Toshdan qog'oz ishlab chiqarilmoqda
Mustaqillik yillarida Farg'ona viloyatida ko'pdan-ko'p tadbirkorlik sub'yektlari paydo bo'ldi. Shulardan biri Farg'ona shahrida samarali faoliyat ko'rsatayotgan “Sayqal” xususiy korxonasidir. Ushbu korxona ko'p tarmoqli, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Mazkur tadbirkorlik sub'yektiga tajribali va tashabbuskor tadbirkor Abdurahmon Niyozov rahbarlik qilib keladi. Bugungi kunda korxonada nogironlar aravachalari, nogironligi bor fuqarolarga turli moslamalar, o't o'chirish kukunlari, beton to'shamalar, qamish o'rish uskunasi, kam aylanishli elektrogenerator, aqlli suv darvozasi kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Ta'kidlash joizki, korxona Prezidentimiz farmonlarini bajarish yuzasidan bugungi kunda ariq va kanallarni oson betonlashtirish uchun “Farbeton” to'shamasini ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan. Ahamiyatlisi, ushbu o'rama betonni o'rnatish tez va osonligi bilan ajralib turadi. Shu vaqtga qadar 36,5 ming kvadrat metr o'rama beton eksport qilishga erishildi va davom etmoqda.
Aholi farovonligini oshirish, yashash sharoitlarini yanada yaxshilash va qo'shimcha ish o'rinlarini yaratish bobida mazkur korxonada ibratli va xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda “Sayqal” korxonasida 100 nafardan ziyod aholi uchun ish o'rinlari yaratilib, ishlab chiqarish sifati yanada oshmoqda. Korxonada kuniga 100-150 dona nogironlar aravachasi, analog eshitish apparatlari, bolalar velosipedlari, ko'chma laboratoriya jihozlari, turli ko'rinishdagi hassalar, tayanch va harakatlanish vositalari, ortopedik mahsulotlar, xodunok va reabilitatsiya vositalari — shu kabi jami 30 dan ortiq mahsulot turlari ishlab chiqarilmoqda.
Ta'kidlash joizki, bu kabi mahsulotlar shu kunga qadar ko'plab xorijiy davlatlarda ishlab chiqariladi, ammo ularni xarid qilish uchun ortiqcha mablag' va xarajatlar talab etilardi. Bugun esa ana shunday mahsulotlar o'zimizda, Farg'ona shahrida ishlab chiqarilayotgani quvonarli. Xususan, bu yerda ishlab chiqarilayotgan “Transformer” tayanch harakati moslamasi so'zimiz isboti. U bir joyda yotib qolgan bemorlarning sekin-asta harakatlanib, yurish uchun bo'lgan istak va orzusini ro'yobga chiqarishda yordam beradigan moslama.
Olib borilayotgan shu kabi ishlar salmog'i yildan-yilga oshayotgani yanada quvonarli, albatta. Raqamlarga murojaat qilsak, o'tgan yili 27,8 milliard so'mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo'lsa, joriy 2026 yilning shu davriga qadar 7,8 milliard so'mlik mahsulot yetkazib berilgan.
— Men 9 yildan buyon ushbu korxonada tikuvchi bo'lib ishlayman, – dedi korxona ishchilaridan biri Barchinoy Jumayeva. — 3 nafar farzandim bor. Men ham baxtli ona, ham jamiyatda o'z o'rniga ega ayolman. Korxonada barcha sharoitlar yaratilgan: yuqori maosh, salqin va shinam xonalar. Biz nogironlik aravachalari uchun o'rindiqlar, yumshoq to'shaklar va shu kabi buyumlarni tikib, yetkazib beramiz. Eng muhimi, jamoamiz ahil.
Korxonada mahsulot turi oshgani sayin, iqtisodiy ko'rsatkichlar va samaradorlik yanada yaxshilanmoqda. E'tiborlisi, endilikda bu yerda toshdan qog'oz ishlab chiqarish ham yo'lga qo'yilib, ishlab chiqarilgan qog'oz mahsulotlari Rossiya va boshqa davlatlarga eksport qilinmoqda. Korxonada 4 million dollarga uskuna va texnologiyalar sotib olingan. Korxonada bir yilda 9 ming tonnadan ziyod toshdan qog'oz ishlab chiqarish ham yo'lga qo'yilgan. Qayd etish lozimki, 2025 yilda 121 tonna, ya'ni 1,73 milliard so'mlik qog'oz ishlab chiqarilgan bo'lsa, bundan 108 tonnasi, ya'ni 1,54 milliard so'mlik mahsulot eksportga yo'naltirilgan. Joriy 2026 yilda esa jami 61 tonna, ya'ni 826 million so'm qiymatdagi qog'oz ishlab chiqarilgan bo'lib, shulardan 59 tonnasi eksportga yo'naltirilgan. 2 tonna mahsulot ichki bozorga sotilgan. Asosan, Rossiya, Turkiya va Bolgariya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
Toshdan qog'oz ishlab chiqarishning atrof-olam, insoniyatga bo'lgan foydalarini ko'plab keltirish mumkin. Uning asosiy afzalliklari daraxtlarni saqlash, suv sarfini kamaytirish, va kimyoviy moddalardan foydalanish bir necha barobarga kamayadi. Eng katta foydalaridan biri — an'anaviy qog'ozga bo'lgan talabning bir qismini ekologik jihatdan samarali usul bilan qoplash imkoniyatidir. Bir so'z bilan aytganda, toshdan qog'oz ishlab chiqarish ham ekologiya, ham insoniyat uchun katta foyda va natijalari borligini ta'kidlash joiz.
Fotima MANSUROVA.
