Botqoqqa botgan va'dalar
yoxud Do'stlik mahallasi qachon obod bo'ladi?
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani markazidagi Do'stlik mahallasida Alisher Navoiy ko'chasi bor. Ana shu mahalla idorasi yonidagi yo'lga qarasangiz, go'yo qora bulut yerga tushganday: chuqurlar, ko'lmaklar, loy. Qishda — botqoq, yozda — chang-to'zon. Shu yo'l to'g'risidagi ko'chada aholi serqatnov: keksa avlod vakillari, maktab o'quvchilari, bog'chaga qatnaydigan bolalar, qo'shni mahalla va qishloq ahli o'tadi.
Aholi og'zaki-yozma ravishda bir-ikki marta emas, qayta-qayta Qashqadaryo viloyati hokimligi va Kasbi tuman hokimliklariga murojaat qilishdi. O'tgan yili mahalla fuqarolari nomidan Iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo'chqorov va Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidovga rasmiy xat yo'llandi. Murojaatda Prezidentning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag'allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida eng og'ir ahvoldagi 1000 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilash choralari belgilab berilgani eslatildi. “Dasturda Do'stlik mahallasini asfaltlash uchun 1 milliard 950 million so'm ajratilishi qayd etilgani eslatildi. Shundan so'ng vazirlik vakillari kelib, rejalar bilan tanishtirdi. Odamlar ishondi. Duo qildi. “Yo'limiz nihoyat asfaltlanadi”, deb umid qildi”, — dedi shu mahallada istiqomat qiluvchi Olim bobo To'rayev.
Ammo bugun natija qani?
“Mablag' ajratilmagan” degan bahona bilan ishlar kechiktirilmoqda. Holbuki, mablag' ajratilishi hujjatlarda qayd etilgan. Axir qaror bor, reja bor, uchrashuv o'tkazilgan bo'lsa — nega yo'l hali ham abgor, botqoq?
Bu oddiy yo'l masalasi emas. Bu — bolalar xavfsizligi, aholi salomatligi, inson qadri masalasi. Alisher Navoiy ko'chasidan boshlanib, Shodlik, Oqoltin ko'chalaridagi ahvol o'ta achinarli.
Tuman markazidagi ko'chalar shu ahvolda bo'lsa, chekka qishloqlardan nima kutish mumkin?
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, mas'ul idoralar! El sizlardan amaliy qadam kutyapti. Va'da qog'ozda emas, yo'lda ko'rinsin!
Do'stlik mahallasi aholisi yangi O'zbekistonda botqoqda emas, farovonlik sari yurishni istashadi.
Bu tanqidimiz harakatga, insofga chaqiriq.
Shavkat KAROMOV,
jurnalist.
