Adolatsiz sudyalar tufayli Ohangaronda odamlar nega sarson-sargardon bo'lishmoqda?
O'tkir Turg'unov Ohangarondagi shifer zavodida ishlab, tuzukkina maosh olib yurgan edi. 2023 yil 3 noyabrda xomashyo yo'qligi bahona qilinib, korxonada ishlab chiqarish taqa-taq to'xtadi. Biroq ish beruvchi O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 266-moddasi talablarini mensimadi: ishlab chiqarish zavod aybi bilan to'xtab turgan bo'lsa-da, ishchilarga o'rtacha ish haqi miqdorida haq to'lashdan bosh tortdi.
O'tkir ish beruvchi insofga kelib qolar, erta-indin pulimni berar, deb uzoq kutdi. Biroq tirikchilik toshdan qattiq: ro'zg'or tebratishda oila ancha qiynalib qoldi. Xullas, O'tkir mehnat qonunchiligini yaxshi biladigan bir-ikki kishi bilan maslahatlashib, ish haqini undirish bo'yicha Fuqarolik ishlari bo'yicha Ohangaron tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritdi.
Fuqarolik ishi aynan sudya Hotamjon Matkarimovga tushganidan O'tkir behad quvondi. “Har holda, bu sudya sudning raisi ekan, bilimi kuchli bo'lgani sababli unga raislikni ravo ko'rishgan va u da'vo arizamni xolis hamda haqqoniy ko'rib chiqadi”, deb xotirjam bo'ldi.
Biroq 2026 yil 16 fevral kuni sudya Matkarimov da'vo arizasi yuzasidan boshini qotirib o'tirishni xohlamadi chog'i. Tomdan tarasha tushganday, ataylab “Ohangaronshifer” AJ tugatilgan, deb asossiz ravishda Fuqarolik protsessual kodeksining 124-moddasi 7-bandiga ko'ra fuqarolik ishini yopdi.
Haqli savol tug'iladi: nega sudya javobgardan korxona tugatilganligi haqidagi sud qarorini va davlat reestridan chiqarilgani to'g'risidagi hujjatlarni so'ramadi? Vaholanki, sudya Matkarimov “Ohangaronshifer” AJ tugatilmaganini, balki 2025 yil 29 sentyabr kuni to'lovga qobiliyatsiz deb e'tirof etilib, tugatish jarayonida ekanini juda yaxshi bilar edi.
Bugungi kun ma'lumotlariga ko'ra, auditor “Ohangaronshifer” AJ qasddan to'lovga qobiliyatsiz deb e'tirof etilgan, degan xulosani bergan va bu haqda Toshkent viloyati prokuraturasiga tegishli hujjatlarni yuborgan. Bu esa korxona o'z faoliyatini yana davom ettirishi mumkinligidan dalolat beradi.
Holbuki, Fuqarolik protsessual kodeksining 254-moddasida sud fuqarolik ishini arz qilingan talablar doirasida ko'rib chiqishi va lozim bo'lsa, da'vo chegarasidan chiqib, xodimning qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishi belgilangan.
O'tkir sudning ajrimi yuzasidan Fuqarolik ishlari bo'yicha Toshkent viloyat sudining apellyatsiya sudlov hay'atiga shikoyat kiritdi. Biroq mazkur apellyatsiya sudlov hay'ati 2026 yil 25 mart kuni apellyatsiya shikoyatini rad etdi.
Turg'unov esa tushkunlikka tushmay, viloyat sudining taftish instansiyasiga shikoyat qildi. Taftish sudi shikoyatni haqqoniy va xolis tekshirib chiqdi hamda Fuqarolik ishlari bo'yicha Ohangaron tumanlararo sudining 2026 yil 16 fevraldagi ajrimini bekor qildi. Ishni mazmunan ko'rib chiqish uchun 2026 yil 19 may kuni ajrim chiqarib, qaytadan Ohangaron tumanlararo fuqarolik sudiga yubordi.
2026 yil 14 iyul kuni Fuqarolik ishlari bo'yicha Ohangaron tumanlararo sudida O'.Turg'unovning da'vo arizasi qanoatlantirildi va 2-1107-2509/47066-sonli fuqarolik ishi yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 333-moddasiga ko'ra unga tegishli kompensatsiya undirib berildi. Haqiqat qaror topdi!
Biroq fuqaro O'tkir Turg'unov sudya Matkarimovning adolatsizligi tufayli ancha sarson bo'ldi, aziyat chekdi. Vaholanki, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 231-moddasida adolatsiz ajrim chiqargan sudyaga nisbatan javobgarlik nazarda tutilgan!
Eng qizig'i shundaki, aynan ushbu sudning sudyasi Ra'no Tojiboyeva ham Matkarimovdan ilhomlangan bo'lsa kerak, fuqarolar N.Ergasheva va D.Jonibekovalarning arizalari bo'yicha ham “korxona tugatilgan” degan bahona bilan Fuqarolik protsessual kodeksining 124-moddasiga asosan ish yuritishni tugatdi.
Sudya Tojiboyeva fuqaro Ergashevaga nisbatan 2026 yil 5 fevralda o'zi chiqargan ajrim 2026 yil 12 mart kuni Toshkent viloyat sudi tomonidan bekor qilinganini juda yaxshi bila turib, 2026 yil 22 may kuni D.Jonibekovaning arizasini ham Fuqarolik protsessual kodeksining 124-moddasiga asosan rad etib ajrim chiqardi. Bu ajrim ham keyinchalik viloyat sudi tomonidan bekor qilindi.
Qo'ying-chi, Fuqarolik ishlari bo'yicha Ohangaron tumanlararo sudida mana shunday sarsongarchiliklar avj olgan.
Yana bir haqli savol tug'iladi: mana, to'rt yildan beri “Ohangaronshifer” AJning yuzlab ishchilari aziyat chekib, ish haqlarini ololmayaptilar. Biroq Fuqarolik ishlari bo'yicha Ohangaron tumanlararo sudi nega Fuqarolik protsessual kodeksining 184-moddasiga muvofiq, korxonaning ko'plab ishchilari ishga tiklanganda davlat ulushi 54 foiz bo'lgan ushbu korxona mansabdorlaridan davlatga yetkazilgan zararni undirish bo'yicha ajrim chiqarmadi? Yoki Fuqarolik protsessual kodeksining 275-moddasiga asosan mehnat qonunchiligini qo'pol ravishda buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan nega xususiy ajrim yo'q?
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi yuqoridagi savollarga haqqoniy va asosli javob beradi, adolatsiz ajrim chiqargan sudyalarga esa Sudyalar oliy kengashi qonuniy chora ko'radi degan umiddamiz.
Ozod XUShNAZARZODA,
O'zbekiston Yozuvchilar va
Jurnalistlar uyushmalari a'zosi.
