Shu'laga dog' begona

Rostini aytsam, men Toshkent hayvonot bog'i yaqinidagi, katta suvlikning shundoqqina sohilida joylashgan “Toshkent GES kaskadi” unitar korxonasiga bir qadar xavotir bilan jo'nagan edim. U yerda ham muloqotimiz chog'ida turli raqamlar keltirilgan uzundan-uzoq sip-silliq  ro'yxat, quruq  ma'lumotlar ko'rsatishdek alpozda o'tsa-ya, deb cho'chigan edim. Xayriyatki, bunday bo'lmadi. Aslida, mazkur jamoada barcha yumushlar aniq reja,  aholi istagi, xohishi inobatga olingan tarzda amalga oshirilayotgan ekan. Avval boshdanoq, bosh dastak shundan iborat edi: elektr toki ishlab chiqaradigan GESlar barpo etishda  ko'p millatli aholi va jips mutaxassislar jamoasi vujudga kelgan, allaqachon an'analar, tarqab ketmaslik istagi tug'ilgan edi.

Men esa o'zimning jurnalistlik safarlarim vaqtida Rossiya Federatsiyasining yiroq-yiroq yerlarida  yana bir boshqacha: “Toshkent saxiy shahar. U yerdagi GESlar ishlab chiqargan nur alohida nur taratadi”, degan ta'rifni eshitganman. Chindan ham, bu xalqning urush yillarida ko'rsatgan saxiyligini yodga olib shunday deydilar. Hammamiz uchun jonajon bo'lgan jafokash yerga berilgan ajoyib ta'rif. Negadir ko'p hollarda bundan yuz yil burun GESlar barpo etgan mutaxassislarga aholi mehru muhabbat va minnatdorlik burchlarini izhor etib keladilar. “Bizlar barchamiz bir-birlarimizga burchli va minnatdor ekanligimizni his etib yashaymiz”, deydi keksa avlod vakillari. Ba'zida Toshkentdek shahri azim uzra sirli miltirayotgan chiroqlardan ko'z uzmay, uzoq turib qolging keladi. Qolaversa, shunday kezda odam tabiatdagi rang-baranglikdan zavqlanadi.

Dastlab anjuman doirasida ishtirokchilar uchun “Toshkent GESlar kaskadi” unitar korxonasining modernizatsiyadan so'ng yangilangan Bo'zsuv GES-1 bo'ylab ekskursiya tashkil qilindi. 1923 yilda o'rnatilgan dastlabki GESlar qatnashchilarda iliq taassurot qoldirdi. “Toshkent GESlar kaskadi” tasarrufidagi jamoalarda ter to'kayotgan yuzga yaqin ishchilarning deyarli barchasida yoshlikka xos g'ayrat, o'z yoshiga xos oqilligu tajriba  mujassam edi.  Vaqt-imkoniyat borida uddalash kerak bunaqa ishlarni, deya og'zidan bol tomib aytadilar.

— Qiziquvchilar uchun GESning tarixini qisqagina so'zlab beray. U aynan shu hududda qurilishi kerak bo'lgan, — dedi “Toshkent GESlar kaskadi” unitar korxonasi direktori Dilshod Xayrullayev. — Ma'lumki, “O'zbekgidroenergo” AJ O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 maydagi “O'zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to'g'risida”gi Farmoni asosida tashkil etilgan.

Gidroelektrostansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida yangi texnik siyo­satni amalga oshirish, gidrotexnik inshootlardan xavfsiz va samarali foydalanishni ta'minlash,  shuningdek, gidroenergetika ob'yektlarini markazlashtirilgan texnik boshqarish, yirik, o'rta, kichik va mikro gidroelektrostansiyalarni loyihalashtirish va qurish sohasida zamonaviy va har tomonlama  chuqur asoslangan ilmiy-texnik yechimlar asosida yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiyalash bo'yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish singari qator vazifalar asosiy maslagi va faoliyat yo'nalishini tashkil etadi. Bugungi kunda respublikamizda 54 ta gidroelektr stansiya va 1 ta shamol energetik qurilmasi mavjud bo'lib, shundan 20 tasi yoki qirq foizi 70-90 yil burun, yana 10 tasi 40-60 yil avval ishga tushirilgan. Ko'rilgan amaliy choralar natijasida so'nggi olti yil ichida 12 ta gidroelektr stansiyalari modernizatsiya qilinib, 167,4 MVt quvvatlar tiklangan va 17 ta yangi GESlar ishga tushirilib, 151 MVt yangi quvvatlar barpo etilgan. “O'zbekgidroenergo” AJ tarkibida jami 26 ta (4 ta aksiyadorlik jamiyati, 6 ta mas'­uliyati cheklangan jamiyat, 15 unitar korxona va 1 ta nodavlat ta'lim muassasasi) tizim tashkilotlari faoliyat olib borayapti. Ular orasida, ayniqsa, “Toshkent GESlar kaskadi” unitar korxonasining ham munosib ulushi bor. GES-1, GES-21, GES-4, GES-9 jamoalarida ish bir maromda ketmoqda.

— Juda soz ish uddalandi! Ya'ni o'tgan yillar davomida gidroelektr stansiyalarning modernizatsiya qilinganligini nazarda tutayapman, — dedi navqiron yigit, “Toshkent GESlar kaskadi” unitar korxonasi ishlab chiqarish  texnika bo'limi yetakchi muhandisi Shamsiddin Hasanov.

Shunda uning chehrasini minnatdorlik shuuri siypalab o'tgandek bo'ldi go'yoki. Hozirgacha 150 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo'lsa, bu ko'rsatkich yil oxirigacha jami 170 million kilovatt-soatga yetkaziladi.

Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi, desak yanglishmagan bo'lamiz. Buning isbotini so'nggi yillarda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning pa­yini qirqishga bo'lgan ma'muriy islohotlar, amaliy chora-tadbirlar misolida ham yaqqol ko'rish mumkin. Shu talabdan kelib chiqib, “O'zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati o'zining moliyaviy-xo'jalik faoliyatini vijdonan va ijtimoiy yo'naltirilgan hamda doimiy ravishda yuqori standartlarga rioya etgan holda olib borishga intilmoqda. Bunda asosiy e'tibor korrupsiyaga qarshi yo'naltirilgan siyosat va jarayonlarni ishlab chiqish, tatbiq qilish va amalga oshirishda doimiy nazoratni o'rnatishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Kuni kecha poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan “Toshkent GESlar kaskadi” unitar korxonasida “O'zbekgidroenergo” AJning “Komplaens-nazorat” va korrupsiyaga qarshi kurashish bo'limi tashabbusi va sa'y-harakatlari bilan “9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag'ishlangan aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri ham tashkillashtirildi. Korrup­siyaga qarshi kurashish Agentligi xodimlari, Yunusobod tumani prokuraturasi vakillari,  Jamiyat ijro apparati boshqarma va bo'lim boshliqlari, “O'rta Chirchiq GESlar Kaskadi”, “Chirchiq GESlar kaskadi”, “Qodiriya GES­lar kaskadi” unitar korxonalari rahbariyati va mas'ul xodimlari, direktorlari, xarid bo'yicha mas'ul xodimlari va kadrlar bo'limi bosh­liqlari, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokidagi tadbir rasmiyatchilikdan xoli, ochiq, bahs-munozaralarga boy tarzda o'tkazildi. Unda ishtirokchilar ko'plab savollarga jo'yali javob oldilar.

Aslida, elektr energiyasi iqtisodiyotimizning yetakchi sohalaridan biri hisoblanadi. Zero, barqaror iqtisodiy o'sish sur'atlari ta'minlanishi, mehnat unumdorligi oshishi, aholi turmush farovonligi va hayot darajasi yuksalishi ko'p jihatdan mazkur tarmoq istiqboli, kelajagi bilan uzviy bog'liqdir. O'zbekistonning boy energiya salohiyati hamda samarali davlat boshqaruvi mavjud suv-energetika resurslari va uglevodorod xomashyosidan oqilona foydalanish, elektr quvvatiga bo'lgan talabni to'liq ta'minlash imkonini beradi. “O'zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining ko'p sonli jamoasi elektr ener­giyasi iqtisodiyotni jadal taraqqiy toptirish va aholi turmush farovonligini oshirish garovi ekanligini qalbdan ang­laydilar.

Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × five =