Yoniq yurak alangasi
tibbiyot fanlari doktori, professor,
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi
Jumanazar BEKNAZAR surati va siyratiga çizgilar
Jumanazar yoşligida ğoyat jöşqin va xayolparast bola edi. U olamga hayrat bilan boqar, boşqalar bemalol yonidan beparvo ötib ketaveradigan narsa-hodisalar unga juda qattiq taʼsir qilib, tang qoldirardi. Öta kuzatuvçan, qiziquvçan va uquvli bola hamma narsani bilgisi, tuşungisi, qilgisi kelardi. Jumanazar bolaligidan uluğlarga havas qilib, ularday bölişga intilib ösdi.
Ikkinçi sinfni tugallayotganida bölsa kerak, öşa davr “dohiylari”dan birining hamişa idora oldida qimirlamay turadigan haykalini körib, unga öxşagisi kelib qoldi. Köp öylab, nihoyat, bir qarorga keldi. Uyga kelib loy qoridi, tandirning yonboşidagi guvaladan taşib, haykalga taglik qildi. Tayyorgarlikni avji tuş payti tugatdi. May oxirlaridagi “qizğaldoq quyoşi” juda kuydiruvçi böladi. Jumanazar özi tayyorlagan balandgina postamentga çiqib, dohiyga öxşab öng qölini oldinga uzatgança qotib turdi. Kattalar işda, ukalari boğçada bölgani bois uyda: “Nima qilyapsan?” — deydigan odam yöq edi. Vaqt ötib borar, çöl quyoşi zabtiga olar, “dohiy”ning yuz-közidan şarros ter quyilar, uzatilgan qöli tolib, çidab bölmas darajada oğrir, lekin u hamon holatini özgartirmay qotib turardi. Çunki u havas qilgan dohiy kolxoz idorasi oldida neça vaqtlardan buyon qilt etmay turar, boşiga qöngan quşlarni haydaş uçun ham qölini qimirlatmasdi. Bir vaqt amakisi nimadir izlab kelib qoldi va kun tiğida jizğanak bölib turgan Jumanazardan: “Nimaga bundayçikin turibsan?” — deb söradi. Içi-yu toşi yonib borayotgan bola oldiniga haykal gapirsa bölarmikan deb birpas öylanib turdi. Lekin amakining jahli tezligini, savoli javobsiz qolsa, “dohiy”ligiga qarab ötirmay, adabini berib qöyişi mumkinligini bilgani uçun özining Lenin bölmoqçi ekanini aytib minğirladi. “He, sendaqa dohiydan örguldim!” — dedi amaki va özidan ketib qolay degan “haykal”ni taglikdan tortib tuşirib, soyaga oldi. Ammo ança vaqt quyoş tiğida turib qolgan bolani issiq urib bölgandi. Uning terisi şilinib tuşdi va bir neça kun maktabga bormay, qatiqqa belanib yotişga töğri keldi.
Qöl urgan işiga astoydil beriliş, yuqori darajadagi maksimalizm Jumanazarni keyinçalik ham tark etmadi.
Toşkent tibbiyot institutiga kirganida, uni birorta tört bahosiz bitirişga ahd qilgandi. Uçinçi kursda bölsa kerak, “Patanatomiya” fani öqituvçisi unga tört baho qöydi. Jumanazar bu muhim fanni beşga bilişini isbotlaşga urindi, lekin domla: “Patanatomiya”ni özim ham “aʼlo”ga bilmayman”, — deya qöygan bahosini özgartirmadi. Jumanazar ortiqça tortişib ötirmay, boşqa hamma fanlardan bahosi beş bölişiga qaramay, öşa birgina törtni “aʼlo”ga özgartiriş uçun kelasi yili qaytadan… uçinçi kursda öqidi.
Jumanazar Beknazarning ilmda ham, hayotda ham bosib ötgan yöli oson va tekis bölmadi. Özi ezgulikning yöli ravon kelmaydi, şekilli. Sabrli va öziga talabçan bölgani uçun nomzodlik tadqiqoti tayyor bölişiga qaramay, uni yoqlaşga şoşilmadi. Nomzodlik işini Leningradda himoya qildi. Uning dissertatsiyasiga opponentlik qilgan olim: “Ixtiyor menda bölsa, Beknazarovga doktorlik ilmiy darajasini bergan bölardim”, — dedi himoyada. Çindanam, öttiz yetti yoşli mohir mutaxassis qilgan umumlaşmalar, çiqargan ilmiy xulosalar doktorlik dissertatsiyasi darajasida edi.
Jumanazar Beknazar tabiatan sinçkov va qiziquvçan odam bölgani uçun hayotdagi biror narsaga: “Ha, şunaqa ekan-da”, — deb qarab ketolmaydi, hamişa nima uçun şunday bölganini aniqlaşga intiladi. Bilimdon olim sifatida hodisaning özidan köra, uni yuzaga keltirgan sababiyatni ilğab olişga köproq eʼtibor berardi. Şuning uçun ham uning “Gipospadik nuqsonlarni xirurgik yöl bilan davolaş” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi tibbiyot mutaxassislarining qizğin bahsiga sabab böldi. Tibbiyot sohasida birinçi bor özbek tilida yozilgan bu iş ayrim kimsalarning “yordami” bilan birinçi bor tasdiqlanmay qaytarildi. Izlanuvçan olim bundan umidsizlikka tuşmadi. Uning yöliga kimlar tösqinlik qilganini aniqlaşga ham urinmadi. Buning örniga, yana biron yil tayyorlandi-da, işni ikkinçi marta yoqlab qöya qoldi. Haqiqat baribir qaror topişiga işonadigan nekbin Jumanazar Beknazar 1996 yilda tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasini oldi. Undan ham muhimi, dissertatsiyada ilgari surilgan ğoyalar tibbiyot amaliyotiga tatbiq qilinib, yuqori samara berayotgan edi. Bu narsa olimning doktorlik işi faqat ilmiy daraja uçun yozilgan bölmay, katta amaliy ahamiyatga ham egaligini körsatdi.
Gipospadiya degan xastalik tuşunarliroq til bilan aytiladigan bölsa, jinsiy aʼzolarning notöğri rivojlanişi oqibatida bir jinsdagi odamning boşqa jinsga ötib qolişi kasalligidir. Yillar davomida özi ham, ota-onasi-yu atrofidagilar ham qiz bola deb yurgan odam, aslida, öğil bola ekani yoki aksinça bölişi kabi anomal holatlar gipospadiyaning körinişlari. Professor Jumanazar Beknazar şu vaqtgaça gipospadiya kasaliga yöliqqan yuzga yaqin kişini operatsiya qilib, ularning yuz foiz muvaffaqiyatli çiqişiga erişgan. Yaʼni yuzga yaqin odam Jumanazar doktor tufayli özining tabiat ato etgan asl jinsini topgan. Quvontiradigan jihati şundaki, dunyodagi tibbiyoti eng rivojlangan deb hisoblanadigan davlatlarda ham bunday operatsiyalarda ijobiy körsatkiç oltmiş foizdan oşmas ekan.
Oqibatdan köra sababni, hodisadan köra qonuniyatni aniqlaşni yaxşi köradigan Jumanazar Beknazar gipospadik xastalikka yöliqqanlarni davolaşdan taşqari, bu kasallik haqida ota-onalar orasida tinimsiz tarğibot olib boradi. U turli naşrlarda bu haqda önlab maqolalar yozdi, radio va teleçiqişlar uyuştirdi. Uning “Mehr quyoşi”, “Iztiroblar komida” kitoblarida bu kasallikning kelib çiqişi, belgilari, davosi öta qiziqarli va tuşunarli yösinda körsatib berildi. Çunki olimning aytişiça, bu xastalik qançalik erta aniqlanib, tez davolansa, şunça yaxşi samara beradi.
Şuni iftixor bilan aytiş mumkinki, hozirda AQŞ, Buyuk Britaniya va Fransiya, Olmoniya singari mutaraqqiy davlatlarda bolalardagi gipospadik xastaliklar “Beknazarov metodi” bilan operatsiya qilinadi. Respublikamizda ham şu usulda davolaş kölami tobora kengayib bormoqda.
Çandiqsiz yurak orzusida…
Bolalikdagi samimiyat, intiluvçanlik, qöl urgan işiga töliğiça beriliş tibbiyot doktori, professor Jumanazar Beknazarovga hozir ham yöldoş. U har bir bemorning hayoti uçun astoydil, xuddi oxirgi imkoniyati qolayotganday kuraşadi. Olimning “Mehr quyoşi” kitobida: “Şifokor özi davolayotgan bemorning ölimiga heç qaçon könika olmaydi. Könikdimi, tamom, bu — şifokorning maʼnaviy ölgani. Har bir ölim şifokor yuragida katta çandiq qoldiradi”, — deya yozgani töla samimiy edi.
Jumanazar aka şifokorlikni kasb emas, qismat deb biladi. Şuning uçun ham tibbiyotga iş vaqtini emas, umrining hammasini bağişlaydi. U har bir operatsiyani xuddi sönggi bor qilayotganday, astoydil tayyorlanib, amalga oşiradi. Şu bois ham olimning: “Teriga oxirgi çokni qöygan zahoti tanimda allaqanday jimirlaş paydo böldi. Xuddi son-sanoqsiz çumolilar badanim böylab örmalayotganday edi. Jarohatni boğlab, jarrohlik xonasi oldiga qöyilgan taxta karavotga ötirdim. Boşim aylanib, köz oldim qoronğilaşdi. Keyin nima bölganini bilmayman. Bir vaqt közimni oçsam, şifokorlar xonasida yotibman”, — tarzidagi iqrorida zarraça soxtalik yöq.
Tibbiyot uçun kasallikning özi emas, uning sababini aniqlaş muhimligini yaxşi bilgan J.Beknazar bir umr kasallikni bartaraf etib, soğlomlikni taʼminlaydigan omillarni topib, odamlarni öşandan xabardor etişga intilib yaşaydi. “Mehr quyoşi” kitobidan olingan quyidagi köçirma şifokor olimning inson jismi va ruhiyatining imkoniyatlarini qançalik teran bilişi va undan mohirona foydalanişning eng kerakli yöllarini körsatişi bilan xarakterlidir: “Inson yoşligini eslaganda, birpasga bölsa-da, bolaligiga qaytadi. Bu paytda içki sekretsiya bezlari eng faol kimyoviy moddalarni qonga şitob bilan çiqara boşlaydi, yaʼni gormonlarning qondagi miqdori keskin oşadi. Şu sababli yoşlikdagi döstlarni körganda yoqimli iliqlik, yangi ğayrat, kötarinki ruh paydo böladi. Sabab — içki sekretsiya bezlarining mudroqlikdan uyğonişi. Ular qança tez uyğonsa, umrimiz şunça uzayadi. Demak, yoşlikka tez-tez qaytiş zarur ekan”. Doktorning özi hamişa yoşlik tuyğulariga qaytib iş körişga urinadi. Şuning uçun ham saksonga kirganiga qaramay, undagi kuç-qudrat, jöşqinlik, izlanuvçanlik yigit paytidagidan kamaygan emas.
J.Beknazar mohir jarrohgina emas, balki özi va özgalarning ruhiyatini sinçkovlik bilan kuzata oladigan, sezimlardagi kiçik özgarişlar sababini-da anglaşga urinadigan ruhşunos hamdir. Şu bois u odam tuyğulari tovlanişini nozik his etadi. “Mehr quyoşi” kitobida öz işidan qoniqqan vraç holati tasvirining: “Bajargan işimga özim ham qoyil qolib, atrofimdagilarga qarab qöyaman. Şu qaraşimning özi örtadagi tarang vaziyatni yumşatadi. Hamma birdaniga yengil nafas oladi”, — yösinida ğoyat işonarli berilişi bejiz emas. Söz kam-u, maʼno tiğiz bölgan şu tasvirning özida operatsiya jarayonining oğir va asabiyligi, şifokorlar örtasidagi hadik-xavotirga töla tarang ruhiy vaziyat hamda uning yengillaşuviga sabab bölgan kiçik turtki aytilmasdan aks ettirilgan.
Muallif ilkis xatoga yöl qöygan şifokor ruhiyatini yanada taʼsirli çizadi: “Xayolim çalğidi. Sal qaltisroq, yöq, barmoqlarim bilan sal qöpolroq harakat qildim. Şu zahoti barmoğim atrofidan qon otilib çiqa boşladi! Men katta qon tomirini şikastlab qöygan edim. Yuragimni allaqanday tuşunib bölmas tahlikali, xavotirli, şuningdek, qörqinçga öxşaş sezgi çulğadi. Butun badanimdan duv etib sovuq ter quyildi. Miyam bilan yuragimni boğlab turgan tomir göyo “çirt” etib uzilgandek böldi. Oyoğimdan darmon ketib… vaznsizlik holatiga tuşdim. Köz oldim qoronğilaşdi”. Jumanazar aka kitobda öz hayotini, könglini yozgani, yurak puçmoqlarida röy berayotgan eng nozik tebranişlarni ham aniq ifoda eta olgani uçun bemor taniga bexosdan ozor yetkazib qöygan jarroh holatini eng nozik tölğanişlariga qadar bera bilgan.
Kundalik oddiy vaziyatlarda odamning asl qiyofasi töliq namoyon bölişi qiyin. Odamning kimligi favqulodda vaziyatlarda, ekstremal holatlarda yaqqol körinadi. Jumanazar Beknazar ruhşunos va şifokor sifatida kitoblarida qaltis vaziyatga tuşib qolgan kişi ruhiyatini hayotiy, taʼsirçan va çin tasvirlay olganligi bilan kişini rom etadi. Muallif ruhiy bosim ostida qolgan, hayot-mamot olişuvida barça masʼuliyat böynida bölgan jarroh holatini çizar ekan, unga yöq fazilatlarni tupuklab yopiştirmaydi, balki uning ham oddiy inson ekanligini bildiradigan çizgilar yordamida özgalardan farq qiladigan şaxsligini körsatib beradi: “Şu payt Erkin sal qimirlab qoldi.
— Qimirlama! Qimirlaşga balo bormi? Nafas olma! Körib turibsan-ku nima qilyapman!
Bu sözlarimsiz ham u nima qilayotganimni tuşunadi. Ammo nimadir deyişim kerak-da axir! Bu zöriqişimni ozgina bölsa-da ketkaziş uçun atayin aytayotgan gaplarim. Bundan keyin operatsiya maydonidagi turğun holat tiklanadi. …Yelkamdagi oğir yuk oyoqlarim tagiga ağdarilib tuşadi. Quvnoqlik bilan gap boşlayman:
— Erkin, endi nafas olaver!”
Bu tasvirlar Jumanazar Beknazarning maşhur jarrohgina emas, balki öziga xos şaxs va inson ruhiyati tovlanişlarini tasvirlaş hadisini olgan mohir yozuvçi ham ekanligini namoyon etadi.
Bir umr adabiyotga, xalq tilining ming tusda tovlanuvçi jilolariga mehr qöyib kelayotgan professor Jumanazar Beknazarning özga köpçilik şifokorlardan farqi şundaki, u tibbiy jarayonlar haqidagi ilmiy kuzatişlarini odamlar tuşunadigan tilda ifoda eta biladi. Holbuki, nima deyayotganini oddiy mijoz tugul, hamkasblari ham tuşunmaydigan şifokorlarga hayotda köp bor duç kelganmiz.
Oçundagi hamma narsa özaro boğliqdir. Jumladan, biror mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti şu mamlakatda yaşayotgan millatning soğlomligiga, soğlomlik esa millat ahlining tibbiy madaniyati yuksakligiga, tibbiy madaniyatlilik intellektual saviyaning balandligiga, intellektual saviyaning balandligi esa, etnosning kitobxonlik darajasiga boğliq. Özbekni soğlom millatga aylantiriş uçun salomatlik tibbiyotçilarning emas, hammaning yumuşiga aylanişi kerak. Har bir odamning birinçi şifokori uning özi bölişi kerak. Buning uçun eng avval tibbiy adabiyotlarning el tuşunadigan tilda yozilişiga erişmoq kerak. Jöngina maslahatni inson anglamaydigan muşkul iboralar köpigiga örab beriş yoki özga tildan mohiyatni emas, balki sözlarnigina tarjima qiliş bilan millat tafakkurini yuksaltirib bölmaydi. Jumanazar akaning ilmiy kitoblari ham badiiy asar kabi şavq bilan öqiladi. Maʼlumki, şavq bilan öqilgan narsagina esda qoladi.
Jumanazar Beknazar “Iztiroblar komida” kitobida yozadi: “…insonda ijobiy hislar hukmronlik qilganda organizmning öta nozik hujayralarida endomorfinlar sintezi kuçayib, uning qondagi miqdori tezda oşadi. Endomorfinlarning miya hujayralariga bölgan taʼsiri, ayniqsa, katta bölib, u insonning kayfiyatini belgilaydi”. Bu ifodalardan yaxşi hislar odam kayfiyatini kötarişi, kötarilgan kayfiyat aqliy faoliyat samaradorligini oşirişi mumkinligi oçiq-oydin anglaşiladi. Olim endomorfinlar haqida axborot beribgina qöya qolmoqçi emas. U kötarinki kayfiyat yordamida tibbiy tadbirlar samaradorligi qançalik oşişi mumkinligi töğrisida oddiy öqirmanda tasavvur uyğotmoqçi. Şuning uçun ham uning quyidagi fikrlari yanada eʼtiborga sazovordir: “…ijobiy his-tuyğular qonda endomorfin miqdorini oşiradi. Endomorfinlar esa miyadagi oğriq markazini kasal aʼzodan kelayotgan impuls — turtkilarni qabul qila olmaydigan darajaga olib keladi. Natijada oğriq yöqoladi. Endomorfinlar miqdori kamaygan sari oğriq ham sezilib, tobora kuçayaveradi. Organizmda endomorfinlar miqdori qança köp bölsa, lazzatli onlar şunçalik köp davom etadi. Hatto ruhiyatga taʼsir qilib, endomorfinlar sintezini ön barobar va undan ham köproq kuçaytirib, organizmni oğriqni mutlaqo sezmaydigan holatga tuşiriş va jarrohlik muolajasini ham bemalol bajariş mumkin”. Gözal his-tuyğular va kötarinki kayfiyat yordamida jarrohlik işlarini bajara oladigan darajadagi ruhiy effektga erişiş haqida özbek tilidagi biror tibbiy adabiyotda hanuzgaça bu qadar tuşunarli va işonarli qilib aytilmagan edi.
Olim turli jins vakillari örtasidagi ayirmalarni sizu bizga ham anglaşimli yösinda izohlaydiki, köpçilikka şu vaqtga qadar sirli bölib kelgan hodisalarning asl sabablarini bu qadar oson tuşuntiriş mumkinligi kişini hayratga soladi. “Ayollar organizmida endomorfinlar sintezi juda tez böladi va sarflanadi. Ayollar kayfiyati tez özgaruvçan bölişining asosiy sababi şundan. Biron-bir hodisaning salbiy taʼsiridan ham, ijobiy taʼsiridan ham ayol hatto huşidan ketişi mumkin. Tajribalarda tasdiqlanganki, ijobiy his-tuyğulardan ularning yurak urişi erkaklarnikiga nisbatan 1,5 baravar köproq bölar ekan. Buning sababi ayol yuragining nozik tuzilmalarida endomorfinlar taʼsiriga sezgirlik juda yuqori. Bu ayollarga Alloh tomonidan berilgan inʼom!” — deb yozadi Jumanazar Beknazar “Iztiroblar komida” kitobida. Körinadiki, ayollarning sertaʼsir, kayfiyatlari özgaruvçan ekanligi ularning injiqliklari natijasi emas, balki Yaratgan tomonidan kodlangan holatligi, erkaklardan hamişa buni hisobga olib iş tutiş talab etilişi ğoyat bilgiçlik bilan jöyali bayon qilingan.
Bizning özbek oilalarida azaldan öğil bolalarning martabasi balandroq keladi. Öğil körmaslik ota-ona uçun katta baxtsizlik hisoblanadi. Şu vaqtga qadar öğil tuğmaganligi uçun ayollar aybdor qilib kelinardi. Professor J.Beknazar bu borada ayolni ayblaş tamomila asossiz ekanligini ilmiy jihatdan hamma tuşunadigan yösinda isbotlab beradiki, şunçalar ulkan haqiqatni qaror toptirgani uçun olimga tahsin aytiş kerak böladi: “…farzandning öğil yoki qiz bölişi faqat erkakka boğliqligi hozirgi paytda fan tomonidan aniq isbotlangan. Maʼlumki, odam hujayrasining yadro qismida xromatin deb atalgan modda böladi. Hujayra… köpayişi oldidan ana şu xromatin alohida tanaçalar hosil qiladi va ular xromosomalar deb ataladi. Xromosomalar insonda 23 juft böladi. Ularning oxirgi bir jufti erkaklarda boşqaça, ayollarda boşqaça böladi… Erkaklarda bu juft ikkita har xil xromosomadan taşkil topadi, ularning biri “X”, ikkinçisi esa “U” xromosoma deb ataladi. Ayollarda “U” xromosoma yöq. …Uruğlaniş natijasida xromosomalar soni 46 taga yetadi. Agar spermatozoidda “X” xromosoma bölsa, bölajak farzand qiz böladi, agar “U” xromosoma bölsa, öğil bola dunyoga keladi. Demak, “XX” — qiz, “XU” — öğil bola degani. Bu qonun”. Olimning bu xulosasi özbek oilalarida ming yillardan buyon davom etib kelayotgan yanglişuvga butunlay çek qöyadi. Negaki, ilk bor farzandning qaysi jinsga mansubligi faqat erkakka boğliqligi ilmiy jihatdan asosli, ifoda jihatdan tuşunarli bayon etilgan.
Jumanazar aka xalq tabobatiga ehtirom bilan yondaşadi. U bilan hamkorlik qiliş, eʼtiborga molik jihatlarini zamonaviy meditsinaga tatbiq etiş kerak deb hisoblaydi. Şuning uçun ham: “…xalq tabobati va rasmiy tibbiyot bir-biriga xalaqit bermaydi, aksinça, bir-birini töldiradi”, — deydi u. Olimning fikriça, kasallikning funksional, yaʼni boşlanğiç davrida xalq tabobatidan foydalaniş juda qöl kelişi mumkin. Xastalikning organik (xuruj) davrida esa ilmiy tibbiyot yutuqlaridan foydalangan maʼqul. Oğir davri ötgan kasallikning asoratini bartaraf etiş uçun xalq tabobati amallarini qöllaş samara beradi. Negaki, xalq meditsinasida kimyodan foydalanilmaydi, tabiat neʼmatlariga tayanib iş köriladi.
Jumanazar Beknazar — serqirra isteʼdod egasi. U faqat jarroh, faqat olim, faqat pedagog emas, balki jöşqin şoir, isteʼdodli yozuvçi va kuyunçak publitsist hamdir. Jumanazar akaning “Qamay” dostoni tilining ravonligi, tasvirning samimiyligi, syujetning qiziqarliligi bilan adabiyot muxlislarining eʼtiborini qozongan. Olimning çin xobbisi bölmiş şeʼriyat uning köngil dardlari ifodasidir. Jumanazar aka heç qaçon şoirlik yoki yozuvçilik daʼvo qilmaydi. Yozmasa bölmaydigan holatga kelmagunça qöliga qalam tutmaydi ham. Lekin yurak bezovta, köngil sertaʼsir bölgaç, qöl öz-özidan qalamga borib qolaverar ekan…
Jumanazar aka tarixga doir asarlarni köp öqiydi. Tarix kitoblari orasida Abulğozi Bahodirxon, Hasan ota Abuşiy, Alixontöra Soğuniy, Böriboy Ahmedov bitiklariga alohida mehr qöygan. Olim uçun tarixni bilişdan ham köra, undan xulosalar çiqariş muhimroq. Tarixdan xulosa çiqargani uçun ham professor J.Beknazar: “Şunday buyuk millatda ittifoq tuyğusidan köra, bölinişga moyillik köproq bölgani”dan astoydil kuyunadi.
Mehr kengliklari
Jumanazar Beknazar — tamomila öziga xos şaxs. Odamning aslida kim ekanligi yölda, yaʼni safar yurişlarida yaxşiroq bilinadi. Jumanazar akaning yuragida doim ezgulik öti yonib turadigan odam ekaniga birgalikdagi safarlarda köp bor toniğ bölganman. Maşhur adabiyotşunoslar: Begali Qosimov, Pirmat Şermuhammedov, Adhambek Alimbekov, Abdusattor Jumanazar, Nurboy Jabbor; taniqli ijodkorlar: Muhammad Ali, Abdusaid Köçim, Ikrom Otamurod, Öroz Haydar, Eşqobil Şukur, Sirojiddin Rauf; jurnalistlar; Abdurasul Jumaqul, Abduxoliq Abdurazzoq, Arslon Eşmurod, Olim Toşboy; moliyaçi Mirzamahmud Jalilov; döxtirlar: Alişer, Erkin, Fozil, Abduraşid kabi elaro köpçilik biladigan kişilar hamda doktorning kasbdoşu şogirdlari qatori men ham Jumanazar akaning qişloğiga köp borganman.
Maşhur doktorning yurtiga borişi faqat qarindoşlar uçun emas, balki butun qişloq ahli uçun katta voqea. Olimni uyida mehmon qiliş qişloq kişilari uçun şaraf sanalişini özim kuzatganman. Baʼzan bu borada qişloqdoşlar orasida mahalliy miqyosda kelişmovçiliklar ham bölganiga guvohman. Qamayga neça marta borgan bölsak, Jumanazar Beknazarning ota hovlisi oldida tong sahardan önlab bemorlar navbatda turganini körganmiz. Döxtir ergaştirib borgan mehmonlarini ham unutganday bölib, turli-tuman kasalliklardan çora izlab kelganlarni sinçiklab tekşiradi va davo tayin qiladi. U muhtoj bölib kelganlarni tekşirayotganda, özini boşqa taşvişi yöqday tutadiki, bu bemorlarga dardlarini bemalol aytiş imkonini beradi.
Jumanazar Beknazar odamlarga intilib, ularning taşvişlari bilan yaşaydi. Lekin bundan malollanmaydi. Bu kişining qirq mingga yaqin operatsiyada qatnaşgaç, undan u yoğini sanamay qöyganiga ham köp böldi. Jarrohning şunça döstlaru qarindoşlar bilan bordi-keldi qiliş, haftaning deyarli har şanba-yakşanbasida viloyatlarga çiqib, körgazmali operatsiyalar ötkaziş, bularning orasida goh tibbiyotga, goh tarixga, goh fantastikaga oid kitoblar yozişga qanday fursat topayotganiga aql bovar qilmaydi.
Olimni farzandlari: Zoir, Zarif, Nurdil; ukalari: Yunus, Anvar, Bahrom, Komil, Olim va boşqa jigarlari davrasida yayrab ötirganlarini, umrning totli damlarini maroq bilan xotirlaşganini köp bor kuzatganimdan quvonib yuraman. Bunday vaqtlarda doktor yaşarib, yanada xayolçan, yanada romantik bölib, kayfiyati kötarilib ketadi.
Jumanazar aka — juda qöli oçiq odam. Şuning uçun ham köp yildan beri “Oqguzar” qişloğidagi maktabning har bir sinfidan ikkitadan yigirma ikki aʼloçi öquvçiga Yilboşi bayrami kuni öz hisobidan stipendiya topşiradi. Şu maktab kutubxonasiga har yili bir talay öquv qurollari, badiiy kitoblar ham sovğa qiladi. Bizlar ham öşa kuni uning yonida bölib, stipendiantlarni taqdirlaşda qatnaşamiz. Olim özi berayotgan kitoblarni bizning nomimizdan topşiradi. Qöli gul jarroh, tuyğulari pokiza ijodkor, amallari ezgu olim, köngli toza jöra, himmati baland odam bölgan döstimiz Jumanazar Beknazarga uzoq yillar omonlik tilaymiz.
Qozoqboy YÖLDOŞ.
