Ta'limning yangi shakli
ushbu jarayonda talabalar maosh olgan holda o'qishadi
Andijon davlat texnika institutida ham ta'lim sifatini oshirish, nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash bo'yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, oliy ta'lim maskanimiz “UzAuto Motors” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali, “Shangfeng-Bridge of Friendship” MChJ, “Reco Brend Sement” MChJ, “Fujixun Lift (UZ) LTD” MChJ, “Andijon don mahsulot” AJ, “O‘z AutoAustem” MChJ, “UzSaemyung Ko” AJ QK, “Garant bank” AJ, “Auto Rubber” MChJ, “Avto Climate Control” MChJ, “Invest Finance Bank” AJ, “Andijon viloyati issiqlik manbai DUK” kabi 130 dan ortiq tashkilotlar bilan hamkorlik shartnomalari imzolagan. Talabalar amaliyoti, professor-o'qituvchilar stajirovkalari va dual ta'lim jarayonlari ushbu hamkorlar bazalarida tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim tizimida dual ta'limni tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida ta'lim jarayonlarini tashkil etish bo'yicha reja mavjud. Hozirda 40 dan ziyod korxona va tashkilotlarda 4-kurs bitiruvchilari to'liq dual ta'lim shaklida tahsil olmoqda. Ushbu jarayonda bitiruvchilarning 136 nafari ish haqi olgan holda ta'lim jarayonlarida qatnashib kelmoqda.
Institut “Metrologiya va yengil sanoat” kafedrasi professor-o'qituvchilari ham viloyatdagi sanoat korxonalari bilan hamkorlik shartnomalari asosida muayyan ishlarni amalga oshirmoqda. Bitiruvchi kurs talabalari viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalarida dual ta'lim asosida bilim olishmoqda.
“Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti” fakultetining 4-kurs talabalari ham darslarini “O'zbekiston milliy metrologiya instituti” DM Andijon filialida o'tishmoqda. Talabalar bu joyda metrologiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta'minlash bo'yicha auditoriyada olgan nazariy bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlamoqda. O'lchash vositalarini metrologik attestatlash, qiyoslash va kalibrlash ishlarini tashkil qilish bo'yicha yaxshi natijalarga erishyapti.
Darsning amaliy ahamiyati shunda bo'ldiki, talabalar dastlab nazariy bilimlar olishganidan so'ng, temperatura o'lchash vositalarini qiyoslash jarayonida ishtirok etishdi. “O'zbekiston milliy metrologiya instituti” DM Andijon filiali laboratoriyasida o'tkazilgan qiyoslash jarayonida talabalar qiyoslash sharoitlari va unga tayyorgarlik ko'rish, qiyoslash ishlarini o'tkazish tartibi, tashqi ko'rik, qiyoslanuvchi asboblarni ishlatish bo'yicha bilimlarini yanada mustahkamlashdi. O'z navbatida yoshlar o'zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi. Javoblarni ustozlari bilan birgalikda soha mutaxassislarining aniq misollar bilan tushuntirishi dars sifatining yuqori darajada bo'lishiga zamin yaratmoqda.
Oliy ta'lim dargohlarida ta'lim olayotgan yoshlarni har taraflama yetuk, yetarlicha bilim va amaliyot ko'nikmalariga ega bo'lgan mutaxassislar qilib tayyorlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Bu ishda dual ta'limning ahamiyati katta. Ta'limning bu shakli, shubhasiz, kelgusida yaxshi samara berishi muqarrar.
Xayrulla VASIYEV,
Andijon davlat texnika
instituti katta o'qituvchisi.
