AQShda “Ulug' Amir va Donna Mariya” filmi premyerasi bo'lib o'tdi. Film Madrid va Londonda ham namoyish etiladi
AQShdagi nufuzli Jorj Vashington universitetida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag'ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi.
Tadbirning asosiy voqeasi – “Ulug' Amir va Donna Mariya” badiiy filmining premyerasi bo'ldi. Markaziy Osiyo tarixiy merosini ommalashtirish va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan ushbu namoyish Amerika jamoatchiligida katta qiziqish uyg'otdi.
Uchrashuvda AQSh Davlat departamenti vakillari, tarixchi olimlar, siyosatshunoslar, Jorj Vashington universiteti professor-o'qituvchilari va talabalari hamda vatandoshlarimizdan iborat 150 nafardan ortiq mehmon ishtirok etdi.
Kino namoyishi oldidan Amir Temurning tarixiy roli va uning davridagi sivilizatsiyaviy yutuqlarga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Muloqot chog'ida sohibqiron merosi nafaqat harbiy tarix, balki samarali davlat boshqaruvi tizimi, diplomatiya va ilm-fan rivojiga qo'shilgan ulkan hissa ekani ta'kidlandi. Jumladan, Markaziy Osiyo dasturi direktori, professor Sebastyen Peyruz Amir Temurning strategik mahorati, me'morchilik va shaharsozlik an'analarini shakllantirishdagi yetakchilik roliga yuqori baho berdi.
XV asrning tarixiy voqealari va zamonaviy syujetini o'zida mujassam etgan “Ulug' Amir va Donna Mariya” filmi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Namoyishdan so'ng ishtirokchilar fan, ta'lim va madaniy diplomatiya sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Vashingtonda o'tkazilgan ushbu tadbir O'zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash, Amir Temur merosini jahon miqyosida targ'ib qilish hamda O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi akademik muloqotni yanada yuqori bosqichga ko'tarishda muhim ahamiyat kasb etdi.
* * *
Shuningdek, shu yilning 23 aprel kuni Ispaniya poytaxti Madrid shahrida ham “Ulug' Amir va Donna Mariya” badiiy filmi namoyish qilinadi.
Namoyish shaharning mashhur madaniy-ko'ngilochar markazlaridan biri hisoblangan “Palacio de Hielo” hududida joylashgan zamonaviy kinoteatrda o'tkaziladi.
Tadbir mamlakatimizning Ispaniyadagi elchixonasi ko'magida O'zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, ushbu xayrli ishga Ispaniya va Osiyo davlatlari o'rtasidagi muloqotni rivojlantirishda muhim o'rin tutuvchi nufuzli muassasa “Casa Asia” yaqindan yordam beradi.
Mehmonlarni oddiy kinoasar emas, balki tarix, san'at va xalqaro hamkorlikni uyg'unlashtirgan haqiqiy madaniy voqea kutmoqda. Film buyuk hukmdor siymosi, uning davri va merosini ochib berib, mutaxassislar hamda keng auditoriyada katta qiziqish uyg'otadi.
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “O'zbekfilm” kinostudiyasi hamda Turkiyaning “Kanguru” kinokompaniyasi hamkorligida suratga olingan mazkur filmda Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatining shu paytgacha ko'pchilikka noma'lum bo'lgan ibratli jihatlari to'g'risida hikoya qilinadi.
Taniqli adib Xayriddin Sulton ssenariysi asosida, iste'dodli kinorejissyor Yolqin To'ychiyev tomonidan suratga olingan “Ulug' Amir va Donna Mariya” badiiy filmi, avvalo, murakkab syujet chizig'i, mavzuning original talqini, tarix va bugungi kun voqeliklarini uyg'un va mushtarak holda badiiy aks ettirishi, dramatik intrigalarga boyligi bilan tomoshabinlar e'tiborini tortadi.
Ushbu premyera O'zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro maydonda keng targ'ib qilish yo'lida muhim qadam bo'lishi kutilmoqda.
Darvoqe, “Buyuk Amir va Donna Mariya” filmi joriy yilning 27 aprel kuni Londonning eng nufuzli va tarixiy kino zallaridan biri bo'lgan “Regent Street Cinema” kinoteatrida Britaniya jamoatchiligiga ham taqdim etiladi.
O'zbek kinoijodkorlarining yaratayotgan asarlari jahonaro bo'y ko'rsatayotgani, dunyo tomoshabinlarini ham maftun qilayotgani juda quvonchlidir.
“Dunyo” AA,
Vashington shahri,
Madrid shahri.
