Everestni zabt etgan birinchi o'zbekistonlik alpinist

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev dunyodagi eng baland Everest cho'qqisini zabt etib, unda davlatimiz bayrog'ini hilpiratgan qahramon alpinistimiz Sergey Denisenkoni “O'zbekis­ton iftixori” faxriy unvoni va “Trailblazer” avtomobili bilan mukofotladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o'rinbosari – Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Sergey Denisenko eng murakkab yo'nalishlardan biri bo'lgan janubiy qiyalikdan Everest cho'qqisini zabt etgan birinchi o'zbekistonlik alpinist.

U bolalikdan ko'p vaqtini tog' oromgohlarida o'tkazgan, sayohat qilgan. 2007 yilda Sergey Denisenko o'zining reklama agentligini ochdi, sanoat alpinisti sifatida faoliyat ko'rsatdi.

S.Denisenko 8848,86 metr balandlikda joylashgan dunyodagi eng baland Everest (Jomolungma) cho'qqisiga chiqishga uzoq vaqt va puxta tayyorgarlik ko'rdi. Shuningdek, bu Sergeyning birinchi yutug'i emas. 2019 yilda u Nepaldagi Mera cho'qqisini zabt etgan edi.

Ammo Everest har doim uning eng katta or­zusi bo'lib kelgan, bugunga kelib esa u haqiqatga aylandi. 2021 yil 11 aprelda Nikita Balabanov guruhi tarkibida “Kuluar” jamoasi bilan uning Everestga ekspeditsiyasi boshlandi. Noqulay ob-havo sharoitida iqlimlashtirish bo'yicha ishlar olib borildi. Ob-havoning keskin o'zgaruvchanligi ko'tarilish imkonini bermasligi mumkin edi. Ammo sabr-matonat va dunyoning eng yuqori cho'qqisida turishga bo'lgan   xohish ustunlik qildi.

Taqdirlash marosimida qahramonimizning kelgusidagi zafarli yurishlariga omad va ezgu tilaklar bildirildi.

O'zA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 8 =