moqchi bo'ldi. Hamkasblaridan biri qoling deb qistasa ham uyiga alag'da bo'lib yo'lga otlandi va yarim yo'lda qashqir ta'qib qilayotganini payqadi. Muallima jondorning olovdan qo'rqishini bilar, bitta-bitta daftarlarni yoqib, yo'lida davom etaverdi. Ovulga yetishiga ozgina qolganda qo'ltiqda daftar, qashqirda sabr tugadi… Balki yana olti-etti daftar bo'lganida   muallima uyiga eson-omon yetib olarmidi? Ammo mudhish voqea sodir bo'ldi. Muallimaning azasida huv o'sha daftar topshirmagan yetti o'quvchi hammadan yomon yig'ladi. Biroq she'r bu bilan tugamaydi.

 No'noq nazmim uchun afv et, xalqim,

Na olim, na fozil, na so'z piriman.

O'z vaqtida daftar topshira olmay

Qolgan bolalarning biriman.

Men mashq bajaraman, yozaman har kun

Daraklar, so'roqlar, xitoblarimni.

…Sen yo'l bo'yi yoqib, tashlab ketaver

Qashqirlar qo'rquvchi kitoblarimni.

Yana bir gap. Shoirning she'ri sabab Qoraqalpo­g'istonning Ellikqal'a tumani Bo'ston shaharchasida “Us­tozga ehtirom” monumenti bunyod etilgan…

“Nega mening bolamga muallim bo'lasan, dedingiz?”

Adib Luqmon Bo'rixonni nasr ixlosmandlari yaxshi tanishadi. Uning qalamiga mansub “Sirli muallim” qissasidagi   voqealar ovloq qo'rg'onda qurilgan maktabda bo'lib o'tadi. Maktab direktori Qalqonov o'zining tushuntirish xatida shunday yozadi:

“Shu voqeadan so'ng biror hafta o'tar-o'tmas Zokirning onasi Mohigul, huv, Safarmurod chavandozning qizi maktabga   bostirib keldi:

“O'v, o'rtoq Qalqonip, nega mening bolamga muallim bo'lasan, dedingiz?   O'g'lim bechora necha kundan beri qahshab, yig'lab yuribdi”.

Men hangu mang qotib qolgan edim. Tilim arang kalimaga aylandi.

“Nega yig'laydi?! Nima, yomon tilak bildiribmanmi?”

“Jo'ralari ustidan kulib yurishibdi ekan. Nega unday dedingiz? Bolam kimdan kam, nega u muallim bo'lar ekan?!”

“Men jo'yali bir javob topgunimcha Mohigul qarg'ana-qarg'ana xonamdan chiqib ketdi”.

Keyin esa maktabga baland bo'yli, kelishgan, yap-yangi, qimmatbaho kostyum-shim, oppoq ko'ylak kiygan, yuz-ko'zlaridan allanechuk nur yog'ilgan yigit “Nek­siya”da keladi. Bu yigit fidoyi muallim   Najot G'aybulla edi… Voqealar rivoji sizni ham qiziqtirsa, albatta, shu kitobni topib o'qing. Afsus qilmaysiz…

Qishloqdagi eng zo'r odam

Endi muallimning martabasi   raisdan ham zo'r bo'lgan davrlardan ham bir gurung aytay…

Husan muallimning nafaqa to'yida mahalla oqsoqoli Do'styor rais shunday deb qoldi:

— Bolaligimda ota-onamning arzandasi, erkatoy edim. Rostini aytsam, o'qishga ham unchalik hushim yo'q, darsga ham xohlasam borar, xohlamasam bormasdim. Kunlarning birida uyimizga Husan muallim kelib, otamga dabdurustdan do'q urdi:

— Ertadan boshlab o'g'lingiz maktabga bormasdan, dars qoldiradigan bo'lsa, sizni ishdan haydataman, — dedi-da, ortiga qaytib ketdi.

Nazarimda qishloqdagi eng zo'r odam deb yurganim otam, mulzam bo'lgancha muallimni kuzatib qo'ygach:

— Endi nima qilamiz, Do'styorboy? — deb menga savol berdi.

Men enamga iltijoli qaradim.

Enam esa bamaylixotir dedi:

— Husan muallim aytganini qiladigan odam, hatto kolxoz raisi ham u kishidan hayqadi.

Otam indamay bosh irg'adi.

O'sha kundan boshlab mening bolalik kunlarimda keskin burilish bo'ldi. Azonda turib yuz-qo'limni yuvdim, choy ichdim va sumkamni olib maktabga jo'nadim. Kunlar o'tishi bilan o'qishimda ham sezilarli o'zga­rishlar bo'ldi, yil oxiriga borib ilg'or o'quvchilar qatoriga o'tdim.

Mening nazarimda qishloqdagi eng zo'r odam Husan muallim bo'lib qolaverdi. Agar Husan muallim bo'lmaganida sizning qarshingizda turgan kamina, oliy ma'lumotli agronom, xo'jalik raisi,   mahalla oqsoqoli ham bo'lmasdi!

Biz ko'nikkan javoblar va…

Mehr nuri yog'ar doim yuzingizdan, ustozlar,

Yursam deyman bu tabarruk izingizdan, ustozlar…

Ha, xonanda Sanobar Rahmonova ijrosidagi shoir Po'lat Mo'min qalamiga mansub “Ustozlar” degan ashulaning shinavandalar tiliga tushganiga ham ancha yillar bo'ldi. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning muallimlarga atalgan, “Muallim haqida so'zim ushbudir: muallim kamolot ichra ko'zgudir” degan betakror bitiklarining esa bayramlaru tadbirlarda bot-bot yangrashini aytmaysizmi?!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Hayotda eng obro'li inson o'qituvchi bo'lishi kerak” deya ustozlarni ulug'lamoqda. Ha, bugun muallimning martabasi yana yuksalmoqda. Yurtimizda pedagog xodimlarning qadr-qimmati va nufuzini oshirish, ularning moddiy-ma'naviy va ijtimoiy hi­moyasini kuchaytirish borasida ulug'vor ishlar amalga oshirilmoqda. Tez orada bolalarimiz “Kim bo'lmoqchisan?” degan savolga biz ko'nikkan “Prokuror”, “Moliyachi”, “Bankir”, “Harbiy”… degan javoblardan ham ko'proq “Muallim!” deya javob beradilar, albatta. Va bu javob o'zgacha g'urur va iftixor bilan jaranglaydi.

…Endi navbat o'zimizga keldi chog'i. Kamina ham qatordan qolmay muallimlarga deb, bir nimalar qoralagandim:

…Uchrashib qolgudek bo'lsak mabodo

So'roqqa tutasiz:

“Xo'sh, ishlar qalay?”

Goh “yaxshi” deymizu goh shu asnoda,

Dovdirab qolamiz, misli bolakay.

“Hayot — toshqin daryo, suzmoq bo'lsang gar,

Izlanmoq kerak”, deb bergansiz ta'lim.

Ilk bor imlo yozib, o'rgatgan misol,

Shuni ham o'rgating, aziz muallim!

O'rolboy QOBIL,

Qamashi tumanidagi 95-maktabning ijodiy ishlar targ'ibotchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + 13 =