AKA

Oilaning to'ng'ichiman: akam yo'q.

O'zimga o'zim akalik qilgan paytlarim bo'lgan, ba'zida qanotimni ojiz bilib, o'kinganman. Xuddi suyanchig'i yo'qday… Yaratganning izmi bilan qarshingda senga aka, uka, do'st insonlarning o'zi taqdiring ostonasida paydo bo'lisharkan. Niyating Egasiga yetib borgach, hech gapmas-da.

Ahmadjon aka menga ko'o'o'p yaxshiliklar qilgan. Surxon tomonlarda aytishgani kabi “son-sanoqqa qo'shilishimda” u kishining ko'magi benihoya.

Jurnalistika fakultetida ikkinchi kursda o'qirdim. Kursdosh qiz: “Sen haqingda maqola chiqibdi…”, deb “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasini tutqazdi. “Bosh muharrirning o'zi yozibdi”, — dedi hayratini yashirmay. “Daryo ortidagi yig'i” qissam haqida “Urush ko'rgan odamning umri” degan katta maqola chiqibdi. Adabiyotda o'rni bor-yo'qligi noma'lum, shunchaki bir talaba qalamkashga e'tibor berib, ayab, olqishlab maqola yozilgani va bu e'tirofning ahamiyatini o'shanda, ochig'i, anglamaganman. Bu ijodim haqida eng birinchi taqriz edi. Ahmadjon aka bilan hayotimda tuzukroq gaplashmagan ham edim.

O'tgan asrning to'qsoninchi yillari yoshlar gazetasida amaliyot o'tardim. Aytdim-ku, talaba edim deb. U kishi qarshimdan chiqsalar, salom berib o'tib ketardim. Bor-yo'g'i shu. Lekin Akaning salobat-simbati o'zgacha edi. Ro'parasida tursang, sust bosib qolardi. Hozir ham u kishiga duch kelsam, o'sha tuyg'uni his qilaman. Xullas, bugungi o'zbek jurnalistikasining fidoyilaridan biri, chin ma'noda ziyoli, tarjimon, adib va arbob Ahmadjon Meliboyevning hali o'zi yaxshi bilmagan mendayin qalamkashga ishonch bildirgani qishdan so'ng yerni yorib o'sayotgan maysa tanasiga harorat, ildiziga kuch-qudrat baxsh etish bilan barobar emasmi?

Aka, umringiz uzoq bo'lsin! Siz shu paytgacha “Sen haqingda maqola yozganman”, demagansiz. Sizdagi ichki madaniyat va ziyo bu gapni aytishga yo'l qo'ymaganini ham keyinchalik his qilganman.

Ahmadjon aka Prezident Davlat maslahatchisi bo'lib ishlagan kezlar gazetada muxbir edim. Maqolalarim tez-tez chiqar, kamiga hali u, hali bu gazetada she'rlarim ham bosilardi.

Bir kuni katta tadbirda ishtirok etdim. Yig'inni Ahmadjon aka olib bordilar. Davlat siyosati darajasidagi mavzular aytib o'tildi, jurnalistlar bilan ochiq muloqot tusida kechgan shu mashvaratdan so'ng, yo'lakka chiqishim hamono kimdir Ahmadjon aka chaqirayotganini aytdi. Qarasam, Aka men tomon kelyaptilar. Qo'l berib ko'rishdik. Meni chetga olib chiqdilar-da, cho'ntak kovladilar, eeey, pul chiqarib, menga uzatdilar: “Ma, shu pulni olib qo'y”. Dovdiradim: “Nima qilaman buni?” — dedim allaxiyol bo'lib. “Hoziroq borib rasmga tushasan. Gazet-jurnallarda nuqul bitta rasming chiqyapti, nima, boshqa rasming yo'qmi?” Toshday qotdim.

Katta-kichik yig'inlarda ishtirok etmayin, Aka menga ko'zlari tushsa, ismimni aytib, shu davrada mening ham borligimni boshqalarga bildirib qo'yardilar. Bu insonning menga bo'lgan mehridan ich-ichimdan sevinar, hayotda shunday yaxshi odamlar borligidan quvonardim.

Aka bilan hayotda bunchalik yaqinligimiz ham yo'q edi, kunora gaplashib, ko'rishib ham turmasdik.

Keyinchalik “Do'rmon” ijod uyida qo'shni bo'lib yashaganimizdan keyin bu insonning o'ta samimiy va hazilkash, odamgarchiligi baland, o'zbekona oqibat tuyg'usi juda yuqori ekanligini anglab yetdim.

Ijod uyidan to katta yo'lgacha ikki chaqirimdan ko'proq piyoda yurib ishga qatnayman. Bir kuni ertalab qop-qora “Mersedes” yonimga kelib to'xtadi. Orqa eshik ochildi. “Nega turibsan, o'tir…” Qarasam, Ahmadjon aka. U kishining xizmat mashinasida ketyapmiz. “Ishga kechikibsan-da”. “Himm…” “Yo'l ham uzoq-da-a?” “Himm…” Nima ham deyman? Xijolat tortaman. Kimsan, Davlat maslahatchisi mashinani to'xtatib, seni yoniga o'tqazib olsa, shoshib qolarkansan.

Tahririyatga kelsam, bosh muharrir o'rinbosari Alimqul Sultonov o'dag'aylaydi (u juda yaxshi odam, jahli chiqsa, yuzi birdan qip-qizarib ketadi, lekin ko'ngli ochiq, tinib-tinchimaydi): “Veeyy, qaerlarda yuribsiz, har kuni kech qolasiz-a?” Shu tobda unga: “…meni Ahmadjon Meliboyev ishxonamga olib keldilar, endi menga hadeb tish qayrayvermang”, — desam-ku, tamom, dovdirab qolishi aniq. Balki, ishonmas ham. Lekin men bunday deya olmayman. Indamay qo'yaman. Axir ozgina kamtarlik ham bor-da o'zimda.

Haftada ikki-uch marta Akaning mashinasiga duch kelaman. To'xtaydi. Ishxonaga o'ng'ay joyda qoldirib ketadi. Odamga noqulay deng. Oxiri ortimga qarab-qarab yuradigan bo'ldim. Qora “Mers” ko'rinsa, archa-parchaning panasida bekinib turaman. O'tib ketgach, yo'lga chiqaman. Kech qolayotgan bo'lsam ham o'zimni yengil his qilaman. Mayli, Alimqul aka urishsa urishar…

Ahmadjon akaning yaxshi odati bor. Har tongda uch-to'rt chaqirim piyoda yuradi. Bog'ni aylanadi, ikki-uch chaqirim naridagi temir yo'lgacha borib keladi. Erta tongda ham bir-birimizga duch kelaveramiz. “Sahar payti yurishning xosiyati ko'p. Xayolingda bugun qiladigan ishlaringni rejalashtirib, muhimi, yozadigan narsalaringni pishitib olasan, yaxshi fikrlar keladi”, — deydi Aka.

Mana bugun ham, oradan qancha yillar kechdi, erta tongda odatdagiday o'zim uchun kerakli chaqirim yo'lni piyoda yurib o'tarkanman, Akaning shu gaplarini esladim. Ochig'i, ko'pgina hikoyalarim syujeti yoki yechimi shu tonggi yurishlar payti xayolimga kelib qoladi… va birdan Akani eslayman.

Yana o'sha “Do'rmon” ijod uyi. Bir kuni Aka atrofiga simto'siq tortilgan hovlimizga kirib keldilar-da, ko'nglimga tegmaydigan qilib gap ochdilar: “Hovlining setka bilan o'ralgani yaxshi. Lekin atrofida ichkari ko'rinmaydigan qilib devor tortishing kerakka o'xshaydi. Chunki oilang, bolalaring yurishadi. O'zbekchilik, degan gaplar bor… Uncha ko'p xarajat ketmaydi…”

Akaning aytganini qildim.

Hovli eshigi taqilladi. Ostonada Ahmadjon aka turibdi. Hovli pana tortganidan xursand bo'ldilar. Supaga boshladim. Menga o'ychan tikilib turdilar: “O'g'lingni uylantiryapsan ekan, eshitdim. Sen ham, kelinim Xosiyat ham hali yosh bolasizlar. Birinchi to'y qilishlaring. Albatta, odam shoshib qoladi. Bu holatlar Mahbuba ayang bilan bizning ham boshimizdan o'tgan. To'ydan oldin baribir ozroq mablag' kerak bo'ladi. Shuning uchun senga oldindan to'yona olib keldim. Mana buni olib qo'y… Buni to'yona deb qabul qilasan…” Nima deyishimni bilmayman. Rosti, pulga zoriqib turgan pallamiz edi…

To'yga Akaning o'zi bosh bo'ldi. Tug'ishgan akam yo'qligi bilinmadi.

Oradan ancha yillar o'tdi. Xudoga shukr, u-bu narsa yozib, birov-yarim mening ham borligimni tan ola boshladi. Tahririyatda oddiy muxbirman. Qoraqalpog'istonning Beruniy tumanida xizmat safarida edim. Ishlarim bitgach, o'sha yerdagi Sulton Uvays ota ziyoratgohiga kirib chiqayotgandim, qo'l telefonim jiringladi. Ahmadjon aka qo'ng'iroq qildilar. Salom-alik qildik.

— Qaerda yuribsan?

— Qoraqalpog'istonda.

— Qachon kelasan?

— Nukusda ishim bor. Kelasi hafta Toshkentda bo'laman.

— Nima qilib bo'lsa ham ertaga yetib kel. Gap bor.

Ko'nglim bezovta bo'ldi. Nimadir yuz berdimikan, degan o'y yuragimga vahm soldi. Birpasdan so'ng Aka yana qo'ng'iroq qildilar:

— Xavotir olma! Yaxshi xabar bor.

Bu gapdan ancha xotirjam bo'lib, ertasiga Toshkentga keldim. Garchand boshqa lavozimga o'tgan esa-da, hamon o'sha salobatu vazminlik, ahli qalam orasida mavqe va obro'sini yo'qotmagan shu inson qarshisida hozir bo'ldim. Aka bu paytda “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida bosh muharrir edi. U yoq-bu yoqdan suhbatlashdik. Nimalar yozayotganimni so'rab-surishtirdilar. So'ng muddaoga ko'chdilar:

— Foziljon Haydarovichni taniysanmi?

— Yo'q.

— Unday bo'lsa, ertaga tanishib olasan. Ertalab u kishining yoniga borasan.

— Qaerda u kishi?

Aka ko'z ostidan o'ziga xos qarash qildilar:

— Sen qanaqa jurnalistsan o'zi Adliya vazirini tanimasang?

— E-eey, Adliya vaziri… Nima qilaman u yerda?

— Bor… Boraver. Keyin bilasan.

Vazirga kirdim. Hech narsadan bexabarman. Vazir men bilan ancha-muncha suhbatlashdi.

— Ertaga kadrlar boshqarmasiga uchrashing, — dedi.

Hayronman.

Ertasiga o'zimning ishxonamga keldim. “O'zbekiston ovozi”da navbatchi edim. Bosh muharrir o'rinbosarimiz Alimqul Sultonov stolga sahifani qo'yib, qat'iy ta'kidladi:

— Xayolni joyiga qo'yib o'qiysiz, shoir, xato o'tkazmaysiz, degan umiddaman!

— Xo'p.

Qo'l telefonim jiringladi. Adliya vazirligi kadrlar boshqarmasidan qo'ng'iroq qilishdi. “Srochno yetib keling”, deyishdi. Xonadan chiqayotuvdim, Alimqul aka hayhaylab qoldi:

— Yana qayoqqa?!

Vazirlikka bordim. Kadrlar boshqarmasi boshlig'i menga hayratlanib qaradi. Uning nigohidan “Nega vaqtida kelmaysan?” degan iddaoni uqdim. “Vazir o'rinbosariga boramiz. Sizni jamoaga tanishtiradi”, — dedi u.

Ochig'i, hech narsa tushunmadim. “Qaysi jamoaga?”

Boshqarma boshlig'ining yuzida hayrat ifodasi qalqdi:

— Rostdan ham bilmaysizmi yo meni kalaka qilyapsizmi?

— Hech kim menga hech narsa demadi, — deya g'o'ldiradim.

— Siz “Inson va qonun” gazetasiga bosh muharrir etib tayinlandingiz. Mana, vazirning buyrug'i!

Hangu mang edim.

Jamoaga tanishtirishdi.

So'ng yana “O'zbekiston ovozi”ga qaytib keldim. Xonamda osmato'rvam, kitob-daftarlarim bor edi.

Stol ustida esa yangi chiqqan sahifalar meni kutib turardi. Nima qilishni bilmayman. Bularni o'qiymi yo chindan ham yo'lning narigi betidagi Adliya vazirligiga borishim kerakmi? Rostdan meni u yerdagi gazetaga bosh muharrir etib tayinlashdimi? Yo shunchaki anglashilmovchilikmi, kimdir qattiq hazillashyaptimi?

Shu mahal yana vazirlikdan telefon bo'ldi:

— Ishlar boshqarmasidan falonchiman. Xonamga chiqing, xizmat mashinasi va boshqa masalalarda gaplashib olishimiz kerak…

Men endi o'sha yerda ishlashim kerakligiga ishondim. Qat'iyat bilan Alimqul akaga dedim:

— Aka, yaxshi-yomon gap o'tgan bo'lsa, uzr. Men endi Adliyada ishlayman. “Inson va qonun”ga bosh muharrir bo'ldim.

Alimqul aka yuzimga sinchiklab qaradi:

— Kayfingiz bormi? Birpasda anovi takasaltang oshnalaringizga qo'shilib, “Hakimxona”ga (tahririyat binosi pastidagi kafeni shunday derdik) tushib, haligindan urib oldingizmi yo? Nimalar deyapsiz?

Men xonadagi narsalarimni yig'ishtirib, yo'lakka chiqdim, Alimqul aka angrayib qarab qolaverdi. “Aka, endi sahifalarni o'zingiz sinchiklab o'qiysiz-da, xato o'tib ketmasin”.

Yangi ish joyimga o'tirishim hamon Ahmadjon akaga qo'ng'iroq qildim.

— Ehtiyot bo'lib ishlayverasiz, Qo'chqorboy! Bosh muharrirlikning “tosh non”ini tatib ko'radigan paytingiz keldi.

Bu joyda o'n besh yildan oshiq ishlab, Aka aytgan qiyinchiliklarni his qildim. Ko'p narsa o'rgandim. Muhimi, gazeta ijodga yo'l ochadigan dargoh, ruhingni toblaydigan chig'iriq ekanini anglab yetdim.

Ahmadjon akaning men kabi qanchalab uka, do'st-yor, tanish-bilishlarga qilgan yaxshiliklari, katta-kichik davralardagi samimiyati, hech o'zgarmas fe'l-atvori, hazil-mutoyibalari, topqirligi, odam ajratmaslik xislati va o'zgalarga mehr-oqibati, bir so'z bilan aytganda, oddiylik va odamiylik sabog'ini obdan o'zlashtirgani bobida u kishini bilganlar soatlab iliq gap aytishi mumkin. Akaning na mansab, na shuhrat, na boshqa holatlarda o'zgargani, o'zini boshqalardan chetga tortib, dimog' bilan qaraganini hech kim eslay olmasa kerak.

Bir xil insonlar bo'ladi, poygakda o'tirsa ham o'sha joyni davraning to'riga aylantira oladi. Ha, Aka shunday odam. Hayot ekan-da, ko'rayapmiz, ba'zi nozi-namoyishi baland, mansabni martaba deb tushungan ko'ngli kichik kaslar uyingning to'ri tugul, boshingga chiqib o'tirishga ham haqqim bor, deb depsinadilar. Bu toifaning tili aytmasa ham, dilida shunday o'y o'pqon urganini sezish qiyin emas.

Ahmadjon aka yaxshiligi yashil tortgan odam bo'lishi bilan birga, ayniqsa, milliy matbuotimizda bo'yog'i ko'chmaydigan, tafti sovimas ijod namunalari, qator eskirmas publitsistik asarlar majmui, yashnoq ijod bog'ini ham barpo eta oldi. Ustozning ijodi hozirgi kun yosh  o'zbek jurnalistlari tomonidan o'rganilmoqda. U talabalar uchun bu sohada bir qancha o'quv qo'llanmalar yaratdi.

Shuningdek, bo'lajak jurnalistlar dunyoqarashi shakllanishi, ularning publitsistik janr sir-asrorlarini mukammal egallashlari uchun qator publitsistik kitoblar chop ettirdi… “Bir zaminda yashaymiz”, “Umidli dunyo”, “Yolg'iz yashab bo'lmaydi”, “Hushtakni kim chaladi?”, “Torning cho'michdan farqi”, “O'zingni o'zing boshla” kabi o'nlab publitsistik to'plamlari shular jumlasidandir… “O'ng'or ertaklari”, “Safed Bulon” nomli nasriy kitoblarida esa milliy qadriyatlarimiz ildizidan o'sib chiqqan odamiylik qissalari ila yuzlashamiz. Ayniqsa, ustozning dunyo adabiyotining ulkan adibi Chingiz Aytmatov ijodiga bag'ishlangan publitsistik va badiiy tadqiqotlari, buyuk yozuvchi ijodidan qilgan tarjimalari nafaqat millatimiz ma'naviy mulki bo'libgina qolmay, ikki tomirdosh xalq do'stligining yanada jipslashuviga ham xizmat qilmoqda.

Ustoz “Chingiz Aytmatov: Davr. Inson. Haqiqat” monografiyasini yozdi. O'zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va O'zbekiston” doimiy ekspozitsiyasi rahbari hamdir. Ayni kunlarda “Jahon adabiyoti” jurnalida bosh muharrirlik qilayotgan ustoz tashabbusi bilan tahririyat jamoasi o'zbek o'quvchilarining turli xalqlar adabiyoti va madaniyati bilan yaqindan tanishuvida munosib hissa qo'shyaptilar. Xalqimiz va o'zga ellar orasida adabiy do'stlik ko'priklari mustahkamlanmoqda, jahon adabiyotining tafakkur javohirlari porlagan ezgulik qo'rg'onlari eshiklari ochilmoqda. Albatta, bu yorqinlik va ijodiy  aloqalar rivojida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyevning ham munosib hissasi borligini ta'kidlamog'imiz joiz.

Undan so'ng ham Akadan ko'p yaxshiliklar ko'rdim. Ba'zida bu dunyo tor tuyulgan paytlari, dunyo emas, balki o'zim kichrayib qolganim, borliq joyida turganligi, mening dardim hech kimning gazagiga dori bo'lmasligi haqida gapirib, ko'nglimni og'rintirmay yo'l-yo'riqlar ko'rsatganini eslayman bugun. Hayotga, odamlarga nisbatan kengfe'lli bo'lish, omadim olma otib tursa ham ildizim zaminda ekanligini unutmasligim, oyog'im yerdan uzilmasligi bobida akadan ko'p o'gitlar olganman.

U kishi hech qachon biror gap-gashtakda falonchiga men shunday yaxshiliklar qildim, deb og'iz ochmagan. Yo'q, hech kimga aytmagan. Eshitmaganman. Lekin bugun Akamning yaxshiliklarini o'zim sizga aytgim keldi.

Bilasizmi, shu haqiqatni anglab yetdim: hayot Aka kabi ezgulikparvar insonlar tufayli ham fayzli, dardi dunyong qorong'i tortgan kezlar shular senga dalda berishadi. Yolg'izliging sezilmaydi. Akam yo do'stim yo'q, deb o'kinmaysan!

Ha, mening akam bor.

Yaratganga shukr, yolg'iz emasman!

Qo'chqor NORQOBIL

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − ten =