Adabiyotshunosligimiz bahodiri
“Ismlar ko'kdan enadi”, deydilar. Haqiqatan, odamning ismi va qismati, odatda, uyg'un keladi. Filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimning kelbati ham pahlavonlarga xos. O'zining so'zlariga ko'ra, bobosini Karim dav deb atashgan ekan. Jismonan qoruvli ekani nasabdan o'tgan bo'lsa kerak. Bahodir ziyoli oilada tug'ilgan: otasi Nurmat Karimov maktabda fizika-matematikadan dars bersa-da, she'riyatga muhabbati baland bo'lgani, dars jarayonida o'quvchilarning toliqqan tafakkuriga dam berish uchun she'rlar o'qib bergani, onasi Ziyoda bibi hamshira sifatida el dardiga malham qo'ygani haqida yozadi.
Demak, ota-bobolari jismonan baquvvat, tabiiyki, ma'nan halol-pok, vijdonli va ziyoli insonlar bo'lgan. Bahodirjon bolaligidanoq kitobga oshno tutingan, tuman gazetasida chiqishlar qilib turgan. Uning qalbida adabiyotga muhabbat uyg'onishi va ilm yo'lini tanlashida ana shu oilaviy va maktab muhitining o'rni katta bo'lgani ayon.
Do'stning eskisi yaxshi
Ushbu naql hayot sinovlari asosida aytilgan va ayni haqiqatni ifodalaydi. Bahodirni talabalik kezlaridan yaxshi bilaman. Birinchi tanishuvdanoq u menda oqko'ngil va samimiy, ilmsevar sifatida taassurot qoldirgan. Hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti o'zbek filologiyasi fakultetida bir kurs farqi bilan tahsil olganmiz. Tabiiyki, talabalik davrimiz birga o'tgan. U universitetning faol talabalaridan edi. O'qishni bitirgach, men O'zbekiston Fanlar akademiyasi Hamid Sulaymonov nomidagi Qo'lyozmalar instituti aspiranturasiga qabul qilindim. Bir yildan keyin bitirgan Bahodir “Hozirgi o'zbek adabiyoti” kafedrasi aspiranti bo'ldi. Biz tez-tez ko'rishib, fikrlashib turardik.
1999 yili ustoz Begali Qosimov va o'sha kezdagi dekan, professor Qozoqboy Yo'ldoshev taklifiga ko'ra, Milliy universitetning o'zim o'qigan fakultetiga ishga keldim. Bahodirjon bilan bir dargohda faoliyat olib bordik. O'sha yili uni “O'zbek adabiyotshunosligi va adabiy aloqalar” kafedrasiga mudir etib tayinlashdi. O'zidan oldingi kafedra mudiri, professor Laziz Qayumov domlaning hurmatini nechog'liq o'rniga qo'yganini butun universitet ahli hozirgacha yaxshi so'zlar bilan xotirlaydi. 2003-2006 yillari fakultet dekani sifatida o'zining boshqaruv salohiyati yuqori ekanini ko'rsatdi. Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi kengashni boshqardi. Men 2004 yili doktorlik dissertatsiyamni ana shu kengashda himoya qilganman. Bahodirjon rahbarlik va odamiylikni uyg'un olib bordi.
Tabiiyki, nohaqlik va ko'zbo'yamachilikka toqat qila olmas, bu kabi illatlarga duch kelganda, xarakterini ko'rsatar edi. Uch yil obro'-e'tibor bilan ishlagandan keyin dekanlikni menga topshirgan. Buni hayot deydilar: ba'zan bir-birimizni to'g'ri tushunmagan yoki muayyan vaqtlarda kimlarningdir ta'sirida bahslashgan, aytishgan bo'lishimiz mumkin. Biroq ikkalamiz ham Haq va haqiqat, ilm va ma'rifat yo'lidan og'ishmadik.
Jadidshunos a'moli
“Himmati va saboti bo'lmagan millatning haqqi hayoti yo'qdir” – Abdurauf Fitratga tegishli chaqmoqday o'tkir bu fikr Turkiston jadidlarining hayotiy a'moli edi. Menimcha, jadidshunoslik bilan shug'ullangan odamda ham ana shu ikki fazilat bo'lishi shart va zarur. Uning himmati – o'zini shu sohaga to'liq bag'ishlay olishi bo'lsa, saboti – bu yo'ldagi har qanday qiyinchilikni huzur deb qabul qilishidir. Men Bahodir Karimning jadidshunoslikka oid tadqiqotlarida ana shu xususiyatlar jamuljam ekanini ko'raman. U ilmga jadidshunos sifatida kirib keldi va ushbu soha uning ilmiy faoliyatida eng asosiy o'rinni egallaydi. Nomzodlik dissertatsiyasini jadid munaqqidi Vadud Mahmud ilmiy-adabiy merosi bo'yicha himoya qilgach, butun salohiyatini ana shu sohaga safarbar etdi. Olimning ilk tadqiqotlariyoq fakt va ma'lumotlarning birlamchi manbalardan olingani, tahliliy quvvati baland ekani, ifoda uslubining tiniq va ravonligi bilan alohida ajralib turardi. U Vadud Mahmud adabiy-tanqidiy merosini birinchi bo'lib ilmiy muomalaga olib kirdi. Uning navoiyshunos, fitratshunos, fahmida mezoni, ko'nglida insofi bor munaqqid ekanini yangidan-yangi ma'lumotlar, chuqur tahliliy fikrlar orqali dalilladi. Vadud Mahmudning o'tgan asr 20-yillarida “Ilmiy-adabiy vazifalar qarshisida”, “Alisher Navoiy”, “Navoiy uchun”, “Navoiygacha turk adabiyoti” kabi maqolalarida buyuk mutafakkirni turkiy til va adabiyotning otasi sifatida tanishtirganini aniqladi. “Alisher Navoiy” maqolasida ulug' shoir yashagan muhit, tarjimai holi va tarbiyasi, mutasavvifligi, ilmiy-adabiy shaxsiyati borasida muhim fikrlar bildirilgani haqida yozdi.
Jadid munaqqidining fitratshunosligi, umuman, zamondosh shoiru adiblar ijodiga munosabatini ham chuqur o'rgandi. Bahodir Karimning aniqlashicha, Vadud Mahmud tadqiqotlarida “…shaxsiy manfaatlarga yon berish kayfiyati sezilmaydi. Asarning maqtovga loyiq taraflari ulug'lanadi, kamchiliklaridan ko'z yumilmaydi”. Ayni shu xususiyat Bahodir Karim tadqiqotlariga ham xos ekanini ta'kidlash kerak.
U jadid matbuotining sarg'aygan sahifalarini muttasil mutolaa qildi, ulardagi fikr va ma'no javohirlarini joriy imloga o'tkazib, ommalashtirishda sabot va zako namunasini ko'rsatdi. U birlamchi manbalar asosida Vadud Mahmud “Tanlangan asarlar”ini, “Cho'lpon va tanqid” to'plamini nashr ettirdi. Jadid adabiyotining Mahmudxo'ja Behbudiy, Ismoilbek Gasprali, Abdulhamid Cho'lpon, Abduqodir Shakuriy, Abdulla Avloniy, Nazir To'raqul va Sidqiy Xondayliqiy kabi namoyandalari haqida yangi ilmiy qarashlarni bildirdi. Uning biror maqolasi yoki kitobi yo'qki, adabiyotshunoslikka yangi fakt va ma'lumotlar olib kirilmagan yoki chuqur tahliliy fikrlar aytilmagan bo'lsin.
Olimning 2025 yili “O'zbekiston” nashriyotida bosilgan “Behbudiy va boshqalar” kitobi ham jadidshunoslik rivojida alohida o'rin tutadi. Turkiston jadidchilik harakati karvonboshisining (Begali Qosimov ta'biri – N.J.) millat va din ahlining boshchisi ulamo ekani, ilmsizlik, qoloqlik, beparvolik, dangasalik, fikrsizlik, loqaydlik kabi illatlar tanazzulga olib kelishi, millat ixtilofidan dilxun va ma'yus bo'lishi milliy matbuot nashrlari, xususan, o'zi ta'sis etgan “Oyna” jurnali materiallari asosida tahlil etiladi. Behbudiyning yosh avlod istiqboli, tarixga munosabat masalalaridagi qarashlariga ilmiy va ijodiy tafakkur uyg'unligida munosabat bildiriladi. Bahodir Karim uchun ilm shunchaki qog'oz qoralash emas. Yaqin o'tmishimiz – jadidchilik harakati va jadid adabiyotini o'rganishdan uning asl maqsadi – Vatan va Millatning buguni va kelajagiga xizmat qiladigan o'tli-cho'g'li fikrlarni millat yoshlari ongi va qalbiga joylamoqdir. Quyidagi fikrlar ana shu maqsadda yozilganiga shubha yo'q: “Behbudiyning olam hodisalariga munosabati zamirida o'rnak bor. Uning do'st bilan dushmanni ajrata bilish tamizi orasta. O'z qarashlarining isboti uchun keltirilgan dalillari kuchli. Behbudiyning mezoni – tarozisi toshlarining ichi kovak emas. Shuning uchun ham uning maqolalari tarkibida o'nlab Sharq allomalarining ismlari, asarlarining nomlari keladi. Ayni chog'da dunyoga taniqli Arastu, Aflotun, Suqrot singari faylasuflar esga olinadi… Behbudiy hazratning dunyo tamadduni, dunyo olimlari va dunyoga mashhur kitoblar bilan tillashuvida, ogohligida, hayqirig'ida juda katta dard, juda katta orzu va ma'no bor. Bugun tarjimaiholshunoslik mashmashalaridan biroz balandlab, Mahmudxo'ja Behbudiy hazrat yozganlarini sinchiklab, so'zma-so'z, satrma-satr o'qish, uqish va u zoti sharifning qalbini butkul anglash zamoni keldi”. Olimning bu kabi haroratli so'zlari ilm ahlining asosiy vazifalaridan bo'lgan fikr tarbiyasiga xizmat qilishi jihatidan ahamiyatlidir.
Qodiriyshunoslikning yangi bosqichi
Bahodir Karim – bugungi qodiriyshunosligimiz bayroqdori. “XX asr o'zbek adabiyotshunosligida talqin muammosi (qodiriyshunoslik misolida)” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi germenevtik metodning nazariy asoslari hamda qodiriyshunoslikning mamlakatimiz va xorijdagi tadrijiy takomili teran tadqiq qilingani bilan alohida ahamiyatga ega. “Abdulla Qodiriy: tanqid, tahlil va talqin”, “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur”, “Qodiriy nasri – nafosat qasri”, “Abdulla Qodiriy fenomeni”, “Abdulla Qodiriy” (Risola. “Jadidlar” turkumida) kabi kitoblarida buyuk adib nasri va badiiy publitsistikasining yangi qirralari haqida ohorli ilmiy-nazariy qarashlar bildirilgan.
U Abdulla Qodiriy asarlari va qodiriyshunoslik qonuniyatlarini ishonchli manbalar asosida tahlil etdi. “O'tkan kunlar” romanining dastlabki nashrlarini so'zma-so'z, harfma-harf qiyoslab chiqdi. Bahodir Karim o'zi ko'rmagan fakt va ma'lumotga ishonmaydi, albatta tekshirib ko'radi, muqoyasa etadi, tahlil qiladi, shundan keyingina xulosa chiqaradi – uning yutuqlari sababi ham shunda. Ushbu fazilati bois o'zigacha qodiriyshunoslar yozgan ko'plab risola va monografiyalarda takrorlanib kelgan birinchi marta “O'tkan kunlar”dan olingan parchalar “Inqilob” jurnalining 1922 yilgi sonlarida bosilgani haqidagi fikr asossiz ekanini dalilladi. Ilm ahli orasida yurgan, lekin ilmning ichida yashamagan ko'pchilik uchun xos bir loqaydlik bor: biror kitobdagi fakt yoki ma'lumotni indamay olib, takrorlayveradi. Yuqoridagi g'alati mashhur fakt ham ana shu tarzda kitoblardan kitoblarga o'tib kelgan. Bahodir Karimning aniqlashicha, roman avvalidagi olti fasl mazkur jurnalning 1922 yilgi sonlarida emas, 1923 yil 9-10 qo'shma soni 19-51-betlarida, yana olti fasli bir yillik tanaffusdan so'ng 1924 yil 11-12-sonlarida chop etilgan. “Chaqimchilik” fasli Cho'lpon tartib bergan “Adabiyot parchalari” to'plamining 15-21-sahifalarida bosilgan.
Bahodir Karim sinchkov matnshunos sifatida romanning jurnalda bosilgan varianti hamda 1925-26 va 1933 yilgi nashrlarini qiyoslab o'rganadi. Jurnalda tilga olingan Otabekning bobosi Musobek ismi bugungi nashrlarda uchramasligini, bu nomda adib estetik ideali mujassam ekani, qahramonlarini payg'ambarlar nomi bilan atashi ularga salobat bag'ishlashi, toza insonlar toifasiga mansubligiga ishora etishi ta'kidlanadi. Mavjud matnlarda faktik va mantiqiy xatolar (“Uzuk bilakka taqiladimi?” “Toshkandmi yoki Toshkent?”, “So'zlar o'rin almashganda”, “Yumshagan keskinlik” sarlavhali qismlar), yozuvchi badiiy niyati noto'g'ri ifodalanishi kabi jihatlarga xolis ilmiy munosabat bildiriladi. Bahodir Karim “O'tkan kunlar” matni xatolardan xoli, adib variantiga yaqin va mukammal holda chop etilishini istaydi. Modomiki, qo'lxat nusxasi yo'q ekan, asarning dastlabki uch nashri – “Inqilob” jurnalidagi, 1925-26 va 1933 yilgi bosmalari asosidagi uyg'un matnini hozirlash zarurati haqida yozadi. Bu boradagi tahlillar katta mehnat va zahmat, teran idrok va zako evaziga yuzaga kelgani aniq.
Olim qodiriyshunoslikka tutilmagan fakt va dalillarni, chuqur tahliliy qarashlarni va o'ziga xos talqinlarni olib kirdi, bu yo'nalish rivojiga yangi ruh bag'ishladi. O'tgan asr avvalidagi adabiyotshunoslik misolida badiiy ijodga vulgar sotsiologik usuldagi yondashuv badiiyatning noyob durdonasi bo'lgan “O'tkan kunlar” misolida e'tirofdan e'tirozga, mafkuraviy xatolar izlashdan siyosiy ayblovga, undan ulug' shoiru adiblarni qatag'on girdobiga tashlashdek haqsizlik va zulmga olib kelgani tahliliy asosda isbotlanadi. Ustoz va zamondosh adabiyotshunoslar qarashlari metod va metodologiya, xususan, germenevtik talqin xususiyatlari asosida nazariy baholanadi. Bahodir Karim qodiriyshunoslikni satrma-satr, sahifama-sahifa o'rganib, ilmning so'nggi yutuqlari asosida baholadi. Tatar Zarif Bashirdan qozoq adibi Muxtor Avezovgacha, amerikalik Edvard Olvort, uning shogirdi Eden Nabi va Xristofor Maykl Murfidan “O'tkan kunlar”ning olmoncha nashriga so'ngso'z yozgan Niota Tun, ikki sahifalik maqola muallifi Rudolf Radler hamda o'zbek adabiyotshunoslariga yaxshi tanish professor Ingeborg Baldauf va Zigrid Klaynmixelgacha bo'lgan olimlaru ijodkorlarning birinchi milliy romanimizga munosabat bildirilgan monografiya, dissertatsiya va maqolalarini professional tahlil etdi, zarur umumlashmalar chiqardi. O'zbek va jahon nasrida Qodiriy fenomenining tutgan o'rnini belgilab berdi.
Zamonaviy adabiy jarayon tahlili
Har bir adabiyotshunos olim o'zi yashayotgan davr adabiyotini teran tadqiq qilishi, adabiy jarayonga munosabat bildirishi, uning asosiy tendensiya va qonuniyatlarini baholab borishi shart va zarur. Bahodir Karimning “Ruhiyat alifbosi”, “G'afur G'ulomning “Shum bola”si” kabi kitoblari, O'zbekiston Xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning “Ko'ngil ozodadir” kitobiga yozgan so'zboshisi va o'nlab tahliliy maqolalari ana shu masalalarga bag'ishlangani jihatidan e'tiborga loyiqdir.
“Ruhiyat alifbosi” kitobi besh fasldan tarkib topgan: nasr, nazm, metod, tanqid va ustoz adabiyotshunoslar haqidagi maqolalar. Kitob mustaqillikning dastlabki o'n yilida yozilgan qissalar tadqiqi bilan boshlangan. Olim mazkur davr qissalari son-sanoq va hajm e'tiboridan salmoqli ekanini ta'kidlashi barobarida, badiiy kashfiyot darajasidagilari ko'p emasligiga taassuf bildiradi. Maqola qissachilikning oddiy obzori emas, unga xos adabiy-estetik qonuniyatlar aniqlangani, milliy qissalarimiz yangi ko'zqarash asosida tadqiq qilingani bilan ahamiyatlidir. Muallif qissalarni aniq tasnif asosida o'rganadi: 1) modernizm namunalari sifatida taqdim etilgan (bu borada olimning shaxsiy nuqtai nazari bor); 2) diniy-falsafiy, diniy-tasavvufiy, diniy-mifologik unsurlar ishtirok etgan hamda 3) an'anaviy qissalar. Modernizm namunalari sifatida taqdim etilgan Nazar Eshonqulning “Qora kitob”, “Tun panjaralari”, Shodiqul Hamroning “Qora kun” va Ulug'bek Hamdamning “Yolg'izlik” asarlari tahlili olimning nazari tiyrak va tafakkuri teran ekanini, badiiy nasr qonuniyatlarini ich-ichidan bilishini ko'rsatadi.
Nasrdagi shakliy izlanishlar va ularning formalist olimlar tomonidan baholanishi, milliy nasrimizdagi yangi tajribalar, xususan, hayot va o'lim hodisasining ramziy tasviri dunyo adiblari asarlari bilan qiyosiy tahlil etilgani (Xurshid Do'stmuhammad va Dino Busatti), Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi va olmon adibi Henrix Byollning “Mening g'amgin yuzim” hikoyasining Qudrat Do'stmuhammad tarjimasiga doir ilmiy qarashlar, mazkur uch hikoya koordinatalar tekisligidagi asarlar sifatida baholanishi Bahodir Karimning muttasil izlanayotgan va ilmiy tajribalar qozonida qaynayotgan adabiyotshunoslardan ekani isbotidir. Xayriddin Sultonning “Ko'ngil ozodadur…” qissasini olim nasrdagi nazokat namunasi sifatida talqin etadi. Yozuvchining G'ulom obrazi misolidagi topilmasi, ya'ni uning ko'hna adabiyot bilan shug'ullanadigan kishi, butun o'y-xayoli, vujudi bilan “Zarbulmasal”ga singib ketgani bilan bog'liq tasvirlar mohiyati ochiqlanadi. Adash Karvon qissasini ham yozuvchi ijod laboratoriyasiga kirib tahlil etadi. Ijodkor nasrida takror va juft so'zlarning san'at darajasidagi ifodasidan tovushlar uyg'unligini ta'minlagani hamda adabiy tilga xos bo'lmagan til qatlamlari personajlar nutqini xususiylashtirishda, qahramonning individual tomonlarini namoyon etishda katta ahamiyatga ega ekaniga diqqat qaratadi. Adibning so'zni san'at darajasida qo'llay olish va epik tasvir yaratish mahorati xolis baholanadi.
Fozil Zohid, Shavkat Rahmon, A'zam O'ktam, Qutlibeka, Axtamquli va Guljamol Asqarova she'rlariga doir tahliliy fikrlari Bahodir Karimning nazmni inja his etib, teran tahlil etadigan she'rshunos ekanidan darak bersa, metod va adabiy tanqid haqidagi qarashlari nazariyotchi munaqqid sifatidagi salohiyatini ko'rsatishi bilan qimmatlidir. Matyoqub Qo'shjonov, Sharif Yusupov, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Norboy Xudoyberganov, Begali Qosimov hamda Baxtiyor Nazarov hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqidagi maqolalari yosh adabiyotshunos va munaqqidlar uchun zarur xulosalar berishiga ko'ra katta ahamiyatga ega.
U adabiyotning nazariy masalalari bilan ham jiddiy shug'ullanib keladi. “Adabiyotshunoslik metodologiyasi” qo'llanmasi bu jihatdan alohida ajralib turadi. Qo'llanmada sotsiologik va biografik metodlardan psixologik va formal metodgacha, struktural va lingvistik metodlardan germenevtik metodgacha asoschisi kimu qaysi eldan ekanigacha, muayyan metodning genezisidan nazariy qonuniyatlarigacha, badiiy adabiyot rivojiga ta'siridan tadrijiy takomiligacha bo'lgan masalalar puxta o'rganilgan. Jahon va o'zbek adabiyotshunosligidan misollar keltirilib, tahlil etilgan.
Antologiya tuzish osongina ish emas. Buning ustiga, bu ishni bajargan odam chekkan zahmatlari evaziga, odatda, rahmat o'rniga ta'na eshitadi, e'tirof o'rniga e'tirozlarni tinglashiga to'g'ri keladi. Qaysidir ijodkor antologiyaga kirmay qolgan bo'lsa bormi, tuzuvchi naq baloga qoladi. Olim o'tmish va zamonaviy adabiyot antologiyalarini tuzish borasida ham samarali ish olib bordi. Uning g'oyasi va tashkilotchiligida tuzilgan “XX asr o'zbek she'riyati antologiyasi”, “XX asr o'zbek hikoyasi antologiyasi”, “XX asr o'zbek mumtoz adabiyotshunosligi antologiyasi” va “XX asr adabiy tanqidi antologiyasi” bugungi kunda ilm va ijod ahlining ish stoli ustida turishi, muntazam mutolaa etilishi zarur bo'lgan kitoblardir.
Ustozlik maqomi
Olimning olimligi faqat ilmiy-nazariy tadqiqotlariyu chiqargan kitoblari va maqolalari bilangina belgilanmaydi. Haqiqiy olimlar yosh avlod qalbini ma'rifat yog'dusi bilan munavvar etish va ilmdagi yo'lini davom ettiradigan munosib izdoshlar – shogirdlar yetishtirishga ham alohida e'tibor qaratadi. Professor Bahodir Karim olim bo'lishi barobarida universitet muallimi hamdir. Uning darslarini talabalar katta qiziqish bilan tinglaydi. Notiqlik mahorati, so'zni ta'kidlab, urg'ulab qo'llashi ma'ruzalariga o'zgacha ruh bag'ishlaydi. Ta'lim qachon rivojlanadi? Qachonki ilmdagi eng so'nggi yutuqlar dars jarayoniga olib kirilsa. Bahodir Karim ilm qozonida qaynayotgan olim sifatida adabiy jarayonning tomir urishini yaxshi his qiladi. Uning rivojlanish tendensiyalarini xolis baholaydi. Qaysi yo'nalishda kamchiliklar kuzatilsa, unga to'g'ri tashxis qo'yib, takomilga yetkazish yo'riqlarini bera oladi. Shuning uchun iqtidorli talaba yoshlar unga shogird tushishni istaydi. Bugungi kunda olim o'nlab fan doktorlari, fan nomzodlari va filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktorlari yetishtirgan hurmatga sazovor ustozdir. Respublikaning qaysi hududiga bormasin, shogirdlari atrofida parvona. Uning izdoshlari oilada ham borligi, ayniqsa, quvonarli: ikki qizi adabiyotshunoslik sohasida filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori.
Olim jamiyat hayotida ham faol ishtirok etadi. “Ma'rifat ulashib” loyihasi doirasida respublikamizning turli hududlariga – “xalq ichiga quchoq ochib boradi” (Cho'lpon ta'biri – N.J.). Yozuvchilar uyushmasi Adabiy tanqid kengashida birga faoliyat yuritamiz. Matbuot va televidenie orqali ham muttasil ma'rifat tarqatadi. Bahodir Karimning fan va ta'lim rivojiga qo'shgan hissasi munosib taqdirlangan. “Xalq ta'limi a'lochisi”, “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” kabi e'tiroflar buning dalilidir. Turkiya, Yaponiya, Germaniya, Xitoy, Ukraina, Turkmaniston va Qozog'istonda o'tkazilgan xalqaro anjuman hamda tadbirlardagi ishtiroki hamda “Maxtumquli Firog'iyning 300 yilligiga” medali sovrindori ekani uning xalqaro miqyosda ham hurmatga sazovor olimlardan ekanini tasdiqlaydi.
Uning serqirra faoliyatini bir maqola doirasida to'laqonli yoritish imkonsiz. Ilm odami uchun ayni kamolot pallasi hisoblangan oltmish yoshni qarshilayotgan do'stim, katta olim Bahodir Karimga – adabiyotshunosligimiz bahodiriga uzoq va barakali umr, yangidan-yangi ilmiy zafarlar tilayman.
Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori,
professor.
