Vatan himoyachilariga munosib tuhfa

O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan Mis kompleksini qo'riqlab kelayotgan harbiy xizmatchilarga munosib sovg'a hozirlandi.

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob'yektlarni qo'riqlash qo'shinlari qo'mondonligining Olmaliq shahrida joylashgan harbiy qismida OKMK homiyligida barpo etilgan zamonaviy infratuzilmaga ega yangi o'quv binosi foydalanishga topshirildi.

Ushbu binoning tantanali ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general-leytenant Shuxrat Xalmuxamedov, OKMK rahbariyati, Olmaliq shahar hokimligi mas'ullari, O'zbekiston Qahramoni Saydali Rahmonov hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni tomonidan mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning jangovar xizmat faoliyatini samarali olib borishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularning ijtimoiy himoyasini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.

Shundan so'ng, Mudofaa vaziri mazkur binoni qurish va ta'mirlash ishlarida yaqindan ko'mak bergan OKMK rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib, harbiy qism shaxsiy tarkibi uchun yangi xizmat avtomobillari kalitlarini topshirdi.

Yangi o'quv binosida harbiy xizmatchilar uchun hamma shart-sharoitlar yaratilgani quvonarli.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan “Yoshlik-1 konini o'zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida 3-Mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishi munosabati bilan qo'riqlash xizmatini kengaytirish va harbiy xizmatchilar malakasini oshirishga munosib sharoit yaratish maqsadida qurilgan mazkur uch qavatli bino 120 o'ringa mo'ljallangan. Undagi 50 ga yaqin xonalarda jangovar hamda ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik sinflari, kutubxona, AT xonasi hamda xizmat xonalari zamon talablari asosida tashkil etilib, eng so'nggi jihozlar bilan ta'minlangan.

Binoning yon qismida 20 ta maxsus harbiy texnikaga mo'ljallangan yopiq avtoturargoh ham barpo etildi.

E'tiborlisi, mazkur binoning loyiha va qurilish ishlari kombinat tarkibiy bo'linmalari tomonidan amalga oshirildi.

OKMK matbuot xizmati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 4 =