Yoshlik — quvvat, yoshlik — qudrat
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, “Mingbuloq” gazetasi muharriri, “Shuhrat” medali sohibi Qosimjon Akbarov Namangan shahriga kelib, galdagi “Yoshlar kuni” munosabati bilan tumanda tashkil etilayotgan tadbirga taklif etdi.
Jomasho'y shaharchasidagi Axborot-resurs markazi tumanning turli hududlaridan saralab chaqirilgan iste'dodli yoshlar bilan gavjum bo'ldi. Ko'zlarida o'ziga va kelajagiga ishonch charaqlab turgan yigit-qizlar qo'lida “Mingbuloq” gazetasining yangi nashrdan chiqqan soni.
Kuzatsam, yoshlar gazetadagi maqolalar yuzasidan bahslashib, munozaraga kirishmoqda. Ko'nglim to'ldi.
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tuman bo'linmasi rahbari Dilfuza Jo'raboyeva, “Zukko kitobxon” ko'rik-tanlovining respublika bosqichi g'olibasi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Nargiza Mavlonova yoshlar bilan tez til topishdilarki, ularga xalal bermaslik uchun davra stoliga yaqinlamay turdik.
Nihoyat, belgilangan vaqt taqozosi bilan davra suhbatini boshlash rasman e'lon qilindi. “Yuksak ma'naviyat — jamiyat taraqqiyotida muhim ahamiyatga daxldor” mavzusiga monand texnika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD), “Megaton” MChJ korxonasi laboratoriya mudiri, Namangan davlat texnika universiteti kimyo muhandisligi kafedrasi katta o'qituvchisi Tal'atjon Abduhakimov, Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti turizm va tarjima kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari doktori (DSc), professor Abbos Ermirzayevlar bilan muloqot mingbuloqlik yoshlarning qiziqishlari, orzu-intilishlariga yanada kuch berdi.
Bugungi mediamaydon, axborotlarning shiddatli oqimi va umuman, Yangi O'zbekistonda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning tarixiy ahamiyati haqida Qosimjon Akbarov tomonidan uyushtirilgan samimiy suhbat yoshlarga o'ziga xos ishtiyoq bag'ishladi.
Sanoat sohasidagi o'sishlarda ham yoshlar ishtirokining faolligi, o'quvchi-yoshlarning kichik biznes va tadbirkorlik qobiliyati sohada ilmiy izlanishlar olib borayotgan zabardast olimlar e'tirofiga sazovor bo'ldi.
Milliy jurnalistikamiz adabiy harakatchilikka nechog'liq kuch va latofat bag'ishlayotgani O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari, taniqli shoir va jurnalist Nosirjon Dehqonov tomonidan qiziqarli tarzda sharhlab berildiki, faol kitobxonlar shu yil sentyabr oyida tavalludining 110 yilligi nishonlanadigan serqirra iste'dod sohibi, g'azalnavis shoir Abdulvohid Ahadov Sho'xiy ijodiy merosiga muhabbat uyg'otdi.
Davra suhbatida faol qatnashgan bir qator yoshlarga O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limining qimmatbaho esdalik sovg'alari topshirildi.
Gulchehra LATIF,
jurnalist.
