Gazeta o'qimaslikning zarari
Ha, shunday. Bugun zamon o'zgarib, texnologiyalar rivojlansa-da, insonning ishonchli ma'lumotga, yangilikka bo'lgan ehtiyoji hech qachon yo'qolmaydi. Axborot olishning eng qadimiy va foydali manbalaridan biri bo'lgan gazeta va jurnallar esa, zamonlar qanchalik evrilsa-da, o'z ahamiyatini yo'qotmasa kerak.
To'g'ri, bugun yoshlarning aksariyati, hatto yoshi kattalar ham gazeta o'qish odatidan tobora yiroqlashib bormoqda. “Gazeta-jurnal nimaga kerak? Hamma yangilik telefonda bor-ku. Hozir kim obuna bo'ladi?” degan gapni eshitish odatiy hol. To'g'ri, zamonaviy texnologiyalar misli ko'rilmagan darajada rivojlangan davrda yashayapmiz. Hatto televizor ko'rmaydiganlar ham kam emas.
Lekin bu ahvol bir qator salbiy oqibatlarni yuzaga keltirayotganini nahotki ko'rmayotgan bo'lsak?!
Albatta, zamonaviy texnologiyalar kerak. Juda kerak telefon ham, internet ham. Biroq bu degani ma'naviyatdan, ma'naviy shamchiroq vositalaridan voz kechsa ham bo'laveradi degani emas-ku!
Xo'sh, gazeta o'qimaslikning qanday zarari bor ekan? Bu haqda negadir ko'p gapirilmaydi. To'g'ri, bosma nashrlarni mutolaa qilish zarurligi, foydasi, ahamiyati xususida ko'p gapiriladi. Internet va telefonlardan muntazam foydalanishning zararlari haqida ham ko'p yoziladi. Lekin gazeta-jurnal o'qimaslikning zarari haqida nega bong urilmaydi?
Mutaxassislarning fikricha, gazeta-jurnal o'qimaslik inson siyosiy va ijtimoiy ongining sustlashishiga sabab bo'ladi. Kishi qancha aqlli, dono bo'lmasin, baribir ma'naviy tomondan yutqazadi. Gazeta-jurnal o'qimagan odam kitobni ham o'qigisi kelmaydi. Faqat telefon yoki internet orqali ma'lumotlar olishga ruju qo'yish esa insonni dangasa, yalqov qilib qo'yar ekan. Yana faqat texnologiyalardan, shu jumladan, aytaylik, telefondan ko'z uzmaydigan odam ko'z nuridan ertaroq mosuvo bo'lishi allaqachon o'z isbotini topgan.
Gazeta-jurnallar bo'lsa, jamiyatda, mamlakatda va hatto dunyoda sodir bo'layotgan voqea-hodisalar haqida xolis hamda ishonchli axborot bera oladi. Ularni muntazam o'qib boradigan odam ijtimoiy muammolarni chuqurroq tushunadi, o'z fikrini mustaqil shakllantira oladi. Gazeta o'qimaslik atrofida nimalar bo'layotganiga befarqlikni keltirib chiqaradi. Demakki, jamiyatda befarqlik va loqaydlikni kuchaytiradi.
Shuningdek, gazeta o'qimaslik kishida so'z boyligining kamayishiga, rivojlanmasligiga olib kelar ekan.
Darhaqiqat, gazeta — adabiy til, aniq fikr va tahliliy nutq maktabidir. Undagi maqolalarni o'qish orqali o'quvchi yangi so'zlar, iboralar va ifoda vositalarini o'zlashtiradi. Gazetadan uzoqlashgan inson esa o'z fikrini aniq bayon etishda qiynaladi, nutqi g'alizlashadi.
Bundan tashqari, matbuotdan uzilish fikrlash va tahlil qilish ko'nikmalarining pasayishiga sabab bo'ladi. Gazetada chop etilgan maqolalar voqealarning sabab va oqibatlarini o'rganishga, muammoga teran qarashga o'rgatadi. Tahlilning yo'qligi esa yuzaki yondashuv, bir tomonlama qarash, hatto ijtimoiy muammolar oldida ojizlikni yuzaga keltiradi.
Eng achinarlisi, yoshlarning gazeta o'qimasligi insoniylik, vatanparvarlik, adolat va halollik kabi qadriyatlarning susayishiga ham sabab bo'lishi mumkin. Chunki gazetalar nafaqat yangilik, balki tarbiya manbai hamdir. U yurt taraqqiyoti, fidoyi insonlar haqida hikoya qiladi, yoshlarni ezgulikka chorlaydi.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez uchraydigan noto'g'ri, yolg'on va tekshirilmagan axborotlar (feyklar) odamlarni chalg'itmoqda. Gazetalar esa tahririyat tomonidan sinchiklab tekshirilgan, ishonchli hamda haqqoniy ma'lumotlarni taqdim etadi. Shu bois gazetadan voz kechish — to'g'ri va ishonchli axborotdan voz kechish bilan barobardir.
Men ushbu fikrlarga juda ko'p ustoz ijodkorlar, yoshi ulug' insonlar bilan suhbatlashib, ishonch hosil qildim.
Gazeta o'qish — bu shunchaki yangiliklar bilan tanishish emas, balki tafakkur mashqi, fikrlash tarzi va hayotga teran nazar bilan qarash demakdir. Har bir yosh bu odatni shakllantirishi lozim. Zero, kitob va gazeta o'qimaydigan jamiyat — orqada qolgan, sust rivojlanadigan jamiyatdir.
Xo'sh, shunday ekan, nima qilmoq kerak? Birinchi navbatda maktab o'quvchilariga bolalar nashrlarining, o'qituvchilarga esa respublikamizda chop etiladigan asosiy nashrlarning keng miqyosda yetib borishiga imkoniyat yaratilishi maqsadga muvofiqdir. Qani edi, har bir mahallada har bir xonadonga har kuni chop etiladigan gazeta va jurnallar yetib borsa? Axir minglab qishloqlarimizga, necha minglab mahallalarimizga, necha million sonli xonadonlarga gazeta va jurnallar umuman bormay qolganiga ko'p vaqtlar bo'ldi…
Azamat JUMAYEV,
O'zbekiston davlat jahon tillari
universiteti talabasi.
