Mard maydonda sinalgay (G'olib va muzaffar o'zbek o'g'lonlariga)
Sirojiddin Sayyid,
O'zbekiston xalq shoiri
Shavkatli zamonlarning
o'g'lonlari sizdirsiz,
Biringiz qosh bo'lsangiz,
birovingiz ko'zdirsiz.
Osonmi bu dunyoda
yurt dong'ini taratmoq,
Olam ahlin yuzini
bir zarbingga qaratmoq.
Dunyo o'zi nimadir –
cheksiz kurash maydoni,
Tish qayrab tursa bunda
arsloniga arsloni.
Dilbandingni sen o'zing
qo'llab turgil, otajon,
O'zbekiston, jonajon,
O'zbekiston, onajon!
Chin farzandlar kurashgay
nomus uchun, or uchun –
Dilda Vatan bor uchun,
Dilda Vatan Yor uchun.
Kurash nadir: goh yengmoq,
gohida yengilmoqdir,
Engilmog'ing osonu
yengmog'ing qiyinroqdir.
Pahlavon Mahmudlarning
tumori bo'yningizda,
Qadrdonlar sog'inchi,
xumori ko'nglingizda,
Biringiz – yigirma yosh,
biringiz yigirma besh,
Dunyo nadir, eng avval
iddaosin qilgay pesh.
… Qalqib turdi ko'zimda
jolalarim – jonlarim,
Nonu tuzin pok-halol
oqlolgan o'g'lonlarim!
Sha'ningizga she'r bitdim,
tunlarim siyoh bo'ldi,
To'kkan sevinch yoshimdan
har so'zim giyoh bo'ldi.
Chin farzandlar kurashgay
nomus uchun, or uchun –
Dilda Vatan bor uchun,
Dilda Vatan Yor uchun.
Sangardak suvlaridan
ichib ketgan bolamsan,
Tomirimsan, giyohim,
maysamdirsan, lolamsan.
Bir mushtingda millatning
zalvori bor, yuki bor,
Termiziy bobolarning
duolarin kuchi bor.
Alp erlarning naslisan,
Alpomishlar avlodi,
Bahodirsan alpqomat –
Jaloliddin zuryodi.
Etti iqlim zo'rlarin
yenga olgan farzandim,
Dilu joni jonimga
payvasta ham payvandim,
Yot ellarda hayiqmay
maydonga tushganingda,
Ringmas, go'yo o't-olov
sandonga tushganingda –
Ko'ksim aro potirlab
qushga aylandi dilim,
Har zarbingdan mening ham
mushtga aylandi dilim.
Ay bolam-ay, o'payin
qoshlaring, qarog'ingdan,
Olam aro eng baland
ko'targan bayrog'ingdan!
Shavkatli zamonlarda
sha'nu shavkat yaralgay,
Shunday yuksak onlarda
xalq va millat yaralgay!
Dilbandingni sen o'zing
qo'llab turding, otajon,
O'zbekiston, jonajon!
O'zbekiston, onajon!
Mard o'g'lonlar olishgay
nomus uchun, or uchun,
Dilda Vatan bor uchun,
Dilda Vatan Yor uchun,
Dilda Vatan Yor uchun!