Havoda obraz yaratgan san'atkor

O'zbekiston radiosi bosh rejissyori bo'lgan ustoz Rahmat Jumayevni yod etib…

O'ylab qarasam, milliy teleradiojurnalistikamizning qariyb bir asrlik shonli tarixining chorak qismiga sherik ekanman. Albatta, bu oqsoch tarix oldida ko'krak kerib g'ururlanadigan vaqt emasdir. Lekin men uchun bu davr hayotimning eng yorqin, kiroyi eslashga munosib pallasi; bu yog'i yashalgan umrning naq yarmi axir! Shu vaqt orasida sohaning juda ko'p piru murshidlari bilan yonma-yon ishlash, davradosh bo'lish baxti nasib etdi.

Teleradiomizda azaldan yaxshi bir an'ana shakllangan: jurnalistlar avval radioga ishga olinadi, u yerda obdan tajriba oshirib, jurnalistikaning nozik sir-asrorlarini o'zlashtirib, odamiylik fanidan saboq olib, keyin televideniega “ko'tarilib” ketadilar. Radioda har doim yaxshi ijodiy muhit, kuchli maktab bo'lgan. Radio televideniedan avvalroq paydo bo'lgani uchunmi yo boshqa sabablari bormi, aniq bilmayman, lekin eng zabardast ijodkorlar ham dastlab radioda faoliyat olib borishgan. O'lmas Umarbekov, Omon Muxtor, Tohir Malik, Usmon Azim, Erkin A'zam, Po'lat Mo'min, Abdusaid Ko'chimov, Sa'dulla Siyoyev, Orziqul Ergash, Shoyim Bo'tayev, Shukur Qurbon, Odil Ikrom, Halima Ahmad, Zebo Mirzo, Faxriyor, Olim Toshboyev, Vafo Fayzullo kabi shoir-yozuvchilarimiz radioda ijod qilishgan. G'afur G'ulomdan Abdulla Orifgacha, Said Ahmad, Shukur Xolmirzayevdan Xayriddin Sultongacha — hamma-hammasi hali siyohi qurib ulgurmagan asarlarini avval radioga eltishgan. Bu asarlarning eng birinchi muxlislari radio tinglovchilar bo'lishgan. Yana radioning biz entikib eslaydigan jihati — nihoyatda samimiy muhiti va shunday muhit bunyodkorlari bo'lgan beg'araz, betama insonlariki, bunday ajoyib jamoani yana boshqa bir joyda uchratish mahol. Bu yerda ijodni moddiy ne'matlardan, o'tkinchi hoyu havaslardan, hatto ba'zilari o'zining hayotidan-da afzal bilishardi. Mana shunday ijodkorlar ishlaydigan maskan edi radio.

Bu yil radioning to'yi emas, marosim yetmishvoy televidenieniki. Demak, bu galgi olqishu maqtovning hammasi uniki bo'lmog'i lozim, aslida. Lekin “uka”ning to'yida “aka”ni ham bir siylab o'tish, obrazli qilib aytganda, yelkasiga to'n yopish o'zbekligimizga xos ish.

2000 yil. O'zbekiston milliy universitetining talabasi edim. O'sha yili mashhur yozuvchimiz, o'zbek hikoyachiligining qoyasi Shukur Xolmirzayevning 60 yillik yubileyi fakultetimiz dekani, professor Qozoqboy Yo'ldoshning jonbozliklari bilan universitetda keng nishonlanadigan bo'ldi. Kunduzi rasmiyroq anjuman shaklida boshlangan tadbir kechqurun jaydari ko'rinish oldi. Adabiyot, san'at ahlining bari yig'ildi. Qizg'in gurunglar, shirin xotiralar, yubilyarning sha'niga aytilgan alqovlar… Bularning hammasi, albatta, taomilga ko'ra, bir piyola choy bilan bo'ldi. Tun yarimlab qolganda Qozoqboy domla imlab chaqirdi-da, yonidagi insonga ishora qilib: “Shu kishini taksiga chiqarib, kuzatib keling”, dedilar. Mehmon izzatli odam ekanligini u kishining salobati-yu, domla qo'ltiqlab olib chiqib, mening qo'ltig'imga uzatib yuborganidan fahmlab turardim. Odob bilan mehmonni yo'l yoqasiga — taksi tutsa bo'ladigan yerga boshladim. Mehmon kaminani hayallatmay so'roqqa tuta boshladi, qaerda o'qishim, kelajakdagi orzularim va qanday kasbning boshini tutishim va hokazo. Tabiiyki, siz kim bo'lasiz, nima ish qilasiz, kabi savollar berishim odobdan emasligi bois sukut saqladim, faqat u kishining savollariga javob berib turdim. Nihoyat, kamqatnov yo'ldan bir taksini tutdik. Mehmon o'rindiqqa shartta o'tirdi-yu, “hayda!” dedi. Mashina jilishga ulgurmay, derazadan boshini chiqarib: “Ey yigit, agar radioda ishlashni istasang, ertaga Gosradioga bor, Rahmat Jumayev desang, meni hamma taniydi”, dedi ortiqcha takallufsiz. Radiorejissuraning darg'alaridan biri, radiopostanovkalarning piri, radioda yaratilgan dastlabki serial asoschilaridan biri Rahmat Jumayev bilan mening ilk tanishuvim shunday kechgan edi. Darvoqe, ertasi kuni men “Gosradio”ga Rahmat Jumayevni qidirib bormadim. Radioda ishlashni xayolimga ham keltirganim yo'q edi. O'qishni bitirib, “Tafakkur” jurnalida ishlab yurgan kezlarim bir kuni bosh muharririmiz, yozuvchi Erkin A'zam qabuliga chaqirayotganini aytishdi. Borsam, Erkin aka dabdurustdan: “Yoshing nechada?” deb so'rab qoldi. “Tafakkur” 21 yashar bolaning joyi emas, 3 oyda bitta soni chiqadigan jurnalda o'tiraverib, qarib ketasan, sening joying qaynoq ijodiy jarayonda bo'lishi kerak. Ertaga radioga borib, Faxriddin Nizomov degan odamga uchrashasan”, dedi. Radioga kirib, ilk qilgan ishim — bundan bir yil muqaddam “meni Gosradiodan topasan” degan odamni, ikkovlashib taksi yollagan o'sha kundan beri ismi xotiramda mixlanib qolgan Rahmat Jumayevni qidirishdan boshladim. Eshik peshlavhida “O'zbekiston radiosi bosh rejissyori Rahmat Jumayev” degan yozuvni o'qidim, kirib: “Esingizdami, huv o'sha sizni taksiga solib kuzatgan men edim”, demoqchi bo'ldim. Eshik tutqichini ushladim-u, qilmoqchi bo'lgan ishimdan o'zim uyalib ketdim. “Kuzatgan bo'lsang, kuzatgandirsan, meni sendan boshqa ham ne bir zotlar kuzatmagan” desa, nima deyman axir?

Hamma narsaning o'z mavridi, peshonasiga bitilgan muddat-muhlati bo'larkan. Endi o'ylasam, agar o'shanda Rahmat Jumayevni qidirib “Gosradio”ga borganimda… men radiochi bo'lolmasdim, radioga ishga kirgan kunlarim “men o'shaman” deb qabuliga kirganimda, ehtimol, Rahmat Jumayevning men haqimdagi tasavvurlari umuman boshqacha bo'lgan bo'lar edi. “Oshiqma, oy to'lguncha” degani shu bo'lsa kerak-da! Biz keyin ish yuzasidan, kasb taqozosi bilan ko'p-ko'p uchrashadigan bo'ldik. “Yoshlar” radiokanalida har tun efirga uzatiladigan “Bedorlik” dasturida radioning “Oltin fondi”ga olingan asarlar qo'yilardi. Ularni esa kamina tanlardim, eshitib olardim, texnik yoki ijodiy kamchiliklari bo'lsa, tuzatardim. Texnik kamchilik deganimki, magnit tasmalar yopishib qolgan, noto'g'ri o'ralgan bo'lishi mumkin edi. Ijodiy “nuqson”ni bartaraf qilish esa, o'sha paytning mafkuraviy talabi bo'lgan ba'zi mavzular, iboralar, shaxslardan materialni “pok”lashdan iborat bo'lardi. Aytaylik, oktyabr revolyutsiyasi, uning dohiylari ismi sharifi, hatto jadid degan so'zlardan ham tinglovchini parhez tutishga majbur bo'lardik. Ana shu kezlarda bizning eng asosiy maslahatgo'yimiz Rahmat Jumayev edi.

Bir narsani eslatish muhimki, bugun radio arxivida saqlanayotgan eng sara asarlar Rahmat Jumayevga tegishli. U kishi radioda ko'p va xo'p ijod qilgan rejissyor edi. Men qaerinidir “kesmoqchi” bo'layotgan asarlarning aksariyati Rahmat akaning ijod mahsuli edi. Asarlarini farzandi o'laroq qabul qilgan ijodkorga asarining hamma joyi, hatto nuqsonlari ham qadrli. Lekin Rahmat aka donishmandlarcha ish tutar, bir yonda jigarining porasini yulib olish, bir tarafda davrning achchiq talabiga bo'ysunishday murakkab vaziyatlarda eng oqilona yechimni topar, “sixni ham, kabobni ham kuydirmaslik”ni eplardi.

Esimda, bir gal Shukur Xolmirzayevning “Qora kamar” pyesasi asosida yaratilgan radiopostanovkani efirga uzatadigan bo'ldik. Asarda o'sha davrning quyushqoniga sig'maydigan “bosmachi”, “inqilob” degan so'zlar ko'p uchrardi. Shunda yana jonimga Rahmat aka ora kirgan. Asar yozilgan tasma o'ramni olib kelishimni buyurdilar. Qo'ltiqlab kirdim. Xonalarida magnitofon bo'lardi. Tasmaning uchini ikkinchi tarafdagi bo'sh doiraga o'rab, tugmani bosdim. Mashhur asar “til”ga kirdi. Diqqat bilan tinglab o'tirib, “xavfli nuqta”larga kelganda Rahmat aka sapchib turardi, jumlaning boshini topib, “dushman” so'zni kesib tashlab, ma'noga zaxa yetkazmasdan ulab yuborishni aytib turardi. U kishining maslahatlari bilan amalga oshirilgan qayta montaj ishlarini tinglovchi sezmasdi, chunki ma'no buzilmasdi. Xayriyatki, zamonning zayli bo'lgan bu “nobakorlik”lar original asar ustida qilinmagan, Rahmat Jumayevning maslahatlari bilan garchi o'sha paytlarda ohangtasma anqoning urug'i bo'lsa ham, avval undan nusxa olinib, keyin kesilardi, ya'ni asarning asliga teginilmasdi.

Rahmat Jumayevning boshqa rejissyorlardan farqi shunda ediki, u kishi asarga falsafiy yondashardi. Chunki badiiy asar, ya'ni qog'ozdagi voqelik sahnaga, ekranga, havo mavjlariga ko'char ekan, garchi mazmunni saqlasa-da, endi boshqacha shakl oladi, bu shaklning qanday bo'lishi rejissyorning mahorati, iste'dodi va albatta, adabiy hodisaga falsafiy yondashuvi bilan bog'liq holda yuz beradi. Teatr sahnasida Bahodir Yo'ldoshev qanday faylasuf bo'lgan bo'lsa (darvoqe, ular kursdosh, saboqdosh edilar), ekran sahnasida Shuhrat Abbosov qanday donishmandlik namoyon qilgan bo'lsa, radioning havodagi virtual sahnasida Rahmat Jumayev ham shunday daho edi. U yaratgan radioasarlar adabiyot kabi mangu, spektakl yoki kinofilm kabi boqiydir. Chunki bu asarlarda sizu bizga o'xshagan odamlar yashaydi, tirik insonlar tashvish chekadi, quvonadi, tafakkur qiladi. Shu bois biz ularni yaxshi ko'ramiz yoki  yomon ko'ramiz, qay biriga o'xshagimiz kelsa, yana qaysi biriga o'xshab qolishdan ehtiyot bo'lamiz. Rahmat Jumayev havoda obraz yaratardi, ovozda tirik insonlarning qabariq qiyofasini chizardi. Usmon Qo'chqorning “Imom Buxoriy”, Omon Muxtor qalamiga mansub “Mavlono Lutfiy”, Shukur Xolmirzayevning “Bulut to'sgan oy”, Murod Muhammad Do'stning “Dashtu dalalarda”, Erkin A'zamning “Piyoda” asarlari asosida yaratilgan radiopostanovkalar MTRK arxivining noyob javohirlaridir. “Jaloliddin Manguberdi” radiopostanovkasi o'sha yillarning eng mashhur tanlovlaridan biri bo'lgan “Ofarin”ning g'olibi bo'lgan edi. Bahodir Yo'ldoshev buyuk rejissyor bo'lish bilan birga, zo'r aktyor ham edi. Teatr sahnasida yaratgan o'nlab rollari tomoshabinlar yodida qolgan. Shuhrat Abbosov ham yaxshigina aktyor edi. Uning ekrandagi obrazlari tarix zarvaraqlariga muhrlangan. Buyuklarga xos xuddi shu serqirralik Rahmat Jumayevda ham bor edi. Omon Muxtorning “Mavlono Lutfiy” asarini sahnalashtirishni diliga tugib, ishga kirishadi. Olti oylik mashaqqatlardan so'ng ham Lutfiy hazratlarining timsolini yaratadigan aktyor topolmaydi. Shunda shogirdi Alisher Amirov: “Ustoz, Lutfiyning asardagi xarakteri xuddi o'zingiz. Siz o'ynasangiz, rosa o'rniga tushardi-da”, degan bir og'iz e'tirofidan dalda olgan Rahmat aka, nihoyat, Mavlononi “topadi”. “Dashtu dalalarda” radiopostanovkasida Rahmat aka yaratgan personaj ham o'rniga tushgan. Rahmat Jumayev bu rollarni aktyor yo'qligi yoki o'zining ham ovozini arxivlashtirish uchun yaratgan emas. U rejissyor sifatida qahramonlarning ichki dunyosiga mos aktyor qidirardi. Shu zarurat uni ba'zan o'ziga aktyor sifatida murojaat qilishiga to'g'ri kelgan.

Serqirralik haqida gap ketganda, Rahmat Jumayevning maromiga yetkazib g'azal o'qish mahoratini eslamaslik mumkin emas. Alisher Navoiy, Mavlono Lutfiy, Sakkokiy, Bobur, Amiriy va hokazo mumtoz shoirlarimizning Rahmat aka o'qigan g'azallari radiomiz arxivida saqlanmoqda. Aruzning murakkab qoidalariga amal qilingan holda o'qilgan bu mumtoz asarlar Rahmat Jumayevning biroz xirqiroq, ammo nihoyatda shirador ovozini mangulikka muhrladi, desak, xato bo'lmas.

Rahmat Jumayev aksar iste'dodlarga xos jununvash odam edi. Har doim ijod og'ushida yashardi. Negadir u kishi haqida o'ylaganimda yana bir ijodkorni qo'shib eslayman. Yozuvchi Shukur Xolmirzayev “Do'rmon”dagi chaylasidan ko'pam chiqqisi kelavermas, “izdihomdan to'ygan, to'da-to'da joylarga bormay qo'ygan” (A.Oripov) ijodkorlardan edi. U kishining hamma bilan apoq-chapoq bo'lib ketavermasligi, davralariga ko'pchilikni doritmasligini yaxshi bilamiz. Lekin Shukur aka chaylani yolg'izlatib, ataylab izlab keladigan odamlaridan biri Rahmat aka edi. Ularning fe'l-xo'ylarida ham, ijodga munosabatlarida ham va yashirishdan ne ma'ni, biroz mayxo'rliklarida ham o'xshashlik bor edi.

Bu ikki ijodkor haqida bir voqeani keltirsam. 2005 yilgacha yozuvchilar bilan teleradiochilarning poliklinikasi bitta bo'lardi. Har yili shu yerdan tibbiy ko'rikdan o'tib turish majburiy sanalardi. Bir shifokorning qabuliga kirgan Rahmat Jumayevga tezda davolanishi kerakligi aytiladi, bunga ko'nmagan bemorga hech bo'lmaganda ichib turishi lozim bo'lgan dorilar yozilgan emro'yxat beriladi. Shunda Rahmat aka shifokorga minnatdorchilik bildirib, davolanishga ham, dori-darmon ichishga ham hojatu hafsalasi yo'qligini qat'iy aytadi. Bu gapni eshitib, shifokor hayratdan qotib qoladi. Rahmat aka do'xtirning taajjubini boshqacha tushunib, davolanishni istamasligiga yana izoh bera boshlasa, vrach unga u kishidan oldin kirgan yozuvchi Shukur Xolmirzayev ham xuddi shu vajni aytib, muolajadan bosh tortganini aytadi va battar hayrati ortib: “Sizlar egizak emasmi?” deb so'ragan ekan. Demak, chinakam do'stlik odamlarni egizakday bir xil qilarkan-da. Yoki teskarisi — ruhiyatdagi mushtaraklik do'stlikka sabab bo'larmikan? Harqalay, ikkisi mana shunday ko'ngil yaqin do'st-oshnalar edi. Bu do'stlikning mangu muhri bo'lib, ikkalasidan hamkorlikda yaratilgan go'zal radioasarlar qoldi…

90-yillarning oxiri — 2000 yillarning boshlarida radioga ham yangi janrlar, yo'nalishlar kirib kela boshladi. Radioserial va radiomultfilm shunday yangiliklardan edi. YuNESKO bilan hamkorlikda “Ipak yo'li” loyihasi doirasida radioserial yaratiladigan bo'ldi. Ushbu ilk serialga radiopostanovkaning maktabini yaratgan Rahmat Jumayevdan boshqa ijodkor tanlanmasligi aniq edi. Shunday ham bo'ldi. “Har dardning davosi bor” nomi bilan efirga uzatilgan bu serialda Rahmat aka nafaqat rejissyor sifatida, balki dramaturg sifatidagi mahoratini ham namoyon qildi. Dastlab serial ssenariysini o'zi yozdi. Aktyorlar ansamblini tanlashda, ssenariyga yondashuvda yana buyuk rejissyorning mahorati, o'ziga xos uslubi ish berdi. O'tkir syujetlarga boy, ziddiyatli holatlar, og'riqli muammolar ko'tarilgan bu serialning tinglovchilari bisyor edi. Xatlar yog'ilib ketar, har hafta tinglovchilarning taassurotlari aks etadigan eshittirishlar tayyorlanardi. Albatta, serial muvaffaqiyatida Rahmat Jumayevning hissasi alohida bo'ldi. Ammo serialni yakuniga yetkazish u kishiga nasib etmadi. Avvaliga bemorlik, keyin… umr vafo qilmadi. Lekin unga yana bir radiojanrning asoschisi bo'lish baxti muyassar bo'ldi.

Mendan nima qolar:

ikki misra she'r,

Ikki sandiq kitob,

bir uyum tuproq,

deb yozgan edi shoir Muhammad Yusuf o'z a'moli, maslagiga ishora qilib. Rahmat Jumayevdan bir etak farzand qolmadi, katta boylik, ko'shku koshona ham meros qolgani yo'q. Undan bir asrlik tarixga ega radiomizning “Oltin fondi”ni bezab turgan olamjahon asarlar qoldi. Uning umri ana shu asarlarida, shogirdlarida, yaratgan ulkan maktabida davom etajak.

Ikrom ChORIYEV,

“Mahalla” teleradiokanali direktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − 12 =