Qalb so'zim

Har qaysi odam hayotida beqiyos o'ringa ega bo'lgan insonlar bor: biri oq sut berib, mehr bilan parvarish etadigan ona bo'lsa, biri bizning moddiy hayotimiz va mavjudligimiz sababchisi, hamisha suyanchig'imiz – otamizdir. Ammo mening hayotimda yana shunday bir inson ham borki, u nafaqat menga ilm berdi, balki dunyodagi past-balandliklardan qoqilmasligim uchun onamdek mehribon, otamdek suyanchiq va yaqin sirdoshimga aylandi. Insonlar ichra qalbimning ma'naviy chirog'i va buyuk qalb egasi – bu nur yuzli ustozim Hafiza Hikmatovadir.

Yaxshi ustoz jamiyatga va shogirdlar hayotiga shunday ta'sir ko'rsatar ekan. Ustoz nafaqat kasbga, balki butun borliqqa bo'lgan mehrni uyg'ota oladi. Darsxonadagi birinchi uchrashuv va men topgan eng buyuk baxt – bu mening mehribon ustozim ekanligini yillar o'tib, yanada teranroq anglab ­boryapman.

Ta'lim va tarbiyani bir-biridan ayro tasavvur eta olmaganimiz kabi hayotni ham men muallimlarimsiz idrok eta olmayman. O'shanda 1-sinf o'quvchisi edim. Menga iliq munosabat bildirgan bu farishtali ayol bir kun kelib tom ma'nodagi mening eng aziz kishimga aylanishini, o'qishim va har bir muvaffaqiyatim uchun jon kuydiruvchi samimiy insonim bo'lishini, yil sayin bu ulug' ustozga nisbatan tillarim emas, qalbim gapirishini u qadar anglamagan ekanman. Ustozimning har bir o'giti vaqt o'tgan sari xiralashmaydi, aksincha, yanada tushunarli va qadrli bo'lib bormoqda.

Bir gal tanaffus vaqtida qandaydir shirinlikmi yo nonmi yeb, sinfxonaga borayotgandim. “Yo'lda non yemoq yomon” degan so'z o'ng tomonimda turgan muallimimdan keldi. O'sha ondan to bugunga qadar shoshilib ovqatlansam, yoki yo'lda yeb ketish uchun u-bu narsa olsam, yo yo'l davomida nimadir tanovul qilib ketayotgan odamni ko'rsam, darrov ustozimning gaplari xayolimga keladi. Ba'zida oddiy, tushunarli bo'lgan bunday o'gitlar ichida olamlarga teng ma'nolar bo'lishini anglar ekansan.

Yillar o'tib, hayot poydevorimga nazar tashlaganimda, unda birinchi ustozimning o'chmas izini ko'raman. Yo'l chetidagi oddiygina tanbehdan tortib, barchasi mening bugungi shaxsimni shakllantirgan bebaho saboqlardir. Vaqt bizni bolalik darsxonasidan yiroqlashtirsa-da, qalbimizda ustozimiz qurgan ma'naviy ko'prik hech qachon uzilmaydi.

Bizga faqatgina harf o'rgatibgina qolmay, hayot va borliqni sevishni o'rgatgan aziz ustozlarim, baxtimizga doimo sog' bo'ling!

Shahrizoda ShAMSIDINOVA,

O'zbekiston Milliy universitetining

jurnalistika va o'zbek filologiyasi fakulteti

1-bosqich talabasi.

Birgina salfetka-ku!

 Har qanday muammoni ko'p gapirish bilan emas, uning yechimiga katta-yu kichikning sa'y-harakati bilan barham berish mumkin. Masalan, atrof-muhitga, ekologiyaga odamlarning munosabatini olaylik. Yoshlarni qo'ya turaylik, hatto katta yoshdagi insonlarning ham ko'cha-ko'yda bemalol chiqindilarni tashlab ketayotgani, avtoulovlari oynasidan plastik idishlarni yoki boshqa keraksiz narsalarni uloqtirishayotganiga kim guvoh bo'lmagan?

Aytaylik, oddiygina nam salfetkani olaylik. Kun davomida nechta nam salfetka ishlatishingizni hech hisoblab ko'rganmisiz? Aytaylik, bir kunda odam o'rtacha 3 dona nam salfetka ishlatsa, ayollar undan ham ko'p ishlatishadi. Nam salfetka esa biologik parchalanmaydi, ya'ni uzoq yillar yerda yoki chiqindi ichida qoladi. U chiqindi sifatida yoqilganda esa o'zidan bir qator zararli moddalar chiqarar ekan. Tasavvur qilyapsizmi? Qanchalik oddiy, lekin xavfli moddalarni? Endi o'ylab ko'ring, ona sayyoramizda bir kunda milliardlab odamlar bunday salfetkalardan qancha foydalanadi? Ularni tartibsiz ravishda ko'chaga tashlaydi.  Eng yomoni, aynan ana shunday nam sochiqchalar xonadonlardagi oqova quvurlarda tiqilib qolib, jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani ham sir emas.

Yashil hududlarning kamayishi, tirbandliklarning ko'payishi, sanoat ishlarining betartib amalga oshirilayotgani va transport vositalarining keskin ravishda ortib borayotgani kabi omillar haqida qancha ko'p gapiriladi. Kuz chog'i xazonlarni yoqamiz, boshqa paytlar ham turli chiqindilarni yoqish odatiy holga aylangan. Bu bronxit, astma, yurak-qon tomir kasalliklarini kuchaytirishi sir emas. Xo'sh, aholining atrof-muhitga munosabati shu yo'sinda davom etaversa, ertaga nima bo'ladi? Bu haqda ko'pchilik o'ylamaydi, lekin “ekologiya buzilib ketyapti”, “shaharda nafas olib bo'lmayapti” deganga o'xshash nolishlarni aytishdan charchashmaydi.

Daraxtlarni hech kimdan ruxsat olmasdan kesib tashlash holatlarining kamaymayotgani esa juda achinarlidir. Demak, bu borada nazoratni yanada kuchaytirish, qarshi chora-tadbirlarni yanada kuchliroq qilish kerak. Qachonki bitta daraxtni noqonuniy kesgan odam juda qattiq jazoga tortilishi kerak. Xullas, ojiz fikrimcha, ekologiya sofligini muhofaza qilish uchun butun jamiyat barobar harakat qilishi shart.

Marjonabonu TOHIRJONOVA,

O'zbekiston Milliy universiteti talabasi.

 

Yonimizdagi “begonalar”

 To'g'ri, hozirgi kunda telefonsiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Hamma narsa telefon ichida: suhbat, dars, o'yin, rasm va hatto xotiralar ham. Telefon odamlarni bir-biriga yaqinlashtirdi, lekin, ochig'i, ba'zan odamlarni yolg'iz ham qilib qo'ydi.

Avvallari odamlar ko'proq yuzma-yuz gaplashardi. Hozir esa bir xonada o'tirgan insonlar ham bir-biri bilan emas, telefoni bilan band. Oila a'zolari kechqurun suhbat qurish o'rniga ijtimoiy tarmoqlardan ko'z uzmaydi. Bu esa sekin-asta odamlar orasidagi samimiylikni yemirmoqda.

Eng qizig'i, inson internetda yuzlab odam bilan gaplashishi mumkin, lekin haqiqiy hayotda o'zini yolg'iz his qiladi. Ko'pchilik telefonni zerikkanidan emas, sukutdan qochish uchun ushlaydi. Chunki hozir jimlikka chidaydigan odam kamayib bormoqda.

Albatta, telefonning foydasi ham juda katta. U orqali bilim olish, yaqinlar bilan bog'lanish va vaqtni tejash mumkin. Ammo har narsaning me'yori bo'lgani yaxshi-da.

Menimcha, ba'zan telefonni chetga qo'yib, oddiy suhbat qilish ham inson uchun kerak. Chunki hech qanday ekran tirik insonning mehrini almashtira olmaydi.

Nilufar TOShMATOVA,

Termiz davlat universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 1 =