Yoshlarga e'tibor yanada kuchayadi

Bugungi kunda Samarqand viloyati aholisining 55 foizini, ya'ni 2 million 315 ming nafardan ortig'ini 30 yoshgacha bo'lganlar tashkil etadi. Bu yigit-qizlarning jamiyatda o'z o'rnini topishi, ta'lim olishi, kasb-hunar egallashiga imkoniyat yaratish mahalliy hokimlik va tegishli idoralarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Yangi yil bayrami arafasida viloyatda o'tkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlarida bu boradagi ishlar tahlil etildi, yoshlarni o'ylantirayotgan muammolar o'rtaga tashlanib, ularga yechim izlandi.
— Viloyatimiz hokimi, shuningdek, barcha tuman va shaharlar hokimlari, rektorlar, boshqarma va idoralar rahbarlarining yoshlar bilan o'tkazgan ochiq muloqotlari davomida bildirilgan fikrlar asosida hamda yil yakunlaridan kelib chiqib, 2024 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilangan, – dedi Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig'i Husan To'xtayev. – Jumladan, og'ir toifaga kiritilgan 24 ming 247 nafar yoshdan 6177 nafarining ishsizlik bo'yicha, 4642 nafarining davolanish bo'yicha, 2093 nafarining kasb va xorijiy tilni o'rganishga oid hamda 9335 nafarining boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish rejalashtirilgan. 33 ming nafardan ortiq yoshni “Yoshlar bandlik dasturi” orqali qamrab olib, ishga joylashtirish, kasb-hunarga va tadbirkorlikka o'qitish, subsidiya va yer ajratish ko'zda tutilgan. Bundan tashqari, 37 ming nafarga yaqin yosh “Yoshlar daftari” elektron platformasiga kiritilib, ularga 58 milliard so'mlik amaliy yordam ko'rsatiladi.
2023 yilda viloyatimiz yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikki bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Yangi yilda bu natijalarni yanada mustahkamlash uchun viloyat bo'yicha 962 ming nafar yigit-qizni mazkur tashabbusga qamrab olamiz. Iqtidorli yoshlarni izlab topish, iste'dodini ro'yobga chiqarish va ularni qo'llab-quvvatlashga ko'maklashish maqsadida 195 ming nafar yigit-qiz “Ibrat farzandlari” Youtube platformasiga, 170 ming nafari “lbrat Academy” mobil ilovasiga, 128 ming nafari “UzChess” loyihasiga, 98 ming nafari volontyorlik va liderlik loyihalariga, 116 ming nafar yosh esa turli intellektual o'yinlarga jalb qilinadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili” deb nomlanishi bu boradagi ishlar ko'lamini yanada kengaytirishi tabiiy. Avvalo, bu e'tibor barcha samarqandlik yoshlar qalbini quvonchga to'ldirganini ta'kidlash joiz. Shu kecha-kunduzda qaerga bormaylik, qaysi tengdoshimiz bilan gaplashmaylik, boshlanayotgan yil ular hayotida o'chmas iz qoldiradigan yil bo'lishiga ishonchi mustahkamligini bildirmoqda. O'zimiz ham ilk kunlardanoq bu yilning mas'uliyati juda yuqori bo'lishi, ishlarimiz har qachongidan ko'payishini his qilib turibmiz. Va bu yo'lda shijoat bilan mehnat qilishga tayyormiz, dedi X.To'xtayev.
Darhaqiqat, kelajagimiz egalari bo'lgan yoshlarga e'tibor, g'amxo'rlik ularni ruhlantirib, ezgu ishlarga undayotgani e'tiborlidir.
G'olib HASANOV.