“Neki istarcen, o'zingdan istagil”

Italiya nashri ShOMURODOVni “O'ZBEK  MESSISI” deb yozdi

Futbolga  unchalik  ham  qiziqmaydiganlar  uchun  eslatma:  hamyurtimiz  Eldor  Shomurodov  ayni  davrda    “Benazir”  laqabli  Joze  Mourino  qo'l  ostida  “Roma”  klubida  to'p  tep­moqda.  Osiyo  qit'asidan  shu  kunga  qadar  Yevropa  top  klublarida  yapo­niyalik,  koreyalik  futbol  yulduzlari  dovruq  taratgan  edilar.  Endi  esa  O'zbekiston  vakilining  davri  keldi.  Xudo   xohlasa,  u  jahonni  zabt  aylagan  birinchi  osiyolik  futbolchi  bo'ladi.  “Oltin  to'p”ga  ega  chiqishi  ham  ehtimoldan  xoli  emas. Dalil shuki,  uncha-munchani  tan  olmaydigan  italiyalik  jurnalistlar  Eldorni  hozirdanoq  Messi  izdoshi  o'rnida  ko'rmoqdalar.

Gapning ochig'ini aytsam,  hamyurtimiz — Surxon yigiti  Eldor  Shomurodov  “Jenoa”  klubida  o'z faoliyatini  bosh­lamasdan  avval  kamina  Italiya  “A”  seriyasi  turniriga  umuman  qiziqmasdim.  Ko'hna  qit'aning   uchta  favoriti   “Manchestr  Yunayted”,   “Real”  va   “Barselona”  klub­lari  o'yin­larini  kuzatib  borardim,  xolos.

Eldor  Italiyada   to'p  surishga  kirishganidan  so'ng  “Jenoa”ning  har  bitta  o'yinini  televidenie  orqali  kuzatadigan,  mabodo  televideniemiz  namoyish  qilmay  qo'ysa,  internet  sari  yuzlanadigan  bo'ldim.  Shu  barobarida  futbol   gazetasi  mushtariysiga  ham  aylandim.

Pandemiya tufayli  tomoshabin  kiritilmagan  stadionlar osha  “Eldor, Eldor!”  degan  ovozlar  jarang­lardi.  Italiyalik  murabbiylar o'zbek  yigiti  ismini  hech  buzmasdan  talaffuz  qilardilar.  Yodimda,  bir  o'yindan  so'ng  hamyurtimiz  italyan jurnalisti  iltimosiga binoan o'zbek tilida  gapirdi.  Kamtarona  alpozda, kulimsirab so'yladi. Endilikda u  italyan  tilida  ham  intervyu  bermoqda.

Ko'pchilikka  ma'lumki,  Roberto  Manchini  yetakchiligidagi  Italiya  terma  jamoasi  yaqindagina   Yevropa  chempioni  bo'ldi.  Gap  bunda  emas.

Gap  shundaki,  italiyaliklar   chempionatda  tartibli  va  irodali  o'yin  ko'rsatib,  ishqibozlarni  qoyil  qoldirdilar.

Binobarin,  Italiya  chem­pio­nati  jahon  miqyosidagi  eng  kuchli  chempionat  ekanligi  yuzlab  mutaxassislar  tomonidan  tan  olindi.  Quvonarli  jihat  shundaki,  Yevropa  mamlakatlari  orasida  birinchi  bo'lib  Italiya  sporti  mutaxassislari  o'zbekistonlik  futbolchilar  bilan  samimiy  munosabatda  bo'lmoqdalar.  Xususan,  2000-yillar  o'rtalarida toshkentlik   Ilyos Zeytullayev  italyanlarning  “Verona”,  “Jenoa”  kabi  klublarida  o'ynagan  edi.  Hozir  Ilyos  Italiyada  istiqomat qilmoqda.

Eldor  Shomurodov “Jenoa” klubi safida  muvaffaqiyatlarga erisha boshlaganidan  so'ng sobiq  ittifoq  hududida  yashayotgan  ko'plab ishqibozlar  O'zbekis­tonda Jarqo'rg'on degan tuman  borligini  bildilar.  Ros­siyalik bloger, YouTube tarmog'idagi “KraSava”  kanali  boshlovchisi  Yevgeniy  Savin    yurtimiz,  aniqrog'i,  Surxondaryo  viloyatining  Jarqo'rg'on  tumanida  bo'lib,  O'zbekiston  milliy  jamoasi  va  “Jenoa”  klubi  hujumchisi  Eldor  Shomurodov  haqida  maxsus  ko'rsatuv  tayyorlab  qaytgandi.  U   yaqinda  yetakchi  futbolchimiz  faoliyatini  qamrab  olgan   videomuloqotni  efirga  qo'ydi.   Eldor  ko'rsatuv  davomida  muallifning  qiziqarli  savollariga  javob  bergan.  Mavzular  turli-tuman:  Joze  Mourino  va  “Tottenxem”ning  e'tiboriga  tushgani,  “Yuventus”  tomonidan  bo'layotgan  qiziqish,  “Shtutgart”    taklifi, vaqtida  bozorda  ham  ishlagani  va  albatta,  O'zbekiston  milliy  jamoasining  qachon  mundialga  chiqishi…”  deb  yozadi  “Interfutbol” (2021  yil,  13  iyul, 55-son).

To'g'ri,  O'zbekiston  milliy  terma jamoasining  mundialga  chiqish  imkoniyati    tezda  yakun  topgani  millionlab  muxlislar  hafsalasini  pir  qildi,  ammo  Eldorning  jahon  miqyosida  tanilayotgani   o'ksik  ko'ngillarga  tasalli  baxsh  ayladi.

Rossiyalik  blogerning  “Qiziq,  Eldor  Shomurodov  ta'tilni  nega  Dubay  yoki  shunga  o'xshash  shaharda  emas,  aynan  Jarqo'rg'onda  o'tkazmoqda?”  degan  savoliga  Eldor  quyidagicha  javob  beribdi:  “Hamisha  xorijdaman,  ota-onamni  kam  ko'raman. Shuning  uchun  bu  safar  uyga  keldim.  Qolaversa,  shu  bahona  o'g'lim  tug'ilgani  sharafiga  osh  berdik.  Bizda  shunday  odat  bor”.  Bloger:  “  Mash'al”  o'z  maydonida   “Bunyodkor”  bilan  o'ynaganida,  Rivaldo  bilan   qo'l  ushlashib  maydonga  tushgan  ekansan…”  deb  eslatganida  futbolchimiz: “Aslida  har  doim  maydonga  amakim  bilan  (Eldorning  amakisi  “Mash'al”  klubi  o'yinchisi  bo'lgan. B.R.)  tushardim.  O'shanda  hammasi  o'z-o'zidan  ro'y  berdi — jamoamiz  boshqa  tarafga  o'tdi,  keyin  Rivaldo  aynan  men  turgan  joyga  kelib  qoldi”  dey­di.

Har  qanday  tasodif  zamirida  qandaydir  qonuniyat  yashirin. Ehtimol, Ronaldo,  Devid  Bekxem,  Zayniddin  Zidanlar  bilan  bir  davrda  koptok  tepib,  jahon  futboli  yulduzi  maqomiga  erishgan  Rivaldoning  Qashqadaryoda   yosh  futbolchi   Eldor  Shomurodov  bilan  qo'l  ushlashgani  shunchaki  tasodif  emasdir?  Lekin  Rivaldo  qo'lidan  kim  ushlaganini  bilganmikan?

Blogerning:  “Eldor   talqinidagi  “A”  seriyaning  3  nafar  futbolchisi  kimlar?”  degan  savoliga  hamyurtimiz  javoban  deydiki:  “Faqat  hujumchilarni  tanlayman:  Krishtianu  Ronaldu,  Romelu  Lukaku  va  Zlatan  Ibragimovich”.  Biz  ham  Eldorning  tanloviga  qo'shilamiz.  Misol  uchun  Krishtianu  Ronaldu  hozirgi  davr  jahon  futbolining  afsonasi.  U  bilan  faqat   Lionel  Messini  taqqoslasa  bo'ladi.  Yashil  maydonda  Eldor  Ronaldu  oyoqlari  orasidan  koptokni  olib  qo'yganida  telesharhlovchimiz  qanchalik  hayqirganini  eslaylik!

Qanday  ajoyib-a,  qanday  ajoyib!  Biz  Krishtianu  Ronaldu,  Zlatan  Ibragimovich,  Lukakular  bilan  bir  qatorda  Eldor  Shomurodovning  ham  o'yinlariga  baho  bermoqdamiz.  Bu  esa  o'z  navbatida  109  yillik  yo'lni  bosib  o'tgan  o'zbek  futboli  yilnomasida  yangi   zarvaraq  ochilganini  dalillaydi.

Ushbu  maqolani  yoza boshlaganimda  tahririyatga   sport jurnalistlaridan  biri  Muhammadjon  Ahmedov  kelib  qoldi.  Biz  u  bilan  birga    “Jenoa”  klubi  o'yinlarini  muhokama  qilardik.  Hattoki,  klub  bosh  murabbiysi  Davide  Ballardiniga,  Eldorga  ko'proq  imkoniyat  yaratib  bering, uni  o'yin  boshidanoq  tushiring,  degan  mazmunda   iltimosnoma  ham  yozmoqchi  bo'lganmiz.  Gapning  indallosini  aytganda,  Ballardini  klubni  qabul  qilib  olgan  vaqtlarida  osiyolik  hujumchiga  unchalik  e'tibor  qaratmay,  uni  zaxirada  qoldirar  edi.  Shu  bois  unga  ko'pgina  e'tirozlar  bildirilgan.  Keyinchalik  esa  Ballardini  Eldorga  porlash imkoniyatini  yaratib  berdi.  U  chunonam  porladiki!  “Balli,  Eldor!”    “Jenoa”  Italiya  “A”  se­riyasi    36-turida  “Bolonya”    mehmoni  bo'lib,  ortga   2:0  hisobidagi  g'alaba  bilan  qaytdi.  Eldor  Shomurodov    bu  uchrashuvda  “Genuya”  jamoasi  vakillari  orasida  eng  yuqori  ballga  munosib  ko'rildi,  garchi  gol  urmagan  bo'lsa-da.  Muhimi,  u  to'liq  vaqt  harakatlanib,  tinim  bilmasligi  bilan   yaqqol  ajralib  turdi”.  “Hamyurtimiz  keyingi   tur  o'yinida   “Atalanta”  darvozasini  2  marta  nishonga  oldi,  vaholanki,  u  maydonga  ikkinchi  bo'limda  tushdi.  Aytish  o'rinli,  Shomurodov  Italiyada  ilk  marta  “dubl”ga  erishdi” deb  yozdi  gazeta (“Interfutbol”.   2021  yil,  18  may,  39-son).

E'tibor  qiling:  “Atalanta”  joriy  mavsumda  Italiya  chempionati  “A”  seriyasida  uchinchi  o'rinni  egallagan  jamoa.  Shunday  favorit  jamoa  darvozasiga  ikkita  gol  urish  hazilakam  natija  emas-da!  Xulosa  sifatida  aytganda,  Eldor  Shomurodov  o'z  klubida  Zapakosta, Pandev,  Badel,   Zays  kabi charm  to'p  ustalaridan  ham  yaxshiroq  o'ynadi. Skamakkaga  tenglashib, klubning  ikkinchi  to'purari  bo'ldi. Binobarin,  haqli  ravishda  “Roma”  klubi  mutaxassislari  nazariga  tushdi.  Aytish  joizki,  u  hamisha    sof  tarzda,  o'zi  mehnat  qilib  gol  urdi.  Jarima  maydonlaridan  emas.

Mazkur nashr  yozadi: “…  Futbol  taraqqiyoti  ham  ayrim  iste'dodli  shaxslarning  porlashlari  bilan  chambarchas  bog'liq.  XX   asrning  60-yillari  o'zbek  futbolini  Birodar  Abduraimovsiz  tasavvur  qilish  qiyin.  Xalqimiz  shoir  va  san'atkorlarni  qancha ulug'lagan  bo'lsa,  Birodar  Abduraimovga  ham    shu qadar  mehr  qo'ygan.  Keyinchalik  Mirjalol  Qosimov  o'smirlar  va  yoshlar  o'rtasida  jahon  chempioni  bo'lib,  katta  shov-shuv  ko'tardi.  Ravshan  Ermatovning  hakamlik  fao­liyati  ham  futbolimizning  alohida  solnomasidir.  Nazarimizda,  o'zbek  futboli  yana  bir  yangi  tarix  arafasida  turibdi.  Bizningcha,  Eldor  Shomurodovning   “Roma”  safiga  qo'shilishi  shunday  bahoga  arzigulik  voqea  hisoblanadi.  Bu  futbolimizdagi  chinakam  tarixiy  voqea.  Ilyos  Zeytullayevning  bir  muddat  “Yuventus”da  o'ynagani,  Eldorning   “Rostov”dan  “Jenoa”ga  ko'chib  o'tgani  o'z  yo'liga.  Bunday  voqealar  futbol  hayotida  tez-tez  uchrab  turadi.  Lekin  “Roma”da,  yana  Joze  Mourino  qo'l  ostida  o'ynash  —  butunlay  boshqa  masala” (Muhammad  Vali.  “Roma”,  Shoma  va  superliganoma”.   2021  yil,  3  avgust).

Alalxusus, “Jenoa”  Eldorni   “Rostov”  klubidan   7,5   million  yevroga  xarid  qilgan. “Roma”  O'zbekiston  milliy terma jamoasi  hujumchisini  17  million    yevroga  sotib   oldi.  Hamyurtimiz   2026  yilning   30  iyunigacha  “Roma”   safida  to'p  tepadi.  Darvoqe,  uning  yillik  maoshi  ikki  million  yevro  qilib  belgilangan.  “Jenoa”  klubida  Eldor  yiliga  bir  million  uch  yuz  ming  yevro  olar  edi.

Bundan  buyog'i  juda  ham  qiziq.  Chunki,  ta'kidlaganimizdek,  “Jenoa”  o'rtamiyona  klub  edi.  Mou  (bosh  murabbiyni  shunday  atamoqdalar)  yetakchiligidagi  “Roma”  esa  yangi  mavsumda  chempionlikni  ko'zlayotgan  bo'lsa  ajabmas.  Boisi,  bundan  o'n  bir  yil  muqaddam  Mou  “Inter”ni  g'oliblik  shohsupasiga  olib  chiqqan edi. Ballardinidan  tafovut  qilgan  alpozda  u  Shomaga  (Eldorni  shunday  atamoqdalar)  ko'proq  ishonch  bildirishi  mumkin.  Ke­yinchalik  Davide  Ballardini  Eldor  to'g'risida:  “U  chiroyli  va  samarali  o'ynaydi. Mashg'ulotlarda  o'ziga  xos  xususiyatlari  borligini  ang­ladim. Faqat  moslashishi  kerak,  axir  butunlay  boshqa  futbol  olamidan  keldi,  lekin  poten­siali  katta”  dedi.

Yangi  mavsumni  “Jenoa”  yirik  hisobdagi  mag'lubiyat  bilan  boshladi.  “Inter”  klubiga  4:0  hisobida  yutqizdi.  Bizningcha,  bundan  hech  bir  o'zbekistonlik  xafa  bo'lmadi.  Chunki, genuyaliklar  yuqori  natijalarga  erishishni  o'ylamaydilar.  Ular  transferlar  miqdoridan  quvonishadi,  xolos.  Rasmiy  ma'lumotlarga  qaraganda,  mazkur  klub  mutasaddilari  yana bir futbolchimiz  Ibrohimxalil  Yo'ldoshevga qiziqish bildirgan ekanlar.

 “…  Eldor  bilan nega  shartnoma  tuzdik?  Jamoaga  tezlik  va  harakatchanlik  kerak, ayniqsa  hujumda.  Eldorning  transferidan  mutlaqo  qoniqdik.  O'sha  kunning  o'zida  bu  kelishuvga  ajoyib  reaksiya  kuzatildi.  Ko'pchilik  buni  kutmagandi.  Sababi,  transferlar   bozori —  shafqatsiz.  Bunday  yaxshi  xaridni  amalga  oshirish  esa  ajoyib,  albatta.  To'g'ri,  tarkibimiz  dunyoda  eng  kuchlisi  emas.  Lekin  hech  kim  keyingi  o'yinda  g'alaba  qozonolmasligimizni  aytolmaydi”  dedi  Mou.

Portugal  “Roma”ga  toza  nafas  olib  keldi.  Ang­liyalik  qimmatbaho  futbolchi  Temmi  Abraxamning  safga  qo'shilishi  barobarida  Eldor  Shomurodovga  raqobatchi  paydo  bo'ldi.  Raqobat  bor  joyda  esa  o'sish  voqelikka  ko'chadi.

Eldor  ikkita  o'rtoqlik  uchrashuvida  maydonga  tushib,  har  ikkisida  bittadan  gol  urib,  hisobiga  bittadan  samarali  uzatma  yozdirib  bosh  murabbiy  ishonchini  qozondi. Yevropa  Konferensiyalar   ligasi  saralashi  “pley –  off”  bosqichi  doirasida  “Trabzonspor”  (Turkiya)  ga  qarshi  bellashuvda  hamyurtimiz  81- daqiqada  g'alaba  to'pini  darvozaga  yo'lladi.  Aytish  joizki,  82-daqiqadagina  Mou  uning  o'rniga  ispaniyalik  Borxa  Mayoralni  tushirdi.  Bu  holat  esa  “A”  seriya  startida “Fiorentina”ga  qarshi  Shomurodov  boshlang'ich  tarkibda  o'ynaydi,  qabilidagi  xulosalarga  sababchi  bo'lgan  edi.  Biroq  u  zaxirada  qoldirildi,  Abraxamga  imkon  berildi.  Bunga  javoban  hujumchi  ikkita  golda  ishtirok  qildi. “…  Shoma  ochiq hududlarda  juda  xavfli, Temmi  esa  ko'proq  “qotgan”  holda  harakatlanadi.  Agar  u  charchab  qolmaganida  ham, bir  necha daqiqadan  keyin  o'rniga  Shomurodovni  tushirardim, baribir”  dedi  Mou.  Alalxusus,  birinchi  turda  yashil  maydonda  “javlon  urgan”  Eldor  Shomurodovni  “zangori  ekran”  hamda  internet  saytlari  orqali  ko'rib  nafaqat  o'zbekistonliklar,  balki,  butun  Osiyo  xalqlari  benihoya  sevingan  bo'lishlari  muqarrar.

O'yinga  69-daqiqada  qo'shilgan  hamyurtimiz   uchinchi  golga  assistent  bo'ldi. Uning  uzatmasi  chiroyli  chiqqani  bois  yodimizga muhrlandi. “A”  se­riyada  “Roma”  safidagi  debyut  o'yin   kelgusida  qozoniladigan  zafarlarning  debochasi  bo'lsa  ajabmas.

Nazdimizda,  Eldor  Shomurodovga  omad  kulib  boqayotgandek.  Dalil  shuki,  Osiyo  qit'asidan  Ita­liyaga  borgan  hech  bir  futbolchi  bu  qadar  tez  tanilmagan,  maqtovlar  ila  siylanmagan  edi. Hayratlanarli  jihat:  “Gazzetta  dello  Sport”  nashri   “Shomurodov — o'zbek  Messisi” sarlavhali  maqola  e'lon  qildi.  Italiyaning    mashhur  nashrida  chiqqan  ushbu  maqola  ovozaga  aylanganini  tasavvur  etish  mumkin.

Alhol, joriy yilning  24 avgust  kuni  “Roma”  klubi  yangi  futbolchilari — Matias  Vina  hamda  Eldor  Shomurodov  ishtirokida  matbuot  anjumanini  tashkil  qildi.  Anjumanni  klub  bosh  direktori  Tyago  Pinto  olib  bordi.  U  jumladan  shunday  dedi:  “Eldor  Italiyaga  o'tgan  mavsum  kelgandi.  U yaxshi  to'p  surdi  va  biz  undagi  sifatlar  ham  jamoamiz,  ham  murabbiyimizga  foyda  keltirishi  mumkinligini  tushundik”. Tadbirda  yangi  o'yinchilarga  savollar  berildi.  Klubga  o'tishi  xususidagi  savolga  Eldor  quyidagicha  javob  qaytardi: “…  “Roma”dan  qiziqish  bo'layotganini  eshitganimda, darhol,  “ha”  dedim. Birinchi  navbatda,  bunga  “Roma”ning  Yevropadagi  yetakchi  klub­lardan  biri  ekanligi,  qolaversa,  Mourino  singari  buyuk  murabbiy  bilan  birga  ishlashim  mumkinligi  sabab  bo'ldi”.

Mardga  maydon  kerak,  deydilar.  Eldorning  ro'parasida  ayni  davrda  “maydonlar  ko'p”:  “A”  seriya,  Italiya  kubogi  o'yinlari,  UEFA  Konferensiyalar  ligasi (Kuni  kecha  “Roma”  o'z  “uyida”   kechgan  javob  uchrashuvida  “Trabzonspor”  klubini  3:0  hisobida  “er  tishlatdi”) …  Yana  bir  yarim  yildan  so'ng  jabha  oladigan  Osiyo  chempionati saralash bosqichi…  Darvoqe,  sloveniyalik  mutaxassis  Srechko  Katanes  yaqindagina  O'zbekiston  milliy  terma jamoasi  bosh  murabbiyi  rutbasida  faoliyatini  boshladi.  U  ham  futbolchi  sifatida  Italiya  orqali  jahonga  tanilgan:  “Sampdoriya”  klubida  o'ynab  Italiya  chempioni  bo'lgan.  Xullas,  bundan  buyog'i  Eldorning  mahsuldorligiga  bog'liq.  Navoiy  hazratlari  iborasi  ila  aytganda:  “Neki  istar  ersang  o'zingdan  istagil”.

Bahrom RO'ZIMUHAMMAD.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − thirteen =